Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Ey yoshlar jamoasi, shuni bilingki, Alloh taolo O'zining fazlini ato qilishda hech kimni unutmaydi.
«Tavba qiluvchi yosh yigitdan ko'ra, Alloh taologa mahbubroq narsa yo'q».
Kunlarning birida Nabiy sollallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuga xitob qilib: «Allohga qasamki, ey Muoz, albatta, men seni yaxshi ko'raman». Undan boshqa iloh bo'lmagan Allohga qasamki, agar bir yigit Alloh taolo uni yaxshi ko'rishini his qila olsa, u ham osmonlaru erning yaratuvchisi bo'lgan Alloh taoloni yaxshi ko'rib qoladi. Allohga qasamki, banda uchun bundan ortiq maqom bormi?
Alloh taolo farishtalarga aytadi: «Bandamni ko'ringlar, Meni deb shahvatini tark etdi».
Ayni gullagan, shahvati qaynab turgan paytida ko'zini haromdan tiyib, Allohning baytiga qatnab, barcha gunoh ma'siyatlardan uzoq yurib, harom narsalardan o'zini tiyib, Alloh taolodan qo'rqib yurgan yosh yigit uylanish masalasida haddan oshgan, ayollar bilan ayshu ishrat qilib yuradigan, bir ayolga uylansa, ko'p yashamay tezda ajrashib ketadigan yigitlardek yo'l tutmaydi. Buni aql ham ko'tarmaydi.
Ba'zi hadislarda: «Alloh taolo xotini bilan uzoq yashamaydigan, tez uylanib, tez ajrashadigan erkaklarni va eri bilan ko'p yashamaydigan, tez erga tegib, tez ajrashadigan ayollarni la'natlasin» degan rivoyat keladi. Shuningdek, Alloh taolo xotini bilan uzoq yashamaydigan, tez uylanib, tez ajrashadigan erkaklarni va eri bilan ko'p yashamaydigan, tez erga tegib, tez ajrashadigan ayollarni yaxshi ko'rmasligi hadislarda vorid bo'lgan. Ba'zilar bu hadislarni zaif deyishgan. Allohdan qo'rqadigan yigit esa pokdomon bo'lib, uning iffati, haromdan ko'zinin tiyishi u uchun sharaf belgisi hisoblanadi.
Alloh taolo tavba qiluvchi, ko'zini haromdan saqlovchi, pok yigit bilan haromga boquvchi, yomon joylarda yuruvchi, tonggacha uxlamay internetda behuda narsalarni tomosha qilib o'tiradigan yoki behayo fil'mlar ko'radigan yigitga bir xil muomala qilishi aqlga to'g'ri keladimi? Ushbu savolga echim sifatida mana bu oyatlarni keltiramiz:
أَمْ حَسِبَ الَّذِينَ اجْتَرَحُوا السَّيِّئَاتِ أَن نَّجْعَلَهُمْ كَالَّذِينَ آمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ سَوَاءً مَّحْيَاهُمْ وَمَمَاتُهُمْ سَاءَ مَا يَحْكُمُونَ
«Nahotki, yomonliklarni qilganlar ularni iymon keltirib, solih amallar qilganlarga o'xshash qilmog'imizni, hayotlari ham, mamotlari ham barobar bo'lishini o'ylasalar?! Qilayotgan hukmlari naqadar yomon!» (Josiya surasi, 21-oyat).
أَفَمَن كَانَ مُؤْمِنًا كَمَن كَانَ فَاسِقًا لَّا يَسْتَوُونَ
«Axir mo'min bo'lgan odam fosiq bo'lgan odam kabi bo'lurmi?! Teng bo'lmaslar» (Sajda surasi, 18-oyat).
أَفَنَجْعَلُ الْمُسْلِمِينَ كَالْمُجْرِمِينَ
«Musulmonlarni jinoyatchilarga o'xshatib qo'yarmidik?!» (Qalam surasi, 35-oyat).
مَا لَكُمْ كَيْفَ تَحْكُمُونَ
«Sizga nima bo'ldi?! Qanday hukm qilmoqdasiz?» (Qalam surasi, 36-oyat).
ذَلِكَ جَزَيْنَاهُم بِمَا كَفَرُوا وَهَلْ نُجَازِي إِلَّا الْكَفُورَ
«Ularni noshukrlik qilganlari uchun, ana shunday jazoladik. Biz faqat o'ta noshukrlargagina jazo berurmiz». (Saba' surasi, 17-oyat).
فَمَن يَعْمَلْ مِثْقَالَ ذَرَّةٍ خَيْرًا يَرَهُ
«Bas, kim zarra vaznicha yaxshilik qilsa ham ko'radir» (Zalzala surasi, 7-oyat).
وَمَن يَعْمَلْ مِثْقَالَ ذَرَّةٍ شَرًّا يَرَهُ
«Va kim zarra vaznicha yomonlik qilsa ham ko'radir» (Zalzala surasi, 8-oyat).
Alloh taolo yoshlarimizni ibodatda, haromdan ko'zni tiyishda, fahshdan saqlanishda, qalblari masjidga bog'liq bo'lishda va iffatni saqlashlarida barchamizga ibratli bandalaridan qilsin!
Muhammad Rotib Nabulsiyning videosuhbatlaridan
Nozimjon Hoshimjon tarjimasi.
Mahmud Bahrom oqqa ko'chirdi.
Bugun Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida "QUR’ON TARANNUMI MUSOBAQASI" tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni ta’lim muassasasi o‘quv ishlari bo‘yicha mudir o‘rinbosari U.Mahmudov ochib berdi va ishtirokchilarga omad tiladi. So‘ngra ta’lim muassasasi o‘qituvchisi Hikmatillo domla Xomidov musobaqa shartlari bilan tanishtirdi.
Musobaqada qorilarni ta’lim muassasasi o‘qituvchilari:
Hikmatillo domla Xomidov (hakamlar hay’ati raisi)
Abdellatif Naser Mahmudjalal
Asilbek domla Islomovlar baholab bordilar.
Tadbirda 3-kurs talabasi Azizbekov Bahromjon boshlovchilik qildi.
Hakamlar hay’atining qo‘ygan ballari asosida chiqarilgan yakuniy xulosaga ko‘ra quyidagi natija qayd etildi.
Hifz yo‘nalishi bo‘yicha:
1-o‘rin: 2-kurs talabasi Dulabov Mahmud.
2-o‘rin: 1-kurs talabasi Xudayberdiyev Abbos.
3-o‘rin: 4-kurs talabasi Sherqulov Anvar.
Qiroat yo‘nalishi bo‘yicha:
1-o‘rin: 4-kurs talabasi Mirzayev Mehroj
2-o‘rin: 3-kurs talabasi Ko‘paysinov Muhammadnur.
3-o‘rin: 4-kurs talabasi Mahkamov Ahmad.
Musobaqa g‘oliblari va ishtirokchilariga ta’lim muassasasi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar va faxriy yorliqlar topshirildi.