Bismillahir rohmanir rohim
Islom dini, kishi o'ziga ravo ko'rgan yaxshilikdan o'zgalarni ham bahramand etish lozimligini uqtiradi. Binobarin, o'zini asrash Allohning hifzu himoyasiga doxil bo'lishning sharti sanaladi. Endi ana shu sifatni o'zgalar hayoti, sha'ni va nasabiga nisbatan qo'llash qanchalik savob amal ekanini tasavvur qiling! Bu sifatlar Allohning nazdida nechog'lik ulug' martaba tutishini ko'z oldingizga keltiring! Bir-birovning taqdiriga daxldorlik tuyg'usi ana shu nuqtada tarkib topadi. Zero, bu – abadiyat qonuni. Barmoqlar alohida-alohida holda ojiz, musht bo'lib tugilgan taqdirda qudrat kasb etadi. Bu faqatgina din sohasiga taalluqli gap emas. Tariximizni titkilab qarasak, qachon, qayerdaki tarqoqlik poydor bo'lsa tanazzulga uchraganimizni ilg'aymiz. HIII asrda Horazmshoh kaltabinlik bilan o'zining qudratli qo'shinini mayda-mayda bo'laklarga bo'lib mo'g'ullarga em qilgani yoki HVII asrga kelib ulkan bir saltanatning uchta mustaqil xonlikka bo'linib ketishi, vaqti kelib chor Rossiyasi uchun tayyor luqma bo'lgani yuqoridagi fikrimizning yaqqol isbotidir.
Biz birinchi navbatda ulug'larimimizni ulug'lashni odat qilishimiz kerak. Bir-birovga jonso'zlikni tarkib topdirishimiz lozim. O'tgan sho'rolar tuzumi bizni axloqan nimaga o'rgatdi? Yetmish yillik istibdod yillari O'zbekiston hukumatini Fayzulla Ho'jayev, Akmal Ikromov, Yo'ldosh Oxunboboyev, Usmon Yusupov, Kamolov, Nuriddin Muhiddinov, Sharof Rashidov, Usmonxo'jayev singari insonlar muayyan muddat boshqarib kelishdi. Birortasi ham vafotidan keyin qadr topmadi. Sababi, siyosatning arqog'i avvalboshdan shunday o'rilgan edi. Stalin o'lishi bilan tepkilandi. Hrushev hali tirikligidayoq tavqi la'natga uchradi. Brejnev ham shunday qismatdan qochib qutulmadi. Andropov, Chernenkoni birov eslamaydi ham. Gorbachevni esa ruslarning hali ham otarga o'qi yo'q...
Buning barisi – targ'ibot-tashviqotning samarasi. Mana shu illat qon-qonimizga singib ketdi. Qatag'on yillarining shifqatsizliklari bizni bir-birovga bo'ri bo'lib tashlanishga o'rgatdi: “dedi-dedi”, chaquv kabi illatlarning ildiziga suv quydi, rivojiga ravon yo'l ochib berdi. Maishiy masaladagi oddiy, hayotiy muammolarimizni ham siyosat darajasida hal etishga, yomon ko'rgan odamlarimizdan mosuvo bo'lish uchun imonsizlik darajasidagi “qora texnologiya”lardan tap tortmay foydalanishga moyillik uyg'otdi. Butun musulmon olami e'tirof etgan yakkayu yagona shayximiz muftiy Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazaratlarining boshilariga ne kunlarni solmadik deysiz. Shunday ilmli kishini g'ov tashlab xalqdan yashirish, ikki o'rtada to'siq qo'yib nimaga erishdik – shu haqda birov birrov o'ylab ko'rganmi?..
Hato qilish ayb emas, uni vaqtida tuzatmaslik katta gunoh aslida. Jamiyatda changalzor qonunlari amal qilgan davrlarda nimaiki nohaqliklar bo'lgan bo'lsa – bo'ldi, bas! Prezidentimiz bugun yurtga muhabbat, odamlarga munosabat borasida yangi bir siyosatga asos soldilar. Ulug'larimizni ulug'lash ulkan burchimiz ekanini ta'kidlamoqdalar. Ilm egalari, ulamolarga milliy boyligimiz darajasida qarash, ularni asrash, bilim bisotlarini el farzandlariga ulashish ishiga birinchi galdagi vazifamiz sifatida qarash tarkib topib boryapti. Nur bor joyda soya bo'lishi tayin. Ilmli insonlar ilmsizlarning g'ashiga tegishi ham bor gap. Ilmli kishilarning parvozi yuksak, ilmi haminqadar notavonlar ularga tenglashmoq istaydilar. Ammo, qanotlarini qiynashdan ko'ra ilmlilarning qanotini qiymalashni afzal biladilar. Shu yo'l bilan tenglashishini ma'qud ko'rishadi. Hamma balo ana shunda!
Kamina ushbu risolada solih bir inson haqida so'zlash uchun, baayni o'zim guvohi bo'lganim ba'zi bir hayotiy voqealarni qog'ozga tushirish uchun yuqoridagi fikrlar ustida mufassal to'xtaldim. Sababi, men so'zlamoqchi bo'lgan inson – muftiy hazratlari, Usmonxon Alimov ilmi shoyim, e'tiqodi qoyim, ustoz ulamolarimizdan biri. Necha yilki O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiysi lavozimida xizmat qilib kelmoqdalar. Men O'zbekiston teleradiokompaniyasida ishlash barobarida muftiy hazratlarining matbuot kotibi sifatida ham muayyan bir muddat faoliyat ko'rsatdim. Shu jarayonda bir necha bor u kishida, kishining qalbini to'lqinlantiradigan, har qanday uyg'oq yurakda mardlik, qat'iyatlilik fazilatlarini tarbiyalaydigan, har qanday vaziyatda imon doirasini tark etmaslik sifatlarini ko'rib mutaassir bo'lganman. Mana shu xotiralarimni bugun sizga ham ilindim.
Hazrat diniy idora rahbari etib tayinlangan payt men televideniye sohasida ishlardim. Bir kuni idoraning ishlar boshqaruvchisi bo'lib ishlagan akamiz qo'ng'iroq qilib, hazratning tashabbusi bilan tadbir tashkil etilayotgani, agar iloji bo'lsa shuni televideniye orqali yoritishda yordam berishimni so'radi. Hazrat diniy idora tizimida ishlab o'tgan xodimlarning oila a'zolari va faxriylarini bir piyola choy bahonasida yo'qlab, xotirlamoqni maqsad qilgan ekan. Tasvirga olish guruhi bilan borganimizda Baroqxon madrasasi hovlisi bezatilgan, chiroyli dasturxon atrofida ko'plab mehmonlar jamuljam bo'lgan edi. Avvalo o'tganlar haqiga Qur'oni karimdan tilovat qilindi. So'ng hazrat so'z olib, idora tizimida ishlab ketgan muftiylar, olimlar va xodimlarni nomma-nom aytib ularning dinimiz ravnaqiga qo'shgan ulkan xizmatlarini yodga oldilar. Tadbir so'nggida barcha qatnashchilarga sovg'a-salomlar ulashildi. Kamina ayrim ishtirokchilardan interv'yu oldim. Ular buning kabi munosabatdan xursandliklarini ko'z yoshlari bilan ifoda etib, hazratdan minnatdor ekanliklari bildirdilar.
Yaxshigina ko'rsatuv bo'lgandi ammo, efirga chiqarishmadi. Nachora, o'sha paytda vaziyat, ba'zilarning ongida o'tmishdan o'troqlashib qolgan mafkura shuni taqozo etdi. Dinni deb dunyosini yo'qotishni istamaydiganlar, bugunini o'ylab oxiratini boy berayotganlar hozir yo'q deysizmi?! Bugun amal-taqal qilib egallagan kursisini jannatda erishishi mumkin bo'lgan o'rnidan afzal biladiganlar-chi, yo'qmi? Bunaqalar hamma zamonda bo'lgan va bo'ladi. Kishilik kechmishi paydo bo'lgandan to hozirga qadar hayot ham, adabiyot ham bir falsafani targ'ib qilib keladi, nimagadir beparvomiz. Butun er yuzini zabt etgan Iskandar Zulqarnayn tobutdan bir qo'lini chiqarib qo'yishlarini vasiyat qildi. Butun dunyoning zebu ziynatlarini qo'lga kiritgani, biroq narigi dunyoga hech nima olib ketmayotganiga ishora edi bu. Ming to'qqiz yuz o'n ikkinchi yili ikki ming nafardan ortiq yo'lovchisi bo'lgan “Titanik” kemasi ulkan ummon ostiga g'arq bo'ldi. Kemadagi yo'lovchilarning sakkiz nafari milliarder kishilar bo'lgan. Ammo, boylik ham bunday chog' ularning joniga oro kirmadi. Yaqindagina katta bir kompaniyaning rahbari koronavirusga chalinib bu olamni tark etdi. O'limi oldidan o'ttizga yaqin shifokorlarni chorlab, agar shu darddan omon chiqsa barcha shifokorlarga bittadan qimmatbaho mashinasini sovg'a qilishini bayon etibdi. Ammo,..
O'tgan sho'rolar tuzumi davrida din yomonotliq qilindi, diniy ulamolar tazyiqqa uchradi. Necha minglab insonlar diniy e'tiqodi tufayli qatl etildi. Ho'sh, shu ishlarga bosh bo'lgan soxta tuzum necha yil umr ko'rdi, bor-yo'g'i etmish yil! Shundan saboq chiqarsak bo'lmaydimi? O'tmishga balchiq chaplagan kishilarning o'zlari hali o'tmishga aylanib-aylanmay, o'zlariga loy chaplanmadimi?! Fikr qilaylik axir. Dinga munosabat, ulamolarga qiladigan mulozamatimiz boyagi-boyagidek bo'ladigan bo'lsa, diniy bag'rikenglik, e'tiqod erkinligi haqida jar solmay qo'yaqolaylik degan xayolga borardim. Foydasi bo'lardimi, o'sha davrlar bu xayolotlarni? Yo'q, mumkin emas edi!
Hullas, dinimiz ravnaqi yo'lida xizmat qilgan kishilarni e'zozlab o'tkazilgan tadbir na televideniye orqali yoritildi va na birorta gazetada axborot tarzida chop etildi. Hazrat kimlarnidir o'rtaga solib, bu haqda ommaviy axborot vositalari orqali bir parcha ma'luot berishga rosa tirishdilar, ammo – bori urinishlari behuda ketdi.
Tan olaylik o'sha yillari televideniye ekrani orqali ham, gazetalarimiz sahifalarida ham unchalik taniqli bo'lmagan, o'zidan o'zmay faqat oylik maoshi evaziga o'z vazifasini bajarib kelayotgan kishilarning faoliyatini badiiy bo'yoqlar bilan bejab, bo'rtirib ko'rsatish avj olgan edi. Vaholanki, hazrat xotirlashni iroda etgan ulug'larning musulmonlarga, xalqqa qilgan xizmati beqiyos va savobli edi. Hazrat, bir tomondan, xalq eshitsa, ko'rsa ular haqqiga tilovatlar qilinar, eslanar va bu bilan arvohlarning ruhi shod bo'lar, degan maqsadni qo'ygan bo'lsa, yana bir jihatdan ulamolaring zikridan Alloh taolo rozi bo'lib yurtga barokotlar ato etar, degan umidda edi. Men esa dinga, ulamolarga e'tibor bo'lmagan va tazyiqlar hukmdor jamiyatda shu uy, fikr va rejalarni amalga oshirishga harakat qilgan hazratning iymoniga qoyil qolgandim.
***
Hazrat ahli ilm va qori ustozlarning hamisha hurmatlarini joyiga qo'yar, biror tadbirlar bo'lib qolsa chaqirtirar, bayramlar arafasida sovg'a-salomlar berdirardi. Mamlakatimizning qaysidir viloyatiga safarga chiqsalar o'sha hududda istiqomat qilayotgan ulug' yoshdagi ahli ilm, qori buvalar va idora tizimida faoliyat olib borgan ustozlarni ziyorat qilar, ularning suhbati va duolarini olib qaytardi. Agarda vaqt nuqtai nazardan ilojini qilolmasalar, imom-xatiblarga ularning ahvolidan xabardor bo'lishlarini tayinlab, topshiriqlar berardi. Ayniqsa, hazrat Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufni ustozim deb e'zozlardilar. Dinga manfaati g'oyatda ko'p, xizmatlari benazir bo'lgan alloma deb ulug'lardi. Kezi kelganda maslahat olardi.
Aytish joizki, o'sha paytlari Shayx hazratlari uchun matbuotga chiqish, davlat tadbirlarida ishtirok etish rasman taqiqlangandi. Ularning har bir qadami nazorat ostida edi. Nazoratchilarning ayrimlari shayxga xayrixoh bo'lsa, aksari ashaddiy qarshi yoki qarshi tomondan o'ta qo'rqadiganlar edi. Ular xohlagan vaqtda Shayx hazratlari bilan aloqada bo'lgan yoki xayrixohlik qilgan hukumat odamlari yoki boshqa insonlarga maxsus ayblovlar taqashi, salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin edi . Muftiy hazratlari ham bundan mustasno emasdi. Shu holatda ham u kishi Shayx hazratlariga bo'lgan shogirdlik maqomidan voz kechmagan. Idoraning yangi binoga ko'chishi munosabati bilan tashkillashtirilgan tadbirga muftiy Usmonxon Alimov Shayx hazratlarini taklif etdi. Shu tadbirda kamina ham xos odamlardan bo'lib qatnashganim uchun, ba'zi holatlarning guvohi bo'lganman.
Muftiy hazratlari belgilangan muddatdan o'n daqiqa avval hovliga chiqib Shayx hazratni kutib turdilar. U zot kelganlarida quchoq ochib ko'rishdilar. Hazratning tashrifidan nihoyatda xursand ekanliklarini yuzu ko'zlarida balqib turgan shodlik ifodasi aniq-taniq bildirib turardi. Diniy idoraning xonalarida turib, derazasidan mo'ralab Muftiy hazratning hatti-harakatlarini xufyona kuzatib, g'ashlanganlar va hodisa haqida o'zlarining katta-kichik “akaxon"lariga daqiqama-daqiqa ma'lumot etkazib turganlar ham anchagina edi. Hazrat esa beparvolik bilan ulug' ustoz, dunyo allomasining tashrifidan bag'oyat xursand bo'lganini hech kimdan yashirgan emasdi.
Taklif va zaruriyat taqozosi va muftiy hazratning tashabbusi bilan mo'min-musulmonlardan kelgan savollarga javob tariqasida "So'ragan edingiz" risolasini chiqarishni boshlaganimizda, muftiy hazratlari: “Dilmurod, kitobni avvalo Shayx hazratlariga oboring. Men gaplashib qo'ydim. Ko'rib, o'z fikrlari, maslahatlarini beradilar”, dedilar. Kelishilgan vaqtda bordim. Shayx hazratlari kitobni ko'rib, tanishganlaridan keyin, bu loyihaning mo'min-musulmonlar uchun bag'oyat foydali manba bo'lishini aytib duo qildilar va muvaffaqiyat tiladilar. O'sha payt ba'zi amaldorlarga bu ish ma'qul bo'lmay, “diniy idoraning o'z olimlari yo'qmi, o'zlaring eplolmaysanlarmi” qabilida iddao va do'q-pupisalar qilganlaridan ham boxabarman. Ammo muftiy hazratlari mana shu kabi do'q-po'pisalarga parvo qilmay Shayx hazratlari bilan munsabatlarini musbat tarzda davom ettirgan edi.
(davomi bor)
Dilmurod Qo'shoqov
azon.uz
Avvalambor, biz bu mavzuda gap boshlar ekanmiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlash – yurt taraqqiyoti va xalq farovonligining garovi” mavzusidagi ma’ruzasida aytgan: “Mamlakatimizda yoshlarning ma’naviy qiyofasini mustaqillik mafkurasi, uning insoniy tamoyillari asosida shakllantirishga bosh vazifa sifatida qaralayotgani bejiz emas. Yoshlar jamiyatda sodir bo‘ladigan har qanday voqeliklarga o‘zgacha, ruhiy his kechinmalar doirasida munosabat bildiradilar. Qiyinchiliklar vujudga kelganda esa ehtiroslarga beriladilar. Shuning uchun bizning oldimizda turgan muhim masala — yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashdir” - deya ta’kidlagan ushbu nutqlariga e’tiborimizni qaratishimiz o‘rinlidir.
Demak, mafkuraviy tahdid tushunchasi nimaligi haqida bir mulohaza: mafkuraviy tahdid - ijtimoiy-siyosiy harakat, oqim yoki siyosiy kuch o‘z manfaatini ifodalovchi mafkurasini qo‘rqituv, zo‘rlik yo‘li bilan boshqalarga singdirishdir. Mafkuraviy tahdid jamiyat, davlat yoki xalq taqdiriga xavf soluvchi, oqibati fojeali oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan xatar hisoblanadi. Ha, bu kabi tahdidlarning ayrim ko‘rinishlari bugun mintaqamizdagi tinchlik va barqarorlik uchun katta xavf xatar sifatida namoyon bo‘lib turibdi.
Mafkuraviy tahdid o‘z mohiyatidan kelib chiqib, eng avvalo, inson ongiga, tafakkuri va xulq-atvoriga xavf-xatar solmoqda. Inson ongi va qalbini vayronkor va buzg‘unchi g‘oyalar bilan izdan chiqarishga harakat qilish mafkuraviy tahdidning eng asosiy belgilaridan hisoblanadi. Mafkuraviy tahdidning o‘ta xavfli jihati shundan iboratki, u, birinchi navbatda, jamiyatning ma’naviy sohasini barbod etishga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Chunki, aynan ma’naviy soha har qanday jamiyatning mavjudligini, uning yashovchanligini ta’minlaydigan asosiy o‘zagi hisoblanadi. Bugun mafkuraviy tahdidlarning turli xil usul va vositalari ishlab chiqilmoqda. Jumladan: ommaviy axborot vositalaridagi turli xildagi milliy mintalitetimizga to‘g‘ri kelmaydigan kino va multfilimlar, ko‘rsatuv va kliplar qo‘yish bilan xalqimizning ongini sekin astalik bilan buzishga qaratilgan harakatlar shular jumlasidandir.
Bugungi kunda bizlar mafkuraviy tahdidlarga qarshi kurashishligimizda nimalarga alohida e’tibor qaratishligimiz kerak:
Shu va shunga o‘xshagan bir qancha usullar bilan ma’naviy-ma’rifiy ishlarni keng qamrovli, izchil tartibda olib borishimiz lozim. Bu kabi ma’naviyat va ma’rifat ishlarini hayotga tatbiq etish jarayonida nafaqat ta’lim-tarbiya soha vakillari, balki, barcha boshqaruv tizimida o‘tirgan mutasaddilar ham masalaga nihoyatda yuksak mas’uliyat bilan yondashishlari lozim.
Ha, men yuqorida tarbiya qismiga aloxila to‘xtalib o‘tdim. Chunki biz kelajak avlodlarimizni bugun go‘zal tarbiya bilan tarbiyalay olsak, ertangi kunimizdan xavotir olmasak ham bo‘ladi. Agarda loqayd, poraxo‘r, ertasi bilan qiziqmaydigan, faqatgina buguni bilan yashaydigan, mustaqil fikri bo‘lmagan, o‘zgalar nima desa, ularning fikriga ko‘ra ish qilib ketaveradigan manqurt kimsalar ko‘paysa, ertamizni o‘zgalar qo‘liga berib qo‘yamiz. Biz bunga butkul qarshimiz, aslo bunga rozi bo‘lolmaymiz. Shuning uchun ham biz barchamiz bu yo‘lda birlashishimiz kerak bo‘ladi.
Rahmonqul Aliqulov,
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi