بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ للهِ الَّذِي أَمَرَنَا بِبِرِّ الْوَالِدَيْنِ وَنَهَانَا عَنْ عُقُوقِهِمَا، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ مُحَمَّدٍ الَّذِي قَالَ: "بِرُّوا آبَاءَكُمْ تَبَرَّكُمْ أَبْنَائُكُمْ" وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ
OTA-ONANI ROZI QILISh – FARZANDLIK BURChI
Muhtaram azizlar! Alloh taolo er yuzida joriy qilgan qonun shuki, odam bolalarining barchasi ota-onadan dunyoga keladi. Ota-onani tanlash imkoni yo'q, bu – ilohiy bir taqdir. Shunday ekan, har bir shaxs bu ilohiy qismatga rozi bo'lib, ota-onasiga chiroyli muomala qilishi, ularning roziligini olishi va itoat qilishi shartdir. Ota-onaga yaxshilik qilishning zarurligi va fazilati Qur'oni karimda ham bot-bot takrorlangan. Alloh taolo ota-onaga yaxshilik qilish o'tgan ummatlarga ham buyurilganini bayon qilib, shunday deydi:
وَإِذْ أَخَذْنَا مِيثَاقَ بَنِي إِسْرَائِيلَ لَا تَعْبُدُونَ إِلَّا اللَّهَ وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا...
ya'ni: “Eslang, (Biz) Isroil avlodidan: «Faqat Allohgagina sig'inasiz, ota-onaga yaxshilik qilasiz, deb ahd olgan edik...” (Baqara surasi 83-oyat).
Infoq-ehson qilishga ham eng haqli zotlardan biri – ota-onadir. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi:
يَسْأَلُونَكَ مَاذَا يُنْفِقُونَ قُلْ مَا أَنْفَقْتُمْ مِنْ خَيْرٍ فَلِلْوَالِدَيْنِ وَالْأَقْرَبِينَ وَالْيَتَامَى وَالْمَسَاكِينِ وَابْنِ السَّبِيلِ...
ya'ni: “Sizdan (ey, Muhammad!) qanday ehson qilishni so'raydilar. Ayting: “Nimaniki xayr-ehson qilsangiz, ota-ona, qarindoshlar, etimlar, miskinlar va musofirlarga qilingiz!...”” (Baqara surasi 215-oyat).
Ko'rib turganimiz kabi ehson qilinuvchilar ro'yxatining boshida ota-ona zikr qilingan. Shuning uchun ota-ona keksayib, farzandlar balog'atga etganda, ota-onaning nafaqa-ta'minoti bolalarning zimmasidadir. Ota-onani qarovsiz qoldirgan farzandlar qattiq gunohkor bo'ladilar.
Ota-onaga yaxshilik qilish Qur'oni karimda Alloh taologa ibodat qilish, unga hech narsani sherik qilmaslik bilan birga zikr qilingan. Qur'oni karimda shunday deyiladi:
وَاعْبُدُوا اللَّهَ وَلَا تُشْرِكُوا بِهِ شَيْئًا وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا
ya'ni: “Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz!” (Niso surasi 36-oyat).
Quyidagi oyatda esa ota-onaga muomala qilishning juda chiroyli uslubi zikr qilingan, hatto ularning haqqiga qanday duo qilishni ham ta'lim bergan:
وَقَضَى رَبُّكَ أَلَّا تَعْبُدُوا إِلَّا إِيَّاهُ وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا إِمَّا يَبْلُغَنَّ عِنْدَكَ الْكِبَرَ أَحَدُهُمَا أَوْ كِلَاهُمَا فَلَا تَقُلْ لَهُمَا أُفٍّ وَلَا تَنْهَرْهُمَا وَقُلْ لَهُمَا قَوْلًا كَرِيمًا وَاخْفِضْ لَهُمَا جَنَاحَ الذُّلِّ مِنَ الرَّحْمَةِ
وَقُلْ رَبِّ ارْحَمْهُمَا كَمَا رَبَّيَانِي صَغِيرًا
ya'ni: “Rabbingiz, Uning O'zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey, inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga etsalar, ularga «uf!..» dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so'z ayt!. Ularga, mehribonlik bilan, xorlik qanotini past tut va (duoda) ayt: «Ey, Rabbim! Meni (ular) go'daklik chog'imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!”” (Isro surasi 23-24-oyatlar).
“Ularga yoqimli so'z” deganda ota-onani nomi bilan chaqirmaslik, balki “otajon”, “onajon” kabi so'zlar bilan yosh go'daklarga xos muomala qilish, ularni ranjitadigan gaplarni gapirmaslik, ular oldida o'zini nihoyatda hokisor tutish kabilarni tushinish kerak.
Alloh taolo O'zining roziligini ota-onaning roziliklariga bog'lab qo'ydi. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:
رِضَا الرَّبِّ فِي رِضَا الْوَالِدَيْنِ وَسَخَطُهُ فِي سَخَطِهِمَا
رَوَاهُ الْاِمَامُ الطَبَرَانِيُّ عَنِ ابْنِ عَمْرٍو رضي الله عنه
ya'ni: “Alloh taoloning roziligi – ota-onaning roziligida, Uning g'azabi esa – ota-onaning g'azabidadir” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Demak, Alloh taoloni rozi qilaman degan kishi – ota-onasini rozi qilsin, Allohni g'azabidan qo'rqqan kishi – ota-onasini ranjitishdan qo'rqsin.
Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhu Payg'ambarimiz alayhissalomdan so'radilar:
أيُّ العَمَلِ أحَبُّ إِلَى اللهِ تَعَالَى؟ قَالَ: الصَّلاةُ عَلَى وَقْتِهَا. قُلْتُ : ثُمَّ أي؟ قَالَ: بِرُّ الوَالِدَيْنِ
قُلْتُ: ثُمَّ أيٌّ؟ قَالَ: الجِهَادُ في سبيلِ الله
مُتَّفَقٌ عَلَيهِ
ya'ni: “Qaysi amal Alloh taologa sevimliroq?” U Zot alayhissalom aytdilar: “O'z vaqtida o'qilgan namoz”. “Keyin qaysi biri”, – deb so'radim. U Zot: “Ota-onaga yaxshilik qilish”, – dedilar. “Keyin qaysi biri”, – deb so'radim. U Zot: “Alloh yo'lidagi kurash”, – dedilar” (Muttafaqun alayh).
Ushbu hadisi sharifdan ma'lum bo'ladiki, vaqtida o'qilgan namoz amallarning afzalidir va ota-onaga yaxshilik qilish Alloh yo'lidagi kurashdan afzaldir.
Mashhur sahoba Abu Hurayra raziyallohu anhu ikki kishini ko'rib qoldilar va ulardan biriga: “Bu kishi sizga kim bo'ladilar?” – deb so'radilar. U: “Bu kishi otam bo'ladi”, – dedi. Abu Hurayra: “Unday bo'lsa, u kishini nomini aytib chaqirmang, oldida yurmang, u kishidan avval o'tirmang”, – deb nasihat qildilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Ota-onaning farzandi haqqiga qilgan duosi ham – mustajob duolardandir. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
﴿ثَلاثُ دَعَوَاتٍ مُسْتجَابَاتٌ لاَ شَكَّ فِيهنَّ: دَعْوَةُ المَظلومِ، وَدَعْوَةُ المسَافِرِ، وَدَعْوَةُ الوَالِدِ عَلى وَلدِهِ
رواه الامام الترمذي والامام أَبُو داود عن أبي هريرة رضي الله عنه
ya'ni:“Uchta duo borki, ular shaksiz mustajobdir: mazlumning duosi, musofirning duosi va ota (ona)ning farzandi zarariga qilgan duosi” (Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Ota-onaga oq bo'lish, turli ozorlar berish va ularni qarovsiz qoldirish – katta gunohlardandir. Ibn Umar raziyallohu anhu aytadilar:
بُكَاءُ الْوَالِدَيْنِ مِنَ الْعُقُوقِ وَالْكَبَائِرِ
رواه الامام البخاري
ya'ni: “Ota-onani yig'isi – oq bo'lish va katta gunohdir” (Imom Buxoriy rivoyatlari). Farzandlar bilib-bilmay ota-onasini yig'latgan, xafa qilgan bo'lsalar, hech kechiktirmasdan Alloh taologa tavba-tazarru qilib, ota-onalaridan kechirim so'rab, ularni xursand qilishga harakat qilishlari kerak.
Payg'ambarimiz alayhissalom kishi ota-onasini o'zi bilmagan holatda haqoratlab qo'yishidan ogohlantirdilar:
مِنَ الْكَبَائِرِ أَنْ يَشْتُمَ الرَّجُلُ وَالِدَيْهِ قَالُوا يَا رَسُولَ اللَّهِ وَهَلْ يَشْتُمُ الرَّجُلُ وَالِدَيْهِ قَالَ نَعَمْ يَسُبُّ أَبَا الرَّجُلِ
فَيَشْتُمُ أَبَاهُ وَيَشْتُمُ أُمَّهُ فَيَسُبُّ أُمَّهُ
رواه الامام الترمذي عن عبد الله بن عمرو رضي الله عنه
ya'ni: “Kishi ota-onasini so'kishi – katta gunohlardandir”. Sahobalar: “Ey, Allohning Rasuli! Kishi o'z ota-onasini ham so'kadimi?” – deyishdi. U Zot alayhissalom: “Ha,u bir kishining otasini so'kadi, unisi buning otasini so'kadi. U bir kishining onasini so'kadi, unisi buning onasini so'kadi”, – dedilar” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Tobeinlardan biri Muhammad ibn Munkadir rahmatullohi alayhi har kuni onalarining oyoqlari ostiga yotar va: “Ey, onajon, yuzimni oyoqlaringiz bilan bosib o'ting va mening yuzlarimni do'zaxdan qutqaring”, – der edi.
Ota-ona vafotlaridan keyin ham farzandlar zimmasida ba'zi burchlar bo'ladi. Bu haqda Abu Usayd raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda aytiladi:
بَيْنَمَا نَحْنُ عِنْدَ رَسُولِ اللهِ صلى الله عليه وسلم إِذْ جَاءَهُ رَجُلٌ مِنْ بَنِي سَلَمَةَ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ: هَلْ بَقِيَ عَلَيَّ مِنْ بِرِّ أَبَوَيَّ شَيْءٌ أَبَرُّهُمَا بِهِ بَعْدَ مَوْتِهِمَا؟ قَالَ: نَعَمْ، الصَّلَاةُ عَلَيْهِمَا، وَالْاِسْتِغْفَارُ لَهُمَا، وَإِنْفَاذُ عَهْدِهِمَا مِنْ بَعْدِهِمَا، وَصِلَةُ الرَّحْمِ الَّتِي لاَ تُوْصَلُ إِلَّا بِهِمَا، وَإِكْرَامُ صَدِيْقِهِمَا
رَوَاهُ الْإمَامُ أَبُو دَاوُدَ
ya'ni: “Biz Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlarida edik. Bani Salama qabilasidan bir kishi kelib: “Ey, Allohning Rasuli! Mening zimmamda uchun ota-onam dunyodan o'tganidan keyin ham ular uchun qiladigan yaxshilik qoldimi?” – deb so'radi. “Ha, ularning haqlariga duo qilish,istig'for aytish, ahdlarini bajarish, ota-ona orqali qarindosh bo'lganlarga silai rahm qilish va do'stlarini hurmatqilish”, – dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Bugungi kunimizda ota-onasiga qo'pol muomala qilayotgan, ularni hijolatga qo'yib, xalq ichida sharmanda qiladigan noqobil farzandlar ham uchrab turadi. Ming afsuski, birorta yaqin kishisi qolmagan qariyalar uchun tashkil qilingan “Qariyalar uyi”ga bir nechta farzandlari bor otaxon va onaxonlar olib kelinmoqda. Yoshligi, kuchi va bilimini shu farzandlarni tarbiyalashga sarflagan ota-onasiga qariganda, keraksiz mato kabi muomala qilish, insonlik sha'niga dog'dir. Bu kabi insonlar musulmon farzand nomiga loyiqmi?! Shariatimiz farzandlarga ota-onaning ta'minotini farz qilgan. Ularni tashlab qo'yish katta gunoh bo'lishi bilan birga, tezda farzandlardan o'zlariga qaytadigan ishdir. Kim ota-onasiga qanday muomala qilgan bo'lsa, farzandlaridan aynan o'sha muomalani kutaversin!
Yaqinda “Tik-tok” ijtimoiy tarmog'ida taxminan 15 yoshli bola otasining yonida onasining yuziga tort chaplagani videosi tarqalib ketdi. Bu erda bir nechta tashvishli nuqtalar bor:
Bu muammolarga qarshi kurashish – har bir musulmonning burchi! Kimdir tili bilan, kimdir qalami bilan, kimdir ta'lim-tarbiya bilan, eng kamida, har bir ota-ona o'z farzandini nazorat qilishi bilan hissa qo'shishi kerak!
Alloh taolo barchamizni solih farzandlardan qilib, doim ota-onalarimizga yaxshilik qiluvchilardan qilsin!
2025 yil 10 iyul kuni Qur’oni Karim xodimi, ustoz, shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum boshchiligida «Qur’on va tajvidni o‘rgatish» bo‘limi xodimlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasiga tashrif buyurishdi.
Ma’lumki, kutubxonada turli mavzudagi nodir qo‘lyozma asarlar, Qur’oni Karim qo‘lyozma nusxalarining namunalari saqlanadi. Mana shunday nodir manbalardan biri Hazrati Usmon mus'hafi hisoblanadi. Qur’oni Karimning ushbu noyob va qadimiy qo‘lyozma nusxasi tadqiqotchilar va keng jamoatchilikning doimiy e’tiborida bo‘lib kelgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2023 yil 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida muzeylar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yetti yillik dastur qabul qilinishi e’lon qilindi. Ushbu yig‘ilish davomida berilgan topshiriqlar bo‘yicha 50-son Bayonnomaning 47-bandida Muqaddas kitob – Usmon Qur’oni sahifalarining konservatsiya va restavratsiya qilinishini ta’minlash belgilangan. Mazkur dasturni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi qo‘llab quvvatlovi ostida xorijlik mutaxassislar, jumladan, Kembrij universitetidan Kristine Rose, fransiyalik restavratorlar Aksell Deleau va Koraliye Barbe, Istanbul qo‘lyozmalar ustaxonasi va arxiv bo‘limi mudiri Nil Baydar Usmon mus'hafini bosqichma-bosqich ta’mirlash rejasini ishlab chiqib, kelgusida muhofaza qilish bo‘yicha tavsiyalarni berdilar. Jumladan, «yengil restavratsiya ishlari»ni amalga oshirishdan avval Hazrati Usmon Qur’oni sahifalarini skaner qilish va matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha yo‘nalishlar belgilab olindi.
Ushbu xayrli ishlarning davomi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida Hazrati Usmon Mus'hafi matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda «Qur’on va tajvidni o‘rgatish» bo‘limi mudiri shayx Alijon qori Fayzulloh va Kutubxona mudiri Kamoliddin Mahkamov boshchiligida bo‘lim xodimlari ishtirok etishdi. Yig‘ilishda «Mo‘yi muborak» madrasa-muzeyida saqlanayotgan Hazrati Usmon Mus'hafining tarixi va bugungi kundagi ahamiyati haqida so‘z yuritilib, uni kelajak avlodlar asrab-avaylashga xizmat qiladigan muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan, Hazrati Usmon Qur’oni sahifalari va fondda saqlanayotgan 1905 yilda Sankt-Peterburgda olingan nusxasini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirilib, kelgusida qilinadigan ishlar rejalashtirildi.
AlQuranuz