Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

ISTIG'FOR VA TAVBANING FAZILATI

18.02.2021   11097   17 min.
ISTIG'FOR VA TAVBANING FAZILATI

DIN NASIHATDIR

Tamim Doriy (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Din nasihatdir!”, deganlar (Imom Buxoriy).

Shunda sahobalar: “Kim uchun, yo Rasululloh!” deb so'radi. U zot (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh uchun, Rasuli uchun va musulmonlarning imomlari va ommasi uchun”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

“Nasihat” so'zi lug'atda “xolis”, “samimiyat”, “sodiq” degan ma'nolarni anglatadi. Urfda esa, bir kishining boshqasiga xolis niyat, sodiqlik bilan yaxshi yo'l-yo'riqlarni aytishidir.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Din nasihatdir!” deganlarida dinning mohiyati nasihat, to'g'rilik va barqarorlik hamda xotirjamlik ekanini nazarda tutganlar.

Bir hadisi sharifda bunday deyilgan: “Mendan oldin Alloh taolo yuborgan payg'ambarlarning havoriylari va sahobalari bo'lib, ular payg'ambar yo'lidan yurgan, uning amriga itoat etgan. Undan keyin kelgan insonlar unga xilof qilgan, qilmagan ishlarini aytishgan va buyurilmagan ishlarni qilishgan. Kim qo'li bilan ularga qarshi chiqsa, u mo'mindir, kim tili bilan ularga qarshi chiqsa u mo'mindir, kim dili bilan ularga qarshi chiqsa, u mo'mindir. Bundan boshqa kishida tariqcha imon yo'q” (Imom Muslim rivoyati).

Bu hadisni boshqa bir hadis sharhlab kelgan:

عَنْأَبِيسَعِيدالْخُدْرِيِّقَالَ: سَمِعْتُرَسُولاللَّهصَلَّىاللَّهعَلَيْهِوَسَلَّمَيَقُول: “مَنْرَأَىمِنْكُمْمُنْكَرًافَلْيُغَيِّرْهُبِيَدِهِفَإِنْلَمْيَسْتَطِعْفَبِلِسَانِهِفَإِنْلَمْيَسْتَطِعْفَبِقَلْبِهِوَذَلِكَأَضْعَفالْإِيمَان”.

Abu Said Hudriy (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim bir yomonlik ko'rsa, uni qo'li bilan qaytarsin, kuchi etmasa, tili bilan qaytarsin, shunda ham kuchi etmasa, dili bilan qaytarsin, mana bunisi esa imonning eng zaifidir”, deganlarini eshitdim» (Imom Muslim).

Demak, mo'min kishi biror yomon ishni ko'rsa, undan boshqalarni qaytarishi ham nasihat ekan. Islom madaniyatiga qarang, birinchi qo'l bilan, keyin til bilan, keyin dil bilan qaytarishga buyuryapti. Faqat qo'l yoki faqat til bilan qaytarish emas, balki eng so'nggi umid dil bilan, ich-ichdan yomon ko'rish ham kerak ekan. Mana shu orqali musulmon kishi nasihat qilgan bo'ladi, bu orqali jamiyatda yuzaga keladigan turli ko'ngilsizliklar oldi olinadi.

Nasihat eng avvalo, Alloh uchun, keyin uning Rasuli (sollallohu alayhi va sallam) uchun, imomlar, ya'ni boshliqlar va omma uchun bo'lishi hadisi sharifda aytib o'tildi. Quyidagi ikki rivoyat nasihatning naqadar ulug' ish ekanini ko'rsatadi.

  1. Umar (roziyallohu anhu) xalifalik davrida Abu Hurayra (roziyallohu anhu) Bahraynga voliy etib tayinlanadi. Bir safar Abu Hurayra (roziyallohu anhu) Madinaga kelganida yonida o'n ming dirham pul bor edi. Uni ko'rgan Umar (roziyallohu anhu) Abu Hurayraga: “Bularni o'zlashtirdingmi, ey Allohning va Kitobining dushmani”, dedi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu): “Men Allohning va Kitobining dushmani emas, balki u ikkisiga dushman bo'lganlarning dushmaniman”, dedi. “Unda bular senga qayerdan keldi”, dedi xalifa. “Otim bor edi, tug'di. Uni sotib, pulini tijorat uchun aylantirishga berdim”, dedi Abu Hurayra. Umar (roziyallohu anhu) bu holatni tekshirib ko'rdi va pulni qayerdan olganini aniqlagach, Abu Hurayra (roziyallohu anhu)ga bu pul halol ekanini anglab etdi va uning voliylik ishlari barakasini so'rab duo qildi.

Umar (roziyallohu anhu) unga: “Yomon ko'rsang ham senga yaxshilikni istab shunday qildim”, dedi va Yusuf (alayhissalom) haqlarida so'z ochmoqchi edi, Abu Hurayra (roziyallohu anhu): “Yusuf (alayhissalom) payg'ambar bo'lgan. Men esa, Abu Hurayraman, bilmasdan gapirishdan qo'rqaman, chunki ta'zirim berilishi, molim tortib olinishi va sha'nimga yomon so'zlar aytilishi mumkin”, dedi.

  1. Bir kuni Abu Zarr G'iforiy (roziyallohu anhu) Muoviya ibn Abu Sufyonning ko'p mol ehson qilganini ko'rdi va unga: «Agar infoq qilganlaring davlat xazinasidan bo'lsa, sen xoinsan. Bilasan, “Alloh taolo xoinlarni hidoyat qilmaydi”(Yusuf, 52). Agar ular o'zingniki bo'lsa, unda sen isrof qilding, “Alloh isrof qiluvchilarni sevmaydi” (A'rof, 31) dedi».

Bu rivoyatda Muoviya ibn Abu Sufyonga Abu Zarr (roziyallohu anhu) molni to'g'ri sarflash xususida nasihat qildi.

Nasihat musulmonlarning imomlariga bo'lishi hadisda zikr qilingani kabi, oddiy bir sahoba Muoviya (roziyallohu anhu)ning ko'p mol sarflaganini ko'rib, unga oyati karimani eslatib qo'ydi. Demak, dinda nasihat har bir narsada bo'lishi va har kim tomonidan aytilishi mumkin ekan.

“Din nasihatdir”, deyilganda faqat birovlarga aql o'rgatish emas, balki har bir lahzani yashab ko'rsatish va shu orqali o'rnak bo'lish lozim. Zero, yuqoridagi ikki hikoyada qanday nasihat qilingani guvohi bo'ldik. Mo'min kishi aytib emas, balki yashab nasihat qilishi kerak.

Halq orasida paydo bo'lgan ayrim noto'g'ri tushunchalar kishini ajablantiradi. Ba'zan: “Domlaning aytganini qil-u, qilganini qilma”, degan ma'nodagi gap-so'zlar qulog'imizga chalinib qoladi. Aslida, bu naqlning ma'nosi butunlay boshqacha: “Domla jamoatga nafl ibodatlarni buyurmaydi, balki farz, vojib va sunnat amallarga rioya qilishga chaqiradi. O'zi esa, nafl ibodatlarni ham bajaradi. Bu ommaga malol kelmasligi uchun: “Domlaning aytganini qil-u, qilganini qilma”, degan naql paydo bo'lgan.

Bu ham bir nasihat. Chunki din mashaqqat emas, engillikdir.

 

ISTIG'FOR VA TAVBANING FAZILATI

Inson goho bilib-bilmay xatolar qilib qo'yadi. O'zining xatosini tan olgan kishi qaytib bu ishni qilmaslikka harakat qiladi. Chunki inson o'zi qilgan ishlarni tafakkur qilishi lozim. U xato qilganda tavba qilish imkoniyati borligini anglaydi. Alloh taolo unga imkoniyat beradi. Chunki U o'ta mehribon va shafqatli Zotdir.

“Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning o'tgan va kelasi barcha gunohlarini mag'rifat qilinganiga kafolat borligiga qaramasdan, u zot har kuni etmish martadan ortiq istig'for aytgan va tavba qilganlar”, deyiladi (Imom Buxoriy rivoyati).

Odam (alayhissalom) aytadi: “Alloh Muhammad ummatiga menga bermagan to'rtta afzallikni berdi: birinchisi, mening tavbam Makkada qabul bo'ldi. Muhammad ummati qayerda tavba qilsa ham, Alloh ularning tavbasini qabul qiladi. Ikkinchisi, men osiy bo'lgan vaqtimda, Alloh libosimni olib qo'ydi, ammo Muhammadning ummati yalang'och holda osiy bo'lsa ham, Alloh ularni liboslantiradi. Uchinchisi, osiy bo'lgan vaqtimda ayolim bilan oramiz ajratib qo'yildi. Ammo Muhammadning ummati osiy bo'lsa-da, ular bilan xotinlarinint orasi ajratib yuborilmaydi. To'rtinchisi, men jannatda osiy bo'lgan edim, Alloh meni u erdan chiqarib yubordi. Ammo Muhammadning ummati jannatdan tashqarida Allohga osiy bo'ladi, lekin tavba qilsa, Alloh ularni jannatga kiritadi”.

Har bir mo'minga tavba qilish vojib hisoblanadi. Alloh taolo marhamat qiladi:

﴿وَيَٰقَوۡمِ ٱسۡتَغۡفِرُواْ رَبَّكُمۡ ثُمَّ تُوبُوٓاْ إِلَيۡهِ يُرۡسِلِ ٱلسَّمَآءَ عَلَيۡكُم مِّدۡرَارٗا وَيَزِدۡكُمۡ قُوَّةً إِلَىٰ قُوَّتِكُمۡ وَلَا تَتَوَلَّوۡاْ مُجۡرِمِينَ٥٢

«Ey qavmim! Rabbingizdan mag'firat (kechirim) so'rang, so'ngra Unga tavba qiling, shunda U osmondan (yomg'ir) yog'dirar va quvvatingizga quvvat qo'shar. Jinoyatchi bo'lib ketmang!» (Hud, 52)

Boshqa bir oyati karimada esa:

﴿يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ تُوبُوٓاْ إِلَى ٱللَّهِ تَوۡبَةٗ نَّصُوحًا عَسَىٰ رَبُّكُمۡ أَن يُكَفِّرَ عَنكُمۡ سَيِّ‍َٔاتِكُمۡ وَيُدۡخِلَكُمۡ جَنَّٰتٖ تَجۡرِي مِن تَحۡتِهَا ٱلۡأَنۡهَٰرُ يَوۡمَ لَا يُخۡزِي ٱللَّهُ ٱلنَّبِيَّ وَٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ مَعَهُۥۖ نُورُهُمۡ يَسۡعَىٰ بَيۡنَ أَيۡدِيهِمۡ وَبِأَيۡمَٰنِهِمۡ يَقُولُونَ رَبَّنَآ أَتۡمِمۡ لَنَا نُورَنَا وَٱغۡفِرۡ لَنَآۖ إِنَّكَ عَلَىٰ كُلِّ شَيۡءٖ قَدِيرٞ٨

«Ey imon keltirganlar! Allohga chin tavba qiling, shoyadki, Rabbingiz sizlarning gunohlaringizni o'chirib, ostidan anhorlar oqib turadigan (jannatdagi) bog'larga kiritsa! U kunda Alloh payg'ambarni va u bilan birga imon keltirganlarni sharmisor qilmas. Ularning nurlari oldilarida va o'ng tomonlarida yurar. Ular: “Ey Rabbimiz! O'zing bizlarga nurimizni komil qilib bergin va bizlarni mag'firat etgin. Albatta, Sen har narsaga qodirdirsan”, derlar» (Tahrim, 8).

Modomiki, gunoh Alloh bilan banda orasida bo'lar ekan, boshqa biron kishining haqi aralashmagan bo'lsa, albatta, Parvardigor uni kechiradi. Faqat uchta shart bajarilsa:

  1. Gunohdan butkul uzoqlashish.
  2. Astoydil tavba qilish.
  3. Gunohga qaytmaslikka ahd qilish.

Agar uchlikdan birontasi bajarilmasa, tavba qabul bo'lmaydi.

Agar boshqa biror kishining haqi aralashgan bo'lsa, yuqoridagi uchta shart va o'sha kishini rozi qilish bilan tavba qabul qilinadi.

Kunlarning birida Robi'a Adaviyyaning uyiga tunda o'g'ri kiradi va bir obdasta suvdan boshqa hech narsa topa olmaydi. U uydan chiqib ketish uchun eshik tomon yurayotganida Robi'a unga: “Ey falonchi, agar sen rostdan ham o'g'ri bo'lsang, uyimdan quruq chiqib ketma”, deydi. O'g'ri talmovsirab: “Men hech narsa olganim yo'q”, deydi. Robi'a: “Obdastani olda, tahorat qilib, hech bo'lmasa ikki rakat namoz o'qib chiqib ket”, deydi. O'g'ri uning aytganini qiladi, tahorat olib namoz o'qishga kirishadi. Robi'a osmonga qo'lini ko'tarib: “Ey Rabbim, mana bu bandang mening eshigimga kelib hech narsa topa olmadi, uni Sening dargohingga jo'natdim, fazlingdan bebahra qaytarma”, deydi. O'g'ri ikki rakat namozni tugatib, ibodat lazzatini butun vujudi bilan his etadi va tong otgunicha ibodat qiladi. Tong chog'i Robi'a uning oldiga kirsa, boshi sajdada Yaratganga munojot qilar edi.

Ertalab Robi'a unga: “Tunni qanday o'tkazding”, deydi. “Rabbim huzurida siniqlik bilan ibodat qildim, tavba va istig'for aytdim, xato va gunohlarim kechirilishini so'radim”, dedi.

Robi'a qo'lini duoga ochib: “Parvardigoro, bu bandang soatlab Sening dargohingga qo'l ko'tarib turibdi, uni noumid qo'yma”, deb duo qiladi.

Ne maqsadlar bilan kirgan o'g'ri obida ayolning duosi bilan obid banda bo'lib chiqib ketdi.

Allohning dargohi keng, qilgan xatolarimizni kechirishi shaksiz, imkoniyat bor, vaqt g'animat, foydalanib qolaylik, azizlar!

Vasiyat oxirida: “Tadbir kabi aqlli ish yo'q, tiyilish kabi taqvo yo'q va chiroyli odob kabi nasab yo'qdir”, deyilganida har bir ishni qilishdan oldin puxta o'ylab, oqibatini ko'z oldiga keltirib, keyin amalga oshirish tavsiya qilindi. Qanchalab insonlar ahmoqligi tufayli halok bo'lganiga tarix guvoh.

Asma'iy aytadi: «Bir arab boladan: “Senda ming dirham bo'lsa-yu, lekin ahmoq sanalsang, mamnun bo'lasanmi”, deb so'radim. U: “Yo'q, aslo”, dedi. “Nima uchun?” deb so'radim. “Ahmoqligim tufayli biron jinoyat qilib qo'yishdan qo'rqaman, mol ketadi, ahmoqligim yana davom etadi”, dedi».

Luqmoni Hakim o'g'liga: “Ahmoq bilan do'stlashma, garchi u go'zal bo'lsa ham. U qilich kabi ko'rinishi chiroyli bo'lishi mumkin, lekin oqibati yomon bo'ladi”, dedi.

Har qanday kasallikning shifosi bo'lishi mumkin, lekin ahmoqlikka davo yo'q. Kim uni davolayman desa, o'zi ham uning girdobiga tushib qoladi.

Hadisi sharifda aytiladi: “Uch narsadan biri kimda bo'lmasa, uning amali yo'q deb hisoblang: gunohlardan tiyilish uchun Allohdan qo'rqish; ahmoqlardan tiyilish uchun halim bo'lish; insonlar bilan murosa qilish uchun yaxshi xulqli bo'lish” (Imom Termiziy rivoyati).

Go'zal xulq kishi imonini mukammal qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan qanday mo'minning imoni komil hisoblanadi, deb so'rashganida: “Go'zal xulqli mo'min”, deb javob berganlar (Abu Dovud rivoyati).

Go'zal xulqli kishi tunlari bedor, kunduzlari ro'zador kishi darajasini qo'lga kiritadi, degan rivoyatlar bor. Odatimizga muvofiq go'zal xulqni ulug' vasiyatlar sohibi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan izlaylik. U zot (sollallohu alayhi va sallam) aytadilar: “Men komil xulqlarni maromiga etkazish uchun yuborildim”. Oysha (roziyallohu anho)dan u zot (sollallohu alayhi va sallam)ning axloqlari haqida so'ralganda: “Axloqlari Qur'on edi”, degan. Shu sababli u kishi barchaga o'rnak edilar. Allohni va oxirat kunini istovchilar uchun tirik namuna edilar. U zot (sollallohu alayhi va sallam)ga ergashgan qanchalab insonlar ulug' ajr va mukofotlarga erishdi.

“Go'zal xulq sohibi huzur-xalovatdadir, insonlar undan mamnun bo'ladi, yomon xulqli kishilardan hamma bezor. Fazilat aql va odob bilan ko'rinadi, boylik bilan emas. Kimning odobi yomon bo'lsa, nasabi yo'q bo'lib ketadi, kimning aqli adashsa, asli ham adashadi”.

Ha, azizlar! Biz yuksak xulq sohibi bo'lgan zotning ummatlarimiz. Omadimiz, baxtimiz bo'lmish go'zal xulq nima ekanini qidirmaymiz, balki u to'la-to'kis bizlarga ko'rsatib ketilgan, faqat so'zda emas, amalda ham. Shunday ekan, imkon qadar uni o'zimizda mujassamlashtiraylik!

Alloh taolo barchamizni O'zi yarlaqasin! Muborak vasiyatlarda aytilgan sifatlar bilan sifatlanishni nasib aylasin, omin!

 

KYeYINGI MAVZU:

TO'RTINChI KITOB

TO'RTINChI VASIYaT:

Itoat – ulug' ibodat!;

Hotinning eriga itoatsizlik qilishi;

 

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

19.08.2026   29645   4 min.
Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.

Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.

Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.

Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.

Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.

Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.

Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.

Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.

Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Ibratli hikoyalar