(Davomi, 1-qism)
***
Shayx hazratlariga bo'lgan yana bir ehtiromni ko'ring. Hazrat idoraning internet saytini ochishni maqsad qilib, shu sohada layoqatli mutaxassislarni topib, alohida ro'yxat bilan oldilariga kirishimni so'radilar. Dasturchilar borasida muammo yo'q, televideniyeda anchayin tajribali dasturchilar borligini, savob uchun xolis xizmatini ayamaydigan mutaxassislar mavjudligi bilardim. Hullas, dinimiz ravnaqi uchun o'z hissasini qo'shish istagida bo'lganlar talaygina edi. Alloh barchalaridan rozi bo'lsin. Ulardan bir nechalarini ro'yxatga tirkab muftiy hazratlariga kirgizdim. Shu safga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining saytlarini yuritayotgan Abu Muslimni ham qo'shdim. Hazrat ro'yxat bilan tanishib Abu Muslim nomzodiga to'xtalib: "Shu yigitni tanlaymiz. Ustozning xizmatida, muhimi tajriba orttirgan ekan. U yigitni topib, xizmat haqini gaplashing, kelishib olib men bilan uchrashtiring" deb topshiriq berdi. Shu orada Shayx hazratlaridan Abu Muslim uchun ruxsat so'rab, roziligini olgan ekanlar. Hazrat Abu Muslimni qabul qilib saytning qay holatda bo'lishini maslahat qildilar, o'z tavsiyalarini aytib, ishni boshlashga oq fotiha berdilar.
Hazrat, ommaviy axborot vositalari orqali diniy materiallar ko'proq yoritilishini istar, buning uchun bor imkoniyatini ishga solardi. Idora xodimlari, imom xatiblarni OAVda doimiy chiqish qilib turishga targ'ib qilib, bu ishlar dinimiz uchun manfaatli bo'lishini ta'kidlardilar.
"Islom nuri" gazetasi va "Hidoyat" jurnali idora tasarrufida bo'lgani uchun mazmun, saviya va obuna masalarini o'zlari nazoratga olgandi. Har dushanba kuni bo'ladigan yig'ilishda nashriyot direktoriga: "Nurulloxon, sizda nima yutuq va muammolar bor? Obuna qanday ketayapti? O'sish bormi?” degan savollarni berardi. Nurullo akaning javoblarini tinglab, o'rinbosarlari va bo'lim boshliqlariga obuna masalasini qattiq tayinlab, uni bajarish juda muhim ekanini ta'kidlab turardi. Hazratning bu sa'y-harakatlari bois ushbu nashrlar mamlakatimizda chiqayotgan mashhur jurnal va gazetalardan mazmun-mohiyat jihatidan ham, adad-tiraj jihatidan ham oldingi qatorlarga o'tib olgandi. Bevosita faoliyatim OAV da bo'lgani va kuzatishlarim asosida aytishim mumkinki, birinchi rahbarning tashabbusi bilangina bu sohada o'sish bo'lishi oydek ravshanligini bilaman. Jurnalistlar yaxshi maqolalar yozishi, texnik xodimlar bezash ishlarini bajarishi mumkin. Ammo, uning tirajini oshirib, o'z o'quvchilariga etib borishida rahbarning jonkuyarligi muhim omil bo'lib hisoblanadi. Hazrat, matbuot orqali diniy savodxonlikni oshirishning o'ta manfaatli bo'lishini anglagan holda bunga qattiq bel bog'lagan edi. Obunachilarning ko'p bo'lishidan xavotir oladigan kaslar ham etarli edi. Ular ham oshkora ham zimdan turli bahona-vajlar bilan qarshilik ko'rsatib kelishardi. Hazrat buni bilar, shunga qaramasdan ishni davom ettiraverardi. Kimlardir “muftiy odamlarni jurnal va gazetaga qattiq targ'ib qildiryapti”, degan iddaolarni ham yoygan edi. Bu haqda bir kuni hazratga gap ochdim.
– Dilmurod, – dedi hazrat, – dinimiz targ'ibotiga qarshiliklar hamma vaqt bo'lgan, murosaa qilsak hech nimaga erishmaymiz, o'jarlik qilsak undan badtari bo'ladi. Shu vajdan ilojini topib, imkonini qilib nimadir qilishimiz kerak. Obunadan foydalanib mo'min-musulmonlar xonadoniga dinimiz shiorlarini targ'ib qilishning nimasi yomon? Axir shunday ham odamlarning xonadonida bo'lar-bo'lmas gazeta va jurnallar, har xil qo'shiqlar to'la audio, video mahsulotlar istalgancha bor-ku, ularning hammasi pulga olingan. Shularning orasida rasman ruxsat berilgan "Islom nuri" va "Hidoyat" jurnali ham bo'lsa, odamlar mayli istar-istamay uni varaqlasa, qaysidir sahifasiga ko'z yugurtirsa bu – sovuqning zahrini bir yumshatmaydimi? Ayrim fil'mlar, sariq matbuotu, tijorat maqsadida chop etilayotgan engil-elpi mazmundagi kitoblar orqali tarqalayotgan axloqiy emirilishning oldini olishga xizmat qilmaydimi? Axloqiy tozarishga, ma'nan yuksalishga undovchi bu nashrlarga qilingan sarf, oxirat foydasi uchun qilingan xarid emasmi?
Dilmurod, bilaman, bizni tushunmaydiganlardan ko'ra tushunishni istamaydiganlar ko'p. Ular ochiqdan-ochiq gapirishyapti ham, gohida do'q urishyapti, po'pisa qilishyapti – parvo qilmaslikka harakat qilyapman. Eng yomoni ba'zi bir odamlar o'zining tor va biqiq dunyoqarashini davlat siyosati nomidan tiqishtirmoqchi bo'ladi.
Hazratning kuyunchaklik bilan aytgan fikrlari hali ham quloqlarim ostida jaranglab turadi. Darhaqiqat, o'sha payt vaziyat og'ir edi. O'ttiz million aholisi bor, shuning to'qson besh foizi musulmonlarni tashkil qilgan mamlakatda bitta teleradiodastur, bitta jurnal va bitta gazeta nashr etishga ruxsat berilgan edi. Hazrat mana shunday sharoitda o'zining ozgina vakolatidan foydalanib, shu mittigina imkoniyatdan samarali foydalanish haqida bosh qotirardi.
Shu o'rinda bir gap. U kezlari yomg'irdan keyin potrab chiqqan qo'ziqoringa o'xshash hozirgi internet “daho”lari pana-pastqamlarda pisib yurishardi, ayrimlarining esa orqa etagi elkasiga ignabog'ich bilan qistirib qo'yilgan payt edi. Hozirda og'zidan ko'pik sachratib, odamlarga din ahkomlaridan saboq berishga kirishgan bu kimsalar vaziyatga qarab, to'nini, zamonaviy tilda aytganda “ton”ini o'zgartirib turadi. Bir paytlari prezidentimiz ta'kidlaganlaridek tik turgan simyog'ochni ham qamash mumkin bo'lgan chog'lari shu vallomatlar “och qornim, tinch qulog'im” shioriga amal qilib sudralib yurishni ma'qul bilardilar. Bugun esa tillari bir quloch.
Karantin sabab, ta'tilimni Urgutda o'tkazdim. Ozgina dehqonchilik qilib, tog' bag'ridagi bog'imda chayla yasab, bir necha oy yashadim. Shu orada anchagina kitoblarni mutolaa qildim. Bir kuni Isroil akam kelib qoldi. Muk tushib o'qiyotganimni ko'rib: “Uyda ancha-muncha jurnal, gazetalar bor, keltirib beraman? – deb qoldi. Ertasi kuni bir dasta qilib tashlab ketdi. "Hidoyat", "Islom nuri". Ba'zilari titilgan, varaqlari yirtilgan.
– Aka, bular nevaralarning qo'liga tushganmi-a, – so'radim.
– Qayda, obuna bo'lganman. Bunisi qo'yib, bunisi o'qiydi. Ba'zida hamsoyalar ham obketadi. Savob bo'ladi deb qo'yaman, – dedi. Muftiy hazratlarining aytgan gaplari haq ekan, degan o'y kechib o'tdi xayolimdan. Haqiqatdan ham o'quvchilar sonining o'sishi gazeta tirajining oshishiga sabab bo'lgandi. Tiraji oshgan gazeta-jurnal xalqimiz orasida keng tarqaldi. O'qimishli odamlar soni ortdi. Harnechuk, xalqimiz har xil oldi-qochdi nashrlardan ko'ra, din va diniy mavzularda ishonchli manbaadan bir nima o'qiganlari ma'qul, ana shunda chalg'imaydilar. Hazrat, sizdan Alloh rozi bo'lsin!
***
Ustoz, Karimulloh domla aytib bergan bir voqeani eslayman: “Buxorodagi "Mir Arab" madrasasida tahsil olardik. Bir kuni muftiy Ziyovuddinxon hazrat madrasamizga tashrif buyurib, o'qish va o'zlashtirish jarayonlari; talabalarning yashash sharoitlari bilan tanishdilar. So'ngra, barcha talabalarni to'plab, har birimizga sovet pulida o'n sumdan hadya qildilar. Talabalarning o'sha paytdagi quvonch va hayajonlari hali-hali yodimda. Aslida gap pulda emas, e'tiborda. O'qishni tugatdik, ishlarga kirdik, oila qurib, farzandlarimiz dunyoga keldi. Ammo o'sha voqeani har doim eslab haqlariga duo qilaman. Illo, Alloh taolo roziligi uchun qilingan har bir yaxshilik e'tirofga loyiq!”
