Moturidiya mazhabi ulamolari: “Iymon ziyoda va kam bo'lmaydi” balki, Iymonni nuri ziyoda va kam bo'ladi – deganlar va o'zlarining bu qarashlariga ko'plab aqliy va naqliy dalillar keltirishgan.
Aqliy dalillari: iymon deganda to'liq 100% bo'lgan ishonch tushuniladi. Agar ishonch 100% ga etmagan bo'lsa “zon” (katta ehtimol) darajasidagi ishonch bo'lib qoladi. Bunday ishonch esa iymon hisoblanmaydi. Ana shu e'tibordan iymon (ya'ni 100% ishonch) o'zi to'liq bo'lgani uchun boshqa ziyodalikni qabul qilmaydi. Bu darajadan kam bo'lsa iymon bo'lmay qolishi e'tiboridan kamayishi ham mumkin emas, deb e'tiqod qilinadi.
Naqliy dalillarga javoblari:
“Iymonlarini ziyoda qiluvchi” ma'nosidagi oyatlar mo'min kishining Qur'on oyatlari tilovat qilingan paytda iymon nuri yanada ziyodalashib, hayot yo'llaridagi ta'siri oshib borishini anglatadi. Ya'ni mo'minlar toat-ibodatlarda bir-birlaridan farqli bo'ladilar, ammo iymonning aslida o'zaro teng bo'ladilar. Masalan, mevali daraxtlar bir-biridan ko'p yo kam meva berishda farqli bo'ladi, ammo mevali daraxt degan nom ularning barchasiga teng ishlatiladi.
Mirzayev Abdurahim,
To'raqo'rg'on tumani "Abdulvahhob qori" jome masjidi imom xatibi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati