O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 20 yanvar' kuni Iordaniya Hoshimiylar Podshohligining Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Demaye Zuxeyr Haddadni qabul qildi.
TIV ma'lumotiga ko'ra, vazir ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilib olib, elchini O'zbekistonga tayinlangani bilan tabrikladi va unga mas'uliyatli diplomatik missiyasini bajarishda muvaffaqiyatlar tiladi.
Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollarini hamda BMT, Islom hamkorlik tashkiloti hamda boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi o'zaro munosabatlarni muhokama qildi.
Turli darajadagi bo'lajak qo'shma tadbirlar jadvali yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralarda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko'rib chiqildi.
Demaye Zuxeyr Haddad 2015-2019 yillarda Iordaniyaning mamlakatimizdagi elchisi lavozimida faoliyat olib borgan Solih Ahmad al-Javarneh o'rnini egalladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Islomning barcha – beshala ruknini ham bajargan odam chinakam saodatlidir. Ayniqsa, hojilik – alohida mas’uliyat talab etadigan maqom. Bu yil yurtimizdan 15 mingdan ziyodroq fuqaro ana shunday sharafga ega bo‘ldi.
Bu yil yurtimizdan hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklarida yurtga qaytgach, «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari bo‘lamiz» degan ezgu tashabbusni ilgari surgan edilar.
Bugun, 14 iyul kuni poytaxtimizdagi «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» jome masjidi majlislar zalida poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar, imom noiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdulvosid Xomitjonov, «Nuroniy« jamg‘armasi Toshkent shahar bo‘limi raisi Rustam Kalonov, Mahallalar uyushmasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i Furqatxo‘ja Mahmudxo‘jayev, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov ishtirok etdi.
– Hojilarga katta ishonch bildirib, ular ma’naviyat targ‘ibotchilaridir, – deydi DIQ raisi birinchi o‘rinbosari Davron Maxsudov. – Hadisi sharifda: “Insonlarning Alloh taologa eng seviklisi odamlarga ko‘p manfaati yetkazadiganidir” (Imom Tabaroniy rivoyati), deyilgan. Shunday ekan, har bir hojiga o‘z hududidagi imom-xatib ko‘makchi bo‘lib, mahallama-mahalla yurib, aholiga, ayniqsa, yoshlarga pandu nasihatlar qilishlari zarur. Chunki hojilarning so‘zlari ta’sirchan bo‘ladi. Farzandlarimizning turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishining oldini olishda ularning xizmatidan foydalanishimiz kerak. Hojilarimizning sa’y-harakatlari bilan xalqimizning ma’naviyati, ma’rifati yanada oshadi.
Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar orqali hojilarimiz jamiyatimizdagi mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yoshlar tarbiyasi va oilalar totuvligida ibrat bo‘lmoqdalar.