Nafs isloh qilinsa, Shayton g'ulu qilolmaydi. Insonning asl dushmani o'z ichidadir, u ko'p narsalar istaydi. Bolalikdan boshlab hali qand-qurs, hali shakar, hali xo'rozqand yoki o'yinchoqqa ega bo'lish istagi uyg'onadi. Bajaramiz, bajaramiz... Nafs esa istaklarining bajarilishiga odatlanadi... Bu istaklar bitta emas, ikkita emas, ko'p...
Ana shu nafs istaklarining talabini to'xtata bilish lozim. To'xtatish uchun ham nafsni tarbiya qilish kerak! Inson o'ziga o'zi: «Ha, chiroyli, ko'nglim juda istaydi, ammo olmayman, chunki – harom». «Ha, uyqu ko'p shirin, kechqurun juda kech yotdim, turishga qiynalaman, ammo turishim va namozni o'z vaqtida o'qishim shart», – deya olishi kerak.
Inson o'z nafsini enga bilishi kerak. Tasavvuf, bu – inson o'z nafsini engib, Allohning amrini bajarish holiga kelmog'i, gunohlardan qochish holiga kelmog'idir...» Shayton masalasidan ham ko'ra muhimroq bu!.. Zotan Shayton insonga to'g'ridan-to'g'ri bo'yinturuq urib, zanjirlab, bog'lab, sudrab etaklamaydi.
«Yur, seni asir oldim», – deb bandi qilib, gunoh erlarga sudrab ketmaydi. Shayton: «Uni qil, buni qil...» deb taklif qiladi. Buni «Shayton vasvasasi» deymiz. Shayton yomon, xunuk ishlarni chiroyli ko'rsatadi. Nafs uni bajaradi... Nafs yomon illatlarni xushlagan paytida agar inson uni jilovlamasa, nafs yomon ishlar qiladi. Shunday qilib, Shayton panada qoladi. Insonning eng katta dushmani nafsi bo'ladi.
Eng ulug' jihod – insonning nafsi, xohish-istaklariga qarshi jihodidir. Nafsning orzulari ko'p va kuchlidir... Bu orzular besh pog'onadan iborat bo'ladi:
Bu mavqe – maqomlar uchun juda ko'p talashish-tortishishlar, maxfiy mujodala, ya'ni kurashlar, janglar bo'ladi, zimdan adovatlar, pand berishlar, fitnalar, ixtiloflar bo'ladi... Podshoning o'g'li otasiga isyon qilib, otasini taxtdan ag'daradi, unga eng poygakdan joy berib qo'yadi....
– Mana, sen ham deputatsan!
– Ha, ammo deputatman. Birovning izmidaman...
Juda hazilkash bir professor birodarimiz bor bu erda. Unga to'rt-besh partiyadan «bizga a'zo bo'ling», degan taklif tushibdi. U aytibdiki: «Men bunday deputatlarning «bosma tulumba»[1] bu majlisiga kirmayman. Ya'ni «Ho'p bo'ladi, – deginu maishatingni qilaver» tarzidagi bir faoliyat bo'lgani uchun istamayman!», – debdi.
Deputat! Ammo deputatlik etmaydi. Direktor, mudir, vazir, ammo u ham etmaydi... Prezident bo'lgisi keladi. Ish-orzular mana shu taxlit davom etadi...
"Islom va axloq" kitobidan olindi
[1] Bosma tulumba - suv chiqaradigan qo'l nasosi. Zaruriyat bo'lsa, bosib-bosib suv chiqariladi...
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati