Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyun, 2026   |   2 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:02
Xufton
21:39
Bismillah
17 Iyun, 2026, 2 Muharram, 1448

Tishni qanday parvarishlash zarur?

27.01.2021   7788   10 min.
Tishni qanday parvarishlash zarur?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

Yer yuzida hech qanday din, hech qanday tuzum tozalikka Islom dini kabi ahamiyat bermagan. Hatto Qur'oni Karimda ham insonlar pok bo'lishga chaqirilgan ko'plab oyatlar mavjud. Masalan, bir kunda farz namozlarini o'qish uchun kamida 3–4 marotaba tahorat olinadi, Quron tilovat qilish uchun ham albatta tahoratlik bo'lish shart. Shuning uchun ham Islom dini poklik dini demakdir. Og'izlarning tozaligi, ularni toza saqlash ham Islomda ibodat darajasiga ko'tarilgan.

Tish salomatligi, uni parvarishlash haqida ko'pchiligimiz eshitganmiz, ammo bu borada beriladigan tavsiyalarga har doim ham amal qilavermaymiz va natijada tishlarning emirilishi, milk qonashi va shunga o'xshash boshqa yondosh kasalliklarga duch kelamiz. Ho'sh, inson tishlarini sog'lom saqlash uchun nima qilishi kerak?

So'nggi bor tish shifokori huzuriga qachon borganingizni eslay olasizmi? Javobingiz «yo'q» bo'lsa, unda, albatta, bunga befarq bo'lmang. Chunki kasal tishlar juda ko'p xastaliklarga sababchi bo'lishi mumkin. Tish insonning tashqi ko'rinishida ko'zga tashlanib turadigan kichik bir qism bo'lsa-da, juda katta vazifani bajaradi.

Organizm uchun eng katta xavf

Og'iz bo'shlig'ida uch yuzdan ziyod mikroorganizm mavjud. Organizmimiz uchun kerakli bakteriyalarni ishlab chiqarishga mas'ul bu mikroorganizmlar inson hayoti uchun xavfli emas. Lekin tishlar kariyes natijasida emirilsa yoki milk bilan bog'liq biror muammo yuzaga kelsa, hammasi o'zgaradi. Shunda patogen bakteriyalar soni keskin oshib ketadi va bu zararkunandalar og'izdagi o'zi makon qilgan joyni tashlab, organizm bo'ylab safarga chiqadi. Juda xavfli bu «sayohat»dan ko'zlangan birinchi manzil oshqozon bo'ladi.

Og'iz bo'shlig'idan oshqozonga borib qolgan kasallik chaqiruvchi mikroorganizmlar gastrit, oshqozon yarasi, xoletsistit kabi oshqozon-ichak muammolarini keltirib chiqarishi mumkin. Aynan shuning uchun ham tajribali gastroenterolog sizni, albatta, stomatolog huzuriga yuboradi. Ba'zan uzoq vaqt oshqozonda aziyat bergan og'riqning sababi o'tkazib yuborilgan kariyes bo'lishi mumkin. Tish va milklar muolaja qilinmaguncha oshqozondagi muammolar ham bartaraf bo'lmaydi.

Masalaning yana bir jihati ovqat hazm qilish tizimidagi muammolar ham tishlar salomatligida o'z aksini topadi. Masalan, gastritda pastki «to'rtlik» va aql tishi zararlansa, ichak kasalliklarida pastki beshlik, xoletsistit va jigar bilan muammolarda old tishlar zararlanadi. Shuning uchun kariyes uzoq yillardan beri aynan shu tishlarga «mehr» qo'ygan kishilarga gastroenterolog ko'rigidan o'tish ortiqchalik qilmaydi. Shu bilan birga, tishda tez tosh hosil bo'ladigan hamda tishlarini noto'g'ri bosadigan kishilar ham oshqozonlarini tekshirtirganlari ma'qul. Ularning ovqatni kerakli darajada chaynamasliklari ovqat hazm bo'lish jarayoniga salbiy ta'sir ko'rsatadi.

Kasal tishlar nafaqat oshqozon, balki tomoq, yurak, qon-tomir va boshqa sohalar faoliyatini ham ishdan chiqarishi mumkin.

Birinchi navbatda tozalik!

Tishlaringiz doimo sog'lom bo'lishini istasangiz, ularning tozaligiga bee'tibor qaramang. Bu borada tish pastasini to'g'ri tanlash ham juda muhim. To'g'ri tanlangan tish pastasi nafaqat tishlar salomatligini ta'minlash, balki milklar yallig'lanishining oldini olishga ham katta yordam beradi.

Tishni tozalayotganda milkka zarar etkazib qo'yishdan ehtiyot bo'ling. Cho'tkaning harakati tishni tamoman tozalash imkonini berishi lozim. Tishning lab, lunj, til va tanglay yuzalari vertikal yo'nalishda, chaynov yuzalari esa aylanma harakatda bilan tozalanadi. Shundan so'ng og'iz chayiladi. Bolalarni 2–3 yasharligidan tishlarni parvarishlashga o'rgatib borish kerak. Shunda ular 7 yoshda o'zlari mustaqil bu ishni amalga oshiradigan bo'lishadi. Shuningdek, tishni o'tkir narsalar bilan tozalash mumkin emas. Bu buyumlar tish emaliga zarar etkazishi mumkin.

Misvok haqida bilasizmi?

Tish va og'iz bo'shlig'i salomatligi haqida aytilganda bu borada misvokning ahamiyatining nechog'lik ekani hech birimizga sir emas. Ammo undan muntazam foydalanishda ko'pchilik sustkashlik qiladi. Misvokning mo''jizakor narsaki, hatto zamonaviy olimlar ham buni tan olishmoqda. Misvokning tarkibi, uning foydali xususiyatlari borasida ko'plab tadqiqotlar olib borildi. Hulosalarga ko'ra, misvok odatiy tish cho'tkasidan ko'ra samaraliroq ekan. U bir vaqtning o'zida ham tish cho'tka, ham pastaning vazifasini bajara oladi. Arok daraxti shoxchalaridan olinadigan misvok, haqiqatan ham, shifobaxsh, foydali vosita. Misvok haqida Rasululloh sollalohu alayhi vasallamdan yuzdan ortiq hadis vorid bo'lgan. U zot Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: «Agar ummatimga mashaqqat qilib qo'yishim bo'lmaganida, ularni har namoz oldidan misvoklanishga buyurgan bo'lar edim», deganlar (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Sahoba Hofiz ibn Hojar hamda Ibn Qayyum misvokning o'ttizdan ortiq foydali xususiyatlarini sanab o'tishgan. Bular quyidagilar: Payg'ambarimiz sollalohu alayhi vasallam aslo tark etmagan sunnatlari – misvok Allohning roziligiga erishtiradi, og'izdagi badbo'y hidlarni ketkazadi, tishlarning chirishi va darz ketishining oldini oladi, milklarni mustahkamlab, ularning qonashi va yiringlashini yo'qotadi, balg'amni ko'chirib, ovozni, talaffuzni yaxshilaydi, yurak, me'da, ko'z asablarini mustahkamlab, ko'zni ravshan qiladi, uyquni qochirib, yuzni go'zallashtiradi, farishtalarni mamnun, shaytonni mahzun qiladi, xotirani kuchaytirib, zehnni ochadi, hasanotlarni ko'paytiradi va hokazo.

FOYDALI TAVSIYaLAR

Kislota va qanddan saqlaning

Gazli ichimlik, so'rma qandlar va hatto yangi siqilgan sharbatlar ham tish uchun zararli. Bunday sharbatlarda emalni emiruvchi meva kislotasi kontsentratsiyalangan ko'rinishda bo'ladi. Karamel, iris va obaki og'izda uzoq vaqt turganida esa patogen makrofloralar ko'payishi uchun qulay sharoit yuzaga keladi. Shokoladning tarkibidagi kakao bakteriyalar ko'payishining oldini olgani sababli tishga xavfi kamroq.

Tishlar uchun xavfli deb hisoblanadigan choy va qahva esa aslida foydali hisoblanadi: qora choy tish emalini mustahkamlasa, qovurilgan donlardan tayyorlangan tabiiy qahva antibakterial ta'sirga ega.

To'g'ri ovqatlaning

Tishlar mustahkam bo'lishi uchun organizmga kal'tsiy va ftor zarur. Kal'tsiy D vitamini yordamida o'zlashtiriladi. Ovqatlanish tartibingizga D vitaminiga boy buzoq, parranda go'shti, tuxum, sariyog', dengiz balig'i, kal'tsiy manbai bo'lmish qatiq, pishloq, ismaloq, brokkoli, tarkibida ftor moddasi ko'p qora choy, qora non, baliqni kiriting. 

Tishlarga tushadigan bosimni kamaytiring

Tish bilan yong'oq chaqish, turli tiqin va qopqoqlarni ochish, ip uzish kabilarni unuting. Bundan tashqari tishlarni qattiq siqish, ayniqsa, g'ichirlatish odati ham unga zarar etkazib qo'yadi. Ba'zilarning uyquda tishini qattiq g'ichirlatish odati bor. Tishlarini zararlab qo'ymaslik uchun ularga uyqudan oldin tishga kiyiladigan maxsus vositalardan foydalanish tavsiya etiladi. 

Ozuqaga boy mahsulotlar iste'mol qiling

Tish uchun foydali va ozuqaga boy mahsulotlar quyidagilar:

Suyak sho'rva. Suyaklar 8–72 soat past olovda qaynatiladi. Qaynash asnosida suyakdagi ko'pgina foydali mineral moddalar ajralib chiqadi. Tayyor sho'rva sovuq joyda saqlanadi va kuniga taxminan 1 stakandan (200–250 ml) ichiladi. Bu miqdor oshirib yuborilsa ham zarar qilmaydi.

Fermentlangan baliq jigari yog'i. Bu modda baliq yog'idan o'zining foydali xususiyatlari bilan ajralib turadi. Fermentlangan baliq jigari yog'i tabiiy A va D vitaminlari, Omega-3 va boshqa foydali moddalarga boy. 1 choy qoshiq fermentlangan baliq jigari yog'ida tabiiy D vitamini boshqa mahsulotlarga nisbatan bir necha barobar ko'p uchraydi.

Yaylovda boqilgan hayvon suti va sut mahsulotlari. Bunday sut xom holatda ichiladi. Sut isitilsa, undagi juda ko'p foydali moddalar nobud bo'ladi va uning tishni mustahkamlovchi xususiyatlari keskin kamayadi. Hom sutni tanlashning ham o'ziga yarasha qoidalari bor. Yaylovda boqilmaydigan qoramollarning sutini xom holda ichish kasallik paydo qilishi mumkinligini unutmaslik kerak. Tabiiy holda, ya'ni doim yaylovda o't-o'lan bilan oziqlanadigan hayvonning suti shifobaxsh xususiyatga ega.

Doktor V. Praysning xulosasiga ko'ra, «taomlanish tarzi tishlarning buzilishida ham, tuzalishida ham asosiy omil hisoblanadi. Har bir eyilgan taom tishlardan minerallar «o'g'irlashi» yoki tish-suyaklarini kerakli vitamin va minerallar bilan ta'minlashi mumkin».

Shuning uchun imkon qadar vitaminga boy mahsulotlar iste'mol qiling va har kuni tishlarni tozalab yurishni unutmang. Ana shunda siz tishlaringizni katta xavfdan saqlab qolasiz.

Nozima Umarali qizi

«Hilol» jurnalining 1(22) sonidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Giyohvandlik: oila, jamiyat va kelajakka tahdid

16.06.2026   3451   3 min.
Giyohvandlik: oila, jamiyat va kelajakka tahdid

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ba’zan birgina noto‘g‘ri qadam insonning butun hayotini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Afsuski, shunday xatolar borki, ularning og‘ir oqibatlari nafaqat insonning o‘ziga, balki uning oilasi, farzandlari va yaqinlariga ham ta’sir qiladi. Giyohvandlik ana shunday illatlardan biri bo‘lib, u insonni jismonan va ma’nan yemirib, jamiyat taraqqiyotiga jiddiy xavf soladi.

Bugun dunyo miqyosida giyohvandlikka qarshi kurash dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Chunki bu illat sabab minglab insonlar o‘z sog‘lig‘ini yo‘qotmoqda, oilalar parokanda bo‘lmoqda, yoshlarning orzu va maqsadlari barbod bo‘lmoqda. Bir qarashda shaxsiy muammodek ko‘ringan giyohvandlik aslida butun jamiyatning dardi hisoblanadi.

Dinimiz Islom inson hayoti, sog‘lig‘i va aqlini muhofaza qilishga alohida ahamiyat qaratadi. Alloh taolo Qur’oni karimda insonni halokatga olib boruvchi ishlardan qaytargan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom esa har qanday mast qiluvchi narsa man etilganini ta’kidlaganlar. Zero, aql insonga berilgan eng buyuk ne’matlardan biri bo‘lib, uni zaiflashtiruvchi yoki yo‘q qiluvchi har qanday vosita insonning o‘ziga ham, jamiyatga ham zarar keltiradi.

Giyohvandlikning eng og‘ir zarbasi inson salomatligiga tushadi. Bu illat asab tizimini izdan chiqaradi, ichki a’zolar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, ruhiy muammolarni keltirib chiqaradi. Vaqt o‘tishi bilan inson mehnat qilish qobiliyatini yo‘qotadi, hayotga bo‘lgan qiziqishi so‘nadi, o‘zining oilaviy va ijtimoiy mas’uliyatini anglashdan uzoqlasha boshlaydi.

Biroq masalaning yanada xavotirli tomoni shundaki, giyohvandlik faqat bir insonning emas, butun oilaning fojiasiga aylanadi. Ota-onalar farzand dog‘ida qolishi, turmush o‘rtoqlari orasida mehr-oqibat so‘nishi, farzandlar e’tibor va tarbiyadan mahrum bo‘lishi mumkin. Bunday muhitda voyaga yetayotgan bolalarning kelajagi ham xavf ostida qoladi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, giyohvand moddalar inson nasli va sog‘lig‘iga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa kelajak avlodning jismoniy va ruhiy kamolotiga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin. Shu ma’noda giyohvandlik nafaqat inson hayotini, balki millat kelajagini ham tahdid ostiga qo‘yadi. Zero, sog‘lom avlod har qanday mamlakatning eng katta boyligi hisoblanadi.

Bugungi kunda yoshlarni bu illatdan asrash har birimizning burchimizdir. Avvalo, oilada farzand tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratish lozim. Ota-ona farzandining do‘stlari, qiziqishlari va bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazayotganidan doimo xabardor bo‘lishi kerak. Shuningdek, ta’lim muassasalari, mahalla va keng jamoatchilik ham yoshlar tarbiyasida faol ishtirok etishi muhim ahamiyatga ega.

Yoshlar qalbida ezgulik, Vatanga muhabbat, halol mehnatga hurmat va ma’naviy qadriyatlarga sadoqat tuyg‘usini shakllantirish giyohvandlikka qarshi eng samarali choralardan biridir. Chunki ma’naviy bo‘shliq paydo bo‘lgan joyda turli yot g‘oyalar va zararli odatlar ildiz otishi oson kechadi.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, giyohvandlik inson hayoti, oila farovonligi va jamiyat taraqqiyoti uchun jiddiy xavf tug‘diruvchi og‘ir ijtimoiy illatdir. Uning oqibatlari bir inson taqdiri bilan cheklanib qolmaydi, balki butun millat kelajagiga ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois har birimiz bu baloga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lishimiz, farzandlarimizni ogohlik va sog‘lom turmush tarzi ruhida tarbiyalashimiz zarur. Zero, sog‘lom avlod yurtning tayanchi, millatning kelajagi va Vatan taraqqiyotining mustahkam poydevoridir.


Nurulloh MAHKAMOV, 
Chust tumani bosh imom-xatibi.

MAQOLA