Bugungi kunimizda internet hayotimizga shunday kirib keldiki, ularsiz hayotimizni tasavvur qilolmaymiz. Shu bilan birgalikda internetda keng tarqalib borayotgan ijtimoiy tarmoqlar ham rivojlandi. Ko'pchiligimiz bu tarmoqlardan foydalanamiz, bu juda yaxshi albatta, lekin ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda ham ehtiyotkor bo'lishimiz kerak. Chunki aynan mana shunday tarmoqlar orqali oilalar buzilib ketayapti, yoshlarimizning tarbiyasi buzilayapti va eng achinarlisi, buzuq niyatli g'alamiz kimsalar bu tarmoqlarni qarmoqqa aylantirmoqdalar.
Ijtimoiy tarmoqlarda bo'layotgan muloqotlar aslida virtual bo'lsada, ma'lum odob chegarasi, hududidan chiqib ketmasligi kerak. Juda ko'p odamlar virtual muloqot deb, haqiqiy voqelikdan voz kechmoqdalar. Aksar holatlarda ijtimoiy tarmoqlar odamlarni ishdan chalg'itmoqda, oila tinchligini buzmoqda. Ular bu ishga shu darajada berilib ketganidan do'stlari, hatto oilalaridan ham voz kechish holatlari nodir bo'lmay qoldi. Bugun er yuzida million-million odam virtual hayot bilan bo'lib haqiqiy hayotni unutib qo'ymoqdalar. Ijtimoiy tarmoqlarda ko'p o'tiradigan odamlarning immunitet tizimi buzilmoqda, aqli zaiflik kasaliga mubtalo bo'lish holatlari sodir bo'lmoqda. Hattoki, komp'yuter oldida kecha kunduz o'tirib to'satdan vafot etganlar ham bor.
Hayot yo‘llarida yurar ekanmiz, turli xarakterdagi insonlarga duch kelamiz. Ayniqsa, katta yo‘llar, tig‘iz harakat va mashina ruli ortidagi muhit haydovchidan nafaqat chaqqonlikni, balki mustahkam asab va yuksak sabr-toqatni ham talab qiladi.
Yo‘ldagi sinov va birgina hadis
Oltmish yoshlarga borib qolgan, biroz jahldor bo‘lsa-da, dilkash, ko‘ngli askiyaga moyil qadrdon tanishlarimdan biri haydovchilik kasbi ortidan umr o‘tkazib kelmoqda. Ko‘pchilikning og‘irini yengil qilib kelayotgan bu insonning ismi Sobir. Ammo ismiga monand sabri sal kamroq.
Kunlarning birida uning mashinasida ketarkanman, kutilmaganda yo‘ldagi boshqa haydovchining beparvoligi sabab Sobir aka so‘kinib yubordi. G‘azabi biroz bosilgach, unga Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning g‘azabning yomon oqibatlari haqidagi muborak hadislaridan birini sekingina eslatib o‘tdim. O‘sha paytda u kishi hech qanday munosabat bildirmadi: ehtimol, hali jahldan to‘liq tushmagandir. Manzilga yetib, odatdagiday samimiy xayrlashdik.
Oradan vaqt o‘tib ko‘rishganimizda Sobir aka o‘tgan voqeani iliqlik bilan esladi. Haydovchiga aytgan so‘zlaridan keyin qattiq ezilganini, men eslatgan hadis uning uchun katta ibrat bo‘lganini yashirmadi. Hozir ham g‘azabi toshganda o‘sha suhbat esiga tushib, o‘zini darhol qo‘lga olishini aytadi. O‘zidan ancha yoshi kichik insonni omma oldida “ustoz” deb izzatlashi, aytilgan birgina nasihatdan yetarli xulosa chiqara olgani uning naqadar sof va oliyjanob qalb egasi ekanini ko‘rsatadi.
Hissiyot jilovidagi haqiqatlar
“G‘azab umri kalta aqlsizlikdir”. Buyuk allomalar bejiz bunday demaganlar. Hayotimizda tilga va qo‘lga erk bermaslik, hissiyotlarni jilovlay olmaslik oqibatida qanchadan-qancha oilalar buzilib ketgani, yaqin qarindosh-urug‘lar va qadrdon do‘stlarning orasi uzilib qolgani achchiq haqiqatdir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: "Yo Rasululloh, menga bir nasihat qiling”, degan sahobalarga U zot qisqa va lo‘nda qilib: “G‘azablanma”, deb javob berganlar.
Bu bejiz emas, chunki g‘azab insonning aql-idrokini o‘g‘irlaydi, obro‘siga putur yetkazadi va keyinchalik tuzatib bo‘lmas xatolarga yetaklaydi.
Har qanday vaziyatda ham insonligimizni, aql va tafakkur sohibi ekanligimizni unutmasligimiz lozim. Qachonki, jahlimiz chiqsa, aqlimiz qochmasligi kerak. So‘nggi pushaymondan ko‘ra, lahzalik jahlni ichga yutib, sokinlikni saqlash har doim yaxshiroq natija beradi. Unutmang, tinchlik va xotirjamlik – eng buyuk boylikdir.
Muallif: Anvar Ermamatov, "Zarafshon" nashri.