Ba'zilar dinni faqatgina badaniy ibodatdan iborat deb o'ylashadi. Holbuki, din ilm va ibodatdir. Ilmsiz din falokatdir.
O'ylab ko'ring, bir paytlar shunday kishilar chiqdiki, sahobalar ularning qilgan amallari oldida o'z amallarini oz hisoblab qolishdi. Ammo u kishilarda ibodat bo'lsada anglash yo'q edi, fiqh yo'q edi, ilm yo'q edi. Oqibat shu bo'ldiki, ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so'ng bashariyatning eng gultojlari bo'lgan sahobalar roziyallohu anhumga qarshi qilich ko'tarishdi.
Imom Molik rohimahulloh aytadilar: “Bir qavm ibodatni istashdi, ilmni zoye qilishdi. Oqibatda Muhammad alayhissalomning ummatiga qilich yalang'ochlab qarshi chiqishdi. Agar ular ilm olishganida ilm ularni bundan to'sgan bo'lar edi!”.
Hasan Basriy rohimahulloh aytadilar: “Ilmsiz amal qiladigan kishi islohdan ko'ra ko'proq fasod qiladi. Ilmni shunday talab qilingki, ibodatga zarar etmasin. Ibodatni shunday qilingki, ilmga zarar etmasin!”.
Ibodatning ko'pi ilmdan behojat qilmaydi. Din va dunyoni tushunish albatta ilmdadir!
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Olimning obiddan afzalligi xuddi to'lin oyning boshqa yulduzlardan afzalligi kabidir”, deydilar.
Bugun ham musulmon ummatini qoni to'kilishida dinsizlar bilan bir qatorda ilmsiz musulmonlarning, aqidasi buzuq obidlarning ham yaxshigina hissasi bor. Zero, bir musulmonning nohaqdan qoni to'kilganidan, Alloh uchun bu dunyoning yo'q bo'lib ketishi engilroqdir!
Abdulqodir Polvonov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Agar Alloh rahmli bo‘lsa… nega (jahannam)ni yaratgan?!
“Qanday qilib Alloh bizga rahm qiladi… keyin esa bizni jahannamda azoblaydi?!”.
Doktor Mustafo Mahmudning javobi ateist kishining qalbini larzaga soldi: “Alloh jahannamni sizni azoblash uchun yaratmagan, balki uni bu olamdagi zulm, yovuzlik va kibr bilan “chirib ketgan” nafslar uchun go‘yo bir “axlat qutisi” sifatida yaratgan!”.
Shuning uchun, u shunchaki jazo emas, balki zaruratdir?
Aslida do‘zaxning borligi Allohning rahmatini komilligidan: “Mazlumga rahm zolimni yo‘q qilinishidadir, – haqqa rahm – botilga o‘z joyini ko‘rsatib qo‘yilishidadir”.
Jahannam – jannatga loyiq bo‘lmagan barcha narsalarning joyidir. U – borliqni “ifloslantirgan” nafslardan poklaydigan manzildir. Bu – muhabbat va tinchlik mantig‘ini rad etgan qalblarning boradigan manzilidir.
Xulosa: Alloh insonlarga zulm qilmaydi. Balki insonlar o‘z amallari bilan o‘zlari uchun “jahannam”ni yaratadilar. Jahannam – inson o‘zi ixtiyor qilgan yo‘lning “oyna”dagi aksidir.
Alloh taolo ushbu mutlaq adolatni bunday ifoda qiladi:
أَفَنَجْعَلُ ٱلْمُسْلِمِينَ كَٱلْمُجْرِمِينَ مَا لَكُمْ كَيْفَ تَحْكُمُونَ
“Musulmonlarni jinoyatkorlarga o‘xshatib qo‘yarmidik?! Sizlarga nima bo‘ldi, qanday hukm chiqaryapsizlar?!” (Qalam surasi, 35–36-oyatlar).
“Ateist do‘stim bilan muloqot” kitobidan
Doktor Mustafo Mahmud rahimahulloh