Oyna – mening eng yaxshi do'stim. Chunki yig'lagan paytim u hech qachon kulmaydi.
Ch.Chaplin
***
Kimki, yolg'on so'zni birovga to'nkar,
O'z qora yuzini yog'ga bulaydi.
Ozgina yolg'on ham ulug' gunohdir,
Ozgina zahar ham halok qiladi.
Hazrati Alisher Navoiy
***
Allohga oltin to'la sandig'ing emas, iymon to'la qalbing muhim.
Sayyid Abror Umar
***
Har narsaning me'yori yaxshi. Odobning esa ortig'i.
Shams Tabriziy
***
Havoyi nafsiga ergashgan insonning yo'li azobli halokat bilan yakunlanadi.
Ko'rdimki, dunyoni yaxshi ko'rgan odamlarga shayton sulton bo'lar ekan.
Shayx Najmiddin Kubro
***
Muallim savol qildi:
– Bolalar, agar Alloh hammamizning jannatga kirishimizni istasa, nega bu dunyoga yubordi?
– Bir o'quvchi o'rnidan turib javob berdi:
– Muallim siz ham hammamizning a'lo baholar bilan sinfdan sinfga ko'chishimizni istaysiz, ammo nega imtihon qilasiz. Barchamizga birday besh baho qo'yib chiqmaysiz?!
***
Soxta mulozamat hiyonatdan darak beradi.
Tarix muhrlagan so'zlar
***
Fasod bir ilondir, boshin darhol ez,
Fasodchining ishi oxiri barbod.
Alloh fasodchini yomon ko'radi:
“Vallohu la yuhibbul fasad…”
“Hikmat yog'dulari” kitobidan
***
“Bas, albatta, har bir qiyinchilik bilan birga engillik bordir. Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga engillik bordir”.
Sharh surasi, 5-6 oyat
***
Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi
Bugun, 6 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Hasan Safarxoniyni qabul qildi.
Samimiy muloqot chog‘ida Homidjon domla Ishmatbekov yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Ikki xalqni yagona din va mushtarak qadriyatlar birlashtirib kelayotgani, so‘nggi yillarda o‘zaro hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi.
Uchrashuvda ilmiy-ma’rifiy va madaniy yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish ikki tomon uchun ham samarali bo‘lishi alohida ta’kidlandi.
O‘z navbatida, Hasan Safarxoniy O‘zbekistondagi barqaror taraqqiyotni yuqori baholab, mamlakatning musulmon olamidagi nufuzi ortib borayotganini e’tirof etdi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy sohada aloqalarni rivojlantirish, qo‘lyozmalarni qo‘shma tarzda tadqiq etish, Qur’oni karim ta’limi va tafsiri, haj va umra tadbirlarini tashkil etish hamda qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida mehmon samimiy qabul va esdalik sovg‘a uchun minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati