Ma'naviy tarbiyani to'g'ri yo'naltirish, mafkuraviy immunitetni oshirish, xalqni turli buzg'unchi g'oyalardan himoya qilish va diniy bilimlarni o'zlashtirishda e'tiqod hal etuvchi vazifani bajaradi. Aqida insonning o'y-fikr va harakatlarining natijasini begilab beradi. Bir so'z bilan aytganda, jamiyatning taraqqiyoti sof aqida bilan chambarchas bog'liq.
Bu borada moturidiylik aqidasi bizga namuna bo'la oladi. Zero, yurtimizning ming yillik tarixi moturidiylik ta'limotining sof aqida va musaffo islomiy ko'rsatmalarga asoslanganini isbotlab berdi.
Abu Mansur Moturidiy va Abul Hasan Ash'ariy asos solgan moturidiylik va ash'ariylik ta'limotlari qadimdan ahli sunna val jamoaning ikki yo'nalishi sifatida talqin qilinib, hadisda zikr qilingan “Do'zaxdan najot topuvchi” aqidaviy mazhab deya qabul qilib kelingan.
Olimlarning moturidiylik ta'limoti haqida bildirgan quyidagi ta'riflari fikrimizni tasdiqlaydi: Kafaviy Imom Moturidiy haqida bunday yozadi: “U mutakallimlar imomi, musulmonlar aqidasini to'g'rilovchi shaxs bo'lib, Alloh uni “to'g'ri yo'l” bilan qo'llab-quvvatlagan. U bor kuchini din himoyasi uchun sarflagan va buyuk asarlar yozgan hamda botil aqida sohiblariga raddiyalar bergan”.
Ibn Hajar Haytamiy bunday yozadi: “Ahli sunnadan murod ahli sunna val jamoaning ikki imomi – Abul Hasan Ash'ariy va Abu Mansur Moturidiylar tutgan yo'ldir”. Murtazo Zabidiy “Ithaf assada al-muttaqin bi sharh Ihyo ulum addin” asarida “Ahli sunna val jamoa iborasi ishlatilganda ash'ariylar va moturidiylar nazarda tutiladi” nomli alohida fasl ajratgan.
Sof e'tiqod himoyachilari shuni bilish lozimki, Abul Hasan Ash'ariy va Abu Mansur Moturidiy (Alloh ikkisidan rozi bo'lsin va Islom dini uchun qilgan xizmatlarini yaxshi mukofotlar bilan taqdirlasin) yangicha fikr-g'oyani o'ylab topmadilar va yangi mazhab yaratmadilar, balki Rasululloh sollallohu alayhi va sallam va u zotning sahobalari tutgan yo'lni botil e'tiqodlardan tozalashdi.
Har ikki alloma bid'atchi va adashgan firqalar bilan bahsmunozara qilib, ularni mag'lub qilishgan. Ash'ariy va Moturidiy salafi solihlarning tutgan yo'lini hujjat va dalillar bilan mustahkamlab, uning bardavomligini saqlab qolishgan. Shu bois salafi solihlarning mazkur mazhabiga ergashganlar ash'ariy yoki moturidiy deb ataladi.
Shuningdek, Hakim Samarqandiy, Rustug'faniy, Abdulkarim Pazdaviy, Iyoziy, Abul Lays Samarqandiy, Abu Muin Nasafiy, Umar Nasafiy, Alouddin Samarqandiy, Alouddin Kosoniy, Sa'duddin Taftazoniy, Mulla Ali Qoriy, Nuriddin Sobuniy Buxoriy va boshqa ko'plab mashhur olimlar moturidiylik ta'limotida ijod qilib, uning rivojiga katta hissa qo'shganlar.
Bir so'z bilan aytganda, moturidiylik ahli sunna val jamoa aqidasining asl o'zagi ekani barcha olimlar tomonidan birdek e'tirof etilgan. Ammo hozirda soxta salafiylik va mazhabsizlik ruhidagi ba'zi adashgan firqalar moturidiylik aqidasiga nisbatan salbiy yondashayotgani ayni haqiqat.
Ayrim musulmon tadqiqotchilar moturidiylik yo'nalishini ahli sunna val jamoa tarkibida sanashga ochiq-oydin qarshilik ko'rsatmoqdalar. Moturidiya ta'limotiga bo'lgan mazkur salbiy yondashuvlar nafaqat adabiyot va matbuotda, balki internet sahifalarida ham keng yoritilmoqda.
Soxta salafiylik ruhida yozilgan ushbu adabiyot va maqolalarga yuksak did bilan bezak berilgani o'quvchilar sonining ortishiga xizmat qilmoqda. Ahli sunnaning asl sof aqidasiga xavf solib turgan bu kabi omillar yurtimiz ijtimoiy va ma'naviy barqarorligiga salbiy ta'sir ko'rsatishi tabiiy hol.
Mamlakatimizda Imom Moturidiy va uning ta'limoti borasida bir qator tadqiqotlar amalga oshirilganiga qaramay, moturidiylik ta'limotining asl mohiyati chuqur tadqiq qilinmagan, qolaversa, Imom Moturidiy asarlarining tarjimalari hanuz amalga oshirilmagan.
Mazkur omillar Imom Moturidiy asarlarini keng ommaga etkazish uchun o'zbek tiliga o'girish hamda moturidiylik ta'limotining asl mohiyatini sodda tilda bayon qilib berish kabi ishlarning amalga oshirilishini taqozo etadi.
Moturidiylik aqidasi matnlari tarjimasi va sharhlarini yaratishda jumlalarning qisqaligi va oson yodlanishiga alohida e'tibor qaratish lozim.
Ming yildan ziyod davr mobaynida xalqimiz e'tiqod qilib kelgan ahli sunnaning sof aqidasi – moturidiylik ta'limoti matnlarini yangicha talqinda tadqiq qilish va hozirgi zamon talablariga mos uslublar bilan boyitish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biridir.
Burhoniddin AHMYeDOV,
O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Manbalar xazinasi mutaxassisi
Savol: Namozdan keyin imom «Oyatal kursiy»ni boshidan o‘qiganda jamoat qolganini ichida davom ettiradimi yoki boshidan boshlaydimi? Zikrlarni aytishdachi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozdan keyin oyatal kursiy va tasbehlarni aytish mustahab amal sanalib, ularni imom ham, jamoat ham o‘qishlari mandub, ya’ni go‘zal va savobli ish hisoblanadi. Shuning uchun imom boshlab berganidan keyin jamoatdagilar ham oyatal kursiyni boshidan o‘qiydilar.
Shuningdek, tasbehlarni 33 tadan aytadilar. Imom ularni ovoz chiqarib boshlab berishining sababi jamoatga aytiladigan zikrni eslatish uchundir.
Payg‘ambarimiz alayhissalom farz namozlardan keyin «Oyatal kursiy»ni o‘qishning fazilati haqida bunday deydilar: “Kim har bir farz namozidan keyin Oyatal kursiyni o‘qisa, keyingi namozgacha Alloh taoloning zimmasida bo‘ladi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Boshqa bir hadisi sharifda bunday deyiladi:
“Kim har bir farz namozning ortidan Oyatal kursiyni o‘qisa, uni jannatga kirishdan faqatgina o‘lim to‘sib turadi” (Imom Nasoiy rivoyati).
Namozdan keyin tasbehlarni aytish borasida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim har namozdan keyin o‘ttiz uch marta Allohga tasbeh aytsa, o‘ttiz uch marta Allohga hamd aytsa, o‘ttiz uch marta Allohu akbar”, desa hammasi to‘qson to‘qqiz bo‘ladi. Yuzinchisida “Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shayin qodiyr”ni aytsa, uning gunohlari dengiz ko‘piklaricha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).
Shunga ko‘ra imom domla “Subhanalloh”, “Alhamdulillah”, “Allohu akbar” deyishi o‘zi uchun hisobga o‘tadi. Jamoatdagi namozxonlar 33 tadan o‘zlari aytishlari kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.