Imom Ibn Javziy o'zining «Soydul xotir» kitobida talabalik davrining avvalida chekkan mashaqqatlari va o'sha qiyinchiliklarga qilgan go'zal sabri haqida shunday so'zlaydi: «Darhaqiqat, tolibi ilmlik lazzati ichida yurganimda qattiq qiyinchiliklarga duch kelganman. Ammo men o'rganishni istagan narsalar bu mushkulotlar oldida asaldan ham totli edi.
Har kimda bor ersa oliy bir istak,
Duch kelganin bari totlidir, demak.
Yoshligimda o'zim bilan birga qotgan non olib, hadis o'rganish uchun yo'lga chiqardim, so'ng Bag'doddagi Iso daryosining oldiga borib o'tirardim. Chunki bu qattiq nonni faqat suv bilangina eyish mumkin edi. Har bir luqmani og'zimga solgach, orqasidan suv ichardim. U paytda himmatim shu qadar ekanki, ko'zimga ilm olish lazzatidan boshqa narsa ko'rinmas edi. Buning samarasi o'laroq, men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari, hollari va odoblari, sahoba va tobeinlarning ahvoli haqida eng ko'p eshitgan odam bo'lib tanildim».
Yana so'zlarida davom etib shunday deydilar:
«Men bir fan bilan kifoyalanib qolmay, fiqh, hadis ham eshitar, zohidlarga ergashardim. Keyin lug'at ilmini ham o'rgandim. Rivoyat va mav'iza qilgan hech bir kishini tark qilmadim. Uzoq yurtdan biror kishi kelsa, yonida hozir bo'lar va undan ilmu fazilat o'rganar edim.
Hadis eshitish maqsadida ustozlarning yoniga borardim. Darsga kech qolmay deb yugurganimdan nafasim bo'g'zimga tiqilib qolardi. Na tongda, na kech kirganda yoyishga biron narsam bo'lmasdi. Lekin Alloh taolo hech qachon meni biron kishiga zor qilib qo'ymadi. Bu haqda so'zlayversam gap uzayib ketadi».
Shayx Abdulfattoh Abu G'udda rahmatullohi alayhning «Sahifalar» kitobidan
Shu yilning 27 yanvar kuni Misr Arab Respublikasining Qohira shahrida “Al-Azhar” majmuasi qoshidagi Imom Ash’ariy markazi tomonidan birinchi xalqaro ilmiy forum tashkil etildi.
Anjuman “Imom Ash’ariyning islomiy firqalarga oid fikriy yondashuvlari: aqidaviy ixtilofdan muloqot va mo‘tadillik sari” mavzusiga bag‘ishlanib, unda islom olamining yetuk ulamolari va tadqiqotchilari ishtirok etdi.
Forumda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti vakillari, jumladan, institut rektori Uyg‘un domla G‘afurov va “Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi katta o‘qituvchisi Faxriddin domla Mamanasirov faol qatnashdi.
Tadbir ochilish marosimida Al-Azhar va Imom Ash’ariy markazi rahbarlari, Misr muftiysi hamda xalqaro ilmiy muassasalar vakillari so‘zga chiqdi.
Mazkur forum islom olamida ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, ma’rifat orqali mo‘tadillikni targ‘ib etish va sof islom aqidasini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati