Ikki shayx (Imom Buxoriy va Imom Muslim) Anas roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Banda qabriga qo'yilsa va do'st-u yorlari ortlariga qaytishsa, ularning oyoq tovushlarini eshitadi. Ikki farishta keladi va uni o'tqazib qo'yishadi...».
Ushbu hadisi sharifda mayyitning oyoq tovushlarini eshitishi sobitdir. Unga aytilgan so'zlarni eshitishi esa batariqa avlodir.
Ammo, Ibn Humom rohimahullohning aksar hanafiy mashoyixlari «...ularning oyoq tovushlarini eshitadi» hadisiga qabrga qo'yilganida ilk so'roq oldidan eshitadi, deb javob berishgan, degan so'zlariga kelsak, hadisning zohiriga xilofdir. Qabrda bu holat doimiy hosil bo'lishi haqida dalillarni yuqorida keltirib o'tdik. Ushbu dalillar mayyitning davomiy eshitishining sobit ekanini taqozo qiladi.
«Tavassul — hukmlari va turlari» kitobidan 34-B, Shayx Muhammad Obid Sindiy Ansoriy
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar boshchiligidagi delegatsiya Istanbulda bo‘lib o‘tgan Fatvo kengashlarining xalqaro maslahat yig‘ilishida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda Qatar, Afg‘oniston, Bolgariya, Somali, Mavritaniya, Yaman, Falastin, Suriya, Iroq, BAA, Qozog‘iston, Rossiya, Indoneziya, AQSH, O‘zbekiston va boshqa ko‘plab davlatlardan fatvo markazlari vakillari qatnashdi.
Uchrashuvda Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Somali vaqflar vaziri, Mavritaniya ta’lim va islom ishlari vaziri, Yaman vaqflar va irshod vaziri, Falastin oliy shar’iy qozisi, Suriya bosh muftiysi hamda boshqa diniy ulamolar nutq so‘zladi.
Tadbir fatvo kengashlarining ummat birligini mustahkamlashdagi roliga bag‘ishlandi. Fatvolarni jamoaviy ishlab chiqish, ayni bir diniy masala bo‘yicha zid talqinlar tarqalishining oldini olish va yoshlarni qiziqtirgan e’tiqod masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Oila instituti muammolari, fatvo kengashlarining zo‘ravonlik va terrorizmga munosabati, migratsiya bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ham fikr-mulohaza almashildi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar arab tilida O‘zbekistonda diniy sohada amalga oshirilayotgan davlat siyosati va islohotlar haqida so‘z yuritib, bu boradagi asosiy yo‘nalishlar va rejalar haqida ma’ruza qildi.
Muftiyning ta’kidlashicha, tahdidlar kuchayib borayotgan bugungi davrda ummat hamjihatligi tinchlik va taraqqiyotning muhim omilidir. Fatvo kengashlari zamonaviy muammolarga shariat mezonlari va mo‘tadillik tamoyili asosida yechim topishi lozim. Internet orqali tarqatilayotgan asossiz fatvolarning oldini olish zarur.
Shu bilan birga, Misr Fatvo uyining “Imom Qarofiy” mukofotiga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston Fatvo markazining faoliyati va tajribasi haqida ham alohida ma’lumot berildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbarining fatvo hay’atlari tomonidan tasdiqlangan fatvolar uchun yagona raqamli platforma tashkil etish, internetda fatvo e’lon qilish va sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha mezonlarni ishlab chiqish, malakali faqihlarni tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirish yuzasidan ilgari surgan takliflari ishtirokchilar tomonidan yuqori baholandi.
O‘zbekiston va Turkiya diniy idoralari vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Tomonlar ziyorat turizmi, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik hamda boshqa sheriklik yo‘nalishlari bo‘yicha kelishuvga erishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati