Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Iyun, 2025   |   16 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:38
Shom
20:00
Xufton
21:38
Bismillah
12 Iyun, 2025, 16 Zulhijja, 1446

O'zbekiston 2021 yilda sukuk qimmatli qog'ozlarini pilot ravishda chiqarishni rejalashtirmoqda

07.01.2021   1783   9 min.
O'zbekiston 2021 yilda sukuk qimmatli qog'ozlarini pilot ravishda chiqarishni rejalashtirmoqda

«Islom moliyasi» loyihasi muallifi Hondamir Nusratxo'jayev ushbu mavzuda Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov bilan suhbatlashdi.
Islom tijorat huquqi tamoyillari asosida ishlaydigan investitsion sukuk qimmatli qog'ozlari – real iqtisodiyotning moliyalashtirish manbayi hisoblanadi. Kapital bozorini rivojlantirish agentligi O'zbekiston bozorida sukukni joriy etish uchun huquqiy asoslar ishlab chiqish va infratuzilma yaratish ustida ishlamoqda.
Kun.uz xabariga ko'ra, 2020 yilning 12 oktyabr kuni «Islom moliyalashtirish tamoyillari asosida qimmatli qog'ozlarni joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida»gi prezident qarori loyihasi muhokamaga qo'yildi.
Sukuk tushunchasi nimani anglatadi?
Islom moliyaviy institutlarining buxgalterlik hisobi va auditi tashkiloti (AAOIFI) ta'rifiga ko'ra, sukuk – bu nominal qiymati teng bo'lgan sertifikatlar bo'lib, ular ma'lum bir loyihaning moddiy aktivlari, ko'rsatilayotgan xizmatlar, aktivlarga egalik huquqining bo'linmas ulushini tasdiqlaydi.
Sukuk, qarz majburiyatlaridan farqli o'laroq, ajratilgan moddiy aktivdagi yoki moliyalashtirilgan loyihadagi ulushdir. Uning daromadi, obligatsiyadan farqli ravishda, aktivlar va xizmatlardan foydalanish yoki moliyalashtirilayotgan loyihaning foydasidan hosil bo'ladi.
Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov sukuk qimmatli qog'ozlarini O'zbekiston bozoriga joriy etish borasidagi savollarga javob berdi.
– Sukuk bizning kapital bozorimizda o'ziga xos gibrid innovatsion instrument. Ehtimol, ko'pchilik (vazirlik, idora, Markaziy bank, biznes) uchun sukuk qimmatli qog'ozlarini chiqarish kutilmagan tashabbus bo'lgandir. Mazkur masalaning tarixi haqida gapirib bersangiz. U qanday paydo bo'ldi, shaxsan o'zingiz bu g'oyaga nima uchun ishondingiz?
– Men ilgari ham sukukka duch kelganman. Chunki global miqyosda mazkur bozor katta va u nafaqat tarixan musulmon bo'lgan mamlakatlar, balki Yevropa mamlakatlari va boshqa maydonchalarda ham mavjud. Bundan tashqari, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankida faoliyat yuritgan va Markaziy Osiyo mintaqasi uchun mas'ul bo'lgan vaqtimda, bankimizning salohiyatli mijozlari mendan islom moliyasini tashkil etish imkoniyati haqida so'raganlari bilan bog'liq vaziyatlarga duch kelganman.
Agentlikka rahbarlik qila boshlaganimdan keyin innovatsion fond instrumentlarini joriy etish imkoniyatlarini o'rgana boshladik. Sukuk bizga aynan shunday instrument bo'lib ko'rindi. Buning bir necha sabablari bor. Birinchidan, u islom moliyasi tamoyillariga mos. Bu esa bir vaqtlar islom tsivilizatsiyasining markazi bo'lgan mamlakatimiz uchun muhim ahamiyatga ega.
Ikkinchidan, sukukning o'ziga xos jihati shundaki, u investitsiyalardan maqsadli foydalanishni talab etadi, real aktivlarni yaratish bilan bevosita bog'liq va tomonlar o'rtasida xatarlarni adolatli taqsimlash imkonini beradi. Shuningdek, uning gibridligi shundan iboratki, u to'liq ulush ham, qarz instrumenti ham emas. Unda har ikki instrumentning xususiyatlari va xatarlari mavjud.
Mamlakat rahbariyati sukukni joriy etish va buning uchun normativ-huquqiy bazani yaratish g'oyasini qo'llab-quvvatladi. Shuning uchun biz tashabbus bilan xalqaro tashkilotlarga murojaat qildik va masalani idoralararo muhokamaga qo'ydik. Sukuk g'oyasi shu tariqa O'zbekistonda amalga oshirila boshlandi.
– Hozirgi vaqtda agentlik kapital bozori to'g'risidagi O'zbekiston Respublikasi qonuni ustida ish olib boryapti. Mazkur qonunda sukukning O'zbekiston kapital bozoridagi muhim instrument sifatidagi o'rni qanday bo'ladi?
– Biz «Kapital bozori to'g'risida»gi qonunning alohida bo'limini islom moliyasi instrumentlari, aniqrog'i sukukka bag'ishlashni rejalashtiryapmiz.
«Islom moliyalashtirish tamoyillari asosida qimmatli qog'ozlarni joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida»gi prezident qarori loyihasi tasdiqlanganidan keyin sukuk pilot kelishuvlarini amalga oshirish uchun oraliq mexanizmlardan biriga aylanadi.
– Sukukni chiqarish oson ish emas va qonunchilikda jiddiy o'zgarishlarni talab qiladi. Qonunchilikka kiritiladigan bu o'zgarishlar qanchalik qamrovga ega bo'ladi?

– Kapital bozorida umuman yangi instrument bo'lgan sukuk, tabiiyki, bir qancha tartibga soluvchi va qonunchilikdagi o'zgartish va qo'shimchalarni talab etadi. Masalan, prezident qarorida sukukni pilot ravishda chiqarish uchun maxsus soliq rejimi, benefitsiar mulk huquqi, ingliz huquqi normalaridan foydalanish va boshqa talablar nazarda tutilgan.
2021 yilda sukukni pilot ravishda chiqarish g'oyasidan ko'zlangan maqsad – sukukni chiqarish va muomalasini ta'minlash uchun qonunchilikda talab etiladigan o'zgarishlar ko'lami va boshqa nyuanslarini tushunib olishdan iborat.
– Sukukni pilot ravishda chiqarish uchun prezident qarorini tasdiqlash jarayoni hozir qaysi bosqichda? Agentlik turli vazirlik va idoralar bilan qay darajada yaqin hamkorlik olib boradi, mazkur jarayonga qaysi asosiy vazirlik va idoralar jalb etilgan?
– Agentlik bir qator vazirlik va idoralar bilan yaqin hamkorlikda ishlaydi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Soliq qo'mitasi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va Markaziy bank shular jumlasidan.
Bundan tashqari, sukuk tushunchasi haqida to'liq ma'lumot olish, u haqida xabardorlik darajasini oshirish, sukuk tuzilishining turli variantlari, shuningdek, sukuk va obligatsiyalar o'rtasidagi farqni tushunish maqsadida vazirlik va idoralar xodimlari uchun agentlik Islom taraqqiyot banki ko'magida ikki kunlik trening tashkil etdi.
– Prezident qarori loyihasida sukuk qimmatli qog'ozlarini pilot ravishda chiqarilishini tashkil etish 2022 yilning 1 iyulida yakunlanishi kerakligi nazarda tutilgan. Sizningcha, mazkur loyihani belgilangan muddatda yakunlashga erishiladimi?
– Afsuski, pandemiya o'z ta'sirini ko'rsatdi va loyihani amalga oshirishning ayrim jarayonlarini sekinlashtirdi. Biroq bugungi kunda tayyorgarlik jarayoni tabiiy ravishda o'z tartibi bilan davom etmoqda. Ayrim vazirlik va idoralar bilan muayyan jihatlarni tasdiqlash ishlari qoldi.
Shuni qayd etishni istardimki, vazirlik va idoralar mazkur tashabbusni har tomonlama qo'llab-quvvatlashmoqda; mamlakatni rivojlantirish uchun qimmatli qog'ozlar bozori, shuningdek, innovatsion instrumentlarni rivojlantirish ahamiyatini yaxshi tushunishmoqda.
– Yaqinda BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) respublika bo'ylab O'zbekistonda islom moliyasini rivojlantirish istiqbollari borasida so'rovnoma o'tkazdi (7 mingga yaqin respondentlar ishtirok etdi). Respondentlarning ko'pchiligi O'zbekistonda islom moliyasi paydo bo'lishiga katta ehtiyoj borligini ta'kidlashdi. Aholimiz Islom moliyasiga nisbatan anchagina ijobiy munosabatda ekani O'zbekistonda sukuklar bozorini yaratishdagi umumiy muvaffaqiyatga qay darajada ta'sir qilishi mumkin?
– Halqimizning ko'p asrlik madaniyati va an'analari islom dini bilan chambarchas bog'liq. Shu jumladan, moliya, mulk munosabatlari tamoyillari borasida ham. Aynan shuning uchun xam sukuk yirik va o'rta biznes tomonidan ham, aholi tomonidan ham qo'llab-quvvatlanadi, deb hisoblaymiz.
Bundan tashqari, islom moliyasining bir qismi sifatida sukuk birinchi navbatda o'ziga xos ahloqiy asoslarga ega. Shu bilan birga, undan har kim cheklovlarsiz foydalanishi mumkin. Aytgancha, sukuk chiqarishdagi eng muhim platformalarning ko'pi – g'arb yurisdiktsiyalari. Yirik xalqaro banklar esa sukuk xaridorlaridir.
– Agentlikka qaror loyihasini ishlab chiqishda kim yordam berdi?
– Mazkur loyihani amalga oshirish uchun huquqiy asosni yaratishda ko'rsatgan texnik yordami, ko'magi va maslahatlari uchun BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) va Islom taraqqiyot bankidan minnatdormiz. Ular bilan samarali hamkorligimiz davom etishiga umid qilamiz.
***
Ta'kidlanganidek, O'zbekiston 2021 yilda sukuk qimmatli qog'ozlarini pilot ravishda chiqarishni rejalashtirmoqda. Otabek Nazirovning so'zlariga ko'ra, bu – mahalliy va xalqaro investorlar mablag'ini jalb etish, moliya bozorini rivojlantirish va islohotlar jarayoniga yordam beradi.
Otabek Nazirovning hisob-kitoblariga ko'ra, zarur normativ-huquqiy baza yaratilsa, davlat va korporativ sukukning chiqarilishi bir necha yil ichida O'zbekiston uchun 4–5 milliard dollarlik bozorga aylanishi mumkin. Bu – sukukning xorijiy investitsiyalarni jalb etish va yirik infratuzilma loyihalari, davlat-xususiy sheriklik hamda xususiy sektordagi loyihalarni amalga oshirishda yuqori salohiyatidan dalolat beradi.

Hondamir Nusratxo'jayev suhbatlashdi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Er-xotinning yarashuvi shayton bo‘ynini sindirar

12.06.2025   758   5 min.
Er-xotinning yarashuvi  shayton bo‘ynini sindirar

Oila – inson hayotidagi ma’naviy suyanch, ijtimoiy tartib, nasl davomiyligini ta’minlovchi qo‘rg‘on va mehr-muhabbat maskanidir.


Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoq­lik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir” (Rum surasi, 21-oyat).


Bu oyat oila qurishning ilohiy hikmatga ega ekanini, er-xotin munosabatida muhab­bat va mehr-shafqat asosiy omil bo‘lishini anglatadi.


Islom nikohni faqat shaxsiy xohish emas, balki ma’naviy, axloqiy va ijtimoiy majburiyat sifatida qabul qilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Nikoh me­­ning sunnatimdir. Kim sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas”, deganlar (Muttafaqun alayh).


Bu hadisga ko‘ra, nikoh musulmon hayoti­dagi ibodat hisoblanadi. Uning asosiy maqsadlari nafsni halol yo‘l bilan qon­dirish, nasliy poklik, farzand tarbiyasi va jamiyat bar­qarorligini ta’minlashdir.


Islomda er va xotinning vazifalari bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatga ega. Alloh taolo erkakni mas’uliyatli rahbar, ayolni esa oila mustahkamligini ta’minlovchi qilib yaratgan: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir” (Niso surasi, 34-oyat).


Erkak ayoldan ba’zi xususiyatlarda ortiq qilib yaratilganida bir necha hikmatlar bor. Mufassir ulamolar, jumladan, quyidagi shar’iy nuqtayi nazardan erkaklarga xos xususiyatlarni qayd etishgan: payg‘ambarlik, jismoniy kuch-quvvat, oila nafaqasiga mas’ullik, aqlu idrok, xotira va tafakkurning ziyodaligi, imom-xatiblik, muazzinlik, jamoat bilan namoz o‘qish, juma namozining vojib bo‘lishi, tashriq takbirini aytish, janglarda qatnashish, to‘liq guvohlik, taloq berish huquqiga ega bo‘lish, oilaning unga nisbat berilishi, namoz va ro‘zani uzrsiz ado etish kabilar.


Shu jihatlarni hisobga olib, ayol kishi eriga nisbatan itoatli, hamiyatli va iffatli bo‘lib, oila totuvligi yo‘lida doimiy harakatda bo‘lishi juda matlub ishdir.


Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam: “Sizlarning eng yaxshilaringiz o‘z ahliga yaxshilik qiluvchilaringizdir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).


Erkak oila boshlig‘i sifatida adolatli, g‘amxo‘r va mehribon bo‘lishi kerak. U o‘z ayoli va farzandlarining ehtiyojlarini ta’minlab, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi lozim.


Xotinning vazifalari – oilada sog‘lom muhit yaratish, erga itoat va uning sha’nini asrash. U oila tinch­ligi va farovonligi uchun intilishi, eriga vafodor bo‘lib, farzandlar tarbiyasida fido­yilik ko‘rsatishi lozim.


Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Ular sizlarning libosingiz, sizlar ularga libossiz” (Baqara surasi, 187-oyat).


Bu oyat nikohdagi juft­larning bir-biriga muhtoj­ligi va ular o‘rtasidagi yaqin­likni ta’riflaydi.


Nikoh faqatgina ikki insonning emas, balki oilalar va jamiyatning ham mas’uliyatidir. Ko‘p hollarda ota-onalar, qarindoshlar va jamiyatning qo‘llab-quvvatlashi nikohning mustahkamligida muhim ahamiyat kasb etadi.


Bugungi kunda ko‘pchilik oilaviy muammolar uchinchi tomonlarning (qaynona-qaynota, yaqinlar, do‘stlar) chuqur va nomunosib aralashuvi oqi­batida kelib chiqmoqda. Har bir inson o‘ziga tegishli chegarani bilishi zarur.


Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Odamlarning arazlashganlarini yarashtirib qo‘yish nafl namoz o‘qishdan va nafl ro‘za tutishdan ko‘ra savobliroqdir”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).


Ota-onalar, qarindoshlar – yoshlar hayo­tiga rahbar sifatida kerakli maslahat beradilar, ammo ularning shaxsiy munosabatlariga befarq yoki ortiqcha aralashish – oilaviy muhitni buzishi, o‘rtadagi muhabbatni so‘ndirishi mumkin.


Ko‘pincha oilada ota-ona va farzandlar, oilaning bosh­qa a’zolari orasida ham turli kelishmovchilik bo‘lib turadi. Arzimagan sabab-bahonalar bilan tinch xonadonlar mojarolar maskaniga aylanadi. Bir-biriga yaqin, qadrdon, qarindoshlar o‘rtasida mehr-oqibat ko‘tariladi.


Kechira olish – go‘zal fa­zilat, di­nimizda maqtalgan sifatlardan. Bir qarashda oniy yutqa­zishday ko‘ringan kechira olish katta mojarolarning oldini oladi, g‘alabani ta’minlaydi. “Er-xotinning urishi – doka ro‘molning qurishi” deganlariday, ikki oshufta qalbning arazi uzoqqa bormasligi kunday ravshan.


Sal ixtilof chiqdimi, bir tomon darrov murosa-kelishuv yo‘lini ko‘rishi kerak. Bir tomonning aql-idrok bilan ish tutishi shaytonning bo‘ynini sindirib, katta mojarolarning oldini oladi.


Joriy yilning birinchi choragida viloyat imom-xatiblari, otinoyilari 838 ta ana shunday nizomi oilani yarashtirishib, yoshlarning baxtli hayot kechirishiga sababchi bo‘ldilar.


Xulosa shuki, Islom oilaga yuksak maqom bergan, uni jamiyatning yuragi deb baholagan. Biz oyat va hadislar asosida shu muqaddas ne’matni asrash, mus­tahkamlash va yoshlarga to‘g‘ri yetkazish yo‘lida jiddiy harakat qilishimiz kerak.


Ubaydulloh ABDULLAYEV,

Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi

 

 

Maqolalar