Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Avgust, 2026   |   13 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:18
Quyosh
05:43
Peshin
12:25
Asr
17:09
Shom
19:10
Xufton
20:30
Bismillah
26 Avgust, 2026, 13 Rabi`ul avval, 1448

Alloh taologa makonlarning eng yaxshisi masjidlardir

08.01.2021   2368   6 min.
Alloh taologa makonlarning eng yaxshisi masjidlardir

Keyingi yillarda ulug' allomalar nomlari bilan bog'liq ziyoratgohlar, maqbaralar, masjid va madrasalarni asl holiga qaytarib, ularni qayta tiklash, obod qilish, milliy qadriyatlarimizni asrash, ajdodlarimiz xotirasini ulug'lash, ularga hurmat-ehtirom ko'rsatishga keng ko'lamda e'tibor qaratilmoqda.

Ulug' qadamjolardan biri Qo'shrabot tumanining Shova qishlog'idagi domla Kamoliddin Oxund nomidagi jome' masjiddir. Bu muhtaram zot haqida so'z yuritadigan bo'lsak, u kishi 1868 yilda ana shu qishloqda dunyoga kelgan. Domla Kamoliddin Oxund yoshligidan zehnining juda o'tkirligi, zukkoligi, qobiliyatliligi bilan ko'pchilikning nazariga tushadi. Bundan xursand bo'lgan akalari Jontemir va Halil u kishini Shova qishlog'ining yuqorisida joylashgan Pangat qishlog'idagi masjidga o'qishga beradilar. Bu masjidning o'sha paytdagi imom-xatiblari Buxoro madrasasasini bitirgan Mullo Usmon hamda Avliyoxo'ja eshon g'oyat iqtidorli bu yigitni o'z homiyliklariga olib, Buxoroi sharifdagi oliy madrasaga o'qishga yuboradilar. 1904 yilda madrasani bitirib chiqadi. O'tkir qobiliyati va iqtidori tufayli uning nomi elga, hatto arab mamlakatlariga ham taraladi. Shu bilan birga domla Kamoliddin Oxundning avliyolik sifatlari yorqin namoyon bo'lib, Naqshbandiya tariqati bo'yicha o'ttiz ikki avliyo sifatida musulmon olamida tilga olinadi. Eski mustabid tuzim davrida qattiq ta'qib qilinishiga qaramasdan uyiga ziyoratga keluvchilarning keti uzilmasdi. Domla islom ma'rifatini, dinu diyonatni har qanday xuruju to'fonlardan saqlab qolishga va keyingi avlodlarga etkazishga o'zining salmoqli hissasini qo'shgan. Shuningdek, xalq orasida qisqacha Domla Kamol nomi bilan mashhur bo'lgan bu zot o'zining ilmi, kamtarona hayot tarzi, topganini xalqqa tarqatish odati bilan shuhrat topgan. Domla Kamoliddin Naqshbandiya-A'liya tariqati murshidi ham bo'lgan.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, xususan muqaddas dinimiz qayta tiklangandan keyin yurtimizdagi ko'plab ulug' ajdodlarimiz qatori Domla Kamoliddin Oxundning ham dinmiz, el-yurt oldidagi xizmatlari o'z ro'yobini topdi, uning buyukligi yanada yorqinroq namoyon bo'la boshladi. Shova qishlog'idagi uy-joylari asl holiga keltirildi, masjidi, bog'-rog'lari zamonaviy tarzda qayta qurildi, obodonlashtirildi. 2002 yilda bu joy uy-muzeyiga aylantirildi. Uning ochilish tadbirida o'sha vaqtda Samarqand viloyatining bosh imom-xatibi bo'lib ishlab turgan, hozir kunda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazratlari Usmonxon Alimov ham ishtirok etgan.

Shuningdek, Usmonxon Alimov hazratlari va Samarqand ziyolilaridan biri guruhining tashabbusi bilan 1998 yil Samarqand shahrida yangi masjid Adliya boshqarmasi ro'yxatidan o'tkazilib, unga “Domla Kamoliddin” deya nom berilgan edi.

Oradan bir necha yillar o'tib, Qo'shrabot tumanidagi “Domla Kamoliddin Oxund” masjidi va u zotning maqbarasi yana ham obodonlashtirildi. 2020 yil fevral' oyida viloyat rahbarlari hamda diniy idora va Samarqand viloyat vakilligi tashabbusi bilan ushbu xayrli ishga kirishilgan edi. O'tgan davr mobaynida yangi masjid binosi qad rostladi. Domla Kamoliddin Oxundning maqbarasi obodonlashtrildi.

Olib borilgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Qo'shrabot tumani, Shova qishlog'ida bo'ldilar. Hazrat, allomaning maqbaralarida olib borilgan qurilish, obdonlashtirish ishlari, yangi bino qilingan masjid va tahoratxonani ko'zdan kechirdilar. Shu erda mahalliy aholi, namozxonlar bilan suhbatlashib, yurtimizda olib borilayotgan ijtimoiy, ma'rifiy islohotlar, dinimiz ravnaqi yo'lida amalga oshirilayotgan ishlar, ulug' allomalarimizning ilmiy meroslarini o'rganish bo'yicha yo'lga qo'yilgan chora tadbirlar haqida so'z yuritdilar. Shundan so'ng vatanimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, o'tgan ajdodlarimizning haqlariga duolar qilindi.

Albatta, Masjidlar Alloh taoloning er yuzidagi uylaridir. Ular er yuzidagi eng pokiza va toza makonlardir. Masjidlar dinni o'rganish, Qur'onni yodlash, Payg'ambarimiz alayhissalomning siyratlarini ta'lim olish uchun ilm va zikr majlislari tashkil etiladigan bo'stonlardir. U erda odamlar bir-birlaridan tarbiya, axloq, odob o'rganadilar. Masjidlarni obod qilish toat-ibodatlar bilan hamda o'sha masjidlarni yaxshilab qurib, ta'mir etib, pok saqlab, muhofaza qilish bilan bo'ladi.

Zero, Alloh taolo Qur'onda “(U) bir uylardaki, Alloh ularning ko'tarilishiga va ularda O'z ismi zikr qilinishiga izn bergandir. Ularda Unga ertayu kech tasbih ayturlar” deb aytgan (Nur surasi, 36-oyat).

Dinimiz bizlarni masjidlar qurishga va ularni obod etishga chaqirgan. Bu ishni jannatga olib boradigan va Allohning rizosiga erishtiradigan yo'l deb e'lon qilgan.

Usmonroziyallohuanhudanrivoyatqilingan hadisi sharifda esa:

“Rasulullohsollallohualayhivasallamning:“Kim Allohning roziligini tilab bir masjid qursa, Alloh jannatda unga o'shaning mislini qurib beradi”, deganlarini eshitganman”, deyiladi.

Muftiy hazratlariga safarlari davomida Samarqand viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov, Viloyat hokimi o'rinbosari D.Mamadkulov va boshqa mutasaddilar hamrohlik qildi.

O'MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

19.08.2026   45483   1 min.
Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.

Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.

Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.

Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari