Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyul, 2025   |   22 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:05
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:58
Xufton
21:30
Bismillah
17 Iyul, 2025, 22 Muharram, 1447

Liposaktsiya: Inson tanasidagi ortiqcha yog'larni olib tashlashning shar'iy hukmi

20.01.2021   2022   9 min.
Liposaktsiya: Inson tanasidagi ortiqcha yog'larni olib tashlashning shar'iy hukmi

 

Savol: Assalomu alaykum, oxirgi yillarda "liposaktsiya" jarrohlik amaliyotining o'tkazilishi ko'p kuzatilmoqda. Dinimizda inson tanasidagi ortiqcha yog'larni jarrohlik amaliyoti orqali olib tashlanishi haqida nima deyiladi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim. Va alaykum assalom va rahmatullohi va barakatuhu. Islom dinining asosiy tamoyillaridan biri biri bu bandalar hayotida vujudga keladigan tanglik va qiyinchilik kabi mashaqqatlarni ko'tarilganligidir. Alloh taolo buni bandalariga bo'lgan mehr-shafqatining cheksizligi sabab joriy qilgan. Shariat qoidalaridan birida

 “المشقة تجلب التيسير” (“Mashaqqat engillik keltiradi”) deyilsa, boshqasida "الضرر يزال" (“Zarar ketkaziladi”) deyiladi. Shuning uchun ham faqihlar o'zlari tomonidan bayon qilingan hukm va fatvolarning aksarida ana shu tamoyil va qoidalarni asos qilib olishgan.

Bugungi kundagi insonlar turmush tarzi katta o'zgarishlarga duch keldi. Mehnat jarayoni, ovqatlanish odatlari, dori va ozuqa moddalariing rang-barangligi shular jumlasidandir. Kun bo'yi komp'yuter qarshisida o'tirib ishlash hamda oziq-ovqat va dori-darmonlar tarkibidagi ayrim gormonlarga o'xshash moddalarning mavjudligi natijasida insonlar tana vaznining ortib ketishi kabi turli-tuman muammolar kelib chiqmoqda. Ma'lumki, semizlik tufayli odamda yurak qon-tomir va boshqa kasalliklar kelib chiqishi osonlashadi.

Dinimiz ko'rsatmalariga amal qilib yashash ortiqcha vazn muammosiga olib kelmaydi. Chunki Islom insonni me'yorida va sog'lom ovqatlanish (ro'za tutish, parhez) hamda jismoniy xatti-harakatlarni ko'paytirishga targ'ib qiladi. Imom Termiziy va boshqa muhaddislar Miqdod ibn Ma'diykaribdan rivoyat qilgan hadisda

المقداد بن معدي كرب - رضي الله عنه - قال: سمعتُ رسول الله - صلى الله عليه وسلم - يقول: ما ملأ آدمي وعاء شرًّا من بطن، بحسب ابن آدم أكلات يقمن صلبه، فإن كان لا محالة فثلث لطعامه، وثلث لشرابه، وثلث لنفسه.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: Odam bolasiga to'ldirish uchun qornidan ko'ra yomon idish yo'q. Insonga qaddini ko'taradigan luqmalar kifoya. Agar iloji bo'lmasa, qorinning uchdan biri taomi, uchdan biri ichimligi va uchdan biri nafasi uchundir”.

Ushbu hadisda me'yorida taomlanishga targ'ib bo'lsa, Imom Muslim va boshqalar Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam jismoniy faollikka chaqirib bunday dedilar:

عن أبي هريرة  قال: قال رسول الله ﷺ: المؤمن القوي خير وأحب إلى الله من المؤمن الضعيف وفي كل خير، احرص على ما ينفعك، واستعن بالله ولا تعجز... رواه مسلم

"Kuchli mo'min kuchsiz mo'mindan yaxshiroq va Allohga mahbubroqdir, lekin har ikkisida ham yaxshilik bor. Senga foydali bo'lgan ishlarga haris bo'lgin va (ishingda) Allohdan yordam so'ragin, lekin hargiz ojizlanmagin!".

Biroq ortiqcha vaznga moyillik yoki tanaga e'tiborsizlik tufayli insonda semirish yuzaga kelsa va u salomatlikka xavf sola boshlagan paytda bugungi kunda tibbiyotda vujudga kelgan yangi turdagi liposaktsiya deb nomlangan jarrohlik amaliyoti orqali gavdani korrektsiya qilishga ruxsat beriladi. Bu amaliyotda ozdirish va diyeta bilan harakat qilganda ketmagan joylardan ortiqcha yog'lar olib tashlanadi va zarar ketkaziladi. Zero, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

قال النبي صلى الله عليه وآله: تداووا فإن الله عز وجل لم ينزل داءً إلا وأنزل له شفاءً

"Davolaninglar, Alloh taolo biron dard bergan bo'lsa, albatta uning davosini ham bergan", deganlar.

Lekin shuni yaxshi bilishimiz kerakki, dinimiz ko'rsatmalariga amal qilmay yashab, pala-partish ovqatlanish yoki kamharakatlik bilan inson o'ziga-o'zi ortiqcha vaznni yig'ib olib, bunday muolajalarga murojaat qilishgacha etib borishi Alloh taolo insonlarga omonat sifatida bergan tana a'zolarining shukrini ado qilish bo'lmaydi.

A'zolardan tashqari jon ham insonga bir omonatdir. Jonni beruvchi Allohdir, vaqti kelganda bu omonatni qaytarib oladi. O'z-o'zini o'ldirgan kishilar va o'limga olib boruvchi kasallikka duchor qiluvchilar Allohning bu omonatiga xiyonat qilganlari uchun katta gunohkor bo'ladilar. Shuning uchun jismimizni turli kasalliklardan ehtiyot qilish, uni salomat saqlashga harakat qilishimiz ham omonatni saqlash hisoblanadi.

Shu o'rinda, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oxirgi zamon ummatlari to'g'risidagi bashoratlarini o'z ichiga olgan hadisni eslatib o'tish o'rinli.

عن عِمْرَانَ بْن حُصَيْنٍ رضي الله عنه أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ : إِنَّ خَيْرَكُمْ قَرْنِي ، ثُمَّ الَّذِينَ يَلُونَهُمْ ، ثُمَّ الَّذِينَ يَلُونَهُمْ ، ثُمَّ الَّذِينَ يَلُونَهُمْ . قَالَ عِمْرَانُ : فَلَا أَدْرِي أَقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بَعْدَ قَرْنِهِ مَرَّتَيْنِ أَوْ ثَلَاثَةً . ثُمَّ يَكُونُ بَعْدَهُمْ قَوْمٌ يَشْهَدُونَ وَلَا يُسْتَشْهَدُونَ ، وَيَخُونُونَ وَلَا يُؤْتَمَنُونَ ، وَيَنْذِرُونَ وَلَا يُوفُونَ ، وَيَظْهَرُ فِيهِمْ السِّمَنُ.

Imron ibn Husoyn roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Sizlarning eng yaxshingiz mening asrimda yashaganlaringiz. So'ng ulardan keyin kelganlar. So'ng ulardan keyin keladiganlar. So'ng ulardan keyin keladiganlar. (Shu erda Imron aytadi: Rasululloh sollollohu alayhi vasallam o'z asrlaridan keyin ikki asrni sanadilarmi, uchta asrni tilga oldilarmi, aniq bilmiman). So'ng ulardan keyin guvohlikka chaqirilmasa ham guvohlik beradigan, omonatdorligi yo'q bo'lib, xoinlik qiladigan, nazr qilib unga vafo qilmaydigan odamlar keladi. Ularda semizlik paydo bo'ladi”.

Albatta, bu hadisda xilqat jihatidan emas, balki pala-partish ovqatlanish, eb-ichish va maishatlarga keragidan ortiqcha berilib ketish oqibatida kelib chiqadigan tana og'irligi haqida gap ketadi. Islomda hech qachon xilqatdagi ayb tufayli inson kamsitilmaydi. Lekin semizlik yaxshi xislat emasligidan ogohlantirish bor.

Demak, inson ehtiyotsizlik tufayli ushbu turdagi amaliyotga kirishadigan bo'lsa, dastlab u Allohga tavba qilib, amaliyotdan keyin sunnatga muvofiq tartibli hayot kechirishi talab etiladi.

Ayni vaqtda shuni eslatib o'tmoqchimizki, tanadagi ortiqcha vazn xavfsiz bo'lishiga qaramay shunchaki gavdaning tashqi ko'rinishini yanada mukammal ko'rinishga keltirish uchun bunday amaliyotga qadam qo'yish Alloh taoloning quyidagi so'ziga binoan harom qilingan amaliyotlar sirasiga kirib qoladi:

وَلَآَمُرَنَّهُمْ فَلَيُغَيِّرُنَّ خَلْقَ اللَّهِ وَمَنْ يَتَّخِذِ الشَّيْطَانَ وَلِيًّا مِنْ دُونِ اللَّهِ فَقَدْ خَسِرَ خُسْرَانًا مُبِينًا

"(Shayton aytdi:) “Ularga buyuraman – Allohning yaratganlarini o'zgartiradilar”. Kimki Allohni qo'yib, shaytonni do'st tutsa (uning aytganlarini bajarsa), demak, u aniq ziyon qilibdi”(Niso surasi, 119-oyat).

Shuningdek, mazkur turdagi amaliyotlarning zarari semizlikdan etadigan zararga teng yoki undan ko'p bo'lgan holatlarda ham qilish mumkin emas.

Ko'proq ayollarda uchrab turadigan yana bir muammo homiladorlikdan keyingi asoratlar yoki boshqa sabablarga ko'ra qorinni “fartuk”ka o'xshab osilib qolishini yo'qotish uchun qilinadigan abdominoplastika deb ataluvchi jarrohlik amaliyotining hukmi ham huddi mana shu shartlar bilan joiz bo'ladi, ya'ni shartlarning hammasi yoki ulardan biri topilmaganda harom bo'ladi. Bunda osilib qolib, insonga mashaqqat etkazayotan qorinni kesib olib tashlanadi. Vallohu a'lam.

Saidjamol MASAYITOV,

O'zbekiston musulmonlari idorasi

Fatvo bo'limi mudiri o'rinbosari

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

16.07.2025   2318   5 min.
O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

Saudiya Arabistonining Makka shahrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov hamda Butunjahon Islom uyushmasi Bosh kotibi Shayx Muhammad bin Abdulkarim al-Issa  ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv va tashrif Butunjahon Islom uyushmasi taklifiga binoan amalga oshirildi. Unda O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi favqulodda va muxtor elchisi Nodir Turg‘unov ham qatnashdi.

Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Markaz rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida jumladan, Markaz doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, barcha ilmiy va tashkiliy ishlar haqida ma’lumot berdi.

– O‘zbekiston Islom ilmi, fiqh va hadis sohasida yuksak merosga ega. Bu zaminda mashhur ulamolar, buyuk faqihlar, muhaddislar, mutafakkirlar va san’atshunoslar yetishib chiqqan, – dedi Islom uyushmasi bosh kotibi. – Ushbu merosning Islom olamidagi ahamiyati va dolzarbligini ko‘rsatishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muhim o‘rin tutadi. Bu yurtning taniqli va mashhur allomalari tufayli Islom sivilizatsiyasining asl mohiyati xususan, insonparvarlik va bag‘rikenglik qadriyatlari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Mazkur megaloyiha bu boy merosni jahon hamjamiyatiga tanitishda asosiy ahamiyatga ega. Biz Butunjahon Islom uyushmasi nomidan ushbu sa’y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlar uchun namuna bo‘ladi. Markaz bilan hamkorlik qilishdan benihoyat mamnunmiz! – deya ta’kidladi Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa.

Uchrashuv davomida Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining barcha tadbirlari, rejalashtirilgan turli anjumanlarga qiziqish bildirib, bu borada olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi va mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi  qanchalik ahamiyatli ekanligiga esa alohida to‘xtaldi. Shu o‘rinda Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan quyidagi iqtiboslarni keltirdi: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi. Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT minbaridan turib ilgari surilgan mazkur ulkan tashabbus Butunjahon Islom uyushmasi nomidan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdi.

Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tarkibida Arab-islom xattotlik maktabini ochish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa ushbu loyihani to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatladi:

– Yangi O‘zbekiston loyihasi bo‘lmish bu xattotlik maktabi orqali Qur’oni karimning har bir surasini maxsus arab xatida, bezaklar bilan boyitilgan tarzda qo‘lda ko‘chirish maqsadga muvofiq, – deya taklif qildi Bosh kotib, – O‘zbekistondagi bo‘lajak Arab-islom xattotlik maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, jahon miqyosida mashhur bo‘lgan katta tajribaga ega xattotlarni ushbu markazga jalb etish, xattotlarning ish faoliyati samarali bo‘lishi uchun ularni rag‘batlantirish va umuman maktab faoliyatini rivojlantirishda astoydil hamkorlik qilishga   tayyormiz.

Delegatsiya a’zolari Makka shahrida joylashgan Hiro madaniyat dahasi, Vahiy muzeyi, “Burj as-sa’a” minorasida joylashgan shu nomdagi muzey, Ka’ba kisvasi uchun qirol Abdulaziz majmuasi va Madina shahridagi “Bo‘ston” muzeyi, Payg‘ambarimiz (s.a.v) siyratlari  va Islom sivilizatsiyasi muzeyi, Jidda shahridagi Islom san’ati muzeyi va kutubxonasiga tashrif buyurdi va hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi a’zolari muzey va kutubxonalarga qilgan tashriflari jarayonida Payg‘ambarimizning faoliyat va turmush tarzlarini ifodalovchi videolavhalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etilishi masalasini ham ko‘rib chiqishdi. 

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Samarqandda yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi ziyoratchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasida ham fikr almashildi. Bu borada Saudiya Arabistoni tajribasidan foydalanish maqsadida Butunjahon Islom uyushmasi Tadbirlar va konferensiyalar bo‘limi boshlig‘i Shokir Saloh al-Advaniy bilan muloqot o‘tkazildi. Muloqot davomida Islom uyushmasi vakili bu  masalada Saudiya Arabistonining yetakchi tashkilotlaridan biri “Ilm” kompaniyasi ko‘mak berishini bildirdi. Keyingi muhokamalar videokonferensiya shaklida davom ettirilishiga kelishib olindi. 

Islom sivilizatsiyasi markazi

Dunyo yangiliklari