Bugun, 25 yanvar' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi majlislar zalida, “Ilmga ko'mak” aktsiyasining yakuniy bosqichi bo'lib o'tdi.
Azaldan yurtimiz dunyo ahliga ustozlik qilgan ulamolar vatanidir. Bu esa ajdodlarimizning ilmga, olimlarga va tolibi ilmlarga bo'lgan cheksiz muhabbatidan nishonadir.
Tolibi ilmga moddiy va ma'naviy ko'maklashish, og'irini engil qilish musulmonlarning eng ulug', savobi ulkan qadriyatlaridandir. Olimlar bizning yo'lboshchilarimiz, taraqqiyot sababchilaridir.
Yurtimizdagi diniy ta'lim muassasalarida Islom dini ilmlarini chuqur o'rganayotgan talabalarga moddiy yordam berish Vaqf xayriya jamoat fondining asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
Shu sabab Vaqf fondi tomonidan joriy yilning 14 yanvar' kuni mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan diniy ta'lim muassasalaridan saralab olingan 20 nafar talabalarning to'lov shartnomalari uchun “Ilmga ko'mak” aktsiyasi e'lon qilindi. Aktsiyaga 101 million 562 ming 408 so'm mablag' zarur edi. Allohga behisob shukrlar bo'lsinki, qisqa muddat ichida saxovatpesha, ilmga muhabbatli xalqimiz tomonidan, 22 yanvar' soat 16:30 holatiga ko'ra 109 million 757 ming 715 so'm ya'ni (8 million 195 ming 307 so'm) ortig'i bilan xayriyalar qilindi.
Bugun, mazkur aktsiyaning yakuniy bosqichida, Mir Arab oliy madrasasining 1 nafar talabasiga 4 million 28 ming 610 so'm hamda Toshkent Islom institutining 9 nafar talabalariga 58 million 777 ming 348 so'm shartnoma pullari to'lab berilganligi haqida sertifikatlar va har bir talabaga bittadan Qur'oni karim nusxalari topshirildi.
Tadbir davomida Vaqf xayriya jamoat fondi rahbari Yahyo qori Abdurahmonov so'zga chiqib tolibi ilmlarga qilinadigan yaxshilikning mukofoti ulug' ekanligi va bu yo'lda xizmat qilgan, xayriya qilgan, dalolat qilgan insonlarning har biriga, shu talabalar umri davomida qilgan savob amallari, tarqatgan ilmlari miqdoricha ajr berilishi umidvorligi haqida ta'kidlab o'tdi.
Avval xabar qilganimizdek, aktsiyaning birinchi va ikkinchi bosqichlarida, Horazmdagi “Faxriddin ar Roziy” va Andijondagi “Sayyid Muhiddin maxdum” islom bilim yurtlarining 5 nafardan jami 10 ta talabaga 38 million 756 ming 450 so'm shartnoma pullari to'lab berilgan edi.
O'tgan qisqa vaqt davomida biz bilan yaxshilik yo'lida hamkorlik qilgan, xayriya qilgan, dalolat qilgan aziz vatandoshlarimizning barchalaridan, musofir yurtdoshlarimizdan ham Alloh taolo rozi bo'lsin, O'zi mukofotlasin!
Mazkur aktsiyani ommaviy axborot vositalarida keng yoritishda yaqindan yordam bergan Kun.uz axborot sayti tahririyati, Muslim.uz portali tahririyati, Azon.uz sayti tahririyati va Islom.uz sayti xodimlariga o'z minnatdorligimizni bildiramiz!
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam: “Gunohlarning kechirilishiga sabab bo'ladigan ish – musulmonning qalbiga xursandchilik kiritish, qornini to'ydirish va mashaqqatini engillatishdir”, – dedilar” (Horis ibn Abu Umoma rivoyati).
Himmati baland xalqimizni keyingi aktsiyalarimizda faol ishtirok etishga chaqirib qolamiz. Hayriyalaringizni o'z egalariga etib borishida shaffoflikni ta'minlaymiz!
“Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir” (Ar Rahmon surasi, 60 oyat).
“Ilmga ko'mak” aktsiyasiga xayriya qilmoqchi bo'lganlar uchun:
Payme orqali xayriya qilish uchun shu erni bosing:
Naqd pul yoki pul o'tkazmalari uchun:
h/r : 20212000900881753008
MFO 00837, STIR: 207276595
ATIB “Ipoteka bank” Yunusobod tuman filiali
Vaqf xayriya jamoat fondi
Matbuot xizmati
Xolid ibn Valid roziyallohu anhu yoshlari o‘tib, keksayib qolgan chog‘larida Mus'hafi sharifni olib, yig‘lab turib shunday der edilar: “Jihodlar bilan ovora bo‘lib seni o‘qiy olmay qoldik”.
Bu qandayin go‘zal uzr! Xo‘sh, biz o‘zimizni nima deb oqlaymiz?! Xolid ibn Valid roziyallohu anhu shundayin gap aytdilar, ammo biz nima deymiz?! Qiyomat kunida “Qur’oni karim o‘qishdan seni nima chalg‘itdi?!” – deb so‘ralsak, nima deb javob beramiz?! Toki u bizni zararimizga emas, foydamizga hujjat bo‘lishi uchun ko‘ksimizga bosib, kechayu kunduz tilovat qilib bormaymizmi?! Axir Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taoloning zikrini lozim tut, Qur’oni karim tilovatida mahkam bo‘l. Chunki bu sening osmondagi ruhing, yerdagi zikringdir” [1], deganlar.
Quroni karim oyatlarini tadabbur qilmasdan, ma’nolari haqida fikr yuritmagan holda, hech qanday tushunchasiz ko‘p tilovat qilish asosiy maqsad emas. Agar inson bir necha oyatni tadabbur qilsa, tafsir kitoblariga murojaat etsa yoki tafsir darslariga qatnashsa, ma’nolarni o‘zlashtirsa va ularga amal qilsa, bu ishi o‘sha inson uchun ulkan yaxshilik, xayr-baraka bo‘ladi.
Imom G‘azzoliy hazratlari bunday deydilar: “Qur’on siz so‘rashingiz mumkin bo‘lgan va u sizning so‘rovlaringizga javob bera oladigan tirik Rasuldir. Siz unga quloq solsangiz, u sizni qondiradi”.
Qalblari iymon nuri ila qorishib ketgan zotlar uchun, albatta, Qur’onda shifo bordir. Yana Qur’oni karimda sarosima, shaytoniy vasvasalar, nafsu havoga ergashishdan saqlovchi shifo bor. Qur’on o‘qigan paytimizda bizni farishtalar qurshab oladi va ular ham bizga qo‘shilib Rahmon bo‘lgan Zotning oyatlariga quloq tutadi. Samo farishtalari tuni bilan Qur’onga qoim bo‘ladigan yer farishtalariga yaqinlashadilar. Endi ayting-chi, odamlar uxlayotgan paytda, tun qorong‘usida biz Qur’on tilovat qilyapmizmi?! Yeru osmonlar Robbi bizga quloq soladigan darajada oyatlarini tilovat qilyapmizmi?!
Alloh taoloning shifo oyatlari quyidagilardir:
«...Va mo‘min qavmlarning ko‘ngillariga shifo beradir» (Tavba surasi, 14-oyat).
«Ey odamlar! Sizga o‘z Rabbingizdan mav’iza, ko‘ksingizdagi narsaga shifo, mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi» (Yunus surasi, 57-oyat).
«Biz Qur’onni mo‘minlar uchun shifo va rahmat o‘laroq nozil qilurmiz...» (Isro surasi, 82-oyat).
«...U iymon keltirganlar uchun hidoyat va shifodir...» (Fussilat surasi, 44-oyat).
«...Unda (asalda) odamlar uchun shifo bordir...» (Nahl surasi, 69-oyat).
«Bemor bo‘lganimda menga shifo beradigan ham Uning O‘zi» (Shuaro surasi, 80-oyat).
Qur’oni karimni tilovat qilish, eshitish, amal qilish va har bir ishda undagi hukmlarga tayanib ish ko‘rishdan chetlashmang!
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Ahmad rivoyati.