— Do'kondan biror narsani qo'lga olib ko'rayotganda tushib ketib, sinsa yoki buzilsa, shariatda buning javobi qanday?
— Agar xaridor biror narsani sotib olishga kelishmasdan oldin beparvolik, ehtiyotsizlik qilib, biror narsani sindirib qo'ysa yoki ochib ko'rishda qo'pollik qilib, buzib qo'ysa, to'laydi. Buning nomini fiqhda “taaddiy” deyiladi. Agar ehtiyotkorlik bilan ushlasa, ko'rsa, ochib ko'rishda qo'pollik qilmasa, shunda ham sinsa yoki buzilsa, to'lamaydi.
Agar sotuvchi narxni aytgandan so'ng oluvchi rozi bo'lsa, keyin xaridor qo'liga olib ko'rayotgan vaqtda tushib ketib, sinsa yoki biror nuqson etsa bunday holatda xaridor to'laydi.
Shuningdek, xaridor sotib olmoqchi bo'lib, narxini kelishmasidan oldin ko'rishga ijozat so'rab, qo'liga oldi yoki sotuvchi narxni aytdi-yu, lekin xaridor rozi bo'lgani yo'q. Haridor ko'rayotgan vaqtida uning beparvoligisiz yoki qo'polligisiz u narsa tushib ketsa yoki buzilib qolsa, xaridor to'lamaydi. Chunki bu vaqtda u narsa uning qo'lida omonat bo'ladi. Omonatlar taaddiysiz (beparvolik, ehtiyotsizlik, noto'g'ri iste'mol qilish, tajovuz) to'latilmaydi.
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Hayotning bo‘ronli kunlariyu o‘tkir tig‘li hanjarlari unga ozor berishiga qaramay Allohning qadari va irodasiga rozi bo‘lib uyquga ketgan, mahzunlik uning qalbiga kirishga yo‘l topa olmayotgan, ko‘z yoshlar esa ko‘ziga hech o‘rnasha olmayotgan va farzandi, suyukli insonlari, ota-onasi yoki do‘stlarini yo‘qotgan barcha insonlarga aytar gapimiz: Alloh ajringizni ulkan qilib bersin! Darajangizni oliy qilsin! Siniqligingiz o‘rnini O‘zi to‘ldirib bersin! U zot bunday marhamat qiladi:
﴿وَاسْتَعِينُوا بِالصَّبْرِ وَالصَّلَاةِ وَإِنَّهَا لَكَبِيرَةٌ إِلَّا عَلَى الْخَاشِعِينَ﴾
“Sabr va namoz ila yordam so‘rang. Va, albatta, u nafsi siniqlardan boshqalarga juda katta ishdir” (Baqara surasi, 45-oyat).
Hazrati Aliy roziyallohu anhu aytadilar: “Sabrning iymondagi o‘rni boshning jismdagi o‘rni kabidir”. Shuning uchun siz sabringiz evaziga beriladigan mukofot – Firdavs jannatini qo‘lga kiritishingiz sizga xushxabar bo‘lsin! Tez orada siz har qanday holatda ham muvaffaqiyat qozongan inson ekaningizni bilasiz. Chunki Alloh taolo O‘zining Payg‘ambariga bunday deydi:
﴿وَبَشِّرِ الصَّابِرِينَ﴾
“Va sabrlilarga bashorat ber” (Baqara surasi, 155-oyat).
Shu’la: O‘zingizga bo‘lgan ishonch umringiz qanday bo‘lishidan qat’iy nazar sizga yangi g‘oyalar ijod etishingiz va o‘z kasbingizda yangi marralarni zabt etishingizga yordam beradi.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan