Islom dini go'zal axloqdan iborat. Axloq din asosi bo'lganidek, mo'minlikning ham belgisi hisoblanadi. Ijtimoiy hayotda kiyim-kechakdan tortib o'zini tutishgacha, muomaladan to tijoratgacha, oilaviy munosabatlardan hatto jamiyatdagi xatti-harakatgacha – barcha fe'l-atvorning umumiy jamlanmasi axloq deyiladi.
Axloq Olamlar Rabbisining fitratimizga joylashtirgan yaxshilik, go'zallik va rahm-shafqatning bir butun ko'rinishidir. Har bir bola Islom fitratida tug'ilib, keyinchalik ota-onasining tarbiyasi bilan o'z yo'lini tanlaydi. Har bir bola go'zal axloqqa yo'g'rilgan holda dunyoga keladi. Vaqt o'tishi bilan oila davrasi, do'st-suhbatdoshlari, atrof-muhit, iqtisodiy imkoniyatlar, axborot vositalari kabi tashqi ta'sir axloqning go'zalligiga, bir butunligiga putur etkazishi mumkin.
Odam Atoning farzandlari Qobil va Hobildan boshlab inson fitratiga bir imtihon zaruriyati sifatida joylashtirilgan hasad, xiyonat, g'urur, adovat, ehtiros kabi kishini yomonlikka etaklovchi nafsoniy tuyg'ular ham eng oliy maxluqot bo'lgan insonni eng past darajaga – tubanlik jariga qulatishi mumkin.
Bugun dunyoning manzaralariga boqsangiz, urushlar, qonli to'qnashuvlar ayrimlarning manfaat va hirslarininggina in'ikosi ekanini ko'rasiz. Global olamdan o'zimizning kichik dunyoga “ko'chganimiz”da esa yurtdoshimiz, mahalladoshimiz, hatto oila a'zolarimizdan birining toza fitratga zid xatti-harakatlariga ko'zimiz tushadi. Bu aslida o'sha bir butun go'zal axloqning zaiflashganini ko'rsatuvchi omildir.
Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayh go'zal axloqqa bunday ta'rif beradi: “Go'zal axloq – ochiq chehrali bo'lish, insonlarga doimo yaxshilik qilish va ularga aziyat etkazadigan narsalarni bartaraf etishdir”.
O'qiganda yoqimli va qilish osondek ko'ringan bu amallar aslida dinimizda eng ulug' savobga erishish mumkin bo'lgan maqbul ibodat sanaladi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Qiyomat kuni tarozuda go'zal axloqdan o'zga og'irroq keladigan narsa yo'q”, deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Shu nuqtai nazardan, asli fitratimizda bor bo'lgan, bizga olam-olam savoblar keltiradigan go'zal axloqni “uyg'otish” unchalik qiyin ish emas.
Go'zal axloq – shirin so'z, yaxshi muomala, muhabbat, tabassum, marhamat ko'rsatish, avvalo, insonning o'zidan boshlanishi kerak. Ya'ni, inson o'ziga yaxshilik qilib, boqiy dunyoda xayr va saodatga erishishi uchun ana shu yaxshiliklarga qo'l urishi lozim. Zero, bu amallar o'z o'rnida uni halovat va baxt ko'chasiga olib kiradi.
Inson o'z yaratilishiga muvofiq, ezgu niyatlar bilan harakat, halol mehnat qilsa, umri davomida muvaffaqiyat qozonadi, chunki olg'a qadam tashlash uchun arzirli maqsadi bor. Bu xatti-harakatlari, avvalo, o'z oilasiga, keyin atrofidagilarga xotirjamlik, ijobiy muhit va albatta ishonch beradi. Mo'minning ishonchli va omonatdor bo'lishining siri ham mana shunda.
Ta'kidlash lozimki, insonning bu harakatlaridan hosil bo'layotgan ishonch va omonatdorlik hissi vaqt o'tishi bilan yaqinlaridan o'ziga qaytadi. Bora-bora bu ijobiy fazilatlar atrofolamga yoyiladi va o'zi yashayotgan, kelajakda farzandlari yashaydigan muhit ijobiylashuviga turtki bo'ladi. Huddi Rasululloh alayhissalom yashagan saodat asridagidek… Huddi jaholat sabab kin, adovat va maishatdan bo'shamagan insonlar jamiyatida bir burda nonini ham mo'min birodarlari bilan bo'lishib egan sahobai kiromlar shakllanganidek…
Nigora MIRZAYeVA tayyorladi.
“Mo'minalar” jurnalining 2020 yil, 4-sonidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Men umrada tavof qilayotgan edim. Namoz vaqti bo‘lganda safga turib, takbir aytilishini kutib o‘tirgan edik. Shunda masjid xodimlaridan biri saf orasida aylanib yurib, yelkasi ochiq odamlarga yelkangni yop degan ishoralar qildi. Tavof qilayotgan odam yelkasi ochiq bo‘lishi kerakmasmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Tavofda o‘ng yelkani ochish fiqhiy kitoblarda iztibo’ deyiladi. Ya’ni, umra yoki haj amallarini bajarayotgan shaxs ehromga kirib, tavof qilsa, ridoni o‘ng yelkasining ostidan o‘tkazib, chap yelkasiga tashlab oladi. Bu amal ketidan sa’y qilish amali bo‘lgan tavofda sunnat hisoblanadi. Bundan ma’lum bo‘ladiki, iztibo’ amali (o‘ng yelkani ochib qo‘yish) masjidga kirishdan oldin, namoz va sa’y vaqtida, shuningdek, ortidan sa’y amali bo‘lmagan tavoflarda sunnat hisoblanmaydi.
Yelka ochiq holatda namoz o‘qish odatiy ehromsiz holatda bo‘lgani kabi ehromda ham makruh sanaladi. Shuning uchun savoldagi kabi tavof qilish asnosida namoz vaqti bo‘lib qolsa, yelkalar yopilib, namozga kirishiladi. Namozdan keyin yana yelkani ochib, tavofni davom ettiradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.