Turkiyadagi “Vaqf” xayriya jamg'armasi “Sovg'am Qur'on bo'lsin” shiori ostida dunyoning 80 ta davlatiga millionga yaqin Mushafi sharifni hadya tariqasida ulashdi.
Mamlakatdagi “Vaqf” xayriya jamg'armasi Vasiylik kengashi raisi o'rinbosari Ehsan Achik matbuotga bergan bayonotida bunday dedi: “Biz Qur'oni karim ma'nolarini 20 ta tilga tarjima qilingan nusxasini bosib chiqdik. 2015 yildan buyon davom etayotgan ushbu aktsiya doirasida Turkiya va boshqa 80 ga yaqin xorij mamlakatidagi ehtiyojmand kishilarga 977 101 dona Qur'oni karim kitobini etkazib berdik”.
Ma'lumot uchun, Qur'oni karim kitobining 645 ming 260 dona nusxasi xorijga, 331 ming 841 donasi esa Turkiya hududida tarqatilgan.
– Hayriya jamg'armamizning “Har bir uyga Qur'oni karimni kiritish” shiori doirasida xorij davlatlaridagi yog'och taxtalarga Qur'oni karim oyatlarini yozib yodlayotgan yuz minglab yoshlarning orzusini amalga oshirishga erishdik”, deydi Ehsan Achik.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Halqaro aloqalar bo'limi
Bugun, 20 noyabr kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining bir qudsiy hadis sharhiga bag‘ishlangan “Ey bandalarim...” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
An’anaga ko‘ra Qur’oni karim tilovati bilan boshlangan tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘ofurov, institutning “Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi mudiri Soatmurod Primov, shuningdek, boshqa o‘qituvchi va talabalar ishtirok etishdi.
Taqdimotda e’tirof etilganidek, mazkur salmoqli asar dinimizning ko‘pgina asoslari, hukmlari, odoblari, qalb ishi bilan bog‘liq nozik nuktalarni qamrab olgan.
Kitob nomiga asos bo‘lgan “Ey bandalarim...” deb boshlanuvchi uzun hadisda Alloh taolo bandalariga bir necha marta xitob qilib, zulmdan, zalolatdan uzoq bo‘lishga chorlaydi. Har nafasda O‘ziga muhtoj ekanimizni eslatadi. “Ey bandalarim! Bular sizning amallaringiz. Men ularni hisoblab qo‘yaman...” deya bizni ogoh etadi.
Qalb Xudoning nazargohi ekan, kitobda keltirilgan mana bu parcha har bir o‘quvchining o‘z qalbini yumshatib, poklab turishida dastur vazifasini o‘taydi:
Ibn Javziy rahmatullohi alayh "Soydul xotir" kitobida aytadi: “Bildimki, agar raqoiq (qalbni yumshatuvchi so‘zlar) va salafi solihlar hayotlariga nazar solish aralashmasa, fiqh va hadis eshitish bilan shug‘ullanishning o‘zi qalbni isloh qilishda yetarli bo‘lmaydi. Faqat halol va haromni bilishning o‘zi qalbni yumshatishda katta ta’sirga ega emas, balki raqoiq hadislar va salafi solihlarning qissalarini zikr etish qalbni yumshatadi”.
So‘zga chiqqanlar asarning ana shunday muhim masalalarni eslatishi bilan ham ahamiyatli ekanini ta’kidlashdi. Yakunda kitob yurtimiz mo‘min-musulmonlari uchun manfaatlarga boy bo‘lishini tilab duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati