Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyul, 2025   |   19 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:21
Quyosh
05:02
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:33
Bismillah
14 Iyul, 2025, 19 Muharram, 1447

Muftiy hazrat hayotiga chizgilar (4-qism)

08.01.2021   2012   9 min.
Muftiy hazrat hayotiga chizgilar (4-qism)

(Davomi, 1-qism2-qism, 3-qism) 

Shavkat Mirziyoev prezidentlik lavozimida ish boshlaganlaridan keyin mo'min-musulmonlarning iymon e'tiqodlariga kattagina e'tibor va erkinlik berildi. Yurtboshimizning Samarqand viloyatiga qilgan tashriflari chog'i “Madaniyat va ma'rifat” telekanali orqali diniy-ma'rif yo'nalishda bir qator ko'rsatuvlar tayyorlash haqida topshiriq bergan ekanlar. Shu yig'ilishda qatnashgan muftiy hazrat ertasi kuni meni chaqirib: “Prezidentimiz shunaqa topshiriq berdilar, ijrosini ta'minlashimiz kerak”, – dedilar. Zudlik bilan ko'rsatuvlar loyihasini tayyorlashni buyurdilar. O'sha paytda idora kotibiyati boshlig'i Ulug'bek Sultonov edi. Mubashshir Ahmad domla esa matbuot bo'limida ishlardi. Loyiha ularga ma'qul keldi. To'rtta ko'rsatuv loyihasi tayyor bo'ldi: "Oltin silsila",  "Qur'oni karimni o'rganamiz", "Bitiklar mutolaasi" va "So'ragan edingiz". 

Loyiha hujjatlari bilan hazratning huzuriga kirdik. Loyihalarni tushuntirib, asosiy ish televideniye rahbariyatidan rozilik olish va dekoratsiya masalasida ko'mak so'rash lozimligini aytdik. Hazrat xursand bo'lib, shu kabi xayrli ishlar uchun barcha imkoniyatlarini ishga solishlarini bildirdi. Ulug'bekka TV rahbariyatiga xat tayyorlash topshirig'ini berdilar. Unda ko'rsatuvlarni tasvirga olish uchun maxsus pavil'onlar qurish va boshqa barcha tashkiliy ishlar sarf-xarajati diniy idora tomonidan qoplanishi ko'rsatib o'tilishi lozimligini ta'kidladilar. Ish boshqaruvchi Rustamga esa hozirdan dekoratsiya ishlarini boshlash kerakligini uqdirdilar. Mubashshir domlaga har bir ko'rsatuvning ishtirokchilari va boshlovchiligiga nomzodlar ro'yxatini tuzish va tasdiq uchun taqdim qilish vazifasini yukladilar. Mubashshir domla hazratning huzuridan chiqqanlaridan so'ng, xursand  bo'lib: “Hazrat naqadar xolis odam-a?” – deb mamnun bo'lgan edi. 

Diniy idora tomonidan barcha ishlar bajarildi. Kompaniya rahbariyati bu ishga rozilik berdi. To'rttala ko'rsatuv bir muddat efir yuzini ko'rdi. U yurtimiz aholisiga qanchalik ma'rifat tarqatgani, bilim bisotlarini boyitgani ayni haqiqat.   

***

Prezidentimizning tashabbusi bilan diniy idora mamlakat miqyosida, Qur'oni karimni o'qish musobaqasini tashkillashtirdi. Tuman bosqichi g'olibi viloyat bosqichiga, viloyat bosqichi g'oliblari respublika final bosqichida o'z mahoratlarini sinovdan o'tkazishlari rejalashtirildi. Tashkiliy qo'mita, hakamlar hay'ati tashkil etildi. Barcha musobaqa bo'ladigan joylar aniqlanib, dizayn asosida dekoratsiyalar qurildi. Qorilarning ovozlarini sifatli yozish uchun barcha qulayliklar muhayyo qilindi. Ba'zi joylarda muxlislar uchun musobaqani bevosita onlayn tarzida kuzatish imkoniyati yaratildi.

Hullas, musobaqa ko'tarinki va  chiroyli o'tishi uchun barcha zaruriyatlar qilinib, boshlash sanasi ham belgilandi. Shu asno kaminada bir fikr – musobaqani televideniye orqali namoyish qilish g'oyasi tug'ildi. Zotan, shu yo'l bilan biz bir talay maqsadga erishamiz. Birinchidan, Qur'on tilovatidan millionlab muxlislar bahramand bo'ladilar. Ikkinchidan, televideniyening reytingi oshadi. Uchinchidan, konstitutsiyamizda vijdon erkinligi haqidagi erkinliklarimiz amalda ekanini namoyish etamiz.

Shu kabi takliflarimni muftiy hazratga aytganimda, xursand bo'lib, qilinishi kerak bo'lgan ishlar kimlarga bog'liqligini va qaysi telekanalda uzatsak, yaxshi bo'lishini so'radilar. "Madaniyat va ma'rifat" telekanalining ruhiyati musobaqaga tushishi va bu sohani tushungan malakali kadrlar borligini aytdim. Ertasi kuni tegishli joylardan ruxsat bo'lganini va ishni hozirdan boshlayverishim mumkinligini aytib, duo berdilar. Televideniye rahbariyati "Madaniyat va ma'rifat" telekanalida har kuni yigirma besh daqiqalik efir ajratdi va uni to'ldirish, sifati bo'yicha javobgarlikni bo'ynimga qo'ydi. Sharafli, savobli ayni paytda mas'uliyatli ish edi bu. Shuning uchun shaxsiy montaj stolimni ham TVga ko'chirdim, harna-da! Ibrohim degan namozxon, Qur'oni karimning tilovat qilinishini xush ko'radigan ukamiz bilan qorilarimiz tomonidan o'qilgan tilovatlarni efirga berishni boshladik.

Har kuni 6–7 soatlik material olardik. Uni eshitib, efirga loyiqlarni yana bir bor ko'rib, hakamlar tuzatgan joylarini to'g'rilab, Qur'oni karimga qarab, to'g'riligiga ishonch bo'lgandan so'ng efirga berardik. Tushunarsiz hollarda mashhurroq qorilardan so'rardik. Chunki bu jarayonni ahli ilmlar, ko'plab  hofizi Qur'onlar kuzatib borayotgani bor gap edi. Qolaversa, Qur'oni karimga muhabbat hammasidan ustun edi. Tilovatlar ajoyib tarzda efirga uzatildi. Jarayon musobaqaning respublika bosqichi yakunlanguncha davom etdi. Olti oy teleekranda uzluksiz tilovat  berildi. Tabriklar, tashakkurlar bo'ldi.
Bir kuni efirga mas'ullardan biri – Muqaddas singlimiz kaminaga minnatdorchilik bildirgan bo'lib, Qur'on tilovatini juda ko'p muxlislar tomosha qilayotganini, telekanal mutasaddilari va xodimlariga rosa savob yog'ilayotganini to'lqinlanib-to'lqinlanib gapirdi. Shunda men: “Muqaddas, buni biz tayyorlab efirga berayapmiz, xolos. Ammo bir narsani anglangki, kimdir shu ish ustida himoya bo'lib turmasa, bu narsa umuman efirga ketmasligi aniq. Qarshiliklar bo'lishi tabiiy, avvalo, Prezidentimiz tashabbusi, qolaversa, muftiy hazratlarining qat'iyatligi tufayli shu martabaga erishib turibmiz, dedim. Keyin duoga qo'l ochib, butun O'zbekiston xalqiga, mo'min-musulmon qavmiga rahnamo bo'lib turgan insonlar haqiga duoi xayrlar qildik. 

Alloh ularning xizmatlaridan rozi bo'lsin!

***

Qur'oni karim oyatlarini to'liq yod olgan kishilarni elda qori, hofizi Qur'on, deb e'zozlashadi. Muborak hadislarda esa mana shu vazifani to'la ado etgan farzandning ota-onasiga ajr-mukofot borligi, bir qorini dunyoga keltirgan ota-ona boshiga ziyosi quyoshnikidan ham charog'on toj kiydirilishi marhamat qilingan.  

Yuqorida nomini zikr etganim Ibrohim: “Dilmurod aka, qorilarning ota-onalari Allohning nazdida yuksak martaba tutar ekanlar-a, axir jannatda toj kiyishdek mukofotning bahosi bo'lmasa kerak, – deb qoldi. U bu gapni chin yurakdan, havas bilan so'zladi. Chunki Ibrohim namozga, ro'zaga haris yigit. Taqvosi takabburlikdan yiroq, ibodati namoyishkorlik g'arazidan xoli, o'zi kamsuqum, vijdonli inson ekanidan rahbarlar ham uning bu ishiga monelik qilmasdi. Ibrohimdagi mas'uliyat, ahloq-odob mo'minlik odati bo'lganidan televideniye ishlarini ham maromiga etkazib bajarardi. Uning yurishi, turishi boshqalar uchun ibrat edi.

 – Ibrohim, – dedim uning savoliga javoban, – men ham diniy ta'lim olganman. Azhardek nufuzli universitetda o'qiganman. Qur'oni karimni yodlashga ko'p harakat qildim, biroq uddalay olmadim. Farzandlarimdan hofizi Qur'on chiqishini Allohdan duolar qilib so'rayman, so'rayapman. Umidim albatta bor. Bu iztirob va umidlar men va men kabi minglab ahli ilmlarning, mo'min-musulmonlarning qalbidagi eng buyuk orzu aslida. Orzular ro'yobini farzandlaring kamolida ko'rish – bundan ortiq baxt bo'lmasa kerak! 

Mana shu so'zlarimning tasdig'i sifatida bundan o'n–o'n besh yillar avval sodir bo'lgan bir voqea yodimga tushdi. Ramazon oyi tarovih namozida Qur'oni karimning xatmi bo'ladigan kun. Hazrati Imom masjidida namozxonlar tumonat. Hatmni to'liq tasvirga olish uchun tasvirchi Fayzulloxon bilan ishni boshladik. Hatm tugagandan keyin duolar boshlandi. Masjid imomi,  ustoz Karimulloh domla qorilar va ularning ota-onalari haqiga duolar qildi. Namozxonlar joyi kelgan vaqtida baralla “omin” deb turishardi. Fayzulloxon meni oldiga chaqirib, kamera ob'ektividan safning birinchi qatoriga e'tibor bilan qarashimni so'radi. Qaradim. Muftiy hazratning ko'zlarida yosh ko'rdim, yig'idan elkalari silkinib-silkinib ketayotganini ilg'ash qiyin kechmadi. Hazratni to'lqinlantirgan narsa nima ekanini darrov angladim. Ko'zlaridan sizib chiqayotgan yosh nimaning hosilasi ekanini his etdim. Bu – orzular ro'yobi edi. Axir, bugungi  xatmi Qur'onni u kishining hofizi Qur'on farzandi – Ahmadxon ado etdi-da!

Bir hadis mazmunida Alloh rizosi uchun yig'lagan ko'z jahannam olovida yonmaydi, deb Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xitobi bor edi.

Biz barcha qorilar va ota-onalariga bu martabalar muborak bo'lsin, deya bizlarga ham nasib bo'lishini Allohdan so'rab qolamiz.

(davomi bor)

Dilmurod Qo'shoqov

Maqolalar
Boshqa maqolalar

“Usmon mus'hafi” matnini tadqiq qilish muhokama etildi

11.07.2025   12711   2 min.
“Usmon mus'hafi” matnini tadqiq qilish muhokama etildi

2025 yil 10 iyul kuni Qur’oni Karim xodimi, ustoz, shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum boshchiligida «Qur’on va tajvidni o‘rgatish» bo‘limi xodimlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasiga tashrif buyurishdi.


Ma’lumki, kutubxonada turli mavzudagi nodir qo‘lyozma asarlar, Qur’oni Karim qo‘lyozma nusxalarining namunalari saqlanadi. Mana shunday nodir manbalardan biri Hazrati Usmon mus'hafi hisoblanadi. Qur’oni Karimning ushbu noyob va qadimiy qo‘lyozma nusxasi tadqiqotchilar va keng jamoatchilikning doimiy e’tiborida bo‘lib kelgan.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2023 yil 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida muzeylar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yetti yillik dastur qabul qilinishi e’lon qilindi. Ushbu yig‘ilish davomida berilgan topshiriqlar bo‘yicha 50-son Bayonnomaning 47-bandida Muqaddas kitob – Usmon Qur’oni sahifalarining konservatsiya va restavratsiya qilinishini ta’minlash belgilangan. Mazkur dasturni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi qo‘llab quvvatlovi ostida xorijlik mutaxassislar, jumladan, Kembrij universitetidan Kristine Rose, fransiyalik restavratorlar Aksell Deleau va Koraliye Barbe, Istanbul qo‘lyozmalar ustaxonasi va arxiv bo‘limi mudiri Nil Baydar Usmon mus'hafini bosqichma-bosqich ta’mirlash rejasini ishlab chiqib, kelgusida muhofaza qilish bo‘yicha tavsiyalarni berdilar. Jumladan, «yengil restavratsiya ishlari»ni amalga oshirishdan avval Hazrati Usmon Qur’oni sahifalarini skaner qilish va matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha yo‘nalishlar belgilab olindi.


Ushbu xayrli ishlarning davomi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida Hazrati Usmon Mus'hafi matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda «Qur’on va tajvidni o‘rgatish» bo‘limi mudiri shayx Alijon qori Fayzulloh va Kutubxona mudiri Kamoliddin Mahkamov boshchiligida bo‘lim xodimlari ishtirok etishdi. Yig‘ilishda «Mo‘yi muborak» madrasa-muzeyida saqlanayotgan Hazrati Usmon Mus'hafining tarixi va bugungi kundagi ahamiyati haqida so‘z yuritilib, uni kelajak avlodlar asrab-avaylashga xizmat qiladigan muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan, Hazrati Usmon Qur’oni sahifalari va fondda saqlanayotgan 1905 yilda Sankt-Peterburgda olingan nusxasini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirilib, kelgusida qilinadigan ishlar rejalashtirildi. 

AlQuranuz

“Usmon mus'hafi” matnini tadqiq qilish muhokama etildi “Usmon mus'hafi” matnini tadqiq qilish muhokama etildi “Usmon mus'hafi” matnini tadqiq qilish muhokama etildi “Usmon mus'hafi” matnini tadqiq qilish muhokama etildi “Usmon mus'hafi” matnini tadqiq qilish muhokama etildi “Usmon mus'hafi” matnini tadqiq qilish muhokama etildi “Usmon mus'hafi” matnini tadqiq qilish muhokama etildi “Usmon mus'hafi” matnini tadqiq qilish muhokama etildi