ABU YuSUF
U kishi mashhur sahobiy Sa'd ibn Habtaning avlodlaridan bo'lib, ismlari Yaqub ibn Ibrahim ibn Hunays ibn Sa'd al–Ansoriydir. 112-hijriyda tug'ildilar. O'spirinlik vaqtlaridan hadis rivoyat qilish bilan shug'ullandilar va hadislarni Hishom ibn Urva, Abu Ishoq ash-Shayboniy, Ato ibn Soib va ularning tabaqasidan bo'lgan kishilardan rivoyat qildilar. Fiqhni avval Ibn Abu Laylodan, so'ngra Abu Hanifadan oldilar. U kishi Abu Hanifaning eng katta shogirdi va eng yaxshi yordamchilari edilar. Abu Hanifa ham Abu Yusufga ta'lim berayotgan vaqtlarida ota-onalarining faqirliklari uchun u kishining ko'ngillarini ko'tarib turar edilar. Agar Abu Hanifa bo'lmaganlarida u kishi ta'lim ololmagan bo'lar edilar. Abu Yusuf ham faqih, ham olim, ham hofiz edilar. Talha ibn Muhammad "Tarixul quzot" nomli kitoblarida shunday deydilar: "Abu Yusuf o'z asrining eng kuchli faqihi edilar. Birorta ham kishi u zotni oldilariga tushgan emas. U kishi ilmda, hukmda, rayosatda va qadrda eng yuqori o'rinda edilar. Ishlari mashhur, fazilatlari zohir edi".
Ibn Abdulbar aytadilar: "Abu Yusuf bir eshitishda ellikta hadisni yodlab olar edilar, so'ngra o'rinlaridan turib, uni odamlarga yozdirar edilar. U kishi juda ko'p hadis yod olgan edilar, lekin u kishiga Abu Hanifaning ra'ylari juda ham singib ketgan edi”.
U kishi birinchi bo'lib o'z mazhablarida kitob yozdilar va ilmlarini er yuzining barcha joyida tarqatdilar. Abu Hanifaning mazhablarini qo'llab-quvvatlashda va uni abadiylashtirishda u kishi katta rol o'ynadilar. Darhaqiqat, u kishi Abbosiylar davlatining qozilarining qozisi mansabiga tayinlanganlaridan va davlatning barcha viloyatlariga qozi tayinlashlik huquqi u kishining qo'llariga berilganidan u kishi faqat hanafiy mazhabiga mansub kishilarnigina qozilik lavozimiga tayinlar edilar. Bu esa mazhabning tarqalishi va qo'llab-quvvatlanishi demakdir. U kishi birinchi bo'lib ushbu yuqori darajadagi mansabga ega bo'lgan kishidirlar. Abu Yusuf uchta xalifaning davrida qozilik qilganlar va qozilarni tayinlaganlar, ular: Mahdiy, Hodiy va u kishini juda ham hurmat qiladigan Horun ar-Rashiddir. Aytishlaricha Abu Yusuf birinchi bo'lib olimlar uchun xos libos tayin qilganlar, undan oldin olimlarning barchalari har xil kiyimda yurishar edi.
Abu Yusuf ijtihodda va fiqhda katta kuchga va nufuzga ega edilar. Bir kuni u kishidan ustozlari A'mash bir masala haqida so'ragan edilar, u kishi javob berdilar. Shunda u kishidan: "Sen bunga javobni qayerdan olding? - deb so'radilar. O'zingiz menga aytib bergan hadisingizdan, dedilar Abu Yusuf va hadisni yozib berdilar. Shunda ustozlari: "Men bu hadisni ota-onang bir-birlari bilan topishishlaridan oldin yodlagan edim, lekin buning ma'nosini mana endi tushuңdim”, dedilar. U kishini bilgan ilmlari orasida eng ulug'i fiqh edi. U kishi tafsirni, Rasulullohning g'azotlarini, arablarning kundalik hayotlarini va boshqa ilmlarni ham bilar edilar. Abu Hanifaning shogirdlarining ichida u kishiga o'xshagani bo'lgan emas.
Abu Yusuf Imom Molikning oldilariga borganlar. U kishi bilan ko'pgina masalalar ustida munozara qilganlaridan keyin, u kishidan ilm ola boshlaganlar. So'ngra Iroqqa qaytib kelganlar. U kishi Hijozliklarni ilmidan ko'pgina foyda olganlar. Abu Yusuf birinchi bo'lib, ikki mazhabni bir-biriga yaqinlashtirganlar va iroqliklar bilan hijozliklar o'rtalaridagi kelishmovchilikka chek qo'yganlar. Ahli hadislar u kishini muhaddislar qatoriga qo'shganlar va u kishiga tasannolar aytganlar. Ibn Ma'in aytadilar: “Ra'y egalari (ya'ni, o'sha vaqtda Iroq, Ko'fa va shu kabi shaharlarda yashagan, xususan Hanafiy mazhab olimlariga “ra'y egalari” deyilar edi) orasida Abu Yusufdan ko'ra ko'proq hadis yodlagan va aytgan hadisiga ishonsa bo'ladigan kishi yo'q”. Yana shunday deganlar: “Abu Yusuf hadis egasi va sunnat egasidir”. Ibn Ma'in, Ahmad ibn Hanbal va Aliy ibn Madiniy Abu Yusufni hadis borasida “siqa” (ishonchli kishi) ekanliklariga ittifoq qilishgan. Ibn Jarir Tabariy aytadilar “Abu Yusuf ra'yga berilganliklari bilan bir qatorda qozilik mansabida o'tirganliklari uchun bir toifa kishilar u kishining hadislarini olishmas edi”
U kishi 166 hijriyda qozilikka saylandilar va 183 hijriyda vafot etganlar. To vafotlariga qadar shu mansabda turdilar. U kishining yozgan kitoblaridan faqatgina “Hiroj” risolasi qolgan.
Muhammad ibn Hasan Ash-Shayboniy
U kishi Muhammad Ibn Hasan ibn Farqad Ash-Shayboniydirlar. Abu Hasan aslida Shomdan bo'lib, Iroqqa ko'chib kelgan. U erda 131 hijriyda Vosit degan joyda Muhammad dunyoga keldilar va Ko'fada o'sib ulg'aydilar. U erda hadis ilmini o'rgandilar va hadislarni Mas'ar, Molik, Avzo'iy va Sauriylardan tingladilar. Abu Hanifaga shogird bo'ldilar va fiqhni u kishidan o'rgandilar. Abu Hanifa bilan ko'p vaqt birga bo'la olmadilar, chunki Abu Hanifa u kishi endigina ilm ola boshlaganlarida vafot qildilar. So'ngra ilmni Abu Yusufdan oldilar. U kishi aql va zakovat sohibi edilar. Shuning uchun ilmda yuqori martabalarga erishdilar. Hattoki Abu Yusuf hayotlik davrlaridayoq Hanafiy mazhabidagi kishilar u kishiga murojaat qiladigan bo'lishdi. Oqibatda ikkovlari o'rtasida kelishmovchilik paydo bo'ldi. Kelishmovchilik Abu Yusuf vafot qilgunlaricha davom etdi.
Muhammad Madinaga ham borganlar. U erda Imom Molikdan dars olganlar. Muvattoda ularning xos rivoyatlari ham bor. Bag'dodda Shofe'iy bilan uchrashdilar va u kishining kitoblarini o'qidilar. U kishi bilan ko'pgina masalalarda munozara qildilar. Shofe'iyning kitoblarida o'rtalarida bo'lib o'tgan qimmatli munozaralar bayon qilingan. Imom Muhammadning Molik bilan uchrashganlari va Shofe'iy bilan bo'lib o'tgan munozaralari u kishining ijtihodlariga va hukmlarni istinbot qilib olishlariga sezilarli darajada ta'sir qildi.
U kishi odamlar orasida Allohning kitobini eng bilimdoni, arab ilmlari va hisob ilmining mohiri edilar. Abu Ubayd aytadilar: “Men Allohning kitobi bo'yicha Muhammad ibn Hasandan ko'ra bilimdonroq kishini ko'rmadim”. Shofe'iy aytadilar: “Men Muhammaddan bitta tuyaga yuk bo'ladigan ilm oldim va bu kishichalik engil harakat qiladigan semiz kishini ko'rmadim. U o'z kitoblari orqali Abu Hanifaning ilmini tarqatgan kishidir”. Imom Ahmadga: “Bu aniq masalalarni siz qayerdan oldingiz?” – deb so'rashganda, u kishi: “Muhammadning kitoblaridan”, deb javob berdilar.
U kishidan ilm olib faqih bo'lib etishganlardan: Abu Hafs Kabir, Abu Sulaymon Juzjoniy, Muso ibn Nosir Roziy, Muhammad ibn Sammo'a, Iso ibn Abon, Muhammad ibn Muqotil va boshqalardir. U kishining yozgan kitoblari juda ko'p bo'lib, ularning soni to'qqiz yuz to'qsontagacha etadi va ularning barchasi diniy ilmlar haqidadir. Hanafiylar mazhabda Muhammad ibn Hasanning kitoblariga suyanadilar. Horun ar-Rashid u kishini qozilikka tayinlaganlar va u kishi bilan Hurosonga birga safar ham qilganlar. U kishi 189 hijriyda Ray shahrida vafot etganlar va o'sha erda dafn qilinganlar.
ABU HANIFANING ShOGIRDLARINI U KIShINING FIQHIGA KO'RSATGAN TA_''SIRLARI
Yuqorida nomlari zikr qilingan kishilar Abu Hanifaning mazhablarini tarqatgan, u kishining aytgan gaplarini kitoblarga bitgan va u kishiga juda ham ko'p ko'mak bergan kishilardir. Ular fiqh masalalarini tuzishda va ularga javob berishda katta mavqe' egallaganlar. Ular Abu Hanifaga nisbatan taqlid qiluvchi bo'lmaganlar, balki u kishining o'quvchilari bo'lganlar. Shu bilan birga ular mustaqil tarzda fatvo yozganlar. Ular Abu Hanifa bergan fatvo bilan to'xtab qolmaganlar, balki ba'zi holatlarda u kishining fatvolariga xilof tarzda ham fatvolar berishgan. Abu Yusuf va Imom Muhammad Hijoz imomlaridagi ba'zi rivoyatlardan ogoh bo'lganlaridan keyin Abu Hanifaning ko'pgina ra'ylaridan qaytdilar. Ular Abu Hanifaga ergashgan mujtahidlardir. Chunki ular ijtihodda va fatvo berishda Abu Hanifa yurgan yo'ldan yurdilar va u kishining qoidalariga suyandilar.
Abu Yusuf va Muhammadning Abu Hanifaga bo'lgan nisbati Shofe'iyning Molikka yoki Ibn Hanbalning Shofe'iyga bo'lgan nisbatiga o'xshash emas. Chunki to'rt imomning har birlarini istinbot qilishda o'z yo'l yo'riqlari bor, bu yo'l-yo'riqlar bir-biridan farq qiladi. Bu imomlarning birlari ikkinchilarining yo'lini tutgan emaslar. Bunga sabab ularning har birlarini asarni o'z ijtihodlari ila tushunishlaridir. Oqibatda birlari qiyosni olsalar, ikkinchilari istehsonni oladilar, uchinchilari nazdida asar kuchliroq bo'lishi mumkin va hakazo.
Ammo, Abu Yusuf va Muhammad esa, Abu Hanifaning yo'llarini mahkam tutganlar. Albatta, ba'zi far'iy masalalarda u kishiga xilofan fatvo bergan joylari ham mavjud.
HANAFIY MAZHABIDAGI FIQH MASALALARI
Hanafiy mazhabidagi fiqh masalalari uch qismga bo'linadi:
Birinchi qism – asliy masalalar. Ular rivoyatlarning zohiri deb nomlanadigan masalalardir. Bular Abu Hanifadan va u kishining shogirdlari, masalan, Abu Yusuf, Muhammad, Zufar va boshqa kishilardan rivoyat qilingan masalalardir. Lekin bu masalalarning aksari Abu Hanifa va u kishining ikki shogirdi Abu Yusuf va Muhammad yoki ikkalaridan birlarining gaplaridan iboratdir. Abu Hanifaning shogirdlaridan birlari bo'lmish Muhammad ibn Hasan Asliy masalalarni “Rivoyatlarning zohiri”, deb nomlanmish oltita kitobga jam qilganlar.
Ikkinchi qism – nodir masalalar. Ular “Rivoyatlarning zohiri” kitobida keltirilmagan Abu Hanifadan va u kishining shogirdlaridan rivoyat qilingan masalalaridir.
Uchinchi qism – Fatvolar. Ular mutaaxxir Hanafiy mujtahidlarining Abu Hanifa va u kishining shogirdlaridan rivoyat qilinmagan masalalarda o'z mazhablaridan kelib chiqqan holatda bergan fatvolaridir. Hanafiy mazhabi bo'yicha tanilgan birinchi fatvo kitobi Abu Lays Samarqandiyning “Kitobun-navozil” kitobidir.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
raisining birinchi o'rinbosari
Homidjon Ishmatbekov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qur’oni Karimning uchinchi surasi Oli Imron bo‘lib, u Madinada nozil bo‘lgan, ikki yuz oyatdan iborat. Sura Oli Imron deb nomlanishiga sabab unda Imron va uning sharafli oilasi haqidagi qissa kelgan. Oli Imron – «Imronning oilasi» deganidir. Imron – Maryamning otasi (Iso alayhissalomning bobosi)dir.
Qur’oni Karim sura va oyatlari mavzu jihatidan uchga bo‘linadi: tavhid – Allohning yagona ilohligi, shariat hukmlari va tarixiy qissalar. Bu surada barcha mavzular bayon qilinadi.
Sura avvalida Alloh taolodan o‘zga iloh yo‘qligi, U abadiy tirik va qayyum zotligi zikr qilinib, Qur’oni Karimni haqiqatan o‘zidan oldingi ilohiy kitoblarni tasdiqlovchi kitob etib nozil qilingani, osmonlaru yerdagi barcha narsalar Allohning mulki ekanligi va ularning harakati yaratganning iznida ekanligi bayon qilinadi.
Surada dinning asoslaridan bo‘lgan aqida masalasiga alohida urg‘u berilib, Allohning birligi va yagona iloh ekanligiga, farishtalariga, payg‘ambarlar va ularga yuborilgan kitoblarga iymon keltirish, Allohning o‘zigagina ibodat qilish lozimligi, Allohning haq dinidan boshqa din yo‘qligi, kim islom dinidan o‘zga dinni tanlasa, uning qilgan barcha amal va ibodatlari qabul qilinmasligi, oxiratda esa ziyon ko‘ruvchilardan bo‘lishi aytiladi.
Surada Alloh taolo “Hammangiz Allohning arqoni (Qur’oni)ni mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang...” kabi oyatlari orqali mumulmonlarga Qur’oni karimni mahkam tutishni, unga amal qilishni, sabrli va bag‘rikeng bo‘lishni, barchani yaxshilikka buyurib yomonlikdan qaytarishni, yaxshilik yo‘lida birlashishni, turli firqalarga bo‘linmaslik va ixtiloflarga sababchi bo‘lmaslikni amr qiladi. Allohning bergan ne’matlarini doimo yodda tutish va Unga shukr qilish zarurligini, osmonlar va yerdagi yaratilgan narsalarni ko‘rib tafakkur qilishlikni ta’lim beradi.
Ushbu surada odamlarga ayollar, farzandlar, uyum-uyum oltin-kumushlar, saman otlar, chorva mollari, ekinlar, umuman dunyoga nisbatan mehr qo‘yish ziynatli qilib qo‘yilgani, aslida bular dunyo hayotining o‘tkinchi matohi ekanligi, Allohning huzurida esa bundanda chiroyli joy - jannat borligi, taqvodorlar uchun Allohning huzurida ostidan anhorlar oqib turadigan, abadiy yashaladigan jannat bog‘lari, pok juftlar va Alloh tarafidan rizolik kabi ulkan mukofotlar borligi bayon qilinadi.
Shuningdek, surada Alloh taolo taqvodorlarni shunday sifatlar bilan madh etadi: «Ular farovonlik va tanglik kunlarida ham xayr-cadaqa qiladigan, g‘azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar» (134-oyat).
«Ular turib ham, o‘tirib ham, yotib ham Allohni zikr etadilar va osmonlaru yerning yaratilishi haqida fikr yuritadilar (va duo qiladilar:) «Ey, Rabbimiz! Bu (koinot)ni behuda yaratmagansan. Sen (ayblardan) pok zotdirsan. Bas, bizni do‘zax azobidan saqlagin!» (191-oyat).
Ushbu surada osmonlaru yerdagi bor narsalar Alloh taoloning mulki ekanligini bir necha bor takrorlab, O‘zi xohlagan kishiga mulk berishi, hohlagan kishidan mulkni tortib olishi, O‘zi hohlagan kishini hidoyatga boshlab mag‘firat qilishi, xohlagan kishini zolimlardan qilib jazolashini bayon qilib, kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan do‘zax azobidan panoh so‘rashlikni ta’kidlaydi va bizga chiroyli duolar qilishni o‘z oyatlari ila o‘rgatadi:
«Ey, Rabbimiz, bizni hidoyat yo‘liga solganingdan keyin dillarimizni (to‘g‘ri yo‘ldan) og‘dirma va bizga huzuringdan rahmat ato et! Albatta, Sen Vahhob (barcha ne’matlarni tekin ato etuvchi)dirsan» (8-oyat).
«Ey, Robbimiz, bizlar Senga imon keltirganmiz, bizning gunohlarimizni kechir va bizni do‘zax azobidan asra!» (16-oyat).
«Ey, Rabbimiz! Biz «Rabbingizga imon keltiring!» deb, imonga chorlagan jarchi (Muhammad)ni eshitdik va darhol unga imon keltirdik. Ey, Rabbimiz! Bizning gunohlarimizni kechir, xatolarimizni o‘chir va bizlarni solih kishilar qatorida vafot ettir!» (193-oyat).
Surada Imron oilasi haqidagi qissa shunday keltiriladi:
Imron Bani Isroil qavmi ichida eng obro‘li va taqvodor kishilardan biri bo‘lgan. Uning xotini Hanna ham taqvodor va ibodatgo‘y ayol bo‘lib Alloh taolodan doimo farzand berishini so‘rab duo va iltijolar qilardi. Alloh taolo ularga farzand ne’matini bergach, u homiladorlik vaqtida: «Ey, Rabbim, men qornimdagi homilani dunyo ishlaridan ozod etib, Senga nazr qildim, nazrimni qabul ayla! Albatta sen eshitguvchi, bilguvchisan», deb duo qiladi. Chaqaloq tug‘ilgach: «Parvardigor, men qiz tug‘dim, unga Maryam deb ism qo‘ydim. Men Sendan bu qiz va uning zurriyotiga dargohingdan quvilgan shaytonning yomonligidan panoh berishingni so‘rayman», deb duo qiladi.
Hanna Maryamni ibodatxonaga olib borib beradi va uni tarbiyalash uchun o‘sha ibodatxona rohiblaridan biri bo‘lgan Zakariyo payg‘ambarga topshiradi. Zakariyo Maryam tarbiyasini o‘z zimmasiga oladi, ibodatxonada alohida maxsus joy tayyorlab beradi va xabar olish uchun uning oldiga tez-tez kelib turadi. Zakariyo har safar Maryamning xonasiga kirganda, Maryam oldida qishda yoz mevalarini, yozda qishda bo‘ladigan noz-ne’matlarni ko‘rar edi. Zakariyo: «Ey, Maryam, bu narsalar senga qayoqdan keldi?» – deb so‘rasa, Maryam: «Bular Alloh huzuridan. Albatta, Alloh O‘zi xohlagan kishilarga behisob rizq berur», – deb javob berar edi.
Zakariyo Maryam hayotidagi mo‘jizalarni ko‘rib Alloh taologa duo qilib dedi: «Parvardigorim, menga ham o‘z huzuringdan pokiza zurriyot - farzand hadya etgin! Albatta sen duo-iltijolarimni eshitguvchisan». Alloh taolo uning duosini ijobat qildi. Zakariyo va xotini keksa bo‘lishiga qaramasdan Alloh taolo ularga Yahyo ismli solih payg‘ambarni o‘g‘il qilib berdi. Yahyo alayhissalom o‘z xalqini hidoyatga chorlovchi payg‘ambarlardan biri bo‘ldi.
Maryam Alloh taologa juda ko‘p ibodat qilar edi. Shu sababdan ham Alloh taolo uni ayollarning eng afzallaridan biri qilib tanlab oldi va unga Iso Masix ibni Maryam ismli solih payg‘ambarni o‘g‘il qilib berdi.
Shuningdek, surada Iso alayhissalomning Maryam onamizdan Allohning amri bilan otasiz dunyoga kelishi, Maryam onamizning pokligini isbotlash uchun u odamlarga go‘daklik chog‘ida gapirib guvohlik berishi, Alloh taolo izni bilan o‘liklarni tiriltirishi, loydan qush yasab unga dam ursa qushga jon kirib uchib ketishi, tug‘ma ko‘r odamni ko‘zini silasa ko‘rishi, pes kasalligini tuzatishi kabi mo‘jizalarni berilgani keltiriladi. Alloh taolo Iso alayhissalomga yozishni, ilmu-hikmatni, Tavrot va Injilni ta’lim bergani keltiriladi.
Ushbu surada ahli kitoblarning nasoro toifasi haqida keng so‘z yuritilib, ularning Maryam onamiz va Iso alayhissalom haqidagi noto‘g‘ri aqiydasi va gumonlariga raddiyalar beriladi. Ular muqaddas iloh emas, balki Alloh taolo makarram qilib yaratgan bandalaridan biri ekanligini ta’kidlaydi.
Shuningdek, Surada hijratning ikkinchi yilida bo‘lib o‘tgan Badr jangi, uchinchi yilidagi Uhud jangi va undan keyingi davrdagi musulmonlar hayotidan lavhalar keltirilib, ushbu voqealarga munosabat bildiriladi hamda hukmlar bayon qilinadi.
“Badr” Madina shahrining janubi-g‘arbiy hududidagi joy nomi bo‘lib, hijratning ikkinchi yili Makka mushriklari bilan musulmonlar o‘rtasida jang bo‘lgan. Badr jangida mushriklar soni mingga yaqin bo‘lgan, musulmonlar soni esa uch yuzdan ortiq bo‘lishiga qaramasdan Alloh taolo ularga nusrat berib mushriklar ustidan g‘alaba qozonadi.
Uhud jangida dastlab g‘alaba musulmonlar tomonda bo‘ladi, ammo jang yakuniga yetay deganda kamonchi musulmonlar payg‘ambar alayhissalom buyrug‘iga itoat etmay o‘lja ilinjida jang oxirigacha turishi lozim bo‘lgan joylarini tark etadi. Ushbu bo‘sh qolgan joydan otliq mushriklar kirib kelib musulmonlarni qurshovga oladi, ularga katta talofat yetkazib mag‘lub etishadi. Ushbu qissalardan ibrat olgan holda Alloh taologa ibodat qilish va uning payg‘ambari Muhammad alayhissalomga ergashish faqat yaxshiliklarga erishishimizga sabab bo‘lishi, aksincha, ularga itoat etmaslik dunyo va oxirat azoblariga duchor bo‘lishimizdan ogohlantiradi.
Ushbu sura fazilati haqida hadislarda quyidagilar bayon etilgan:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qur’on o‘qinglar. Chunki u qiyomat kuni o‘z ahliga shafoatchi bo‘ladi. Ikki yorituvchi nur – Baqara bilan Oli Imron surasini o‘qinglar. Ikkisi qiyomat kuni ikki bulut (ikki soyabon) yoki bir guruh qushlar shaklida kelib sohiblari hojatini chiqaradi (yoki soyasiga oladi). Baqara surasini o‘qinglar. Uni olish (o‘qish, yod olish, amal qilish) baraka, tark etish hasratdir. Unga sehrgarlar qodir bo‘la olmaydi», deganlar (Imom Muslim, Imom Dorimiy, Imom Ahmad, Imom Hokim, Imom Ibn Hibbon rivoyati).
Ulamolar tavsiyasiga ko‘ra, mana shu ikki surani o‘qish va unga amal qilishdan hosil bo‘ladigan ajr-savob qiyomat kuni bulut shaklida kelib bandaga soyabon bo‘ladi va jannatga kirishiga sabab bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim juma kuni Oli Imron surasini o‘qisa, Alloh va farishtalari kun botgunicha unga salavot aytadilar», deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Yazid ibn Asvad aytadilar: «Kim kunduzi Baqara va Oli Imron surasini o‘qisa, kech kirguncha nifoqdan salomat bo‘ladi. Kim ularni kechasi o‘qisa, tong otguncha nifoqdan saqlanadi» (Sa’iyd ibn Mansur, Bayhaqiy va Abu Ubayd rivoyati).
Ka’b ibn Molikdan rivoyat qilinadi: «Kim Baqara va Oli Imron suralarini o‘qisa, ikkisi qiyomat kuni kelib: «Parvardigoro, bu banda uchun azob-uqubatga yo‘l yo‘q!» deydi.
Oisha onamizdan rivoyat qilinadi: «Kim yettita uzun suralarni yodlasa, u olimdir» (Imom Ahmad va imom Hokim rivoyati).
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallahu anhudan rivoyat qilinadi: «Kim Oli Imron surasini o‘qisa u boydir» (Dorimiy va Abu Ubayd rivoyati).
«Kim Oli Imron surasining 190-200 oyatlarini kechqurun o‘qisa, ushbu oyatlarni tafakkur va tadabbur qilsa, unga butun tunni ibodat bilan o‘tkazganlik savobi beriladi» (Dorimiy rivoyati).
Qur’oni karim taqvodorlar uchun hidoyat va nasihat manbayidir. Uni o‘rgangan inson ilm bilan boyiydi, go‘zal xulq bilan ziynatlanadi, Allohning maxluqotlarini ko‘rib tafakkur qiladi, behisob berilgan ne’matlarga shukr qiladi. Ushbu surani o‘qish, tafsirini o‘rganish, uning oyatlari ma’nosini tafakkur va tadabbur qilish, unga ixlos bilan amal qilish hamda suraning ulug‘ fazilatlariga ega bo‘lishni Alloh taolo barchamizga nasib qilsin.
“Tafsiri hilol”, “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri”
va boshqa manabalar asosida Dilshodjon MAMADALIYEV tayyorladi.