عن جابر بن عبدالله يقول جاءت ملائكة إلى النبي صلى الله عليه و سلم وهو نائم فقال بعضهم إنه نائم وقال بعضهم إن العين نائمة والقلب يقظان فقالوا إن لصاحبكم هذا مثلا فاضربوا له مثلا فقال بعضهم إنه نائم وقال بعضهم إن العين نائمة والقلب يقظان فقالوا مثله كمثل رجل بنى دارا وجعل فيها مأدبة وبعث داعيا فمن أجاب الداعي دخل الدار وأكل من المأدبة ومن لم يجب الداعي لم يدخل الدار ولم يأكل من المأدبة فقالوا أولوها له يفقهها فقال بعضهم إنه نائم وقال بعضهم إن العين نائمة والقلب يقظان فقالوا فالدار الجنة والداعي محمد صلى الله عليه و سلم فمن أطاع محمدا صلى الله عليه و سلم فقد أطاع الله ومن عصى محمدا صلى الله عليه و سلم فقد عصى الله ومحمد صلى الله عليه و سلم فرق بين الناس
رواه البخاري
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam uxlab yotgan chog'larida u zotning huzurlariga farishtalar keldilar. Ularning ba'zilari: “U uyqudaku?!” deyishdi. Ba'zilari esa: “Ko'zi uyquda-yu, qalbi uyg'oq”, dedilar. Ular: “Bu sohibingiz uchun masal (oliy namuna) bor. Bunga uni keltiringlar”, dedilar. Ularning ba'zilari: “U uyqudaku?!”, deyishdi. Ba'zilari esa: “Ko'zi uyquda-yu, qalbi uyg'oq”, dedilar. Bas, ular aytdilarki: “Uning misoli bir hovli qurib, u erga dasturxon tuzagan va unga odamlarni chaqirish uchun chaqiruvchini yuborgan kishiga o'xshaydi. Bas, kimdir chaqiruvchiga ijobat qilib hovliga kiradi va u bilan birgalikda dasturxondan tanovul qiladi. Va kimdir chaqiruvchiga ijobat qilmay, hovliga kirmaydi va dasturxondan tanovul qilmaydi.” Bas, ular yana dedilar: “Bu o'xshatishlikni yaxshiroq tushunishi uchun unga ochiqroq izohlab beringlar”. Ba'zilari: “U uyqudaku?”, deyishdi. Yana ba'zilari: “Albatta, ko'zlari uyquda va qalbi esa uyg'oq”, dedilar. Ular: “Hovlining misoli jannatdir. Chaqiruvchi Muhammad sollallohu alayhi vasallamdir. Bas, kimki Muhammad sollallohu alayhi vasallamga itoat qilsa, batahqiq Allohga itoat qilibdi. Va kimki Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bo'ysunmagan bo'lsa, batahqiq Allohga bo'ysunmabdi. Va Muhammad sollallohu alayhi vasallam odamlar o'rtasini (mo''min va kofirga) ajratuvchidir.” dedilar. (Imom Buxoriy rivoyati.)
Sharh. Ushbu hadisi sharifda hazrat Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu bir voqeani bayon qiladilar. Unda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam orom olayotgan paytlarida farishtalar u zotning huzurlariga kelganlari aytilgan. Ular Payg'ambarimizga bir zarbulmasal (o'xshatishni misol) qildilar. Go'yoki, u zot bir hovlini bino qilib, u erda dasturxon hozirlab, mehmon chorlashga bir kishini jo'natgan kishiga o'xshaydilar. Kimki bu chaqiriqqa ijobat qilib uyga kelsa, taomdan tanovul qiladi va unga manfaat hosil bo'ladi. Kimda kim kelmaydigan bo'lsa, taomdan mahrum bo'ladi va manfaat ham hosil qilolmaydi. Bu zarbulmasalni farishtalar quyidagicha ta'vil qildilar: Hovli - jannat, chorlaguvchi - Muhammad sollallohu alayhi vasallam, taom esa, jannat ne'matlaridir. Kimda kim Payg'ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallamning da'vatlarini qabul qilib, Kitob va sunnatni tutsa, u Allohga itoat qilgan bo'ladi va jannatga doxil bo'ladi. Kimki Muhammad sollallohu alayhi vasallamga itoatsizlik qilsa, Allohga itoatsizlik qilgan bo'ladi va do'zaxga doxil bo'ladi. Muhammad sollallohu alayhi vasallam insonlar o'rtasini mo'minu kofirga ajratuvchidirlar.
Hadisi sharifni o'qigan kishini zehniga “Payg'ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelgan farishtalarni Jobir roziyallohu anhu qanday qilib ko'rganlar?”, degan savol kelishi aniq. Bunga javob shuki, Jobir roziyallohu anhu buni Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning xabar berishlaridan bilganlar.
Yana savol paydo bo'ladi: Nima uchun farishtalar Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning uxlayotganlari haqida aytganlarida ba'zilari u zotning ko'zlari uxlashi va qalblari uyg'oq bo'lishini aytdilar? Buning javobi shuki, Payg'ambarlar (solavotullohi alayhim ajma'in)ning barchalarining idroklarining madori zohiriy hislarning o'ziga bog'liq emas. Balki, botiniy hislarga ham bog'liqdir.
Bu erda bir muammo yuzaga keladi: bu hadis “Namoz kitobi”da keladigan ta'ris (tunab qolish) kechasi borasidagi hadis bilan to'qnashadi. Chunki bu hadisda Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning qalblari uyg'oq bo'ladi, deyildi. Ta'ris kechasi hadisida esa, u zot Bilol roziyallohu anhuni tunda navbatchi qilib tayinlaganlari, biroq o'sha kechasida barcha uxlab qolgani va bomdod namozi qazo bo'lgani zikr qilinadi. Muammo shundaki, Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam ham o'sha kechasi bomdod namozini qazo qilib qo'ydilar. Shu sabab bu ikki hadis o'rtasida qarama-qarshilik bo'lmayaptimi? Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning qalblari doimo uyg'oq bo'lsa, nima uchun subhi sodiq chiqib ketganini bilmadilar?
Bunga ulamolar bir necha javoblarni berganlar.
Birinchi javob: Ba'zi ulamolar Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning qalblari uyg'oq bo'lishi aksar vaqtlarga xos, doimiy emas, ba'zida u zotning ham qalblari uyqudan ta'sirlanardi, dedilar. Lekin bu munosib javob emas. Chunki, Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamga uyqularida ham vahiy kelar edi. Agar Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning qalblari ba'zi vaqtlarda uyqudan ta'sirlangan, deyilsa, ba'zi vahiylarga e'timod qilinmay qolinadi. Bu ehtimol esa durust emas.
Ikkinchi javob: Aksar ulamolar bu hadisning ta'ris hadisi bilan biror jihatdan zidligi yo'q, deydilar. Ular bu savolga ajoyib tarzda javob beradilar: Har a'zoning alohida-alohida vazifasi bor. Subhi sodiqni ko'rish uchun ko'z ochiq bo'lishi kerak. Farazan bir odamning ko'zi ojiz bo'lsa-yu, lekin o'zi uyg'oq bo'lsa, u subhi sodiqni ko'rolmaydi. Ta'ris kechasida subhi sodiqni ko'rilmasligining sababi, u vaqtda ko'z uxlayotgan edi. Qalb uyg'oq bo'lsa-da, tashqarini ko'rolmasdi.
Hadisni o'rganish davomida yana bir necha savollar zehnga keladi. Shu savollarga javoblarni ham aytib o'tsak:
Savol: Farishta o'xshatish qilgan chog'ida to'rt narsani zikr qildi: kishi, hovli, dasturxon va chaqirguvchi. Ammo uning tafsilotida ikkita narsani: hovli va chorlaguvchini aytdi xolos. Hovlini jannat, chorlaguvchini Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam, dedi. Nima uchun kishi va dasturxonning tafsilotini bayon qilmadi?
Birinchi javob: Bu narsalarning zikri zohiran mashhur va ravshan bo'lganligi uchun aytilmadi. Chunki, kishining zikri kelishidanoq insonning xayoli Alloh taologa ketadi. Lekin, uning tafsilotini Alloh taoloning nomi bilan bayon qilish - qabih sanaladi. Qalbidan barcha buni tushungani bois, uning tafsilotiga kirishilmadi.
Savol: Hadis avvalida Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamni bir kishining misoliga o'xshatildi va tafsilotida u zotni chorlaguvchi deyildi. Nima uchun bu erdagi tashbehda muvofiqlik bo'lmayapti?
Javob: Bir-biriga munosib bo'lmasligi mufradni mufradga o'xshatganda bo'ladi. Ya'ni, Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamni bir kishiga o'xshatganda bu holat bo'ladi. Lekin, hadisdagi tashbeh tamsiliy o'xshatish sanaladi. Unda bir necha holatlarning majmuasidan iborat hay'atni boshqa hay'atga o'xshatiladi.
Savol: Bu hadisda hovlini jannat deyildi. Keyin keladigan hadisda hovlini Islom deyildi. Bu jihatdan ham ikki hadis bir-biriga zid emasmi?
Javob: Bu ikki hadis o'rtasida qarama-qarshilik yo'q. Chunki, biri musabbab bilan, ikkinchisi sabab bilan tafsil qilindi. Bu hadisda jannat musabbab (sabab bo'lgan narsa), keyingi hadisda esa Islom sabab bo'ldi.
Hikmatulloh Abiyev,
Toshkent shahar “Ahmadjon qori”
jome' masjidining imom noibi
Shahardagi Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozor ana shunday tarixiy-ma’naviy maskanlar sirasiga kiradi. Ularning har biri o‘z tarixi, rivoyatlari va xalq xotirasidagi o‘ziga xos o‘rniga ega.
Marg‘ilonning qadimiy ziyoratgohlaridan biri Pir Siddiq majmuasidir. Xalq orasida bu qadamjo bilan bog‘liq turli rivoyatlar avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Ziyoratgoh Pir Siddiq nomi bilan bog‘liq bo‘lib, “siddiq” so‘zi arab tilida haqgo‘y, rostgo‘y, haqiqatga sodiq inson ma’nolarini anglatadi. Shu jihatdan ziyoratgoh nomi ham xalq tasavvurida ezgulik, iymon va rostgo‘ylik kabi fazilatlar bilan uyg‘unlashib ketgan. Majmuadagi me’moriy yechimlar, ayniqsa, gumbazli inshootlar va qadimiy qabrlar Marg‘ilonning o‘tmishdagi shaharsozlik va me’morchilik an’analaridan darak beradi.
Pir Siddiq ziyoratgohi nafaqat ziyorat maskani, balki Marg‘ilonning tarixiy xotirasini o‘zida mujassam etgan qadamjolardan biri sifatida ahamiyatlidir. Marg‘ilon tarixi buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniy nomi bilan chambarchas bog‘liq. XII asrda yashab ijod qilgan alloma islom huquqshunosligi, xususan, hanafiy fiqhi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan. Uning butun islom olamida mashhur bo‘lgan “Hidoya” asari asrlar davomida muhim huquqiy manba sifatida qadrlanib kelgan.
Marg‘ilonda alloma nomi bilan bog‘liq Chillaxona ham xalqning ma’naviy xotirasida alohida o‘rin tutadi. “Chillaxona” atamasi odatda insonning ma’lum muddat xilvatda qolib, tafakkur, ibodat va ruhiy tarbiya bilan mashg‘ul bo‘ladigan joyini anglatadi. Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi bilan bog‘liq rivoyatlar ham allomaning ilm yo‘lidagi mashaqqatli izlanishlari va ma’naviy kamolotini tasavvur qilishga yordam beradi. Bu maskanni faqat ziyoratgoh sifatida emas, balki buyuk allomaning ilmiy-ma’naviy merosini anglashga xizmat qiluvchi tarixiy xotira joyi sifatida ham baholash mumkin.
Marg‘ilondagi yana bir o‘ziga xos maskan – Kaptarli mozor. Uning nomi bilan bog‘liq xalq rivoyatlari turlicha. Ayrim hikoyalarda bu joyda kaptarlar ko‘p bo‘lgani, shu sababli mozor “Kaptarli” deb atalgani aytiladi. Kaptar esa xalq tasavvurida tinchlik, poklik va ezgulik ramzi sifatida qabul qilinadi. Kaptarli mozor haqidagi ma’lumotlarni ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish Marg‘ilonning mahalliy tarixini yanada boyitishga xizmat qiladi. Buning uchun arxiv hujjatlari, qadimiy xaritalar, qabrtoshlaridagi yozuvlar, vaqf hujjatlari va xalq orasida saqlanib kelayotgan og‘zaki tarix namunalarini tadqiq etish muhim. Zero, xalq xotirasida asrlar davomida saqlanib kelayotgan rivoyatlar ham tarixiy-etnografik tadqiqotlar uchun qimmatli manba bo‘lishi mumkin.
Uch qadamjo – bir tarix. Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozorni birlashtirib turgan asosiy jihat ularning Marg‘ilonning ma’naviy qiyofasini shakllantirishdagi o‘rnidir. Bu qadamjolar xalqning ajdodlarga hurmat, muqaddas joylarni asrash, ezgulik va ma’rifatni qadrlash kabi an’analarini o‘zida mujassam etadi.
Ularning har biri Marg‘ilon tarixining turli qirralarini namoyon etadi: Pir Siddiq – diniy-ma’naviy merosni, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi – ilm va tafakkur an’analarini, Kaptarli mozor esa xalq xotirasi va mahalliy rivoyatlarning uzviyligini ifodalaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati