— Azaldan ota-bobolarimiz tezak (tappi)ni tandirga yoqib non qilib kelgan. Hozir ham ba'zi qishloqlarimizda shunday qilishadi. Lekin uning shar'iy hukmi haqida eshitmagan ekanman. Tezak yoqib pishirilgan nonni esa bo'ladi-mi?
— Hayvonning go'ngi va quritilgan tezagini yoqib unda pishirilgan taom va non halol bo'ladi. Ulamolar tezak yoqilishi bilan u istihola bo'ladi, deyishgan. Ya'ni olov sababli moqiyati o'zgaradi.
Najosatni poklashning bir qancha yo'llari bor. Masalan, yuvish, artish, erga surtish. Fuqaholarimiz o'zlarining fatvo kitoblarida jumladan shunday deydilar:
“Najosatni poklashning yana bir yo'li yoqishdir. Tezak yoqilsa va u kulga aylansa, Imom Muhammadning nazdida pokligiga hukm qilinadi. Shunga fatvo berilgan” (“Hulosatul fatavo”, “Fatavoi Hindiya”).
Alloma Haskafiy esa bunday deydi: “Tezakning kuli najas hisoblanmaydi. Aks holda barcha diyorlarda nonni (tezak bilan pishirish oqibatida) najas bo'lishi kelib chiqardi” (Durrul muxtor).
Agar tandir tezak bilan qizdirilsa, unda non yopish makruh, agar tandirga suv sepilsa, makruhlik yo'qqa chiqadi. (“Fatavoi hindiya”, “Qunya”)
Demak, tezak yoqib non pishirilsa, non pok va iste'molga yaroqli hisoblanadi. Qolaversa, bu ish azaldan odamlar orasida ommaviy ehtiyojga aylangan. Vallohu a'lam!
Muhammad Ayyub HOMIDOV
8 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Saudiya Arabistoni Podshohligining O‘zbekistondagi elchisi Yusuf al-Utaybiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildilar.
Muloqotda so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar tobora mustahkamlanib borayotgani, ayniqsa, haj va umra ibodatlarini uyushtirish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida qayd etildi. Xususan, “Haj – 2025” mavsumi har jihatdan muvaffaqiyatli o‘tgani, mutasaddilar sa’y-harakati bilan hojilarga yuqori darajada sharoit va imkoniyatlar hozirlangani, o‘zbekistonlik ziyoratchilar tartib-intizomi, odob-axloqi bilan barchaga namuna bo‘lib, risolagidek toatu ibodat qilganlari e’tirof etildi.
Uchrashuvda tomonlar kelgusida ham diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, Haj va Umra ziyoratchilariga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirib borish kabi masalalarni muhokama qilishdi. Shuningdek, hamkorlikda o‘tkaziladigan ma’rifiy tadbirlar yuzasidan o‘zaro fikr-mulohaza almashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati