— Ba'zi bir qorilarga xatmi Qur'on buyurgani borsak, “menda tayyori bor”, deyishadi. Ya'ni Qur'onni o'qishni boshlab qo'ygan bo'lishadi. Shunda “mayli” desangiz, tugatib berishadi. Shariatimizda bu joizmi? Yoki xatmi qachon boshlab qo'yilgan bo'lsa ham, savobi kimga bag'ishlangani muhimmi?
— Avvalo, Qur'oni karimni Alloh taolo bandalarining ikki dunyo saodatiga erishishi uchun nozil qilganini unutmaslik kerak. “Hatmi Qur'on” deganda Qur'oni karimni boshdan-oxir to'liq o'qib chiqish tushuniladi. Birorta sura yoki oyat tashlab ketilsa, tom ma'noda xatm hisoblanmaydi. “Hatm” so'zi tugatish, yakunlash degan ma'noni bildiradi.
Hozirgi paytda odamlar orasida keng tarqalgan savoldagiga o'xshagan holatlar taaassufki, asl Islom maqsadlariga to'g'ri emas. Yana alohida ta'kidlash lozim, Qur'onni xolis Alloh roziligi uchun tilovat qilinsa, xatm qilinsagina unga savob beriladi. Keyin o'sha berilgan savobni bag'ishlash mumkin. Bizning ahli-sunna e'tiqodimizda Qur'on tilovat qilib, savobini bag'ishlasa, etib boradi, deyilgani aynan shudir. Har bir ibodatda aniq maqsad bo'lishi, uni boshlashda niyat bo'lishi kerakligi hadislarda ta'kidlangan. Savobini bag'ishlash maqsad qilingan tilovatni ham boshidan boshlab, Allohning roziligi, undan keyin kimgadir savobini bag'ishlashni niyat qilinadi. Shunda savobi etadi, deb umid qilinadi.
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Allohim, tutgan ro‘zalarimizni, o‘qigan Qur’onlarimizni, zikru salavot, tasbehlarimizni, taroveh namozlarimizni qabul qilgin! Bizga O‘zingning suhbatingni nasib qilgin, bizga dunyo va oxirat yaxshiliklarini bergin, bizni hidoyat qilgin, tavbalarimizni qabul qilgin, bizga rahm qilgin, bizni O‘zingning yo‘lingda, O‘zing uchun uyg‘otgin.
Allohim, a’zolarimizni ibodating bilan, qalblarimizni ma’rifating bilan mashg‘ul qilgin. Bizni o‘tgan solih bandalaringga ergashtirgin, ularga nasib qilgan ne’matlaringni bizga ham nasib qilgin, ularga omonlik berganingdek, bizga ham omonlik bergin, xotirjamlik bergin!
Allohim, dunyo va oxiratda O‘zingning nazaringni nasib qilgin, qalblarimizni lazzatlantirgin, bizni O‘zing rozi bo‘ladiganlardan qilgin!
Barcha holatlarimizda nifoqdan uzoq qilgin. Rahbarlarimizni haq yo‘lda bardavom qilgin, qalblarimizni isloh qilgin, hojatlarimizni ravo qilgin, ayblarimizni yashirgin, g‘ofillardan qilib qo‘ymagin, bizga ilhom berib, to‘g‘ri yo‘llarga yo‘llagin. Nafslarimizni yomonliklardan asragin, bizni O‘zingning zikring, shukring va go‘zal ibodatingga ilhomlantirgin, fazlu rahmating ila duolarimizni qabul qilgin!
Qalblarimizni poklab, ishlarimizni oson qilgin, dunyoyu oxiratdagi g‘amimiz Senga qurbat hosil qilish bo‘lsin. Allohim, bizlarni amal qiluvchilardan qilib, dunyoyu oxiratimizni obod qilgin! Shukrli qalb, zikrli til bergin! Bu dunyoda ilm va amal, oxiratda jannatu jamol nasib qilgin!
Allohim, ey ko‘zlar ko‘ra olmas, aqllar idrok eta olmas, dunyo hodisalari o‘zgartira olmas, dunyo musibatu balolari andishaga sola olmas Zot! Sen tog‘larning og‘irligini, dengiz suvlarining miqdorini, yomg‘ir tomchilarining sanog‘ini, daraxt yaproqlarining adadini, kecha qorong‘iligi qoraytirgan va kunduz nuri yoritgan barcha narsalarni bilasan! Hech bir osmon boshqa osmonni, hech bir yer boshqa bir yerni, hech bir dengiz uning tubidagilarni, hech bir tog‘ uning joyidagilarni ko‘rishingga to‘sqinlik qila olmaydi! Umrimning eng xayrli payti uning oxiri bo‘lsin, amalimning eng yaxshisi so‘nggi amalim bo‘lsin, Sening huzuringga borgan kunim kunlarimning eng xayrlisi bo‘lsin!
Allohim, Sendan «Alloh» isming bilan, «Roxman» isming bilan, men bilgan-bilmagan barcha ismlaring bilan meni mag‘firat qilishingni, menga marhamat ko‘rsatishingni so‘rayman.
Subhana Robbiyal Aliyyul A’lal Vahhob! Yo Vahhob, yo Allohim, Seni zikr qilishim uchun, shukr qilishim uchun, go‘zal ibodat qilishim uchun yordam bergin! Yana ko‘p Ramazon ro‘zalarini tutib, tarovehlar o‘qib, hayitlarni bayram qilishimizni nasib etgin!
Yo g‘iyasul mustag‘iysin, yo Zal jaloli val ikrom, yo akromal akromin!
«Mohi Ramazon muborak» kitobidan