۞أَلَمۡ تَرَ إِلَى ٱلَّذِينَ خَرَجُواْ مِن دِيَٰرِهِمۡ وَهُمۡ أُلُوفٌ حَذَرَ ٱلۡمَوۡتِ فَقَالَ لَهُمُ ٱللَّهُ مُوتُواْ ثُمَّ أَحۡيَٰهُمۡۚ إِنَّ ٱللَّهَ لَذُو فَضۡلٍ عَلَى ٱلنَّاسِ وَلَٰكِنَّ أَكۡثَرَ ٱلنَّاسِ لَا يَشۡكُرُونَ٢٤٣
243. (Ey Muhammad), o'limdan qo'rqib, diyorlaridan qochib chiqqan minglab odamlarni ko'rmadingizmi? Alloh ularga "O'linglar!" dedi, so'ng ularni tiriltirdi. Alloh albatta odamlarga fazlu karam qiluvchidir, lekin ularning ko'pchiligi shukr qilmaydi.
Qur'oni karimning mazkur oyatida o'tmishda yashab o'tgan bir qavm qissasini bayon etish orqali hayot va o'lim, o'lgandan keyin tirilish masalalari o'ziga xos bir yo'sinda zikr etiladi. Qadimda bir qavm o'tgan ekan (uning qaysi qavmligi haqida tarixchilar bir qarorga kelishmagan). O'sha qavmga qaysidir bir ko'rinishda yalpi o'lim keladi. Ehtimol, u vabo yoki tuzalmas bir kasallik bo'lgandir yoxud dushman bostirib kirgandir yo boshlariga biror tabiiy ofat kelgandir. Hullasi, o'sha qavm o'limdan qutilib qolish uchun yashab turgan joylarini tashlab, bir xavfsiz joy qidirib ketayotganida Alloh taoloning "O'linglar!" degan amri kelib, barchalari bir soniya ichida halok bo'lishdi. Keyin esa Alloh ularni tiriltirishni istadi va barchalari qayta hayotga qaytishdi. Oyatdan ko'rinib turibdiki, Alloh qazoi qadaridan qochishning aslo iloji yo'q, U bir bandaga o'limni iroda qilsa, eng bexatar joyda ham halok bo'lishi mumkin. Shu o'rinda ibratli bir rivoyatni keltirib o'tsak: "Bir qo'rqoq kishi bor edi, urush paytida doim lashkarning orqa tarafida berkinib yurar, qilich-o'qdan qochishga harakat qilar edi. Bir kuni qarashsa, o'sha kishi qo'shinning eng oldingi safida jang qilayotgan emish. Shunda buning sababini so'rashibdi. Boyagi kishi bunday javob qilibdi: "O'tgan kuni jang payti bir kamon o'qi kelib oldimga tushdi. Nazarimda o'q qimirlayotganday tuyuldi. E'tibor berib qarasam, o'q tuproq ostida yashirinib yotgan ilonga kelib sanchilgan ekan. Shundan xulosa qildimki, qayoqqa qochsam ham ajal etsa, qutilish yo'q, o'sha joyda tutib olarkan. Shuning uchun qo'rquvni bir chetga uloqtirib, jangda oldingi safga o'tdim...".
وَقَٰتِلُواْ فِي سَبِيلِ ٱللَّهِ وَٱعۡلَمُوٓاْ أَنَّ ٱللَّهَ سَمِيعٌ عَلِيمٞ٢٤٤
244. Alloh yo'lida jang qilinglar va anglanglarki, Alloh eshituvchi va biluvchidir.
Alloh yo'lida jang qilish degani, Uning dini ravnaq topishi va yoyilishi, zulm va zolimlar yo'liga to'siq qo'yilishi, insoniy munosabatlarda Islom adolati o'rnatilishi yo'lida olib borilgan jiddu jahd, ya'ni intilish va harakatlardir. Islom aqidasiga ko'ra, "jiddu jahd" biror ishga qat'iy azmu qaror qilish ma'nosini anglatadi. Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom mo'minlarga: "Eng ulug' jihod insonning o'z nafsiga qarshi olib borgan jihodidir", deya ta'lim berganlar. Oyati karima ogohlantiryaptiki, ey insonlar, hayotga muhabbat yoki o'limdan qo'rqish tuyg'ulari sizlarni jiddu jahd qilishdan to'sib qo'ymasin. "Islom terrorni la'natlaydi" kitobida bunday yozilgan: "Adolat, tinchlik va o'zaro tenglik o'rnatish uchun, odamlarga nisbatan adolatsizlik qilayotgan, ularni xo'rlayotgan, zulm va shafqatsizlik ko'rsatayotgan, insonning qonuniy haq-huquqlarini poymol qilayotgan kimsalarga qarshi g'oyaviy kurash olib borish ham jihod hisoblanadi. Huddi shu yo'sinda dinga qarshi bo'lgan, dahriyona va xudosizlikka asoslangan ta'limotlar bilan har qanday ko'rinishda g'oyaviy kurash olib borish ham tom ma'noda jihoddir" (Toshkent, "Movarounnahr", 2003 yil, 31-bet).
مَّن ذَا ٱلَّذِي يُقۡرِضُ ٱللَّهَ قَرۡضًا حَسَنٗا فَيُضَٰعِفَهُۥ لَهُۥٓ أَضۡعَافٗا كَثِيرَةٗۚ وَٱللَّهُ يَقۡبِضُ وَيَبۡصُۜطُ وَإِلَيۡهِ تُرۡجَعُونَ٢٤٥
245. Allohga qarzi hasana beruvchi bo'lsa, Alloh unga bir necha barobar qilib qaytaradi. Allohgina rizqlarni kam va mo'l qiladi. Sizlar Uning huzuriga qaytasizlar.
"Allohga qarzi hasana beruvchi" haqida Abu Ya'lo ulug' sahobiy Abdulloh ibn Mas'uddan roziyallohu anhudan shunday rivoyat qiladi: "Ushbu oyati karima nozil bo'lgach, Abu Dahdoh: "Ey Allohning Rasuli, Alloh ham bizdan qarz so'raydimi?" deb so'radi. "Ha, ey Abu Dahdoh", dedilar Nabiy alayhissalom. "Qo'lingizni uzating, ey Allohning Rasuli", degan edi, Rasululloh unga qo'llarini uzatdilar. "Olti yuzta xurmosi bo'lgan mana shu bog'imni Parvardigorimga qarzga berdim", dedi Abu Dahdoh. Keyin u bog'ini o'rab turgan devor oldiga kelib ahli ayolini chaqirdi: "Ey Ummu Dahdoh!". Ayoli "labbay" deya javob qilganida "Chiq bog'dan, men uni Parvardigorimga qarzga berdim", dedi.
Bu voqeadan ibrat shuki, Alloh taolo yo'lida jang qilish yo mol sarflashdan hech kim hargiz chetlanmasin. Chunki jon ham, mol ham yolg'iz Alloh taoloning mulkidir. Istasa, o'likka jon ato qiladi, xohlasa, g'arib-miskin kishini podshoh etib ko'taradi. Olgisi kelsa, sog'ning ham jonini oladi, podshohni gadoga aylantiradi. Hech kim kambag'allashib qolaman, deya Alloh taolo yo'lida qarzi hasana (chiroyli qarz) berishdan xavfsiramasin. Rizqni kamaytirib, tor qiluvchi ham, uni kengaytirib mo'l qiluvchi ham Alloh taoloning O'zidir.
“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.
“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.
Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.
Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!
Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.
Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.
Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.
Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.
Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:
1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.
2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.
Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.
Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.
Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).
Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).
Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:
⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.
⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.
⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.
⏺ G‘arq bo‘lganlar.
⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).
⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.
⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.
⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.
⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.
⏺ Juma kechasi vafot topganlar.
⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.
⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.
⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.
⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.
⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.
⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.
⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.
⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.
⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.
⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.
⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.
⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.
⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.
⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.
⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.
⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.
⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.
⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.
⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.
⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.
Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi