Yo'l qurish – eng savobli amallardan. Bu tushuncha muborak dinimizda ham, milliy qadriyatlarda ham o'z aksini topgan. Qur'oni karim oyatlari, hadisi shariflar, allomalar hikmatlari zamirida ham mana shunday savobli ishlarga targ'ib qilingan.
Binobarin, yo'lsozlik – ulug', shu bilan birga, mashaqqatli kasb. Halqimizning “Yo'l qurish – savob” degan purma'no naqli zamirida ham ana shu hayot haqiqati mujassam, desak, mubolag'a bo'lmaydi. Negaki, kichik bir yo'l yoki ko'prik bunyod etilishi tufayli qanchadan-qancha odamlar mushkuli osonlashib, manzili yaqinlashadi.

Jonajon O'zbekistonimizning yangi qiyofasini barpo etishda, ona Vatanimizning yuksak taraqqiyotini ta'minlashda, hayotimizni yanada obod va farovon etishda yo'lsozlarning ham alohida hissasi bor, albatta.
Yangi O'zbekistonda zamonaviy avtomobil' yo'llarini rivojlantirish, jahon talablariga javob bera oladigan yangi yo'llar qurish, kompleks rekonstruktsiya qilish va ta'mirlash borasida juda ham keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ta'kidlash o'rinliki, avtomobil' yo'llarining asosiy qismi mustaqillik yillarida tubdan ta'mirlandi, rekonstruktsiya qilinib, yangidan barpo etildi. Tarix qarichida arzimagan bo'lib tuyuladigan o'ttiz yillik bu davrda yo'lsozlik sohasida salmoqli ishlar amalga oshirilganini e'tirof etish kerak. Biroq, bugungi kunda olib borilayotgan islohotlar ko'lami shu qadar kengki, yo'lsozlik sohasida amalga oshirilgan ishlar ko'lamidan ham bir necha barorbarga oshiqroq.

Bugunga kunda butun dunyo aholisi qatorida halqimiz ham og'ir sinovli kunlarni boshidan kechirmoqda. Murakkab pandemiya sharoitida ko'plab soha va tarmoqlar rivoji yo'lida jiddiy muammolar vujudga keldi. Ammo mana shunday qiyin vaziyatda ham iqtisodiyotimizning etakchi sohalaridan bo'lgan yo'l qurilishi xodimlari bunyodkorlik ishlaridan aslo to'xtab qolishmadi.
Ayniqsa, yo'lsozlarning say-harakatlari bilan pandemiya davrida ham keng va ravon yo'llar hamda yangi ko'priklarning barpo etilishi ham tadrijiy islohotlarning samarasi bo'lishi bilan birga, muborak dinimiz Islomda ham juda katta xayr-saxovat va savobli amallardan hisoblanadi.

Ma'lumki, inson vafot etganidan so'ng uning savob va gunoh amallari yoziladigan kitobi yopiladi. Ammo shunday savobli ishlar ham borki, ular mo'min-musulmon inson vafot etgandan keyin ham amallar kitobi yopilmasligiga, ayniqsa, savoblari uzluksiz yozilib turishiga, qabridagi hayoti ham chiroyli bo'lishiga asos bo'ladi. Mana shunday savobli ishlardan biri yo'l qurishdir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Inson vafot etsa uchta amalining savobidan boshqa hammasi to'xtaydi. Ular – sadaqai joriya, foydali ilm va ota-ona haqqiga duo qiladigan solih farzand”, - deb marhamat qildilar.
Sadaqai joriya – oqib turadigan, ya'ni savobi mo'minga nafaqat bu dunyoda balki, qabrda ham qiyomatda ham manfaat berib turadigan go'zal ishlar majmuasidir. Jumladan, jamiyat uchun o'ta manfaatli bo'lgan yo'llar va ko'priklarni qurish va ta'mirlash, maktab-madrasa va shifoxona kabilarni barpo etish ishlari ham ulamolarimiz tomonidan sadaqai joriya toifasidagi savobli ishlar, deb e'tirof etilgan.
Shuningdek, bugungi kunda ta'mirtalab yo'llarga shag'al to'kish, ularni asfal'tlash ishlari bilan shug'ullanib, imkoniyati darajasida va savob izlagan kishilar uchun g'animat amallardir. Chunki bu amallar orqali insonga shu yo'ldan o'tuvchilarning har biriga etgan foyda va qulayliklar sababli ajr-savoblar to'xtovsiz amallar kitobiga yozilib turaveradi.

Yo'llar ellarni-ellarga, manzillarni-manzillarga tutashtiruvchi muhim vositadir. Davlatimiz tomonidan yo'l qurilishi sohasiga qaratilayotgan jiddiy e'tibor hududlarni obodonlashtirish, yo'lovchi va haydovchilarga birdek qulaylik yaratish, odamlarning mushkuli oson, turmush darajasi esa yanada farovon bo'lishiga xizmat qiladi, albatta.
Akmalxon AHMYeDOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi
Pokistonning “Network News Pakistan” elektron nashri “O‘zbekiston turizmi o‘sish bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egalladi” sarlavhali axborot maqolani e’lon qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Unda Butunjahon sayohat va turizm kengashining (World Travel & Tourism Council – WTTC) “Sayohat va turizmning 2026 yilga qadar iqtisodiy ta’sirini o‘rganish” hisobotiga ko‘ra, 2025 yilda Markaziy Osiyo dunyoning eng tez rivojlanayotgan sayyohlik mintaqasiga aylangani ta’kidlangan.
“WTTC o‘z tadqiqotlarini dunyoni 13 ta yirik mintaqaga bo‘lgan holda olib boradi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo turizm sohasini rivojlantirishning bir nechta asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston bu ko‘rsatkichlarning barchasi bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida yetakchiga aylandi”, – deyilgan manbada.
Nashrda qayd etilishicha, 2025 yilda turizmning Markaziy Osiyo yalpi ichki mahsulotiga qo‘shgan umumiy hissasi 17,7 foizga, sohaning bevosita hissasi esa 19,6 foizga oshgan. Mintaqada turistik xizmatlar eksporti (visitor exports) yil davomida 26,4 foizga o‘sib, 9,9 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.
Mintaqadagi turistik xizmatlar eksporti umumiy hajmining deyarli yarmi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Jumladan, 2025 yilda O‘zbekistonga 4,8 milliard AQSH dollari miqdorida turistik xizmatlarni eksport qilgan. WTTC ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘ldi.
“Umuman olganda, bu ko‘rsatkichlar turizmning mintaqaviy xarakterga ega ekanini anglatadi. Markaziy Osiyo aholisi ko‘pincha o‘z mintaqasi ichida sayohat qiladi”, – deyiladi maqolada.
“Network News Pakistan” WTTC prognoziga tayanib yozishicha, 2036 yilga borib turizm sohasining Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga qo‘shadigan umumiy hissasi 29,7 milliard AQSH dollariga yetadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati