Kelajak avlod bo'lmish yoshlarda bolalik chog'idan kitobga mehr uyg'otish, mustaqil fikr va keng dunyoqarashni shakllantirish ularning hayot yo'llarida mustahkam zamin bo'ladi.
Alloh taolo O'zining irodasi, ilmi va rahmati bilan inson zotini aql-idrokli qilib yaratdi va uning er yuzida hayot kechirishi uchun lozim bo'lgan barcha sharoitlarni ham muhayyo qildi. Inson mana shu aql-idrok, ilmu odobi bilan o'zi yashab turgan jamiyatdagi boshqa insonlarga manfaat etkazishi kerak, chunki ilm o'z egasini ikki dunyo saodatiga erishtiradi.
Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayh vasallamga Hiro g'orida nozil bo'lgan ilk vahiy «O'qi!» degan amr edi. Ilk vahiyning o'qishga, ilm olishga da'vat bilan boshlanishining, Alloh oxirgi dinini o'qish-yozishni bilmaydigan ummiy kishi orqali insoniyatga etkazishni iroda qilganining buyuk hikmati bor edi. Alloh taolo ilmni qiyomatgacha bandalar uchun ma'rifatga erishish, haqiqatni topish, ikki dunyo saodatiga muyassar bo'lish vositasi qildi.
Ilmsizlik esa insoniyatni tubanlikka, halokatga olib borishini bildirdi. Insonlarni ilm olishga va bu orqali Parvardigorini tanishga buyurdi. «Ilm» so'zi Qur'oni karimning sakkiz yuz o'n bir joyida turli ma'nolarda kelgan. Qur'on va sunnatda ilm insoniyatni turli axloqsizliklar, haromlar, yomon yo'l va amallardan qaytarishi zikr etilgan.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Alloh taolo Sulaymon alayhissalomga ilm, mol-dunyo va podshohlikdan birini tanlashni buyurganda, u zot ilmni tanladilar. Natijada, ilm tufayli mol-dunyo va podshohlikka ham erishdilar”.
Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ilmni iymonning mevasiga qiyoslab bunday deganlar: “Iymon yalang'och bir narsa bo'lsa, uning libosi taqvo, ziynati hayo, mevasi esa ilmdir”.
Hazrat Ali karramallohu vajhahu aytadilar: “Ilm mol-dunyodan ko'ra yaxshiroqdir. Chunki ilming seni asraydi, mol-dunyoni esa sen asrashing kerak bo'ladi. Mol-dunyo sarf qilinsa kamayadi, ilm esa o'zgalarga o'rgatish bilan yana ziyoda bo'laveradi”.
Ilm talab qilish va uning yo'lida chekilgan zahmat tufayli xatolarning kechirilishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Hamma narsalar, hatto daryodagi baliqlar ham tolibi ilmning gunohlari mag'firat qilinishini so'raydilar”, degan hadislarida o'z ifodasini topgandir.
Darhaqiqat, qaysi jamiyatda ilmga tashnalik susaysa, ilm o'rganishga e'tibor kamaysa, kishilar fikrlashdan to'xtasa yoki ularning fikri sayozlashsa, o'sha jamiyat taraqqiyotdan ortda qoladi. Eng yomoni, u ma'naviy inqirozga, halokatga yuz tutadi.
Har qanday jamiyatning olimlari, ziyolilari millatning ma'naviy dunyosi qashshoqlanmasligi, axloqining tubanlashmasligi, soxta va buzg'unchi e'tiqodlar va madaniyatlar ta'siriga tushib qolmasligiga mas'uldirlar. Agar ular bu ishda loqaydlikka yo'l qo'yishsa, shunchaki tomoshabin bo'lib qolishsa, o'sha millatning holiga voy bo'ladi.
Prezidentimizning yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish, ularning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo'yicha muhim vazifalarni belgilab: “Yoshlarda bolalik chog'idan kitobga mehr uyg'otish, mustaqil fikr va keng dunyoqarashni shakllantirish ularning hayot yo'llarida mustahkam zamin bo'ladi” deb alohida ta'kidladilar.
Ma'rufxon ALOHODJAYeV,
Namangan shahri “Abdulqodir qori” jome masjidi imom-xatibi
2025 yilgi Haj safarida ishtirok etgan yurtdoshlarimiz “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida faol ish olib bormoqdalar. Ushbu tashabbus doirasidagi navbatdagi namunaviy-amaliy tadbir Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirok etib, tadbirga boshchilik qildi. “Sayyid Ahmadxon hoji” jome masjidida o‘tkazilgan yig‘ilishda tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ishchi guruh uch yo‘nalishda faoliyat olib bordi. Jumladan:
– Hajdan qaytgan ziyoratchilar ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi;
– 65 ta oilaga borilib, ma’naviy suhbat va amaliy yordamlar ko‘rsatildi;
– 9 ta xonadondagi ruhiy-ma’naviy qiyinchiliklar o‘rganilib, maslahatlar berildi.
– Oilaviy kelishmovchilik sababli notinch bo‘lib turgan oilalarga suhbat va nasihatlar o‘tkazildi. Natijada 2 ta arazlashgan oila yarashtirilib, 1 ta ajrimning oldi olindi;
– Sudlanganlar, jazo muddatini o‘tayotganlar hamda ularning oilalari bilan muloqot qilindi.
– Nogiron va ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, moddiy-ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi.
Tumanning Taptiqsaroy mahallasida yong‘in oqibatida zarar ko‘rgan xonadonni qayta ta’mirlash ishlari homiylar va hojilar ko‘magida boshlab yuborildi. Bosh imom-xatib Ubaydulloh domla ushbu xonadonga tashrif buyurib, muloqot qildi hamda tavsiyalar berdi.
Bundan tashqari, “Doimobod” mahallasidan bo‘lgan, nogironligi bor fuqaroning uyiga ham tashrif uyushtirilib, tugallanmagan uy qurilishi uchun zarur qurilish materiallari yetkazildi.
Peshin namozidan so‘ng Ishchi guruh tarkibidagi iqtidorli imom-xatiblar jamoatga ma’ruza qilib, tinchlik, osoyishtalik va xalq farovonligi uchun duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati