So'nggi yillarda jahonda kuzatilayotgan iqlim o'zgarishi bilan bog'liq global muammolar, afsuski, yurtimizni ham chetlab o'tayotgani yo'q. Ro'y berayotgan chang-to'zonlar, shuningdek, yog'ingarchilikning kamayib yoki ko'payib ketayotgani so'zimiz tasdig'idir. Bu holat har bir aqli raso kishini befarq qoldirmasligi turgan gap.
Alloh taolo insonni erdan yaratar ekan, uning zimmasiga yana shu qaytadigan joyi – erni obod qilish vazifasini yukladi. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “U sizlarni tuproqdan paydo qildi va unga sizni obodligi uchun qo'ydi” (“Hud” surasi 61-oyat). Boshqa oyati karimada: “Yerni yaroqli qilib qo'ygandan keyin unda buzg'unchilik qilmangiz!” (“A'rof” surasi 56-oyat), deb keltirilgan. Alloh taolo ushbu ikki oyati karimada er va uni o'rab turgan tabiatni asrab-avaylashga, undan oqilona foydalanishga buyuradi. Shuning barobarida unga zarar etkazishning har qanday turidan qaytaradi.
Yer va undagi barcha ne'matlarni kelajak avlodga sof holatda etkazish har bir inson oldidagi muhim vazifalaridandir. Ayniqsa, bu imon-e'tiqodli kishilar qalbida ulkan mas'uliyat hissini oshiradi.
Dinimiz ozodalik va poklikka buyuradi. Islom dini kelgan davrlarda hozirgidek chiqindilar, turli-tuman zararli tutun va hokazolar chiqaruvchi zavod-fabrikalar, konlar, kimyo zavodlari, mashina va hokazolar bo'lmagan. Odamlar bugungi kunimizdagidek ko'p chiqindi hosil qiluvchi mahsulotlarni ham iste'mol qilmagan. Tabiat qo'ynida, tabiiy ne'matlardan oziqlangan. Turli xil sun'iy moddalardan tayyorlangan xilma-xil o'ram, qadoq va boshqa idishlardagi eguliklar emagan. Bu e'tibordan ularning chiqindilari ham tabiat va muhitga do'st bo'lgan bezarar chiqindilardan iborat bo'lgan. Ularning asosiysi taom qoldiqlari bo'lgan, xolos. Shunday bo'lsa ham dinimiz o'sha vaqtning o'zidayoq atrof-muhit tozaligi, shaxsiy tozalik va gigiyena sohasida kelajak davrlarga ham manfaatli bo'luvchi ko'rsatmalarni berib qo'ygan.
Shunday ekan, uylarimiz atrofi, ariqlar, ko'chalar, qabriston va uning atrofini hashar yo'li bilan tozalash, bo'sh joylarga ko'chat ekishdek go'zal odat qadimdan xalqimiz orasida urf bo'lib kelgan. Ammo taassufki, so'nggi paytlarda yurtdoshlarimiz bu qadriyatlardan uzoqlashayotgandek go'yo. Bugun ana shu qadriyatlarni davom ettirishimiz, dinimizning poklik borasidagi hukmlariga rioya qilish har kungidan ham zarurdir.
Suv – hayot manbai hisoblanib, inson u bilan tirik. Hatto tanamizning aksar qismini aynan suv tashkil qilishi hammaga ma'lum. Uni isrof va iflos qilish tabiatga nisbatan xiyonatdir. Janob payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Sa'd roziyallohu anhuga: “Hatto oqib turgan daryoda bo'lsang ham, suvni isrof qilma!” deya qilgan nasihatlari bugungi kunda ayni dolzarb masala bo'lib turibdi. Ota-bobolarimiz ushbu hadisga yillar davomida amal qilib kelishgan. Biz ham ushbu hikmatga, avvalo o'zimiz rioya qilishimiz, qolversa, o'sib kelayotgan yosh avlodga go'zal tarzda o'rgatishimiz kerak.
Yo'llar va soya-salqin joylar barcha insonlarning haqqi bo'lib, ularning hukmi ham suv kabidir. Demak, suvni asragan kabi soya – daraxtlarni ham himoya qilish lozim.
Zaminimiz shunday fazilatlarga boyki, xalqi chin mehnatkash, tuprog'i tirik jondek bag'rida hamma narsa o'nib-o'sib chiqadi. Yurtimiz ob-havosi ham mo''tadil, oqar suvlari bor, bu esa dehqonchilik uchun juda ham yaxshi xolatdir. Demak Alloh taolo bizga shunday sharoitni berib qo'ygan ekan, biz bu narslardan unumli foydalanishimiz kerak.
Bundan qariyb ikki yil avval Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirib kelinmoqda. Loyiha doirasida ko'plab xayrli ishlar amalga oshirildi. Endilikda 25 oktyabrdan 1 dekabrgacha “kuzgi daraxt ekish mavsumi” e'lon qilindi. Bu mavsumda 85 million tup ko'chat ekilishi mo'ljallangan.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir musulmon bir daraxt o'tqazsa yoki bir ekin eksa va uning mevasi va hosilidan inson yo qush yoki hayvon tanovul qisa unga sadaqaning savobi bordir”, dedilar.
Boshqa bir hadisda esa payg'ambarimiz alayhissalom: “Sizlardan biringizning qo'lida ko'chat bo'lgan holda qiyomat qoim bo'lsa, qo'lidagi ko'chatni ekishga qodir bo'lsa, turmasdan ko'chatni eksin”, deya marharmat qilganlar.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda “Kim Allohga ishonib va savob umid qilib qarovsiz erni obod qilsa, Alloh uning ishiga yordam va baraka beradi”, deyilgan.
Demak, ko'chat ekish savobli amallar sirasiga kirar, u kishi dunyodan o'tib, amal sahifasi yopilgandan so'ng ham haqqiga muttasil ravishda savob borib turishiga sabab bo'lar ekan. Shunday ekan, bizlar ham bu ezgu ishdan chetda qolmaylik, obodonchilik va farovonlik yo'lida qo'limizdan kelgan choralarni ko'raylik!
Ubaydulloh Abdullayev,
Farg'ona viloyati bosh imom-xatibi
Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.
Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...
Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...
Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.
Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.
Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.
Abdulatif ABDULLOH