Poytaxtimizning Mirzo Ulug'bek tumanida joylashgan “Mulla Qosim domla” jome masjidi yangi binosining ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Ibrohimjon Inomov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Nuriddin Holiqnazarov, Mirzo Ulug'bek tumani Bosh imom xatibi Akbarali Mamatov, “Mulla Qosim domla” jome masjidi imom-xatibi Azimjon Alimjonov va namozxonlar ishtirok etdi.


Marosimda Nuriddin domla Holiqnazarov namozxonlarga masjid qavmi va mo'min-musulmon xalqimizni yangi jome ochilishi bilan muborakbot etib, Alloh taolodan yurtimizda bunday xayrli ishlarni ziyoda qilishini, uning qurilishiga hissa qo'shgan kishilarga ajru savoblarni ko'paytirib berishini so'rab xayrli duolar qildilar. So'ng shu haftadagi juma ma'ruzasi bo'yicha: “Til ofatlari” mavzusi bo'yicha ta'sirli ma'ruza qildilar. Ushbu jarayon muslim.uz portali orqali onlayn tarzda yurtimiz va xorijdagi o'zbek tilida so'zlashuvchi kishilarga namoyish etdi.

Eslatib o'tamiz, 2020 yil 13 iyun' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ushbu masjidning yangi binosi poydevoriga ilk g'ishtini tabarrukona qo'yib, uning qurilishiga oq fotiha bergan edilar.

– So'ngi paytda jome binosi yaroqsiz holatga kelib qolgani, jamoat sezilarli darajada ortib, xonaqoh torlik qilayotgani sabab mahalla faollari, namozxonlar masjidni qayta qurish bo'yicha taklif bilan chiqdi, – deydi masjid imom-xatibi Azimjon Alimjanov. – Ushbu xayrli tashabbusni O'zbekiston musulmonlari idorasi qo'llab-quvvatladi. Shundan so'ng qurilish jarayonlari boshlab yuborildi. Jomening eski binosi 300 kishini sig'dirgan bo'lsa, hozirgi yangi binosi 4 200 namozxonga mo'ljallangan. Birgina ikki qavatli katta xonaqohning har bir qavatiga 1000 nafardan namozxon sig'adi. O'n kishilik eski tahoratxona o'rniga qurilgan yangi tahoratxonadan 70 kishi foydalanishi mumkin.

Shuningdek, masjidda ayollar namozxonasi, gapirishida nuqsoni bo'lgan kishilar uchun tashkil etilgan alohida xonada dinimiz ahkomlari va juma ma'ruzasi tushintirib beradigan mutaxasis faoliyat yuritadi. Undan tashqari majmuada xizmat xonalari, majlislar zali, kutubxona, qorovulxona o'rin olgan”.

– Jomening yangi binosi qurilish ishlari 2020 yil yanvar oyida boshlangan edi, – deydi qurilish prorabi (ishboshisi) Olim Ibragimov. – 2021 yil 20 yanvarda to'liq yakunlandi. Uning umumiy er maydoni 55 sotoxni tashkil etadi. Jomening eski binosi joylashgan er qazilib, 10 metr pastga tushirildi. Masjid uch gumbaz va 24 metrli bitta minorali qilib qurildi. Shuningdek, masjid majmuasi yonida joylashgan “Bo'z” qabristoni obod etildi, bu erga keladigan yo'llar kengaytirildi, ko'p qavatli uylar atrofi obod qilindi.

Ma'lumot uchun, “Mullaqosim” masjidi 1,5 asrlik tarixga ega. 19 asrning 80 yillarda Musoboy degan kishi “Bo'z” mahallasiga ko'chib kelgan. Keyinroq o'g'illariga masjid yonidagi erda uy qurib, ularning ta'lim-tarbiyasiga alohida e'tibor beradi. Jumladan, Qosim ismli o'g'lini Said Usmonxon degan ustozga shogirdlikka beradi. Yaxshi ilm olgan mulla Qosim domla ko'p yillar shu erdagi mahalla ahliga xizmat qiladi. Mahalla domlasi masjidni kengaytirish uchun uyini hadya qiladi, o'zi mahalladagi boshqa joyga ko'chib o'tadi.

Masjid ilk bor 1880-1885 yillarda Mulla Qosim boshchiligida mahalliy aholi hashar xashar yo'li bilan “Bo'z” qabristoni yonida quradi. So'ng odamlarga ko'p xizmat qilgan domla sharafiga “Mulla Qosim domla” masjidi deb nom bergan.

Istiqlol tufayli ushbu masjid 1996 yil 25 iyunda jome maqomini oldi. 1998 yil 13 avgustda Adliya boshqarmasidan № 40 raqam bilan qayta ro'yxatdan o'tdi. 1999 yili masjid, 2007 yili taxoratxona xalq hashari yo'li bilan zamon talabiga mos qilib kayta ta'mirlandi. 2008 yil 2 sentyabrda Toshkent shahar er resurslari va Davlat kadastr boshqarmasi jomeni davlat ro'yxatidan o'tkazdi.
Alloh taolo ushbu masjidni xalqimizga muborak qilsin, yurtimizda yana ko'plab masjidlar barpo bo'lishini bardavom aylasin!
Bahriddin Hushboqov,
O'zbekiston musulmonlari idorasi
matbuot xizmati xodimi
Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha 46-xalqaro tanlov boshlandi.
IQNA "Saudi Gazette" nashriga tayanib xabar berishicha, payshanba kuni Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirol Abdulaziz nomidagi 46-xalqaro tanlov boshlandi.
Oltinchi rabiulavvalga (19 avgustga to‘g‘ri keladi) qadar davom etadigan musobaqada 133 mamlakatdan jami 334 nafar erkak va ayollar ishtirok etmoqda, bu ushbu musobaqa tarixidagi eng katta vakillikdir.
Musobaqaning maqsadi "musulmon yoshlarni Qur’oni Karimni yod olish, anglash va mushohada qilishga undash, shuningdek, halol raqobatni yaratishdan iborat."
Tanlov beshta toifani o‘z ichiga oladi va umumiy sovrinlar miqdori 10 260 000 Saudiya rialini tashkil etadi - bu tanlov ta’sis etilganidan beri eng yuqori sovrin jamg‘armasi.
Avvalroq ushbu musobaqada O‘zbekiston sharafini quyidagilar himoya qilishi xabar qilingandi:
Muhammadabror qori Yunusxonov («Mir Arab» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muhammadamin qori Olimjonov («Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi);
Zilolaxon Farhodova (Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muxtasarxon Muhammadjonova («Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati