frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Bemazhablik soxta salafiylikning asosidir

13.01.2021   2865   8 min.
Bemazhablik soxta salafiylikning asosidir
Ba'zi  hozirgi yoshlar orasida shar'iy bilimlarni mukammal bilmaslik oqibatida, boshqalarga taqlid qilib yoki kimlarningdir gap so'zlariga uchib hanafiy mazhabidan kelgan  dalillarga gumon bilan qarab, inkor qilishgacha borishdi.  Bu aslida to'g'rimi?
Rasululloh solallohu alayhi vasallam hayotlik davrlarida sahobalar ichida qandaydir bir shar'iy tushunmagan masala chiqib qolsa, darxol u zotga murojaat qilib echimini topishar edi. Rasululloh solallohu alayhi vasallamning vafotlaridan so'ng sahobalar shar'iy savollar bo'yicha o'zlarinnig ichida mujtahid bo'lgan sahobalardan fatvo so'rardilar. Ibn Haldun  aytganlaridek: “Rasululloh alayhissalomning sahobalari ilmda bir-birlaridan farq qilar edilar. Ularning barchalari ham ahli fatvo bo'lmaganlar. Bu ish bilan faqat Qur'onning nosix va mansuxini, mutashobihini, muhkamini va boshqa ma'nolarini bilgan hofizi Qur'onlargina shug'ullanishgan. Chunki ular bu ilmni Nabiy solallohu alayhi vasallamdan yoki u zotning so'zlarini eshitgan, peshqadam bo'lgan sahobalardan olganlar. Shuning uchun ular “qorilar” deb atalgan”. 
Zero, sahobalar Rasululloh solallohu alayhi vasallamni ko'rib, u zotga vahiylar nozil bo'lishiga guvoh bo'lgan bo'lsalar-da, keyinchalik shariatda o'zlaricha amal qilishmagan, balki  o'zlaridan olimroq bo'lgan sahobalarga ergashgan. Chunki Alloh taolo “Nahl” surasi 43-oyatida aytadi:
 فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُون
“Bas, agar bilmasangiz, zikr ahlidan so'rang”.
Rasululloh sollallohu alayhi  vasallam faqih sahobalarini endigina Islom tarqala yotgan makonlarga yuborar edilar. Ular esa bu sahobaning ularga bergan har bitta fatvolariga, buyurgan amallari, ibodatlari, muomalotlari va halol-harom ishlaridan hammasiga unga ergashardilar. Ba'zan Kitob va Sunnatda dalili bo'lmagan ishlar bilan ro'baro' kelib qolishsa, unda faqih sahobaning o'zi ijtihod qilar va ijtihodidan kelib chiqib odamlarga fatvo berar, ular esa o'sha ishda unga taqlid qilar edilar. Bunga Payg'ambarimiz solallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Yamanga yuborganliklari haqidagi hadis dalil  bo'la oladi. Bundan tashqari, yana e'tiborli holat shuki, sahobalarning muftiylari hukmni zikr qilar ekan, fatvo so'rovchiga uning dalilini bayon qilib o'tirishmagan. Chunki shariat ilmidan bexabar bo'lgan avom uchun mujtahidning fatvosi xuddi mujtahid olim uchun Kitob va Sunnatdagi dalillar singaridir.
Tobe'inlar davrida esa ijtihod doirasi kengaydi, bu davrga kelib musulmonlar Rasululloh solallohu alayhi vasallamning sahobalari tutgan yo'lni tutdilar. Ya'ni o'zlarining  ichidagi mujtahidlariga ergashdi. 
Ibn Qayyum o'zlarining “A'lomul muvaqqi'iyn” kitoblarida shunday yozadilar: “Din, fiqh va ilm bu ummatga Abdulloh ibn Mas'ud, Zayd ibn Sobitning shogirdlari, Abdulloh ibn  Umar va Abdulloh ibn Abbosning shogirdlari orqali tarqaldi. Bas, odamlarning hammasi ana o'sha to'rt sahobalar orqali ilmli bo'ldilar. Madina ahlining ilmi   Zayd ibn Sobit va  Abdulloh ibn Umarning ashoblaridan, Makkaliklarning ilmi Abdulloh ibn Abbosning ashoblaridan, iroqliklarning ilmi esa Abdulloh ibn Mas'udning ashoblaridandir”.
Har bir zamonda xalifaning o'zi kimga muftiylikni topshirgan bo'lsa o'sha odamning ismini e'lon qildirar va yurtdagi hamma odamlarning diqqatini unga qaratar edi. Toki ular o'sha muftiylarga o'z savollarini bersinlar va diniy masalalarda ularga ergashsinlar. Ba'zida xalifa har-xil fatvolarni eshitib odamlar hayrat va iztirobga tushib qolmasliklari uchun o'zi tayinlagan kishidan boshqalarni fatvo berish bilan shug'ullanishdan qaytargan. 
Ibnul Imodning “Shazarot uz zahab” kitobida: “Makka bo'ylab fatvo berishlik Ato ibn Abu Raboh bilan Mujohidlarga belgilab berilgan edi. Halifaning jarchisi odamlar orasi da yurib ana shu ikkala imomlardan boshqa hech kim fatvo berish bilan shug'ullanmasin, deb jar solib chiqar edi.
Uzoq  zamonlar Makkaliklar mana shu ikkala imomning mazhabiga amal qildilar. Ato ham, Mujohid ham va ulardan boshqa imomlar ham xalifaning bu ishiga e'tiroz bildirmagan va hech birlari odamlarni aynan bitta imomning mazhabini ushlab olishdan qaytarmaganlar ham”.
Tobe'iynlar davrida ijtihodiy omillar sababli ikki asosiy mazhab – ray' va hadis  mazhabi o'zini namoyon qildi. Ra'y mazhabining Iroqdagi qutblaridan Alqama ibn Qays Naxa'iy, Masruq ibn Ajda' Hamadoniy, Ibrohim ibn Zayd Naxa'iy va Sa'id ibn Jubayrlardir. Iroq va uning yon-atrofidagi hamma kishilar hech bir qarshiliksiz ana shu mazhabga taqlid qilishar edi.
Hadis mazhabining Hijozdagi qutblaridan Sa'id ibn Musayyab Maxzumiy, Urva ibn Zubayr, Solim ibn Abdulloh ibn Umar, Sulaymon ibn Yasor va Abdulloh ibn Umarning mavlosi Nofe'lardir. Hijozliklar va Hijoz atrofidagi hamma odam hech bir qarshiliksiz mana shu mazhabga taqlid qilgan.
Ushbu ikkala maktabdan bir nechta mazhablar paydo bo'ldi. Barcha mazhablar ushbu to'rtta mazhabda jamlandi. Bular Hanafiy, Molikiy, Shofe'iy va Hanbaliydir.
Alloma Ibn Rajab rohimahulloh o'zlarining «To'rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya» deb nomlangan asarlarida «Ko'plab mazhablar orasidan aynan shu to'rt mazhabning saqlanib qolishi xuddi Qur'oni Karimning etti qiroatdan faqat bir qiroati saqlanib qolishiga   o'xshaydi», -deganlar.
Mazhab deyilganda, asrlar osha mo'min-musulmonlar Alloh taoloning va Rasululloh solallohu alayhi vasallamning sunnatlari asosida ijtihod qilib topilgan, musulmonlar ommasi ittifoq qilgan, oqibati  yomon bo'lishidan qo'rqilmaydigan, U Zotning roziligiga erishtiruvchi yo'ldir.
“Mazhab” so'zi arabcha so'z bo'lib “yo'l”, “yo'nalish” degan ma'nolarni bildiradi. Shar'iy   istilohda esa “biror diniy masala, muammo bo'yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo'lidir”. 
Mazhablar - go'yoki bir daryodan oqib kelayotgan  to'rt anhorga o'xshaydi. Ularning har birlari, o'z ijtihodlari bilan Janob Rasululloh solallohu alayhi vasallam olib kelgan shari'atdan hukmlar olishgan. Ularning bir masalada qarashlarining turlichaligi, ularni kelisha olmasliklaridan emas. Vaholanki, bu bilan shariatning barcha jabhasini qamrab olgan. Imom Molik rahimahulloh Madinada turib o'z mazhablarini shakllantirishda namozda qo'llarini ikki yonga tushirib o'qishlik dalilini quvvatlaganlar. Bu Imom Molikning bundan boshqa dalillari bo'lmagan, degani emas.
   Hanafiy mazhabi olimlari, namozda qo'lni kindik ostida bo'lishi to'g'risida o'z asarlarida, “Al-hidoya”, “Kanzu-daqoiq”, “Tabyinul-haqoiq”, “Al-bahrur-roiq”, “Fathul-qadir”, “Mabsut” kitoblarida ishonchli dalillarni keltirganlar. Hattoki, ko'zga ko'ringan tobe'inlardan Sufyon Savriy, ibn Rohavayh,  shofe'iylardan Abu Ishoq Marvaziy kabi olimlar, buni quvvatlashgan.  
Shuning uchun kim mazhabga ergashsa, xato qilmagan holda Qur'on va Sunnatga ergashgan bo'ladi. Alloh taolo barchamizni O'z yo'lidan adashtirmasin!
 
Jobir Elov
O'MI Buxoro viloyati vakili,
viloyat bosh imomi 
Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Botil da’vo: YURTIMIZ RAHBARLARI TOG‘UTMI?

22.08.2026   26871   4 min.
Botil da’vo: YURTIMIZ RAHBARLARI TOG‘UTMI?

Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?

“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.

“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.

“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?(Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.

Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.

Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.

Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.

Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.

Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.

Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.

Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.

Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA