حَٰفِظُواْ عَلَى ٱلصَّلَوَٰتِ وَٱلصَّلَوٰةِ ٱلۡوُسۡطَىٰ وَقُومُواْ لِلَّهِ قَٰنِتِينَ٢٣٨
238. Namozlarni, xususan o'rta namozni ehtiyotlanglar. Alloh huzurida xushu' bilan turinglar.
"Namozlarni ehtiyotlash" deganda besh vaqt farz qilingan namozlarni o'z vaqtida, barcha ruknlarini kamchiliksiz, to'la-to'kis ado etish tushuniladi. Ko'pgina mufassirlar "o'rta namoz" asr namozidir, deyishgan, chunki tush paytidagi istirohatdan so'ng uni kechiktirib yuborish xavfi ko'proq bo'ladi. Hazrati Aliy karramallohu vajhahudan rivoyat qilingan hadisda kelishicha, "Payg'ambar alayhissalom Handaq kuni: "(Mushriklar) bizni vusto namozidan qoldirdi, kun botib qoldi, Alloh taolo ularning qabrlari bilan uylarini (yoki qorinlarini) o'tga to'ldirsin!" dedilar" (Buxoriy rivoyati).
Musulmonlar namoz o'qishayotganida Alloh taolo huzurida turganlarini eslab, faqat Uni yodlashlari, barcha dunyoviy narsalardan batamom uzilishlari, xushu' va xuzu' bilan ibodat qilishlari lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan sajdada peshonaga botmasligi uchun tuproqni tekislash haqida so'rashganida: "Namoz o'qiyotganingda tuproqlarni surma, agar iloji bo'lmasa, faqat bir marta mayda toshlarni tekisla" deb, namozda yot ishlarni qilishdan qaytarganlar. Zero, ketma-ket har xil harakat qilish (amali kasir) namozni buzadi. Taassufki, namozxonlar orasida bu muhim ishga beparvolar ko'p: ba'zilari namozda turib soatiga qaraydi, kiyimlarini to'g'rilaydi, burun yo qulog'ini qashiydi, namozda turib o'ngga, chapga yoki osmonga qarydiganlar ham bor. Namoz o'qishdan maqsad Allohga qullik izhori ekan, namozxonlar namozni xushu' va xuzu' bilan ado etishga buyurilishgan. Mo'minlar bu amrga itoat etishsa, albatta najot topishadi.
فَإِنۡ خِفۡتُمۡ فَرِجَالًا أَوۡ رُكۡبَانٗاۖ فَإِذَآ أَمِنتُمۡ فَٱذۡكُرُواْ ٱللَّهَ كَمَا عَلَّمَكُم مَّا لَمۡ تَكُونُواْ تَعۡلَمُونَ٢٣٩
239. Agar xavfda bo'lsanglar, piyoda yo ulovdaligingizda (o'qinglar), bexavotir bo'lganingizda esa bilmaganlaringizni Alloh o'rgatganiday Uning zikrini qilinglar.
Urush paytida yoki dushman xavfi tug'ilganida namozlarni yurgan holda yoki ulovda ketayotganda, ruku'-sajdasiz, hatto qiblani aniqlamay o'qisa bo'ladi. Havf ko'tarilib, xotirjam bo'lingach, namozlar avvalda Alloh ta'lim bergani kabi barcha ruknlariga rioya etgan holda to'kis ado etiladi. "Nurul-izoh"da xavf (qo'rquv) namozining hukmlari va sababi haqida bunday deyilgan: "Havf namozini faqat dushman va yirtqich hayvon oldida yoki suv toshqini (sel) va yong'indan qo'rqish holatida o'qish joizdir. Butun jamoat bir imomga ergashishni xohlashsa, imom jamoatni ikkiga bo'ladi. Bir guruhni dushman qarshisida qoldiradi, boshqa bir guruh bilan namoz o'qishni boshlaydi. O'qiladigan farz namoz ikki rakatli bo'lsa bir, to'rt (yoki uch) rakatli bo'lsa, ikki rakat o'qilganidan so'ng birinchi jamoat dushman oldiga boradi. Ular o'rniga ikkinchi jamoat kelib, imomga ergashadi. Imom namozning qolgan qismini o'qib, yakka o'zi salom beradi. Ikkinchi guruh dushman oldiga qaytgach, birinchi guruh o'rinlariga qaytib, Qur'on o'qimasdan namozlarini tugatishadi, salom berib, dushman oldiga qaytishadi. Ikkinchi jamoat ham namozning qolgan qismini joylariga qaytib yoki dushman qarshisida, xoliroq joyda o'qib tugatadi" (Abul Ixlos Hasan al-Vafoiy Shurunbiloliy va Abu Zayd Shibliy. "Nurul-
izoh", Toshkent, "Movarounnahr", 2003, 109-110-betlar).
Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda yurtimiz ozodaligiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan 2500 nafardan ortiq obodonlashtirish xizmati xodimlariga oziq-ovqat jamlanmalari tarqatdi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mashaqqatli va sharafli mehnati har doim ham ko‘zga ko‘rinavermaydigan soha xodimlarining mehnatini e’tirof etish, ularning qalbiga bayram shukuhi, xonadonlariga quvonch kiritishdir.
Inson qadrini ulug‘lash va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi xayrli ishlar shu kunlarda yanada keng quloch yozib, mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazildi.
Shuningdek, homiylar tomonidan Respublikamiz bo‘ylab 3500 nafarga yaqin ana shunday fidoyi xodimlarning ko‘ngli xushnud etildi.
Bu kabi xayr-saxovatga yo‘g‘rilgan bayram tadbirlari o‘lkamizning barcha go‘shalarida davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati