Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Iyul, 2025   |   11 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:13
Quyosh
04:56
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:39
Bismillah
06 Iyul, 2025, 11 Muharram, 1447

12.02.2021 y. Mazhablar – Qur'on va sunnat mahsulidir

08.02.2021   6413   14 min.
12.02.2021 y. Mazhablar – Qur'on va sunnat mahsulidir

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي عَلَّمَ الْإِنْسَانَ مَا لَمْ يَعْلَم، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الأَكْرَم وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ

Mazhablar – Qur'on va sunnat mahsulidir

Muhtaram azizlar! Bugungi ma'ruza mavzusi hozirda dolzarb bo'lgan, ayrim toifalar yanglish iddaolari tuyfayli musulmonlar orasida ixtiloflarga sabab bo'layotgan mazhablar haqida bo'ladi.

Ma'lumki, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hayotlik paytlarida shariatga bog'liq barcha masalalarning echimini U Zotning o'zlari bayon qilar edilar. Payg'ambarimiz alayhissalomning vafotlaridan keyin odamlar bilmagan narsalarini asosan sahobalardan so'rar edilar. Gohida uchrab turadigan qiyin masalalarni echish uchun esa eng bilimdon sahobalar yig'ilib maslahat qilishar va fatvo berishardi. Keyinchalik sahobalar yashash uchun turli yurtlarga ko'chib ketdilar. Odamlar o'zlari suhbatiga etishgan olim sahobalarning fatvolariga amal qilishardi.

O'sha davrning markaziy shaharlari – Madinada Abdulloh ibn Umar, Kufa shahrida Abdulloh ibn Mas'ud, Makkada Abdulloh ibn Abbos, Misrda Abdulloh ibn Amr ibn Os raziyallohu anhumning fatvolariga amal qilinardi. Aynan mana shu davrlarda sahobalar mazhabi shakllanganini ko'rish mumkin.

Shundan keyin bu zotlarning shogirdlari ularning ishlarini davom ettirishdi. Fatvolarning asosiy qismida o'z imomlariga ergashdilar va ularning mazhablarini qo'llab quvvatladilar. Zamonlar o'tishi bilan yigirmaga yaqin mazhablar ichidan faqat buyuk to'rttasi qoldi. Qolganlarining ba'zi fatvolari turli kitoblarda uchrab turadi xolos.

Shu o'rinda aytib o'tish lozimki, hozirda ko'p takrorlanayotgan “Dinda mazhablarga ergashish yo'q!”, “Sahobalar davrida mazhablar bo'lmagan” kabi puch da'volarga mutlaqo ilmiy asos mavjud emas. Sahobalar davrida ham mujtahid sahobalar mazhabi bor edi. Sahobalar mazhabi asosida hozirga qadar etib kelgan to'rtta fiqhiy mazhablar saqlanib qoldi.

Mazhabga ergashish – Qur'on va sunnatni qo'yib shaxsga ergashish emas, balki aynan Qur'on va sunnatga ergashish sanaladi. Chunki Alloh taolo O'zining Kalomida shunday marhamat qilgan:

 فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِن كُنتُمْ لَا تَعْلَمُونَ

 (سورة النحل/آية:43)

“Agar bilmasangiz, zikr ahlidan so'rang” (“Nahl” surasi 43-oyat).

Boshqa bir oyati karimada esa:

 وَلَوْ رَدُّوهُ إِلَى الرَّسُولِ وَإِلَى أُولِي الْأَمْرِ مِنْهُمْ لَعَلِمَهُ الَّذِينَ يَسْتَنْبِطُونَهُ مِنْهُمْ

 (سورة النساء/آية:83)

“Agar uni Payg'ambarga yoki o'zlaridan bo'lgan ish egalariga etkazsalar, uni bilib olishni istovchilar o'shalardan (so'rab) bilaverar edilar” (Niso surasi 83-oyat).

Imom Tabariy va yana bir qancha mufassirlar mazkur oyatdagi “ish egalari” jumlasini “ahli ilmlar” deb tafsir qilganlar.

