Ba'zi toifalar Ahli sunna val jamoaning ikki buyuk maktabi Ash'ariy va Moturidiylarni «jahmiy» yoki «mu'attila» deb atashadi. Bunday gap-so'zlar ko'pincha Mushabbihalar tomonidan aytiladi. Aslida, Ash'ariy-Moturidiy, Jahmiy va Mushabbihalar o'rtasidagi farq qanday? Quyida bundan xabardor bo'lamiz:
1) Jahmiylar - Alloh taoloning ilm, iroda va shu kabi sifatlarini bekor, deb aytadigan toifa. Jahmiylar Alloh taoloning sifatlarini ketkazish bilan tanilgan. Shuning uchun ham ular "Mu'attila" nomini olgan. Ularning bu gaplari botil va bekordir. Qur'oni karim va sunnati nabaviyda Alloh taoloning ism va sifatlarining bayoni kelgan. Alloh subhanahu va taolo bundan pok Zotdir!
2) Mushabbihalar - Alloh taoloning sifatlarini bor, deyishadi. Biroq, u sifatlarni hissiy ma'noga burishadi va Alloh azza va jallani yaratgan narsalariga o'xshatishadi. Ularning nazdida U jism, chegaralangan, Arshga tegib turadi va shu kabi gap-so'zlarni ko'paytirishadi. Alloh taolo bularning barchasidan oliy va pok Zotdir!
3) Ash'ariy-Moturidiylar - Alloh taoloning sifatlarini bor, deyishadi. Bu bilan mu'ttilachi Jahmiylarga xilof qilishadi. Shuningdek, bu sifatlardan ilk zehnga keladigan hissiy ma'nolarni daf qilishadi. Bu bilan esa Mushabbihalarga xilof qilishadi!
Ahli sunna val jamoaning ikki Ash'ariy va Moturidiy maktablari mana shunday vasatiylik yo'lini tanlaganlar. Bunda ularning asoslari Qur'oni karim va sunnati nabaviydir!
___________
* Ta'til so'zining ma'nosi "ketkazish", "bekor qilish" bo'lib, istilohda Alloh taolodan sifatlarini ketkazish va bekor qilish ma'nolarida ishlatiladi. Tarixda bu bilan eng ko'p Jahmiylar tanilgan.
* Tashbeh so'zining ma'nosi "o'xshatish" bo'lib, istilohda xuddi tamsil kabi Alloh taoloning Zoti va sifatlarini bandalarning sifatlariga o'xshatishdir. Bunday toifalar "Mushabbiha"lar, deb nomlanadi.
Bugun, 14 sentyabr kuni Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi o‘z ishini boshladi.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov hamda boshqa qardosh va xorijiy davlatlar ulamolaridan iborat nufuzli delegatsiyalar ishtirok etmoqda.
Yalpi majlisda nutq so‘zlagan muftiylar o‘z ma’ruzalarida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratmoqdalar:
– Kengash qoshidagi Fatvo hay’ati faoliyatini rivojlantirish, ummat uchun zarur qo‘shma fatvolar ishlab chiqish va zamonaviy masalalarga shar’iy yechim topish;
– diniy ta’lim muassasalarida ustoz va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-uslubiy loyihalarni amalga oshirish;
– ekstremizm, terrorizm, takfirchilik, islomofobiya va mazhablararo nizo qo‘zg‘ash kabi tahdidlarga qarshi yakdil ma’rifiy kurashni kuchaytirish.
Shuningdek, Ulamolar diniy-ma’rifiy sohadagi ana shunday hamkorlik butun Turkiy dunyo birdamligini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Anjuman davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati