«لا خيبة عند معونته، ولا زيغ عند عصمته -سبحانه-!»
«Uning yordami bor ekan noumidlik yo'q! Uning himoyasi bor ekan yo'ldan og'ishlik yo'q!».
Imom Abu Mansur Moturidiy rohimahulloh
Izoh: Ushbu kalomni Imom Abu Mansur Moturidiy rohimahulloh Fotiha surasini tafsir qilar ekan zikr qilganlar. «Faqat sengagina ibodat qilamiz va faqat sendangina yordam so'raymiz» oyati tafsiri so'ngida xulosa o'rnida aytib o'tganlar.
Alloh subhanahu va taolo bandalarini har doim yordami ila qo'llab-quvvatlar ekan, hech qachon ular noumid bo'lmaydi va tushkunlikka tushmaydi.
Shuningdek, Alloh taolo O'zining muhabbatiga sazovor bo'lgan bandalarini aslo himoyasiz tashlab qo'ymaydi. U Zotning himoyasida bo'lgan bandalar aslo haq yo'ldan toyilmaydi va hargiz adashmaydi.
Shuning uchun ham Fotiha surasi oxirida g'azab qilingan va adashganlarning yo'lidan panoh tilash va hidoyat berilganlarning yo'lini so'rash ta'limi berilgan.
Modomiki, bandalar buyurilgan buyruqlarga amal qilsa va qaytariqlardan qaytsa etarli! Alloh taologa haqiqatda ibodat qilish bilan yuqoridagi ikki muhim ne'mat: «yordam» va «himoya»ga loyiq bo'linadi.
Alloh taolo barcha mo'min-musulmon bandalarini to'g'ri yo'lda bardavom qilsin!
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «Alloh azza va jalla (farishtalarga) aytadi: «Bandam biror yomonlikka shaylansa, uni yozmanglar. Agar uni qilsa, bitta yomonlik yozinglar. Agar biror yaxshilikka shaylansa-yu, uni qilmasa, bitta yaxshilik deb yozinglar. Agar uni qilsa, o‘nta (yaxshilik) yozinglar» (Imom Muslim rivoyati).