Yulduzlar insoniyat hayotida har doim muhim o'rin tutgan. Dengizchilarga yo'l ko'rsatuvchi, sayyohlarga xarita, musulmon ummatiga qiblani aniqlovchi vositadir yulduzlar. Astronom va geograflar yulduzlar turkumini o'rganishga hayotlarini bag'ishlashadi. Milodiy X asrda Suriyada yashagan musulmon olima Maryam Usturlobiya Ijliya usturlob yasovchi mohir ustalardan biri edi.
Maryamning otasi bag'dodlik mashhur ustaga shogird tushgan muhandis edi. Maryam esa otasidan shu sohaning sir-asrorlarini o'rgandi.
Tarixchi Ibn Nadimning so'ziga ko'ra, Maryam otasi tufayli Bag'dodning usturlob yasovchi mashhur ustasi, astronom Muhammad ibn Abdulloh Nastulusga shogird tushgan (Dodge, Bayard (1970).
Yillar o'tib Maryam ushbu kasbning mohir ustasiga aylandi. Hatto unga “Usturlobiya” (usturlob yasovchi) laqabi berildi va shu nom bilan dunyoga tanildi. Uning ishlari hamadoniylar sulolasining amiri Sayfuddavla (944–967) tomonidan yuqori baholandi va shu sababli Maryam o'z faoliyatini saroyda davom ettirdi (Salim Al-Hassani. “Women᾿s Contribution to Classical Islamic Civilisation)
O'sha davrda soat hali keng ommalashmagani bois olimaning asosiy maqsadi vaqtni aniq ko'rsatadigan usturlob yasash bo'lgan. Maryam necha asrlardan beri qo'llanilayotgan usturlobga o'zgartirishlar kiritib, uni takomillashtirdi. Natijada u yasagan usturlob yordamida osmon jismlarining ufqdagi balandligini o'lchash imkoniyati paydo bo'ldi.
Usturlob qanday asbob?
Usturlobning diametri 15 santimetrdan bir necha metrgacha bo'lishi mumkin. O'rta asr astronomlari uni cho'ntak soatidek yonlarida olib yurishgan. Usturlob – joyning geografik koordinatalarini, vaqt, yulduzlarning chiqish va botish paytlarini aniqlashda, shuningdek, amaliy astronomiyaning boshqa masalalarini hal qilishda ishlatiladigan asbob. U darajalarga bo'lingan doira, chizg'ich va vizirlovchi dioptrdan iborat.
Usturlob haqida arab va lotin tillarida yuzlab asarlar yozilgan. Rassomlar uni asarlarida aks ettirishdi, shoirlar she'rlar bitishdi. Usturlob shohlarga, sultonlarga va yuqori amaldorlarga xos sovg'a sifatida tortiq qilingan. U bir vaqtda ham soat, ham masofa o'lchagich, navigator, hisoblash mashinasi hamda koordinat va trigonometrik amallar uchun ma'lumotnoma vazifasini bajargan. Usturlobdan ming yil davomida olimlar, sayyohlar, savdogarlar, astrologlar, ustoz va talabalar unumli foydalanishdi.
Usturlob yordamida namoz vaqtlari qayd etildi, yil hisoblari yuritildi. Ramazon oyi va qibla yo'nalishi aniqlandi. Shubhasiz, uni tayyorlash ham sharafli kasblardan biri bo'ldi.
Maryam Usturlobiya Islom ummati uchun zarur ishga qo'l urgan olimalardan hisoblanib, uning nomi hanuzgacha tarix sahifalarida yulduzdek porlab turibdi. Jumladan, 1990 yili Genri Holt tomonidan aniqlangan asteroidga “7060 Ijliya” nomi berildi.
Manbalar asosida Munira NIYoZALIYeVA tayyorladi
“Mo'minalar” jurnalining 2020 yil, 5-sonidan
2025 yilgi Haj safarida ishtirok etgan yurtdoshlarimiz “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida faol ish olib bormoqdalar. Ushbu tashabbus doirasidagi navbatdagi namunaviy-amaliy tadbir Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirok etib, tadbirga boshchilik qildi. “Sayyid Ahmadxon hoji” jome masjidida o‘tkazilgan yig‘ilishda tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ishchi guruh uch yo‘nalishda faoliyat olib bordi. Jumladan:
– Hajdan qaytgan ziyoratchilar ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi;
– 65 ta oilaga borilib, ma’naviy suhbat va amaliy yordamlar ko‘rsatildi;
– 9 ta xonadondagi ruhiy-ma’naviy qiyinchiliklar o‘rganilib, maslahatlar berildi.
– Oilaviy kelishmovchilik sababli notinch bo‘lib turgan oilalarga suhbat va nasihatlar o‘tkazildi. Natijada 2 ta arazlashgan oila yarashtirilib, 1 ta ajrimning oldi olindi;
– Sudlanganlar, jazo muddatini o‘tayotganlar hamda ularning oilalari bilan muloqot qilindi.
– Nogiron va ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, moddiy-ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi.
Tumanning Taptiqsaroy mahallasida yong‘in oqibatida zarar ko‘rgan xonadonni qayta ta’mirlash ishlari homiylar va hojilar ko‘magida boshlab yuborildi. Bosh imom-xatib Ubaydulloh domla ushbu xonadonga tashrif buyurib, muloqot qildi hamda tavsiyalar berdi.
Bundan tashqari, “Doimobod” mahallasidan bo‘lgan, nogironligi bor fuqaroning uyiga ham tashrif uyushtirilib, tugallanmagan uy qurilishi uchun zarur qurilish materiallari yetkazildi.
Peshin namozidan so‘ng Ishchi guruh tarkibidagi iqtidorli imom-xatiblar jamoatga ma’ruza qilib, tinchlik, osoyishtalik va xalq farovonligi uchun duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati