Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Iyul, 2025   |   18 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:20
Quyosh
05:01
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
20:00
Xufton
21:33
Bismillah
13 Iyul, 2025, 18 Muharram, 1447

Uch tilda Buxoro ziyoratgohlari xaritasi ishlab chiqildi...

27.01.2021   1695   5 min.
Uch tilda Buxoro ziyoratgohlari xaritasi ishlab chiqildi...

Mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirish, mavjud imkoniyat va resurslardan unumli foydalanish, sohaga yangi innovatsiyalarni jalb etish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

O'zbekiston Fanlar Akademiyasi Tarix instituti «Etnologiya va antropologiya» markazi tayanch doktoranti Shavkat Bobojonov tomonidan Buxoro davlat muzey-qo'riqxonasi bilan hamkorlikda yaratilgan Buxoro shahri ziyoratgohlari xaritasi ham shunday ilmiy ishlanmalardan biridir.  

Mamlakatimiz ziyorat turizmi yo'nalishida katta potentsialga ega. Ayniqsa, aziz avliyolar yurti sanalgan Buxoro bu boradagi fenomen shahardir. Buxoro IX asrda Qubbat ul-islom (islom dinining qubbasi), XIII asrda Buxoroi sharif (muqaddas, sharofatli shahar) martabalari bilan ulug'langan.  

2020 yilda Buxoro shahri ISESCO tashkiloti tomonidan Islom olami madaniyati poytaxti deb nomlandi. Shu munosabat bilan tayyorlangan Buxoro shahri ziyoratgohlari xaritasi ham sharif shaharga tashrif buyuruvchi ziyoratchilar uchun munosib yo'l ko'rsatkich bo'ladi, degan umiddamiz.

Haritada shaharning 500 gektarlik qadimiy shahriston va zamonaviy qismidagi barcha ziyoratgohlar qamrab olingan. E'tiborli jihati muallif tomonidan hozirda faqat mavjud ziyoratgohlar emas, balki, yo'qolib ketgan, saqlanib qolmagan ziyoratgoh va qadamjolar ham turli tarixiy manbalar orqali aniqlanib xaritadan joy egalladi.  

Buxoro shahri qadimda 200 dan ortiq guzarlardan tashkil topgan. Shubhasiz deyarli har bir guzar ma'lum avliyo qabri, masjid, madrasa, qabriston va ziyoratgohga ega bo'lgan. Ularning yaralish tarixi turli davrlarga borib taqaladi.  

Asrlar osha ajdodlarimiz aziz avliyolarning xoklarini e'zozlab, asrab, avloddan avlodga etkazib kelishgan. Afsuski, 1920 yilda Chor Rossiyasi askarlarining Buxoroga ayovsiz hujumi, sovetlar davridagi ateizm, dahriylik siyosati va boshqa ma'muriy, ijtimoiy sabablar tufayli ko'plab ziyoratgohlar yo'qotilgan, xalqimiz ma'naviyatidan o'chirilgan. Haritada 133 ta ziyoratgoh (50 tasi saqlanmagan) va 40 ta qadimiy qabriston (29 tasi saqlanmagan) haqidagi ma'lumotlar o'rin olgan.

Haritaning old tomonida shaharning topografik joylashuvi aks etgan bo'lib, unda ob'ektlar 173 ta nuqtaga bo'lingan holda tartib bilan joylashtirilgan. Ziyoratgohlar o'rni arab raqami, qabristonlar o'rni rim raqamida belgilab chiqilgan. Mavjud ob'ektlar ko'k, saqlanmaganlari esa qizil rangda ifodalangan. Haritada sharti belgi (shahar devori, qabriston, ziyoratgoh)lar ham o'z aksini topgan. Shuningdek, qadimiy shahristonni o'rab turuvchi 12 km.lik devorning 11 darvozasi joyi va nomlari keltirilganki, bu orqali ziyoratchi shaharning qaysi nuqtasiga borishi kerakligi haqida yanada aniqroq yo'nalishni bilishi mumkin. Haritaning orqa tomonida to'rt ustunli jadvalda qabriston va ziyoratgohlarning joylashuv tartib raqami, nomi, asri hamda manzili batafsil bayon etilgan.

Mazkur ilmiy ishlanmani yaratishda Muin al Fuqaroning «Tarixi Mullozoda (Buxoro mozorlari zikri)”, Muhammad Nosiriddin To'raning «Tuxfat az-zoirin» (Ziyoratchilarga tuhfa), etnograf olima Olga Suxarevaning Buxoro shahri etnografiyasi bag'ishlangan asarlari, S.Rahmatova, H.Qurbonovning «Buxoro guzarlari tarixidan lavhalar», Narzulla Yo'ldoshevning «Buxoro avliyolarining tarixi», Sadriddin Salim Buxoriyning «Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari», Suyunduk Mustafo Nurotoiyning «Turon zamin aziz avliyolari va ulamolari tazkirasi» hamda Buxoro avliyolari, guzarlar tarixi, turli toponim va joy nomlariga doir asar va risolalarga murojaat qilgan.  

Shuningdek, nuqtalar va manzillarni aniqlashda o'tgan asrda tuzilgan Buxoroning bir necha mukammal xaritalari o'rganilgan, qiyosiy taqqoslangan. Jumladan, Parfeonov-Fenin, O.ASuxareva, L.R.Rempel va boshqalarning xaritalaridan foydalanilgan.

Tadqiqotchi nafaqat manbalarga, balki dala materiallariga ham suyangan. Ikki oy davomida Buxoro shahrining qadimiy guzarlari, ko'chalari bo'ylab bo'lajak xarita asosida dala tadqiqotlari olib borilgan. Mahallaning keksalari bilan suhbatlar o'tkazilgan.

Buxoro avliyolari tarixini jahonga tanitish, xorijiy ziyoratchilarni munavvar qadamjolarga keng jalb etish maqsadida xarita rus (Karta svyatien goroda Buxarie) va ingliz (The map of Bukhara shrines) tillarida ham tayyorandi.  

Harita o'lchami A2 formatda bo'lib, rangli va milliy dizayn ko'rinishiga ega. Ziyoratchilar va sayyohlarga qulay bo'lishi uchun uch buklanadigan cho'ntakbop shaklga keltirilgan.

Yosh tadqiqotchi Shavkat Bobojonovning «Buxoro shahri ziyoratgohlari xaritasi» nomli ilmiy ishlanmasi O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan ro'yxatga olingan va guvohnoma taqdim etilgan.

2500 yillik tarixga ega Buxoro shahri o'z bag'rida ulug' zotlar, din ulamolari, olimu mutafakkirlar, kasb-kor, hunarmandchilik pirlari singari yuzlab avliyolarni o'z bag'riga olgan. Shaharning jamiki avliyolari jam bo'lgan mazkur xarita Buxoroning islom olamidagi jahoniy shuhratini yanada oshirish hamda hududda ziyorat turizmini keng rivojlantirishga hissa qo'shadi. Boz ustiga, xarita Buxoro ziyorat turizmining tashrif qog'oziga aylanishi shubhasiz.

O'ktamali RAVShANOV,

Buxoro davlat muzey-qo'riqxonasi

Tarix ilmiy bo'limi mudiri

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Yurtga qaytgan hojilar – ezgu ishlar boshida

12.07.2025   957   2 min.
Yurtga qaytgan hojilar – ezgu ishlar boshida

2025 yilgi Haj safarida ishtirok etgan yurtdoshlarimiz “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida faol ish olib bormoqdalar. Ushbu tashabbus doirasidagi navbatdagi namunaviy-amaliy tadbir Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida bo‘lib o‘tdi.


Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirok etib, tadbirga boshchilik qildi. “Sayyid Ahmadxon hoji” jome masjidida o‘tkazilgan yig‘ilishda tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.


Ishchi guruh uch yo‘nalishda faoliyat olib bordi. Jumladan:


– Hajdan qaytgan ziyoratchilar ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi;

– 65 ta oilaga borilib, ma’naviy suhbat va amaliy yordamlar ko‘rsatildi;

– 9 ta xonadondagi ruhiy-ma’naviy qiyinchiliklar o‘rganilib, maslahatlar berildi.

– Oilaviy kelishmovchilik sababli notinch bo‘lib turgan oilalarga suhbat va nasihatlar o‘tkazildi. Natijada 2 ta arazlashgan oila yarashtirilib, 1 ta ajrimning oldi olindi;

– Sudlanganlar, jazo muddatini o‘tayotganlar hamda ularning oilalari bilan muloqot qilindi.

– Nogiron va ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, moddiy-ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi.


Tumanning Taptiqsaroy mahallasida yong‘in oqibatida zarar ko‘rgan xonadonni qayta ta’mirlash ishlari homiylar va hojilar ko‘magida boshlab yuborildi. Bosh imom-xatib Ubaydulloh domla ushbu xonadonga tashrif buyurib, muloqot qildi hamda tavsiyalar berdi.


Bundan tashqari, “Doimobod” mahallasidan bo‘lgan, nogironligi bor fuqaroning uyiga ham tashrif uyushtirilib, tugallanmagan uy qurilishi uchun zarur qurilish materiallari yetkazildi.


Peshin namozidan so‘ng Ishchi guruh tarkibidagi iqtidorli imom-xatiblar jamoatga ma’ruza qilib, tinchlik, osoyishtalik va xalq farovonligi uchun duo qildilar. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati

Yurtga qaytgan hojilar – ezgu ishlar boshida Yurtga qaytgan hojilar – ezgu ishlar boshida Yurtga qaytgan hojilar – ezgu ishlar boshida Yurtga qaytgan hojilar – ezgu ishlar boshida Yurtga qaytgan hojilar – ezgu ishlar boshida Yurtga qaytgan hojilar – ezgu ishlar boshida
O'zbekiston yangiliklari