Islom.uz portali she'riyat mulkining sultoni Alisher Navoiyning xalqaro miqyosda nishonlanayotgan 580 yilligini munosib qarshilash maqsadida «Arba'in» nomli tanlov e'lon qildi.
Tanlov ikki yo'nalishda o'tkaziladi:
Birinchi yo'nalish:
— To'rtlikni ifodali o'qib berish.
— Hadislarning o'zbekcha tarjimasini aytib berish.
Ikkinchi yo'nalish:
— Hadisning arabcha matnini o'qib berish.
— To'rtlikni ifodali o'qib berish.
— Hadislarning o'zbekcha tarjimasini aytib berish
— Hadisning roviysini aytish.
Har ikki yo'nalishda ham ishtirokchilar bilet tanlashadi. Tanlab olingan biletda keltirilgan hadis raqamiga ko'ra, (har bir biletda to'rtta raqam bo'ladi va shu raqamda ko'rsatilgan hadislarni aytish kerak) ishtirokchilardan o'sha hadisni aytib berish talab etiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim ummatimga din ishlari borasida qirqta hadisni muhofaza qilib bersa, Alloh uni Qiyomat kuni faqih qilib tiriltiradi, Qiyomat kuni men unga shafoatchi va guvoh bo'laman» deganlar.
Imom Bayhaqiy va boshqalar rivoyat qilgan.
Mazkur hadisi sharifning ilhomi, undagi va'daga umidvorlik bilan nafaqat muhaddis va ulamolar, balki ko'pchilik musulmon shoirlar ham «Arba'in»lar yozganlar. «Arba'in» so'zi «qirq» degani bo'lib, bu asarlarda fazilatli amallarga, Islom axloqiga doir qirqta qisqa-qisqa hadislar she'riy to'rtliklar shaklida tarjima qilingan. Jumladan, buyuk olim Abdurrahmon Jomiy rahmatullohi alayh fors tilida, mumtoz shoir Alisher Navoiy turkiy tilda «Arba'in» asarlarini yozganlar.
Mumtoz adabiyotimizni, xususan, Alisher Navoiyning «Arba'in» asarini chuqurroq o'rganganimiz sari uning Qur'on va sunnatdagi o'gitlarga, dinimiz ta'limotlari va g'oyasiga asoslangani tobora yaqqol ko'rina boshlaydi.
Bugun ham ana shu mo''tabar manbalarni o'rganish va ular asosida yashash dolzarbligini yo'qotgan emas. Ularsiz tariximizni, adabiyotimizni, xususan, Navoiyning ulkan merosini to'liq tushunib, anglab bo'lmaydi. Ulug' bobomiz Alisher Navoiyning asarlari qancha ko'p o'rganilsa, shuncha oz. Zero, ularning asarlari bitmas-tuganmas ziyo manbaidir.
Alisher Navoiy Allohga iymon keltirgan, Qur'oni Karimdagi har bir oyatni muqaddas deb bilgan, naqshbandiya tariqatini qabul qilgan shoir va mutafakkirdir. Uning ijodi mohiyatini anglab etmoq uchun kishi din tarixini yaxshi bilishi, Qur'oni Karimni o'qib, ma'nosini anglay olishi kerak.
Ulug' bobokalonimizning meroslarini to'la va to'g'ri tushunish hamda shunday talqin qilish, bu oltin merosni haqiqiy, sof holatda keyingi avlodlarga etkazish biz, farzandlarning sharafli burchimizdir. Bunday ulkan vazifani sharaf bilan ado qilish baxtini hozirgi ilm va ma'rifat kishilariga, alalxusus, Alisher Navoiyga o'zini avlod deb bilgan sizu bizlar – barchamizga Alloh taoloning O'zi nasib etsin!
azon.uz
Sayyor yig‘ilish
Xabaringiz bor, shu yil hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muhtaram Prezidentimizga Qurbon hayiti tabirigini yo‘llab, yurtga qaytgach har bir hoji «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari» degan ezgu tashabbusni bir ovozdan olg‘a surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus bugun amalga ko‘chib, hojilar imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib boryapti.
Shu yil 17 iyul kuni Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov boshchiligida O‘rta Chirchiq tumanidagi «Usmon ota» jome masjidida tumanlar/shaharlar bosh imom-xatiblari, «Haj 2025» hojilari, mahalla faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan so‘ng tumandagi mahallalarga chiqilib, oilalar o‘rganildi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Bunday tadbir qamrovi kengligi bilan alohida ahamiyat kasb etyapti. Gap shundaki, tadbir doirasida bir oila 12 nomdagi turli adabiy-badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.
Tumandagi masjidlar imom-xatiblari ham tadbirda faol qatnashdilar.
Shundan so‘ng yana «Usmon ota» masjidiga qaytilib, amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqilib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish nihoyasiga yetdi.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati