Ekstremizm — o'ta mutaassib guruhlarning ashaddiy reaktsion faoliyati bo'lib, hatto dinning o'ziga ham zarar keltiradi. Ularning asosiy maqsadi – dinni niqob qilib, hokimiyatni qo'lga olish, diniy talablarning ilk darajasiga xos “sofligi”ni qayta tiklash, diniy talablarga mos siyosiy tuzumni barpo etishdan iborat. “Ekstremizm” bugun qulog'imizga eng ko'p chalinayotgan so'zlardan biri. U lotincha “extreme” so'zidan olingan bo'lib, o'ta keskin chora-tadbirlarni, fikr-qarashlarni yoqlovchi nazariya va amaliyotni anglatadi.
Ekstremizm va terrorizm odamlarning ertangi kunga bo'lgan ishonchiga putur etkazib, xalqaro miqyosdagi muammolarni, jumladan turli diniy e'tiqod vakillari bo'lgan xalqlar, tamaddunlar (tsivilizatsiya) orasidagi o'zaro ishonchga soya tashlamoqda, jahon taraqqiyotining tamal toshi bo'lgan xalqaro iqtisodiy va madaniy hamkorlikning rivojlanishiga to'siq bo'lmoqda.
Ekstremizm, muqaddas dinimiz, xususan, eng mo''tadil mazhab bo'lmish hanafiy mazhabi aqidalariga zid keladi. Qur'oni karimda ta'kidlanadi: “Shunday qilib, Biz sizlarni o'rta ummat qildik!” (Baqara surasi: 143-oyat). Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ishlarning eng yaxshisi o'rtacha (mo''tadil) bo'lganidir” deya marhamat qilganlar. Nabiy alayhissalomning hayotlariga ibrat nazari bilan qaraydigan bo'lsak, u zotning naqadar mo''tadil, bag'rikeng inson bo'lganlarini ko'ramiz. Rasululloh alayhis salom davrlarida diniy bag'rikenglik siyosati o'zining bor ko'rinishida namoyon bo'ldi. Hijratning to'qqizinchi yilida Najron nasorolari delegatsiyasi ularning katta episkopi Abulhoris boshchiligida Madinai munavvaraga keladi. Nabiy alayhissalomning ko'rsatmalari bilan ularning barchasiga katta izzat-hurmat ko'rsatilib, ularga Madina masjidida o'z ibodatlarini ado etishlari uchun sharoit qilib beriladi. Nabiy alayhissalom amal qilgan diniy bag'rikenglik siyosati keyinchalik xulafoi roshidin davri (Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali roziyallohu unhumlar hukmronlik yillari)da ham davom etdi.
Bunday misli ko'rilmagan bag'rikenglik, hatto ko'pgina g'arb sharqshunoslari tomonidan e'tirof etilgan. Jumladan frantsuz sharqshunosi Jozef Fransua Mishon “Salib yurishlari tarixi” kitobida quyidagilarni yozadi: “Islom – bag'rikenglik dini. U patriarxlarni, ruhoniylarni va ularning xodimlarini har qanday soliqlardan ozod qilgan, ibodatga berilganlari uchun ularni urushda ham o'ldirishni man qilgan. Umar ibn Hattob Quddusni fath qilgach, nasorolarga tegmagan. Salibchilar esa mazkur shaharni bosib olishganda musulmonlarning va yahudiylarni ayovsiz qatl etishgan edi”.
Mazkur sharqshunos o'zining “Sharq sari diniy sayohat” nomli boshqa kitobida nasroniylar bag'rikenglik va oliyjanoblikni, o'zgalar bilan husni muomalani ko'p hollarda musulmonlardan o'rganganliklarini yozadi: “Nasroniylar taomul ruhini va husni muomala fazilatlarni musulmonlardan o'zlashtirganlar. Mana shularning bariga musulmonlar o'z Payg'ambarlari Muhammad alayhissalomning ta'limi tufayli erishganlar”.
Bugungi kunda dinni o'ziga niqob qilib, hokimiyatni qo'lga olishga intilayotgan turli oqim va tashkilotlar o'z chirkin g'oyalarni targ'ib etishda har qanday ilg'or uslullardan, xususan internet saytlaridan, turli ijtimoiy tarmoqlardan foydalanyotgani hech birimizga sir emas.
Zero, bugungi kunda Islom niqobi ostida o'z g'oyalarini amalga oshirishga intilayotgan g'arazli kimsalarning maqsad va amallari muqaddas dinimizda ilgari surilgan ezgulik, bag'rikenglik g'oyalariga tamomila ziddir. Zero, dinni niqob qilib qabih ishlarni amalga oshirayotgan bir guruh mutaassiblar er yuzidagi bir yarim milliarddan ortiq musulmonning dunyoqarashini belgilay olmaydi. Diniy ekstremizm qanday ko'rinishda bo'lmasin, qanday nom bilan atalmasin, Islomning asl mohiyatiga zarracha aloqasi yo'qligini har birimiz yaxshi anglab etmog'imiz lozim.
Islomning chinakam axloqiy asoslarini anglab etgan kishining shafqatsizlik, vahshiylik, zo'ravonlik tarafdori bo'lishini tasavvur qilish qiyin. Shuning uchun ogohlik, hushyorlik, ilmu ma'rifat hosil qilish ekstremizm va terrorchilik balosini tag-tomiri bilan tugatishning eng samarali yo'li hisoblanadi. Islom jaholatning har qanday ko'rinishiga qarshi. U odamlar qalbiga tartibsizlik, dushmanlik, buzg'unchilik, yovuzlik va nafrat urug'ini sochadigan kimsalarning xatti-harakatlarini hech qachon qo'llab-quvvatlamaydi.
M.Habibullayev
Gurlan tumani bosh imom-xatibi
Sobit ibn Ibrohim tahorat ola turib ariqda oqib kelayotgan bir olmaga ko‘zi tushadi va olmani olib yeydi. Olmaning yarmini yeb bo‘lganida, uning haqqi haqida o‘ylab qoladi. Shu xayolda Sobit ibn Ibrohim ariq chetidan yurib olma oqib chiqqan bog‘ga kiradi va bog‘ egasiga:
– Yeb qo‘ygan yarimta olmam uchun haqqingizni halol eting. Qolgan yarmi mana, oling, – deydi.
– Mayli, haqqimni halol etaman, faqat bir shartim bor, – deydi bog‘ egasi yigitning halol, taqvoli ekanini anglab.
– Shartingizni ayting, – deydi Sobit ibn Ibrohim.
Shunda bog‘ egasi:
– Bir qizim bor, uni nikohingga olasan. Lekin rozi bo‘lishingdan avval uning holatidan seni ogoh etishim lozim. Qizimning ko‘zi ojiz, hech narsani ko‘rmaydi, soqov – gapirmaydi va yana qulog‘i eshitmaydi – kar, qimirlamaydi – shol, – deydi.
Bog‘ egasining gaplarini eshitgan Sobit ibn Ibrohim lol bo‘lib qoladi. Yeb qo‘ygan yarimta olmaning haqqidan qo‘rqib, qizga uylanishga rozi bo‘ladi va:
– Mayli, taklifingizni qabul qildim, zora shu bilan Allohning roziligiga erishsam, – deydi.
Ota qiziga oq fotiha beradi. To‘y-tomoshalar o‘tgach, Sobit ibn Ibrohim salom berganicha qizning yoniga kiradi. Qiz salomga alik qaytargancha qo‘li ko‘ksida qulluq qiladi.
Yigit bo‘layotgan ishlardan hayratlanadi: “Bu juda g‘alati-ku, soqov emas ekan-da, salomimga javob berdi. Tik turibdi, demak shol ham emas. Qo‘li ko‘ksida, bundan chiqdi ko‘zlari ham ko‘radi”.
Yigit shoshgancha tashqariga chiqadi va qizning otasiga: “Bu menga va’da qilingan qiz emas-ku, ko‘r, soqov, kar va shol deganingizning boisi ne?!” – deydi.
“Nega endi?” – izoh beradi qizning otasi: “Bu o‘sha qiz. Ko‘zi ojiz deganim – uning ko‘zlari Alloh harom qilgan narsaga boqmagan, qulog‘ining karligi – Alloh harom qilgan narsalarga quloq tutmagan, soqovligi ham rost, chunki tili Allohning zikrigagina aylangan, sholligi – yomon ishga yurmagan”.
Sobit ibn Ibrohim birovning haqqidan qo‘rqqanligi evaziga oliy mukofotga erishadi. Vaqt o‘tishi bilan uning ayoli yer yuzini ilm va fiqhga to‘ldirajak bir zotga, buyuk Imom Abu Hanifaga homilador bo‘ladi.