Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Mart, 2026   |   26 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:17
Quyosh
06:35
Peshin
12:37
Asr
16:42
Shom
18:33
Xufton
19:45
Bismillah
15 Mart, 2026, 26 Ramazon, 1447

BOBUR VA ISLOM: “TO'RT IMOM BARHAQDUR”

24.02.2021   2349   4 min.
BOBUR VA ISLOM: “TO'RT IMOM BARHAQDUR”

“Ishorat to'rt imomg'akim, muhtadoyi dinu peshvoyi ahli ta'yinlar” degan bobda Bobur Ahli sunnat val-jamoat fiqhining to'rt imomi barhaq ekanini, chunki imom degani shari'atning ifodasi bo'lib, ulardan bu dinga ravnaq etishini, u din va shari'atda ergashiladigan zot ekanini ta'kidlab aytadi:

 

Bilki, bu to'rt imom barhaqdurur,

Kim alardin bu dinga ravnaqdurur.

Bu imomeki, shar' adosidurur,

Din ila shar' muqtadosidurur.

 

So'ng imomlar nomini sanab: “Birisi Bu Hanifai Nu'mon (ibn Sobit)dur, Yana biri shofi'iyyi purdondur, yana biri (Imom) Moliku yana (Imom) Ahmad (ibn Hanbal), qildilar jahd shar' aro behad”, deb ularning fazilatini bildiradi. Bularning har biriga ergashib, izidan borgan kishi yaxshi darajalar va  najot topishini ta'kidlaydi:

 

Tengridin bizga latifadurur,

Muqtadomiz Abu Hanifadurur.

Tengriga shukrlar deying yakson,

Qildi bizlarga ishni ul oson.

 

Ya'ni: “Allohdan bizga bir iltifot, bir lutfu karam bo'lib, ergashadigan imomimiz Abu Hanifa bo'ldi. Allohga barobar shukrlar aytingizki, u zot o'z fatvo maktabini barpo qilib, bizlarga din fiqhi ishlarini oson qildilar”. Bu sohibqiron Amir Temurdan boshlab barcha temuriylarning sof e'tiqodi ifodasidir. Bu, ayni vaqtda, Bobur sha'nida aytilgan ba'zi tuhmatlarga ham raddiyadir.

 

“HARJ QILG'ON SOYI BU GANJ ORTAR”

 

Bobur Mirzo “Mubayyan” xotimasida: «Ey Bobur, bu kitob tasnifida agarchi ranj chekkan bo'lsam-da, qo'limga shunday bir ganj-xazina kirdiki, har qanday ganjni xarj etish bilan kamayib boradi, ammo bu ma'naviy ganj – bu ilm xazinasi xarj etgan sari tobora ortib boradi», deydi:

 

Bobur, emdi, agarchi chekdim ranj,

Keldi ilgimga ushbu yanglig' ganj.

Ganj nuqsong'a xarjdin tortar,

Harj qilg'on soyi bu ganj ortar.

 

Yana aytadiki: «Barcha insonlar odatda o'z xazina-ganjini qo'lga kiritishdagi ranju mehnatini zoye' qilmasdan, olam ahlidan o'z ganji – boylik-xazinasini yashiradi. Men esa bu ganjimni oshkor etib, uni din ahliga nisor etdim», deydi.

Bobur ixlosi va ma'rifatining eng muhim belgisi shundaki, bu ish riyo uchun, shuhrat uchun, she'ru shoirlik uchun emas, balki xolis Alloh uchun va Haq rizosi uchun ekanini ta'kid bilan izhor etadi:

 

Ushbularkim dedim, bo'lung ogoh,

Bordurur borcha xolisan-lilloh.

Bu demakdin g'araz Haq erdiyu bas,

she'ru shoirliq ermas erdi havas.

 

Bobur fiqhiy masalalarning ilmiysini tahqiq etib, endi amaliysiga – bu ilmlarga amal qilishga o'zi uchun ham, kitobxon uchun ham Allohdan tavfiq – yordam so'raydi. So'ng kitob nomi haqida so'zlab: «G'ayrat shijoat ko'rsatib, jiddu jahd qilib tamomalagan bu kitobimda shari'at masalalarini ochiq bayon etganim uchun, uni «Mubayyan» – «Ochiq bayon etilgan (shar'iy mas'alalar)» deb nomlagan bo'lsam, ne ajab!» – deydi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Allohning zikri barcha narsadan ulug‘dir

10.03.2026   6720   8 min.
Allohning zikri barcha narsadan ulug‘dir

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Alloh taolo Qur’oni karimning ko‘plab oyatlarida bizlarni O‘ziga ibodat qilish va zikriga buyuradi, jumladan:

«Alabatta, Allohning zikri (barcha narsadan) ulug‘dir» (Ankabut surasi, 45-oyat).

«Ey, imon keltirganlar! Allohni ko‘p zikr qilingiz va ertayu kech Unga tasbeh aytingiz!» (Ahzob surasi, 41-42-oyatlar).

«Osmonlar va yerdagi narsalar Allohga tasbeh aytur. U Qudratli va Hikmatli (Zot)dir» (Hadid surasi, 1-oyat).

«Ertayu kech Robbing ismini zikr qil!» (Inson surasi 25-oyat).

Ushbu oyatlardan ma’lum bo‘ladiki, Allohni zikr qilishlik juda ham ulug‘ ibodat bo‘lib, u insonni Allohga yaqin va itoatli qiladi, ko‘plab ajr va yaxshiliklarga erishishiga sabab bo‘ladi.

“Zikr” so‘zi lug‘atda eslash, xotirlash, yodga olish, bayon etish kabi ma’nolarni anglatadi. Zikr deganda, birinchi navbatda Allohni zikr qilishlik tushuniladi. Allohni zikr qilish - bu qalbni Unga bog‘lash, U meni ko‘rib turibdi va har bir holatimdan xabardordir degan fikr doimo inson xayolida turishidir. Har kuni ma’lum bir vaqt ichida Allohni yod etib, Unga ibodat qilmoqlik ham zikrdir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hayoti davomida ko‘p vaqtini zikr bilan o‘tkazgan va bizlarni ham ko‘plab hadislari orqali zikr qilishga targ‘ib qilgan. Ulardan ayrimlarini eslab o‘tamiz:

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisi qudsiyda Alloh taolo bunday degan: “Modomiki, bandam lablari qimirlab, Mening zikrimni qilib tursa, Men u bilan birgaman” (Imom Buxoriy rivoyati).

Abdulloh ibn Busr roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Bir kishi Payg‘ambar alayhissalomga: Yo Rasululloh! Yaxshi, ezgu amallar juda ko‘p, menga bir narsani buyuring, o‘sha narsani mahkam ushlay!” dedi. Shunda Payg‘ambar alayhissalom: “Allohning zikri bilan tiling doim nam bo‘lib tursin!”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh zikr qilinadigan uy bilan Alloh zikr qilinmaydigan uy huddi tirik va o‘likka o‘xshaydi», dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim ertalab yoki kechqurun “Subhanallohi va bihamdihi” yoki “Subhanallohi va bihamdihi, subhanallohil ’azim”, deb yuz marta aytsa qiyomat kuni biror kishi undan afzal bo‘lmaydi. Faqat ana shu kishi aytganidek yoki undan oshirib aytsagina afzal bo‘lishi mumkin», dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «“Subhanallohi valhamdu lillahi va la ilaha illallohu vallohu akbar”, deyishim men uchun quyosh chiqib nur sochganidan yaxshiroqdir», dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: «“Laa havla va laa quvvata illa billahi”ni ko‘proq ayt. Albatta, u jannat xazinalaridan biridir», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Ulamolarimiz aytadilarki, zikrlarning eng afzallaridan biri: “Laa ilaha illalloh” kalimasidir. Ushbu tahlil “Allohdan boshqa iloh yo‘q”, degan ma’noni anglatib, u tavhid va aqidani o‘z ichiga oladi.

Umumiy ma’noda zikr ikki xil bo‘ladi, til bilan zikr qilish va dil bilan zikr qilish. Istilohda esa Zikr bandaning Robbisini tili va dili bilan eslashidir. Allohni zikr qilish nafsga qiyin, lekin ajri ulug‘ amaldir. Zikr - ibodatning iligi va najot kalitidir. U qalbni poklab sayqallashtiradi, mo‘min insonni kufr va nifoqdan ajratib turadi. Zikr oson ibodat, uni hamma joyda aytsa bo‘ladi, faqat nopok joylar hojatxona va hammomda aytilmaydi.

Zikrning sunnatlaridan biri maxfiylikdir. Maxfiy zikr oshkora zikrdan afzaldir. Payg‘ambarimiz ham, sahobalar ham, ko‘plab tasavvuf pirlari ham maxfiy zikrni afzal ko‘rishgan. Maxfiy zikr riyodan xoli bo‘lib, uning samarasi va foydasi jahriysidan ko‘ra ko‘proq va tezroq hosil bo‘ladi. Maxfiy zikr Alloh bilan bandasi orasidagi sir bo‘lib, uning ajrini Allohning o‘zi beradi. Maxfiy zikr kasb bilan shug‘ullanishda ham, jamoat joylarida ham boshqalarga xalal bermaydi. Buyuk ajdodimiz tariqat peshvosi Bahouddin Naqshband hazratlari aytganlariday: “Dil ba yoru dast ba kor”, ya’ni “Diling hamisha Alloh yodi bilan, qo‘ling esa mehnatda bo‘lsin”. Banda qaysi o‘rinda bo‘lishidan qat’iy nazar uning qalbi doimo Allohni eslab turishi, shuningdek, tili bilan ham zikrda bardavom bo‘lishi lozim. Banda tili bilan zikrda davomli bo‘lar ekan, keyinchalik u qalbga chuqur o‘rnashib qalbni o‘zi zikr qila boshlaydi. Bu komillikning yuksak ko‘rinishidir.

Qiyomat kunida insonlar bu dunyoda uchta amalni qilganlarga berilgan ajru-mukofotlarni ko‘rib o‘zi qilmagani uchun afsus-nadomat chekishar ekan. Ushbu ajr egalari Qur’oni karim xofizi bo‘lganlar, tahajjud namozini ado qiluvchilar va zikr ahlidan bo‘lgan zokirlardir. Alloh ta’alo qaysi bandasini yaxshi ko‘rsa uni hidoyatga yo‘llab, O‘ziga ibodat qilishini oson qilib qo‘yadi.

Eng afzal zikr – bu Qur’oni karim tilavotidir. Quyidagi hadisdan ham uning qanchalik ulug‘ligini bilishimiz mumkin. Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Alloh taolo aytadi: “Kimni Qur’on o‘qish va mening zikrim uni boshqa narsalarni so‘rashdan to‘sib qo‘ysa, men unga so‘raganlarga berganimdan ko‘ra ko‘prog‘ini beraman. Alloh taolo kalomining boshqa kalomlarga nisbatan fazli Alloh taoloning bandalarga nisbatan fazli kabidir” (Imom Termiziy rivoyati).

Undan keyingisi esa Alloh taoloning zikridir. Zikr orqali banda Alloh taologa ixlos bilan duo qiladi va hojatlarini so‘raydi. Banda Allohni ko‘p zikr qilish bilan turli gunohlardan uzoqlashadi. Uning qalbida behuda fikrlarga o‘rin qolmaydi. Tahlil (La ilaha illalloh), tasbeh (Subhanalloh), tamhid (Alhamdu lillah), takbir (Allohu akbar) va istig‘for (Astag‘firulloh) kabi zikrlar vositasida Alloh nafsimizni isloh qiladi va bizni Robbimizga yaqinlashtiradi. Dunyo muhabbati va unga hirs qo‘yishlik esa bandani Allohning zikridan uzoqlashtiradi.

Islomda zikrlar bir necha turga bo‘linadi:

1. Zamonga xos zikrlar (ertalab, kech kirganda aytiladigan zikrlar). Imom Navaviy: “Zikr uchun eng afzal vaqt bomdod namozidan keyingi vaqtdir. O‘sha vaqtda farishtalar hozir bo‘ladilar”, deganlar.

2. Makonga xos zikrlar (masjid, uy yoki boshqa joyga kirganda aytiladigan zikrlar).

3. Ibodatlarga xos zikrlar (namoz, ro‘za, haj kabi ibodatlarda aytiladigan zikrlar). Zikrning eng afzal mavsumlaridan biri zulhijja oyining birinchi o‘n kunligi va ramazon oyidir.

4. Amal va holatlarga xos zikrlar (kiyim kiyganda, uyqudan uyg‘onganda, taomlanganda, ulov minganda aytiladigan zikrlar). Mazkur holatlarda qilinadigan zikrlarni bizda duo deb atash odat tusiga kirgan. Zikr va duo bir-birini to‘ldirib keladigan ibodatdir.

Xulosa qilib aytganda, Alloh taoloni zikr qilish shukrning boshi hisoblanib, unda davomli bo‘lish ruhni quvvatlaydi, qalbni poklaydi, nafsni tarbiyalaydi. Natijada banda gunohlardan forig‘ bo‘ladi, rizqi keng va hayotida baraka bo‘ladi. Yaratganga qurbat hosil qilish uchun na dunyo va na oxiratga foyda bermaydigan keraksiz so‘z, fikr, hayol va ishlardan voz kechgan holda, bo‘sh vaqtimizdan unumli foydalanib, zikrlarda bardavom bo‘lishimiz kerak. Allohning buyruqlarini bajarish eng oliy zikrlardan biri hisoblanadi.

 

“Tafsiri hilol”, “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri”, “Hadis va hayot”
kitobi va boshqa manabalar asosida Dilshodjon Mamadaliyev tayyorladi.

 

 

Maqolalar