Ushbu oyati karimada Alloh taolo bandalariga o'zlari bilmagan masalalarning javobini zikr ahli hisoblangan ulamolardan so'rashga buyurmoqda. Musulmonlar ushbu ilohiy farmonga bo'yinsunib, Payg'ambarimiz sallollohu alayhi vasallam zamonlaridan beri muayyan bir mazhabga taqlid qilib kelishmoqda. Aslida bu Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning bashoratlarining voqe'likdagi ko'rinishi edi. Chunki hadisi sharifda U Zot:

يَحْمِلُ هَذَا الْعِلْمَ مِنْ كُلِّ خَلَفٍ عُدُولُهُ، يَنْفُونَ عَنْهُ تَحْرِيفَ الْغَالِينَ، وَانْتِحَالَ الْمُبْطِلِينَ، وَتَأْوِيلَ الْجَاهِلِينَ

(رواه الإمام البيهقي)

ya'ni:“Bu ilmni har bir avlodlardan ishonchli kishilar tashiydilar. Ular ilmni johillarning botil talqinlari, yo'ldan ozganlarning da'volari va g'uluvga ketganlarning xatolaridan saqlaydilar”, deganlar (Imom Bayxaqiy «Madxal»da rivoyat qilgan).

Fiqhiy mazhablar hozirga qadar musulmonlar birdamligini saqlashda asosiy omil bo'lib kelmoqda. Muhaddis olimlardan biri Abdulhaq Dehlaviy rahimahulloh to'rt mujtahid imomlar yo'li haqida shunday deganlar: “Islom dinining to'rtta yo'li – mazhabi bor. Kim shu yo'llardan boshqasini tutsa, batahqiq adashibdi” (“Sharhu safarus-sa'ada” kitobi).

Hozirgi kunga kelib, buyuk mujtahid olimlarni qo'yib, o'zlariga ergashishga da'vat qiladigan qo'shtirnoq ichidagi “mujtahidlar” ko'p uchramoqda. Ular Qur'oni karim va hadisi shariflarni o'zlarining nafsu havolari bilan izohlab, salafi solihlarimiz yo'lidan og'ishmoqda. Abdulloh ibn Amr ibn Os raziyallohu anhuning rivoyat qilishlaricha, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytganlar:

إِنَّ الله لاَ يَقْبِضُ الْعِلْمَ انْتِزَاعًا، يَنْتَزِعُهُ مِنَ الْعِبَادِ وَلكِنْ يَقْبِضُ الْعِلْمَ بِقبْضِ الْعُلَمَاءِ حَتَّى إِذَا لَمْ يُبْقِ عَالِمًا، اتَّخَذَ النَّاسُ رُءُوسًا جُهَّالاً، فَسُئِلُوا، فَأَفْتَوْا بغَيْرِ عِلْمٍ، فَضَلُّوا وَأَضَلُّوا

(رواه الإمام البخاري)

ya'ni: “Alloh taolo bandalaridan ilmni tortib olish bilan ko'tarmaydi, balki ilmni olimlarni olish bilan ko'taradi, hattoki bironta olim qolmaydi. Shunda odamlar johillarni yo'lboshchi qilib oladilar. Ulardan so'raydilar, ular javob beradilar, o'zlari ham adashadilar, odamlarni ham adashtiradilar” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Hozirda bemazhablikka chaqirayotgan kishilar “Alloh taolo mazhabga ergashishga buyurmagan, balki zikr ahlidan so'rashga buyurgan”, deya odamlarni aldashga urinmoqda! Ho'sh, mazhabboshlari zikr ahli bo'lmasa, unda kim ekan?! Axir mujtahid imomlarimizning ilmiga, taqvosiga va ilmiy omonatdorligiga butun ummat tasannolar aytgan bo'lsa, ularning ilmiga ergashmasdan yana kimga ergashish kerak?!

Boshqa bir hadisi sharifda yangi-yangi toifalar paydo bo'lib, odamlarni to'g'ri yo'ldan ozdirishi haqida Payg'ambarimiz alayhissalom ogohlantirganlar:

 يَكُونُ في آخِرِ الزَّمَانِ دَجَّالُونَ كَذَّابُونَ يَأْتُونَكُمْ مِن الأَحَادِيثِ بِمَا لَمْ تَسْمَعُوا أَنْتُمْ وَلاَ آبَاؤُكُمْ فَإِيَّاكُمْ وَإِيَّاهُمْ لاَ يُضِلُّونَكُمْ وَلاَ يَفْتِنُونَكُمْ

 (رواه الإمام مسلم)

ya'ni: “Oxirzamonda «dajjollar», kazzoblar bo'ladilar, ular sizlar va sizlarning otalaringiz ham eshitmagan hadislarni ko'tarib keladilar. Sizlar ulardan, ular esa sizlardan uzoq bo'lsin! Ular sizlarni zalolatga boshlab qo'ymasinlar, sizlarni fitnaga aralashtirib, aldamasinlar!” (Imom Muslim rivoyatlari).

Muhtaram jamoat! Muayyan mazhabga taqlid qilgan musulmonlar hozirda ham, hozirgi kunga qadar ham ummatning mutlaq ko'pchiligini tashkil qilgan. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflaridan birida:

 فَإِذَا رَأَيْتُمُ اخْتِلَافًا فَعَلَيْكُمْ بِالسَّوَادِ الْأَعْظَمِ 

(رواه الإمام ابن ماجة)

ya'ni: “Agar ixtilofni ko'rsangiz, o'zingizga ko'pchilik tomonini lozim tuting”, – deganlar (Imom Ibn Moja rivoyatlari). Demak, mazhabga ergashish katta jamoaga ergashish hisoblanadi.

Shuning uchun ham Islom ulamolari har bir davrda mazhabga ergashish lozimligini uqtirib kelishgan. Imom Al-Mardoviy rahimahulloh shunday deydilar: “Ijtihod qilishga layoqati bo'lmagan har bir kishiga biror muayyan mazhabga taqlid qilishi lozim bo'ladi. Bundan faqat ijtihod darajasiga etgan kishi mustasnodir” (“Rioyatul-kubro” kitobi).

Imom Nafroviy rahimahulloh ham aytadilar: “To'rt mazhab imomidan biriga ergashish vojibligiga musulmon ummatining ijmosi tuzilgandir. Faqat ijtihod ahllari bundan mustasno” ( “Favokehud-devoniy” kitobi)

Alloma Muhammad Amin Ibn Obidin rahimahulloh: “Muayyan mazhabda fatvo beruvchi kishining o'z mazhabida aniq ko'rsatilgan masalada boshqa mazhab yo'lini tutishi va u bo'yicha fatvo berishi joiz emas”, – deydilar (“Minhatul-Holiq” kitobi).

Mingdan ortiq kitob ta'lif qilgan hanafiy mazhabining buyuk olimlaridan biri Ashraf Ali Tahonaviy rahimahulloh aytadilar: “Men yigirma besh yillik ilmiy tajribam asosida shuni bildimki, hozirgi davrda biror mazhabni tutmaslik oxir-oqibat dinsizlikka olib borar ekan” (“Malfuzot” kitobi).

Muhtaram jamoat! Ma'lumki, yurtimizda azaldan to'liq Hanafiy mazhabi amalda bo'lib kelgan. Hozirda ham yurtimizdagi deyarli barcha ahli ilmlar, ustozlar va masjid imomlari Hanafiy mazhabida ta'lim olib, shu mazhab asosida faoliyat olib bormoqdalar. Alloma Zafar Ahmad Usmoniy rahmahulloh: “Dinda ergashiladigan mujtahid imomlarning barchalari haq va to'g'ri yo'ldadir. Agar bir yurtda ulardan birining mazhabi keng tarqalgan va o'sha mazhab ulamolari ko'p bo'lsa, omi odamga o'sha mazhabga ergashishi vojib bo'ladi. Keng tarqalmagan va ulamolari ko'p bo'lmagan mazhabning ahkomlarini bilish, voqif bo'lish uzrli bo'lganligi uchun unga ergashmoqligi joiz bo'lmaydi” (“E'lous sunan” 20-jild, 290-sahifa).

Hulosa qilib aytganda, mazhablarga ergashish shariat ko'rsatmasiga ergashishdir! Uni inkor qilish esa shar'iy ko'rsatmalarga va butun Islom ulamolariga qarshi chiqish hisoblanadi. Zero, Islom tarixida biror mufassir yoki muhaddis yoxud faqihni bemazhab bo'lgani ma'lum emas. Faqatgina mujtahid bo'lgan kishilar bundan mustasno xolos. Shar'iy ilmlar borasida musulmonlarning ilmi etarli bo'lmagan bugungi davrda, ba'zilar tomonidan mazhablarni inkor  qilish faqat musulmonlarning birdamligiga futur etkazadi xolos.

Qur'on va sunnatdan har kim o'zboshimcha hukm chiqarish musulmonlarni kufrda ayblash, ularning qonini to'kishni halol hisoblash, bog'iylik, fitna va ixtilof qo'zg'ash kabi dinimizda qat'iyan man qilingan xatti-harakatlarga sabab bo'lmoqda. Shu nuqtai nazardan, marhum Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy rahmatullohi alayh: “Mazhabsizlik – islom shariatiga tahdid soladigan eng xatarli bid'atdir”, deganlar.

Muhtaram jamoat! Mav'izamiz so'ngida hanafiy mazhabimizga doir bir masalani eslab o'tishni lozim topdik. U ham bo'lsa, jamoat namozlarida “omin”ni maxfiy aytishlik masalasidir. Bizning hanafiy mazhab ulamolari namozda “omin”ni maxfiy aytish sunnat ekanini ta'kidlaydilar. Bunga quyidagi hadislar ochiq dalolat qiladi. Imom Termiziy Alqama ibn Voildan, u o'z otasidan rivoyat qilgan hadisda:

أَنَّ النَّبِىَّ صلى الله عليه وسلم قَرَأَ "غَيْرِ الْمَغْضُوبِ عَلَيْهِمْ وَلاَ الضَّالِّينَ" فَقَالَ « آمِينَ » وَخَفَضَ بِهَا صَوْتَهُ 

ya'ni: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam (غَيْرِ الْمَغْضُوبِ عَلَيْهِمْ وَلاَ الضَّالِّينَ)ni o'qidilar-da, past ovozda “omin”, dedilar”, deyilgan.

Bu hadisdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Fotiha» surasini baland ovoz bilan o'qib kelib, «omin»ni aytishga kelganda ovozlarini past qilganlarini tushunamiz. Imom Tabaroniy Abu Voildan qilgan rivoyatda: “Umar va Ali raziyallohu anhumolar namozda “Bismillahir rohmanir rohiym”ni ham, “omin”ni ham ovoz chiqarib aytmas edilar”, deyilgan.

Shu va bundan boshqa ko'plab dalillarga amal qilib, namozda “Omin”ni maxfiy aytishlik ayni muddao bo'ladi. Qolaversa, namozxonlar o'rtasida turli tushunmovchiliklarga ham barham berilgan bo'ladi.

Alloh taolo O'zining haq dinini aziz qilib, musulmonlarning birdamligini ta'minlasin. Barchalarimizni ummat ichida ixtilof chiqaruvchilardan bo'lishdan panohida asrasin. Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari

03.07.2025   4382   3 min.
Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari

Mana, bu yilgi Haj safarini ado qilish uchun yurtimizdan otlangan barcha ziyoratchilar muqaddas amallarni bajarib, eson-omon vatanga qaytdilar. Bu ulug‘ safar nihoya topgan bo‘lsada, uning xotirasi doimo yodda qoladi.

Yurtimizdan 15 000 dan ziyod, Farg‘ona viloyatidan esa 1600 dan ortiq mo‘min-musulmonlar Haj amallarini ado etdilar. Ziyoratda bo‘lgan hojilarning ayrimlari taassurotlarini bo‘lishdi.


Ibrohimjon Rustamov:

– Hojilarning ulug‘ safarga yo‘l olishida hujjat ishlaridan tortib, shifokor ko‘rigidan o‘tishgacha barcha jarayonlar tizimli va xavfsiz tashkil etildi. Madinai munavvaraga kelib, amallarni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ravzalariga kirish bilan boshlash biz uchun juda xursandlik bag‘ishladi. O‘zimizning va yuborilgan salomlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hamda hazrati Abu Bakr va Umar roziyallohu anhularga yetkazdik. Duolarda yurtimiz tinchligi, el farovonligi, yaqinlarimiz va barcha yurtdoshlarimizning xayrli holati uchun iltijo qildik.

Ziyoratlar chog‘ida Uhud va Qubo masjidi, ikki qiblali masjid va boshqa muqaddas joylar sayohat qilindi. Ilmiy suhbatlar va tarixiy voqealar qalbimizga chuqur ta’sir qildi. Madinadagi vaqtimiz ibodat bilan o‘tdi.

Makkai mukarramaga avtobuslarda “Labbayka” sadolari ostida yo‘l oldik va shu kuniyoq guruhimiz bilan to‘liq Umra ibodatini ado etdik. Mino, Arofot, Muzdalifa va Ka’ba atrofidagi ibodatlar davomida jamoaviy duo va zikrlar bilan tavof qilish, guruhimiz tartibi hamda birdamligi boshqalar uchun ham ibrat bo‘ldi.

Shu ulug‘ safarda o‘zimni musulmon va o‘zbekistonlik sifatida baxtli his etdim. Hotirjam ibodat qilishimga yaratilgan imkoniyatlar uchun yuragimdan shukronalar aytdim. Guruhimizdagi har bir ziyoratchi yurt tinchligi, oilalar barakati, farzandlar saodati uchun chin dildan duo qildi.

Bu safar biz uchun buyuk imkoniyat bo‘ldi. Barcha tashkilotchilar, yo‘lboshchilar, xizmatchilar va, albatta, davlatimiz rahbariyatiga chuqur minnatdorlik izhor etamiz. Kelgusida manaviyat targ‘ibotchisi sifatida vatanimga va xalqimga sidqidildan xizmat qilishda davom etaman, insha Alloh.


Qurbonali Aripov:

— Haj safari juda chiroyli o‘tdi. Juda ham hursandmiz. Prezidentimizga shunday sharoitlarni yaratib berganliklari uchun minnatdorchilik bildiramiz. Yurtimiz uchun duolar qildik, muqaddas ziyoratni ado etishga imkon bo‘lgan kunlarga shukronalar aytamiz. Endilikda mahallamizda yoshlarga ta’lim-tarbiya berishda, ma’naviyat targ‘ibotida faol ishtirok etamiz. Ezgu ishlarga bosh-qosh bo‘lishga harakat qilamiz.

Hojilarning ulug‘ safarga kelishida hujjat tayyorlashdan tortib shifokor ko‘rigidan o‘tishda tizimli ish tashkil etib, namunali holda xavfsizligimizni ta’minlab, bizni safarga kuzatishdi.


Tolibjon O‘rmonov:

         — Men avval ziyoratga borganlardan eshitgan-bilganlarimga taqqoslasam, buyilgi ziyorat umuman o‘zgacha bo‘ldi. Ishchi guruh, elikboshilar xizmatini alohida qayd etish kerak. Davlat rahbarining hojilarga bergan e’tibori hammani xursand qildi.

 

Muborakxon Inomova:

         — Taassurotlarimni til bilan ifodalay olmayman, Madinai munavvara, Makkai mukarrama kabi ulug‘ dargohlarga avvalo qadamim yetgani men uchun katta baxt. Ayniqsa, yurtboshimizni bizni ortimizda turib hol-ahvol so‘ragani, bizga tabrik yo‘llaganlaridan ko‘zimga yosh oldim. Juda ham quvondim, shunday prezidentim borligidan.

        

Qaysi bir hoji bilan suhbatlashmang yuzida xursandchilik va shukronalik ifodasini ko‘rasiz. Alloh barchalarini ibodatu duolarini qabul qilsin!

Rahmatulloh Jalilov
tayyorladi

Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari
O'zbekiston yangiliklari