Muftiy hazratning yonlarida ko'p vaqt bo'lganim uchun Ziyovuddinxon hazratga xos bo'lgan fazilatlar u kishining ham amal qiladigan muhim hayotiy shiorlari bo'lganiga ko'p bor guvoh bo'lganman. Hazrat, hozirgi tilda aytilganda "xayriya jamg'arma"siga ega edi. Maoshlaridan, xayr-ehsonlardan keladigan pullarning ma'lum qismini yaxshilik ishlariga tarqatardi. Moddiy yordam, ehtiyojmand oila yoki zaruriyat yuzasidan so'ralgan ko'mak so'rab qilingan murojaatlarini hech qachon javobsiz qoldirmas, bu ishlarga eng zurur yumush deb qarardi.
Viloyatlarga chiqqanlarida o'sha joydagi madrasa talabalari uchun atayin jamg'armasidan pul olib tarqatardi. Yordam va ehson uchun mo'minlik nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda Alloh aytganidek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tavsiya qilganlaridek harakat qilardi. Hazrat aksar holda qilayotgan ehson ishlarini maxfiy ravishda qilar, maqtov va namoyishkorlikdan yiroq edi.
O'z vaqtida ba'zi bir badkirdor kishilarning asossiz tuhmat va qabihliklari sabab o'sha davrning “qora ro'yxat”iga tushgan Fozil qori akaning bir gapi hech yodimdan chiqmaydi: “Dilmurod, Usmonxonni bizga xudo yubordi, – degan edi qori aka samimiy, – qarang qanchalik bag'ri keng, mard, asli otalari Temirxon eshon bobo ham boshqacha odam bo'lganlar!..”
Hazrat Fozil qori akani qattiq hurmat qilar, u kishiga bo'lgan nohaqliklardan iztirob chekib yurardi. Rasmiy tadbirlar, davriy nashrlar, teleradioda chiqishi ta'qiqlab qo'yilgan Fozil qori akani ustozim, qadrdonim, akam deb e'zozlar edilar. Shu gaplarni ochiq-oshkor aytishdan sira cho'chimaganlar.
Bir kuni muftiy hazrat meni huzuriga chaqirib, Fozil qori akaning qayerdaligini surishtirib topishimni, idoraga taklif qilishimni buyurdilar. Telefon orqali bog'lanib, hazratning taklifini etkazdim mabodo zarur bo'lsa mashina jo'natishimiz mumkinligini aytdim. Fozil qori aka asr namozidan keyin kelishlarini bildirdilar. Hazrat u kishi kelganini eshitib, kutib olish uchun hovliga chiqib, ko'zlarida yosh, mehr bilan quchoq ochib ko'rishib, xonalariga taklif etdi. Ancha vaqt suhbatlashib o'tirishdi. Fozil qori aka xursand, kayfiyati a'lo darajada edi. Muftiy hazratni olqadilar. Samimiy, chin dildan so'zlayotgan qori akani kuzata turib, ko'pning hidoyatga kirishiga sabab bo'lgan, dinimizga anchagina foydali amallarni qilgan shunday ulug' zotni mahzun ko'nglini ko'targan hazratdan Alloh rozi bo'lsin degan kechinmalar kechib o'tdi ko'nglimdan. Chunki o'sha kezlari kimdir yuqoridagi rahbarlardan qaysidir biriga yoqmasa chaquv, tuhmat uyushtirib, uni yanada tepadagi rahbar orqali obrusizlantirib, qamattirib yo ishdan haydatib, nomini "qora ro'yxat"ga tirkab qo'yardi. Odatiy, oddiy hol edi bu. Shu bilan u odamning OAV da chiqishi yoki tadbirlarda qatnashishi mutlaqo barham topardi. Shu ishga mas'ul bo'lgan barchalar topshiriqni a'lo darajada bajarardi. Kimdir u insonning faoliyatini tiklamoqchi (qiyin masala edi) bo'lsa, o'ziga nisbatan shubha va gumon ortirardi. Nazorat ostiga olinardi. Shuni bilib hech kim bu ishga bosh qo'shmas, aksincha bunday kishilardan o'zini olib qochardi. Mana shu kabi kimsalarning olchoqliklari ham u kishining sog'ligiga salbiy ta'sir ko'rsatgani bor gap.
Fozil qori akaga bo'lgan hurmatlari, dinimiz uchun qilgan xizmatlari vajhida muftiy hazratlari katta idoralarga kirib u kishining nomini qisman oqlashga muyassar bo'lgan edilar. Fozil qori buni bilardi, Bu ishlar anchayin murakkab ekanini, harakatlar bo'lgani-yu, manfaat bermaganini ham. Shunga qori aka muftiy hazratdan juda minnatdor edilar. Oxiratlari obod bo'lsin.
(davomi bor)
Dilmurod Qo'shoqov
Avvalambor, biz bu mavzuda gap boshlar ekanmiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlash – yurt taraqqiyoti va xalq farovonligining garovi” mavzusidagi ma’ruzasida aytgan: “Mamlakatimizda yoshlarning ma’naviy qiyofasini mustaqillik mafkurasi, uning insoniy tamoyillari asosida shakllantirishga bosh vazifa sifatida qaralayotgani bejiz emas. Yoshlar jamiyatda sodir bo‘ladigan har qanday voqeliklarga o‘zgacha, ruhiy his kechinmalar doirasida munosabat bildiradilar. Qiyinchiliklar vujudga kelganda esa ehtiroslarga beriladilar. Shuning uchun bizning oldimizda turgan muhim masala — yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashdir” - deya ta’kidlagan ushbu nutqlariga e’tiborimizni qaratishimiz o‘rinlidir.
Demak, mafkuraviy tahdid tushunchasi nimaligi haqida bir mulohaza: mafkuraviy tahdid - ijtimoiy-siyosiy harakat, oqim yoki siyosiy kuch o‘z manfaatini ifodalovchi mafkurasini qo‘rqituv, zo‘rlik yo‘li bilan boshqalarga singdirishdir. Mafkuraviy tahdid jamiyat, davlat yoki xalq taqdiriga xavf soluvchi, oqibati fojeali oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan xatar hisoblanadi. Ha, bu kabi tahdidlarning ayrim ko‘rinishlari bugun mintaqamizdagi tinchlik va barqarorlik uchun katta xavf xatar sifatida namoyon bo‘lib turibdi.
Mafkuraviy tahdid o‘z mohiyatidan kelib chiqib, eng avvalo, inson ongiga, tafakkuri va xulq-atvoriga xavf-xatar solmoqda. Inson ongi va qalbini vayronkor va buzg‘unchi g‘oyalar bilan izdan chiqarishga harakat qilish mafkuraviy tahdidning eng asosiy belgilaridan hisoblanadi. Mafkuraviy tahdidning o‘ta xavfli jihati shundan iboratki, u, birinchi navbatda, jamiyatning ma’naviy sohasini barbod etishga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Chunki, aynan ma’naviy soha har qanday jamiyatning mavjudligini, uning yashovchanligini ta’minlaydigan asosiy o‘zagi hisoblanadi. Bugun mafkuraviy tahdidlarning turli xil usul va vositalari ishlab chiqilmoqda. Jumladan: ommaviy axborot vositalaridagi turli xildagi milliy mintalitetimizga to‘g‘ri kelmaydigan kino va multfilimlar, ko‘rsatuv va kliplar qo‘yish bilan xalqimizning ongini sekin astalik bilan buzishga qaratilgan harakatlar shular jumlasidandir.
Bugungi kunda bizlar mafkuraviy tahdidlarga qarshi kurashishligimizda nimalarga alohida e’tibor qaratishligimiz kerak:
Shu va shunga o‘xshagan bir qancha usullar bilan ma’naviy-ma’rifiy ishlarni keng qamrovli, izchil tartibda olib borishimiz lozim. Bu kabi ma’naviyat va ma’rifat ishlarini hayotga tatbiq etish jarayonida nafaqat ta’lim-tarbiya soha vakillari, balki, barcha boshqaruv tizimida o‘tirgan mutasaddilar ham masalaga nihoyatda yuksak mas’uliyat bilan yondashishlari lozim.
Ha, men yuqorida tarbiya qismiga aloxila to‘xtalib o‘tdim. Chunki biz kelajak avlodlarimizni bugun go‘zal tarbiya bilan tarbiyalay olsak, ertangi kunimizdan xavotir olmasak ham bo‘ladi. Agarda loqayd, poraxo‘r, ertasi bilan qiziqmaydigan, faqatgina buguni bilan yashaydigan, mustaqil fikri bo‘lmagan, o‘zgalar nima desa, ularning fikriga ko‘ra ish qilib ketaveradigan manqurt kimsalar ko‘paysa, ertamizni o‘zgalar qo‘liga berib qo‘yamiz. Biz bunga butkul qarshimiz, aslo bunga rozi bo‘lolmaymiz. Shuning uchun ham biz barchamiz bu yo‘lda birlashishimiz kerak bo‘ladi.
Rahmonqul Aliqulov,
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi