Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyul, 2025   |   12 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:14
Quyosh
04:57
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:38
Bismillah
07 Iyul, 2025, 12 Muharram, 1447

29.01.2021 y. Ota-onani rozi qilish – farzandlik burchi

26.01.2021   8973   15 min.
29.01.2021 y. Ota-onani rozi qilish – farzandlik burchi

 بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِ الَّذِي أَمَرَنَا بِبِرِّ الْوَالِدَيْنِ وَنَهَانَا عَنْ عُقُوقِهِمَا، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ مُحَمَّدٍ الَّذِي قَالَ: "بِرُّوا آبَاءَكُمْ تَبَرَّكُمْ أَبْنَائُكُمْ" وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ

OTA-ONANI ROZI QILISh – FARZANDLIK BURChI

Muhtaram azizlar! Alloh taolo er yuzida joriy qilgan qonun shuki, odam bolalarining barchasi ota-onadan dunyoga keladi. Ota-onani tanlash imkoni yo'q, bu – ilohiy bir taqdir. Shunday ekan, har bir shaxs bu ilohiy qismatga rozi bo'lib, ota-onasiga chiroyli muomala qilishi, ularning roziligini olishi va itoat qilishi shartdir. Ota-onaga yaxshilik qilishning zarurligi va fazilati Qur'oni karimda ham bot-bot takrorlangan. Alloh taolo ota-onaga yaxshilik qilish o'tgan ummatlarga ham buyurilganini bayon qilib, shunday deydi:

 وَإِذْ أَخَذْنَا مِيثَاقَ بَنِي إِسْرَائِيلَ لَا تَعْبُدُونَ إِلَّا اللَّهَ وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا...

ya'ni: “Eslang, (Biz) Isroil avlodidan: «Faqat Allohgagina sig'inasiz, ota-onaga yaxshilik qilasiz, deb ahd olgan edik...” (Baqara surasi 83-oyat).

Infoq-ehson qilishga ham eng haqli zotlardan biri – ota-onadir. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi:

 يَسْأَلُونَكَ مَاذَا يُنْفِقُونَ قُلْ مَا أَنْفَقْتُمْ مِنْ خَيْرٍ فَلِلْوَالِدَيْنِ وَالْأَقْرَبِينَ وَالْيَتَامَى وَالْمَسَاكِينِ وَابْنِ السَّبِيلِ...

ya'ni: “Sizdan (ey, Muhammad!) qanday ehson qilishni so'raydilar. Ayting: “Nimaniki xayr-ehson qilsangiz, ota-ona, qarindoshlar, etimlar, miskinlar va musofirlarga qilingiz!...”” (Baqara surasi 215-oyat).

Ko'rib turganimiz kabi ehson qilinuvchilar ro'yxatining boshida ota-ona zikr qilingan. Shuning uchun ota-ona keksayib, farzandlar balog'atga etganda, ota-onaning nafaqa-ta'minoti bolalarning zimmasidadir. Ota-onani qarovsiz qoldirgan farzandlar qattiq gunohkor bo'ladilar.

Ota-onaga yaxshilik qilish Qur'oni karimda Alloh taologa ibodat qilish, unga hech narsani sherik qilmaslik bilan birga zikr qilingan. Qur'oni karimda shunday deyiladi:

 وَاعْبُدُوا اللَّهَ وَلَا تُشْرِكُوا بِهِ شَيْئًا وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا

ya'ni: “Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz!” (Niso surasi 36-oyat).

Quyidagi oyatda esa ota-onaga muomala qilishning juda chiroyli uslubi zikr qilingan, hatto ularning haqqiga qanday duo qilishni ham ta'lim bergan:

 وَقَضَى رَبُّكَ أَلَّا تَعْبُدُوا إِلَّا إِيَّاهُ وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا إِمَّا يَبْلُغَنَّ عِنْدَكَ الْكِبَرَ أَحَدُهُمَا أَوْ كِلَاهُمَا فَلَا تَقُلْ لَهُمَا أُفٍّ وَلَا تَنْهَرْهُمَا وَقُلْ لَهُمَا قَوْلًا كَرِيمًا  وَاخْفِضْ لَهُمَا جَنَاحَ الذُّلِّ مِنَ الرَّحْمَةِ

وَقُلْ رَبِّ ارْحَمْهُمَا كَمَا رَبَّيَانِي صَغِيرًا

ya'ni: “Rabbingiz, Uning O'zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey, inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga etsalar, ularga «uf!..» dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so'z ayt!. Ularga, mehribonlik bilan, xorlik qanotini past tut va (duoda) ayt: «Ey, Rabbim! Meni (ular) go'daklik chog'imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!”” (Isro surasi 23-24-oyatlar).

 “Ularga yoqimli so'z” deganda ota-onani nomi bilan chaqirmaslik, balki “otajon”, “onajon” kabi so'zlar bilan yosh go'daklarga xos muomala qilish, ularni ranjitadigan gaplarni gapirmaslik, ular oldida o'zini nihoyatda hokisor tutish kabilarni tushinish kerak.

Alloh taolo O'zining roziligini ota-onaning roziliklariga bog'lab qo'ydi. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:

 رِضَا الرَّبِّ فِي رِضَا الْوَالِدَيْنِ وَسَخَطُهُ فِي سَخَطِهِمَا

رَوَاهُ الْاِمَامُ الطَبَرَانِيُّ عَنِ ابْنِ عَمْرٍو رضي الله عنه 

ya'ni: “Alloh taoloning roziligi ota-onaning roziligida, Uning g'azabi esa ota-onaning g'azabidadir” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).

Demak, Alloh taoloni rozi qilaman degan kishi – ota-onasini rozi qilsin, Allohni g'azabidan qo'rqqan kishi – ota-onasini ranjitishdan qo'rqsin.

Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhu Payg'ambarimiz alayhissalomdan so'radilar:  

أيُّ العَمَلِ أحَبُّ إِلَى اللهِ تَعَالَى؟ قَالَ: الصَّلاةُ عَلَى وَقْتِهَا. قُلْتُ : ثُمَّ أي؟ قَالَ: بِرُّ الوَالِدَيْنِ

قُلْتُ: ثُمَّ أيٌّ؟ قَالَ: الجِهَادُ في سبيلِ الله

مُتَّفَقٌ عَلَيهِ

ya'ni: “Qaysi amal Alloh taologa sevimliroq?” U Zot alayhissalom aytdilar: “O'z vaqtida o'qilgan namoz”. “Keyin qaysi biri”, deb so'radim. U Zot: “Ota-onaga yaxshilik qilish”,dedilar. “Keyin qaysi biri”, deb so'radim. U Zot: “Alloh yo'lidagi kurash”, dedilar” (Muttafaqun alayh).

Ushbu hadisi sharifdan ma'lum bo'ladiki, vaqtida o'qilgan namoz amallarning afzalidir va ota-onaga yaxshilik qilish Alloh yo'lidagi kurashdan afzaldir.

Mashhur sahoba Abu Hurayra raziyallohu anhu ikki kishini ko'rib qoldilar va ulardan biriga: “Bu kishi sizga kim bo'ladilar?” – deb so'radilar. U: “Bu kishi otam bo'ladi”, – dedi. Abu Hurayra: “Unday bo'lsa, u kishini nomini aytib chaqirmang, oldida yurmang, u kishidan avval o'tirmang”, – deb nasihat qildilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Ota-onaning farzandi haqqiga qilgan duosi ham – mustajob duolardandir. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:   

﴿ثَلاثُ دَعَوَاتٍ مُسْتجَابَاتٌ لاَ شَكَّ فِيهنَّ: دَعْوَةُ المَظلومِ، وَدَعْوَةُ المسَافِرِ، وَدَعْوَةُ الوَالِدِ عَلى وَلدِهِ

رواه الامام الترمذي والامام أَبُو داود عن أبي هريرة رضي الله عنه

ya'ni:“Uchta duo borki, ular shaksiz mustajobdir: mazlumning duosi, musofirning duosi va ota (ona)ning farzandi zarariga qilgan duosi” (Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyatlari).      

Ota-onaga oq bo'lish, turli ozorlar berish va ularni qarovsiz qoldirish – katta gunohlardandir. Ibn Umar raziyallohu anhu aytadilar:

بُكَاءُ الْوَالِدَيْنِ مِنَ الْعُقُوقِ وَالْكَبَائِرِ

رواه الامام البخاري

ya'ni: “Ota-onani yig'isi oq bo'lish va katta gunohdir” (Imom Buxoriy rivoyatlari). Farzandlar bilib-bilmay ota-onasini yig'latgan, xafa qilgan bo'lsalar, hech kechiktirmasdan Alloh taologa tavba-tazarru qilib, ota-onalaridan kechirim so'rab, ularni xursand qilishga harakat qilishlari kerak.

Payg'ambarimiz alayhissalom kishi ota-onasini o'zi bilmagan holatda haqoratlab qo'yishidan ogohlantirdilar:

مِنَ الْكَبَائِرِ أَنْ يَشْتُمَ الرَّجُلُ وَالِدَيْهِ ‏قَالُوا يَا رَسُولَ اللَّهِ وَهَلْ يَشْتُمُ الرَّجُلُ وَالِدَيْهِ قَالَ ‏نَعَمْ يَسُبُّ أَبَا الرَّجُلِ

 فَيَشْتُمُ أَبَاهُ وَيَشْتُمُ أُمَّهُ فَيَسُبُّ أُمَّهُ

 رواه الامام الترمذي عن عبد الله بن عمرو رضي الله عنه

ya'ni: “Kishi ota-onasini so'kishi katta gunohlardandir”. Sahobalar: “Ey, Allohning Rasuli! Kishi o'z ota-onasini ham so'kadimi?” deyishdi. U Zot alayhissalom:Ha,u bir kishining otasini so'kadi, unisi buning otasini so'kadi. U bir kishining onasini so'kadi, unisi buning onasini so'kadi”, – dedilar” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Tobeinlardan biri Muhammad ibn Munkadir rahmatullohi alayhi har kuni onalarining oyoqlari ostiga yotar va: “Ey, onajon, yuzimni oyoqlaringiz bilan bosib o'ting va mening yuzlarimni do'zaxdan qutqaring”, – der edi.

Ota-ona vafotlaridan keyin ham farzandlar zimmasida ba'zi burchlar bo'ladi. Bu haqda Abu Usayd raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda aytiladi:

بَيْنَمَا نَحْنُ عِنْدَ رَسُولِ اللهِ صلى الله عليه وسلم إِذْ جَاءَهُ رَجُلٌ مِنْ بَنِي سَلَمَةَ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ: هَلْ بَقِيَ عَلَيَّ مِنْ بِرِّ أَبَوَيَّ شَيْءٌ أَبَرُّهُمَا بِهِ بَعْدَ مَوْتِهِمَا؟ قَالَ: نَعَمْ، الصَّلَاةُ عَلَيْهِمَا، وَالْاِسْتِغْفَارُ لَهُمَا، وَإِنْفَاذُ عَهْدِهِمَا مِنْ بَعْدِهِمَا، وَصِلَةُ الرَّحْمِ الَّتِي لاَ تُوْصَلُ إِلَّا بِهِمَا، وَإِكْرَامُ صَدِيْقِهِمَا

رَوَاهُ الْإمَامُ أَبُو دَاوُدَ

ya'ni: “Biz Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning  huzurlarida edik. Bani Salama qabilasidan bir kishi kelib: “Ey, Allohning Rasuli! Mening zimmamda uchun ota-onam dunyodan o'tganidan keyin ham ular uchun qiladigan yaxshilik qoldimi?” – deb so'radi. Ha, ularning haqlariga duo qilish,istig'for aytish, ahdlarini bajarish, ota-ona orqali qarindosh bo'lganlarga silai rahm qilish va  do'stlarini hurmatqilish, – dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Bugungi kunimizda ota-onasiga qo'pol muomala qilayotgan, ularni hijolatga qo'yib, xalq ichida sharmanda qiladigan noqobil farzandlar ham uchrab turadi. Ming afsuski, birorta yaqin kishisi qolmagan qariyalar uchun tashkil qilingan “Qariyalar uyi”ga bir nechta farzandlari bor otaxon va onaxonlar olib kelinmoqda. Yoshligi, kuchi va bilimini shu farzandlarni tarbiyalashga sarflagan ota-onasiga qariganda, keraksiz mato kabi muomala qilish, insonlik sha'niga dog'dir. Bu kabi insonlar musulmon farzand nomiga loyiqmi?! Shariatimiz farzandlarga ota-onaning ta'minotini farz qilgan. Ularni tashlab qo'yish katta gunoh bo'lishi bilan birga, tezda farzandlardan o'zlariga qaytadigan ishdir. Kim ota-onasiga qanday muomala qilgan bo'lsa, farzandlaridan aynan o'sha muomalani kutaversin!     

Yaqinda “Tik-tok” ijtimoiy tarmog'ida taxminan 15 yoshli bola otasining yonida onasining yuziga tort chaplagani videosi tarqalib ketdi. Bu erda bir nechta tashvishli nuqtalar bor:

  1. Ming yillardan beri islomga amal qilib kelayotgan xalqmiz, lekin ayrim farzandlarimiz ota-onaning haqqini, hurmatini bilmaydigan darajaga kelib qolgan. Ular uchun o'zini dunyoga keltirgan onaizorni xo'rlash bir “o'yin”ga aylandi.
  2. Agar bola tarbiyasiga bee'tibor bo'lsak, farzandlarimizga atrof muhitdagi yomon ta'sirlar o'z kuchini ko'rsatadi.
  3. Bolalarimizni ijtimoiy tarmoqlarda nimalar bilan mashg'ul bo'layotgani, u erda kimlar bilan do'st bo'layotganini nazorat qilib turish kerak. Aks holda ijtimoiy tarmoqlarda targ'ib qilinayotgan turli hoyu-havaslar, buzuq g'oyalar farzandlarimizni o'z domiga tortib ketadi.

Bu muammolarga qarshi kurashish – har bir musulmonning burchi! Kimdir tili bilan, kimdir qalami bilan, kimdir ta'lim-tarbiya bilan, eng kamida, har bir ota-ona o'z farzandini nazorat qilishi bilan hissa qo'shishi kerak!

Alloh taolo barchamizni solih farzandlardan qilib, doim ota-onalarimizga yaxshilik qiluvchilardan qilsin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mo‘tadillik - saodat

04.07.2025   7011   2 min.
Mo‘tadillik - saodat

Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.

Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.

Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.

Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida  “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar. 

Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”. 

Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.

Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi

Bahodir Mirfayziyev

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA