Dog'istonlik muslima ayol Maryam Sharipova g'ayrioddiy qo'g'irchoq kashf qildi. Uni “muslima” deb nomladi. U noyob “qobiliyat”li bo'lib, kichkina do'stiga ismini aytib murojaat qiladi, Qur'on suralarini o'qiydi, Allohning go'zal ismlarini aytadi va besh vaqt namozni o'rgatadi.
Kashfiyotchi ushbu qo'g'irchoqlar farzandiga ibodat qilish yo Qur'on oyatlarini to'g'ri talaffuz qilishni o'rgatolmaydigan onalarga yordamchi bo'lishini ma'lum qildi, hozirda har oy 100 tadan 150 tagacha qo'g'irchoq ishlab chiqarilayotgani, keyinroq 500 ga etkazish reja qilinganini aytdi.
Maryam Sharipova: “Avvalo, qo'g'irchoqlar orqali o'z qizaloqlarim qalbiga an'anaviy xalq kiyimlariga bo'lgan muhabbatni singdirmoqchi edim... Hozir, ishlar yaxshi ketmoqda. Qo'g'irchoqlar anchadan buyon Yevropa, AQSh va Avstraliyada sotilmoqda. Kelgusida Shimoliy Kavkazning barcha tillarida gaplashadigan qo'g'irchoqlarni ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz”.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Halqaro aloqalar bo'limi
Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.
Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.
Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.
Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi
“Miryoqubboy Mirhakimboy”
jome masjidi imom xatibi