Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Avgust, 2026   |   15 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:21
Quyosh
05:45
Peshin
12:24
Asr
17:06
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
28 Avgust, 2026, 15 Rabi`ul avval, 1448

Muftiy hazrat hayotiga chizgilar (2-qism)

05.01.2021   8842   12 min.
Muftiy hazrat hayotiga chizgilar (2-qism)

(Davomi, 1-qism)

***

Shayx hazratlariga bo'lgan yana bir ehtiromni ko'ring. Hazrat  idoraning internet saytini ochishni maqsad qilib, shu sohada layoqatli mutaxassislarni topib, alohida ro'yxat bilan oldilariga kirishimni so'radilar. Dasturchilar borasida muammo yo'q, televideniyeda anchayin tajribali dasturchilar borligini, savob uchun xolis xizmatini ayamaydigan mutaxassislar mavjudligi bilardim. Hullas, dinimiz ravnaqi uchun o'z hissasini qo'shish istagida bo'lganlar talaygina edi. Alloh barchalaridan rozi bo'lsin. Ulardan bir nechalarini ro'yxatga tirkab muftiy hazratlariga kirgizdim. Shu safga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining saytlarini yuritayotgan Abu Muslimni ham qo'shdim. Hazrat ro'yxat bilan tanishib Abu Muslim nomzodiga to'xtalib: "Shu yigitni tanlaymiz. Ustozning xizmatida, muhimi tajriba orttirgan ekan. U yigitni topib, xizmat haqini gaplashing, kelishib olib men bilan  uchrashtiring" deb topshiriq berdi. Shu orada  Shayx hazratlaridan Abu Muslim uchun ruxsat so'rab, roziligini olgan ekanlar. Hazrat Abu Muslimni qabul qilib saytning qay holatda bo'lishini maslahat qildilar, o'z tavsiyalarini aytib, ishni boshlashga oq fotiha berdilar.

Hazrat, ommaviy axborot vositalari orqali diniy materiallar ko'proq yoritilishini istar, buning uchun bor imkoniyatini ishga solardi. Idora xodimlari, imom xatiblarni OAVda doimiy chiqish qilib turishga targ'ib qilib, bu ishlar dinimiz uchun  manfaatli bo'lishini ta'kidlardilar. 

"Islom nuri" gazetasi va "Hidoyat" jurnali idora tasarrufida bo'lgani uchun mazmun, saviya va obuna masalarini o'zlari nazoratga olgandi. Har dushanba kuni bo'ladigan yig'ilishda nashriyot direktoriga: "Nurulloxon, sizda nima yutuq va muammolar bor? Obuna qanday ketayapti? O'sish bormi?” degan savollarni berardi. Nurullo akaning javoblarini tinglab, o'rinbosarlari va bo'lim boshliqlariga obuna masalasini   qattiq tayinlab, uni bajarish juda muhim ekanini ta'kidlab turardi.   Hazratning bu sa'y-harakatlari bois ushbu nashrlar mamlakatimizda chiqayotgan mashhur  jurnal va gazetalardan mazmun-mohiyat jihatidan ham,  adad-tiraj jihatidan ham  oldingi qatorlarga o'tib olgandi. Bevosita faoliyatim OAV da bo'lgani va kuzatishlarim asosida aytishim mumkinki, birinchi rahbarning tashabbusi bilangina bu sohada o'sish bo'lishi oydek ravshanligini bilaman. Jurnalistlar yaxshi maqolalar yozishi, texnik xodimlar bezash ishlarini bajarishi mumkin. Ammo, uning tirajini oshirib, o'z o'quvchilariga  etib borishida rahbarning jonkuyarligi muhim omil bo'lib hisoblanadi. Hazrat,  matbuot orqali diniy savodxonlikni oshirishning  o'ta manfaatli bo'lishini anglagan holda bunga  qattiq bel bog'lagan edi. Obunachilarning ko'p bo'lishidan  xavotir oladigan kaslar ham  etarli edi. Ular ham oshkora ham zimdan turli bahona-vajlar bilan qarshilik ko'rsatib kelishardi.  Hazrat buni bilar, shunga qaramasdan ishni davom ettiraverardi. Kimlardir “muftiy odamlarni jurnal va gazetaga qattiq targ'ib  qildiryapti”, degan iddaolarni ham yoygan edi. Bu haqda bir kuni hazratga gap ochdim.

– Dilmurod, – dedi hazrat, – dinimiz targ'ibotiga qarshiliklar hamma vaqt bo'lgan, murosaa qilsak hech nimaga erishmaymiz, o'jarlik qilsak undan badtari bo'ladi. Shu vajdan ilojini topib, imkonini qilib nimadir qilishimiz kerak. Obunadan foydalanib mo'min-musulmonlar xonadoniga dinimiz shiorlarini targ'ib qilishning nimasi yomon? Axir shunday ham odamlarning xonadonida bo'lar-bo'lmas gazeta va jurnallar, har xil qo'shiqlar to'la audio, video mahsulotlar istalgancha bor-ku, ularning hammasi pulga olingan. Shularning orasida rasman ruxsat berilgan "Islom nuri" va "Hidoyat" jurnali ham bo'lsa, odamlar mayli istar-istamay uni varaqlasa, qaysidir sahifasiga ko'z yugurtirsa bu – sovuqning zahrini bir yumshatmaydimi? Ayrim fil'mlar, sariq matbuotu, tijorat maqsadida chop etilayotgan engil-elpi mazmundagi kitoblar orqali tarqalayotgan axloqiy emirilishning oldini olishga xizmat qilmaydimi? Axloqiy tozarishga, ma'nan yuksalishga undovchi bu nashrlarga qilingan sarf, oxirat foydasi uchun qilingan xarid emasmi?

Dilmurod, bilaman, bizni tushunmaydiganlardan ko'ra tushunishni istamaydiganlar ko'p. Ular ochiqdan-ochiq gapirishyapti ham, gohida do'q urishyapti, po'pisa qilishyapti – parvo qilmaslikka harakat qilyapman. Eng yomoni ba'zi bir odamlar o'zining tor va biqiq dunyoqarashini davlat siyosati nomidan tiqishtirmoqchi bo'ladi. 

Hazratning kuyunchaklik bilan aytgan fikrlari hali ham quloqlarim ostida jaranglab turadi. Darhaqiqat, o'sha payt vaziyat og'ir edi. O'ttiz million aholisi bor, shuning to'qson besh foizi musulmonlarni tashkil qilgan mamlakatda bitta teleradiodastur, bitta jurnal va bitta gazeta nashr etishga ruxsat berilgan edi. Hazrat mana shunday sharoitda o'zining ozgina vakolatidan foydalanib,  shu mittigina imkoniyatdan samarali foydalanish haqida bosh qotirardi.   

Shu o'rinda bir gap. U kezlari yomg'irdan keyin potrab chiqqan qo'ziqoringa o'xshash hozirgi internet “daho”lari pana-pastqamlarda pisib yurishardi, ayrimlarining esa orqa etagi elkasiga ignabog'ich bilan qistirib qo'yilgan payt edi. Hozirda og'zidan ko'pik sachratib, odamlarga din ahkomlaridan saboq berishga kirishgan bu kimsalar vaziyatga qarab,  to'nini, zamonaviy tilda aytganda “ton”ini o'zgartirib turadi. Bir paytlari prezidentimiz ta'kidlaganlaridek tik turgan simyog'ochni ham qamash mumkin bo'lgan chog'lari shu vallomatlar “och qornim, tinch qulog'im” shioriga amal qilib sudralib yurishni ma'qul bilardilar. Bugun esa tillari bir quloch. 

Karantin sabab,  ta'tilimni Urgutda o'tkazdim. Ozgina dehqonchilik qilib,  tog' bag'ridagi bog'imda chayla yasab, bir necha oy yashadim. Shu orada anchagina kitoblarni mutolaa qildim. Bir kuni Isroil akam kelib qoldi. Muk tushib o'qiyotganimni ko'rib: “Uyda ancha-muncha jurnal, gazetalar bor, keltirib beraman? – deb qoldi. Ertasi kuni  bir dasta qilib tashlab ketdi. "Hidoyat""Islom nuri". Ba'zilari titilgan, varaqlari yirtilgan. 

– Aka, bular nevaralarning qo'liga tushganmi-a, – so'radim. 

– Qayda, obuna bo'lganman. Bunisi qo'yib, bunisi o'qiydi. Ba'zida hamsoyalar ham obketadi. Savob bo'ladi deb qo'yaman, – dedi. Muftiy hazratlarining aytgan gaplari haq ekan, degan o'y kechib o'tdi xayolimdan. Haqiqatdan ham o'quvchilar sonining o'sishi gazeta tirajining oshishiga sabab bo'lgandi. Tiraji oshgan gazeta-jurnal xalqimiz orasida keng tarqaldi. O'qimishli odamlar soni ortdi.  Harnechuk, xalqimiz har xil oldi-qochdi nashrlardan ko'ra, din va diniy mavzularda ishonchli manbaadan  bir nima o'qiganlari ma'qul, ana shunda chalg'imaydilar.  Hazrat, sizdan Alloh rozi bo'lsin! 

***

Ustoz, Karimulloh domla  aytib bergan bir voqeani eslayman: “Buxorodagi "Mir Arab" madrasasida tahsil olardik. Bir kuni muftiy Ziyovuddinxon hazrat madrasamizga tashrif buyurib, o'qish va o'zlashtirish jarayonlari; talabalarning yashash sharoitlari bilan tanishdilar. So'ngra, barcha talabalarni to'plab, har birimizga sovet pulida o'n sumdan hadya qildilar. Talabalarning o'sha paytdagi quvonch va hayajonlari hali-hali yodimda. Aslida gap pulda emas, e'tiborda. O'qishni tugatdik, ishlarga kirdik, oila  qurib, farzandlarimiz dunyoga keldi. Ammo o'sha voqeani har doim eslab haqlariga duo qilaman. Illo, Alloh taolo roziligi uchun qilingan har bir yaxshilik e'tirofga loyiq!” 

Muftiy hazratning yonlarida ko'p vaqt bo'lganim uchun Ziyovuddinxon hazratga xos bo'lgan fazilatlar u kishining ham  amal qiladigan muhim hayotiy shiorlari bo'lganiga ko'p bor guvoh bo'lganman. Hazrat,  hozirgi tilda aytilganda "xayriya jamg'arma"siga ega edi. Maoshlaridan, xayr-ehsonlardan keladigan pullarning ma'lum qismini yaxshilik ishlariga tarqatardi. Moddiy yordam, ehtiyojmand oila yoki zaruriyat yuzasidan so'ralgan ko'mak so'rab qilingan murojaatlarini  hech qachon javobsiz qoldirmas, bu ishlarga eng zurur yumush deb qarardi.  

Viloyatlarga  chiqqanlarida o'sha joydagi madrasa talabalari uchun atayin jamg'armasidan pul olib tarqatardi. Yordam  va ehson uchun  mo'minlik nuqtai nazaridan  kelib chiqqan holda Alloh  aytganidek, Rasululloh sollallohu alayhi  vasallam  tavsiya qilganlaridek harakat qilardi. Hazrat aksar holda qilayotgan ehson ishlarini maxfiy ravishda qilar, maqtov va namoyishkorlikdan yiroq edi.

O'z vaqtida ba'zi bir badkirdor kishilarning asossiz tuhmat  va  qabihliklari sabab o'sha davrning “qora ro'yxat”iga tushgan Fozil qori akaning bir gapi hech yodimdan chiqmaydi: “Dilmurod, Usmonxonni bizga xudo yubordi, – degan edi qori aka samimiy, – qarang qanchalik bag'ri keng, mard, asli  otalari  Temirxon eshon bobo ham boshqacha odam  bo'lganlar!..”

Hazrat Fozil qori akani qattiq hurmat qilar, u kishiga bo'lgan nohaqliklardan iztirob chekib yurardi. Rasmiy tadbirlar, davriy nashrlar, teleradioda  chiqishi ta'qiqlab qo'yilgan Fozil qori akani ustozim, qadrdonim, akam  deb e'zozlar edilar. Shu gaplarni ochiq-oshkor aytishdan sira cho'chimaganlar. 

Bir kuni muftiy hazrat meni huzuriga chaqirib, Fozil qori akaning qayerdaligini surishtirib topishimni, idoraga taklif qilishimni buyurdilar. Telefon orqali bog'lanib, hazratning taklifini etkazdim mabodo zarur bo'lsa mashina jo'natishimiz mumkinligini aytdim. Fozil qori aka asr namozidan keyin kelishlarini bildirdilar. Hazrat u kishi kelganini eshitib, kutib olish uchun  hovliga chiqib, ko'zlarida  yosh, mehr bilan quchoq ochib ko'rishib,  xonalariga taklif etdi. Ancha vaqt suhbatlashib o'tirishdi. Fozil qori aka xursand, kayfiyati a'lo darajada edi. Muftiy hazratni olqadilar. Samimiy, chin dildan so'zlayotgan qori akani kuzata turib, ko'pning hidoyatga kirishiga sabab bo'lgan, dinimizga anchagina foydali amallarni qilgan shunday ulug' zotni mahzun ko'nglini ko'targan hazratdan Alloh rozi bo'lsin degan kechinmalar kechib o'tdi ko'nglimdan. Chunki o'sha kezlari kimdir yuqoridagi rahbarlardan qaysidir  biriga yoqmasa chaquv, tuhmat uyushtirib, uni yanada tepadagi rahbar orqali obrusizlantirib, qamattirib yo ishdan haydatib,  nomini "qora ro'yxat"ga tirkab qo'yardi. Odatiy, oddiy hol edi bu. Shu bilan  u odamning OAV da chiqishi yoki tadbirlarda qatnashishi  mutlaqo barham topardi. Shu  ishga mas'ul bo'lgan barchalar  topshiriqni a'lo darajada bajarardi. Kimdir u insonning faoliyatini tiklamoqchi  (qiyin masala edi) bo'lsa, o'ziga nisbatan shubha va gumon ortirardi. Nazorat ostiga olinardi. Shuni bilib hech kim bu ishga bosh qo'shmas, aksincha bunday kishilardan o'zini olib qochardi. Mana shu kabi kimsalarning olchoqliklari ham u kishining sog'ligiga salbiy ta'sir ko'rsatgani bor gap. 

Fozil  qori  akaga bo'lgan hurmatlari, dinimiz uchun qilgan xizmatlari vajhida muftiy hazratlari katta idoralarga kirib u kishining nomini qisman oqlashga muyassar bo'lgan edilar. Fozil qori buni bilardi,  Bu ishlar anchayin murakkab ekanini, harakatlar bo'lgani-yu, manfaat bermaganini ham. Shunga qori aka muftiy hazratdan juda minnatdor edilar.  Oxiratlari obod bo'lsin. 

(davomi bor)

Dilmurod Qo'shoqov

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

19.08.2026   37816   2 min.
18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.

Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.

1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.

1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.

Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.

2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari