Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Noyabr, 2026   |   17 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
06:01
Quyosh
07:20
Peshin
12:16
Asr
15:15
Shom
16:59
Xufton
18:16
Bismillah
27 Noyabr, 2026, 17 Jumadul soni, 1448

Farzandlaringiz orasida adolat qiling

02.11.2023   3445   6 min.
Farzandlaringiz orasida adolat qiling

No''mon ibn Bashir roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Otam menga sovg'a berdi. Onam Amra binti Ravoha: “To bunga (sovg'aga) Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni guvoh qilmaguningizcha rozi bo'lmayman”, dedi.

Otam Nabiy alayhissalomning huzurlariga bordi va: “Men Amra binti Ravohadan dunyoga kelgan o'g'limga (mulkimdan) hadya berdim. Yo Rasululloh, Amra sizni guvoh qilishimni buyurdi”, dedi. Nabiy alayhissalom: “Boshqa farzandlaringga ham berdingmi?!” deb so'radilar. Otam: “Yo'q”, dedi. Nabiy alayhissalom: “Alloh taologa taqvo qilinglar hamda farzandlaringiz orasida adolat qilinglar”, dedilar.

Roviy aytadi: “Otam kelib hadyasini qaytarib oldi”».

Imom Ibn Hibbon va Imom Tabaroniy rahimahumalloh Sha'biydan qilgan rivoyatida bunday deyiladi: «Bir kuni No''mon ibn Bashir Kufada xutba qilib bunday dedi: “Otam Bashir ibn Sa'd Payg'ambarimiz alayhissalomning huzurlariga bordi va: “Amra binti Ravoha o'g'il farzand tug'ib berdi. Men unga “No''mon” deb ism qo'ydim. Amra to molimdan eng yaxshisini o'g'limga hadya qilmagunimcha bolaga qaramasligini aytdi. Shuningdek, menga: “Bunga Rasululloh alayhissalomni guvoh qiling”, dedi».

Imom Muslim rahimahulloh rivoyatida esa quyidagichadir: «Onam otamning molidan ba'zi bir hadyalarni menga berishini talab qildi. Otam bu ishni bir yil cho'zib yurdi. Keyin berdi. Onam: “To bunga Nabiy alayhissalomni guvoh qilmaguningizcha, rozi bo'lmayman”, dedi. Aytadi: “Otam meni ko'tarib Nabiy alayhissalomning huzurlariga olib bordi...”» Rivoyatlarga qaraganda, hadisdagi “hadya” xizmatkor, ya'ni qul bo'lgani ayonlashadi.

Ulamolar rivoyatlarni jamlab bunday deyishadi: «Amra faqat o'g'liga taalluqli biror narsa bermagunicha bolaga qarashdan bosh tortgan. Bashir Amraga taskin berish uchun o'g'liga bog' hadya qilmoqchi bo'ldi. Bu ishni paysalga solib, oxiri berishdan voz kechdi. Amra qayta talab qildi. Bashir bir yoki ikki yil o'g'liga hadya berishni cho'zib yurdi. So'ngra bog' o'rniga g'ulom sovg'a qilishni istab qoldi. Amra rozi bo'ldi. Faqat Bashirning bu sovg'ani ham qaytarib olishidan qo'rqib, hadyani tasdiqlatish, tag'in qaytarib olmasligini kafolatlab olish uchun Rasululloh alayhissalomni guvoh qilishni istadi. Shuningdek, Bashirning Payg'ambarimiz alayhissalomdan hadyaga guvoh bo'lishlarini so'rashi bir marta bo'lgan.

Hulosa qilib aytganda, No''mon roziyallohu anhu gohida qissaning bir qismini, gohida esa boshqa qismini hikoya qilib bergan. U otasining barcha rivoyatlarini eshitdi, lekin faqat shunisi bilan cheklandi.

Bashir Nabiy alayhissalomdan guvohliklarini so'raganda, u zot alayhissalom: “Bu o'g'lingdan boshqa yana bolalaring bormi?” deb so'radilar. Bashir: “Ha”, dedi. Nabiy alayhissalom: “Boshqa farzandlaringga ham shu bolangga berganing singari berdingmi?” deb so'radilar. U: “Yo'q”, dedi. Shunda Payg'ambarimiz alayhissalom: “Alloh taologa taqvo qilinglar hamda farzandlaringiz yaxshilik qilishda sizga adolatli bo'lishlarini istaganigiz kabi sovg'a berishda ular o'rtasida adolat qilinglar”, dedilar».

Imom Ahmad Sha'biy rahimahullohdan rivoyat qiladi: «Payg'ambarimiz alayhissalom Bashirga bunday dedilar: “Bolalaringning sendagi haqi ularning orasida adolat qilishingdir. Meni adolatsizlikka guvoh qilma. Bolalaringning barchalari birday senga yaxshilik qilishlarini xohlamaysanmi?” dedilar. Bashir: “Albatta, xohlayman”, dedi. Nabiy alayhissalom: “U holda bunday qilma”, dedilar.

Garchi qissada sovg'a va lafzlarda ixtilof bo'lsa-da, ularning bari bir narsaga, ya'ni sovg'a ulashishda bolalarni teng ko'rishni talab qilish bor».

Ulamolar sovg'a ulashishda bolalarni teng ko'rish hukmi borasida ixtilof qilishdi. Imom Tovus, Savriy, Ahmad va Ishoq rahimahumulloh: “Bolalarga sovg'a ulashishda tenglik qilish vojib”, deydilar. Molikiylar ham shu fikrda. Ulardagi mashhur qavl shuki, bunday tarzda berilgan hadya botildir. Ular Nabiy alayhissalomning: “Alloh taologa taqvo qilinglar hamda farzandlaringiz orasida adolat qilinglar”, degan so'zlarini hujjat qilib, buyruqni vojib deyishadi. Shuningdek, adolatsizlik aka-uka, opa-singillar orasida nafrat uyg'otadi, bu esa silai rahmning uzilishiga olib keladi.

Imom Ahmad rahimahulloh: “Bolalarning birini boshqasidan ortiq ko'rish mumkin emas. Faqat shuni oqlaydigan biror sabab bo'lsa, zarari yo'q. Masalan, bola nogiron bo'lsa yoki shunga o'xshash sababga ko'ra joiz”, degan.

Jumhur ulamolar, jumladan, hanafiylar sovg'a ulashishda bolalarni teng ko'rish vojib emas, balki mustahabdir, deydilar. Otaning ba'zi bolalarini ortiq ko'rishi makruh bo'lsa-da, joizdir. Ularni teng ko'rish mustahabdir.

Jumhur ulamolar ushbu fikrlariga Imom Muslimning rivoyatidagi Nabiy alayhissalomning: “Bunga mendan boshqani guvoh qil”, degan so'zlarini dalil qilib: “Bu erda guvoh keltirishga ruxsat bor. Ruxsat esa harom ishga berilmaydi”, deydilar. Payg'ambarimiz alayhissalomning guvohlikka o'tishdan bosh tortishlari imomliklari uchun bo'lishi mumkin. Go'yo u zot alayhissalom: “Men guvohlik bermayman, chunki guvohlikka o'tish imomning vakolatidagi narsa emas. Imomning vazifasi hukm chiqarish”, demoqdalar. Yoki u zot alayhissalomning guvoh bo'lmaganlari ehtiyotkorlik tufayli edi. Bundan ma'lum bo'ladiki, farzandlarga hadya berishda barobar ko'rmaslik xiloful avlodir (joiz bir ishning xilofini qilish afzalligi uchun ishlatiladigan istiloh).

Jumhur ulamolar sovg'a ulashishda bolalarni teng ko'rish borasida ixtilof qilganlari kabi otaning bir o'g'lini aka-ukalaridan ortiq qilib bergan sovg'asini qaytarib olishi hukmi borasida ham ixtilof qilishdi. Imom Ahmad rahimahulloh: «Hadyani qaytarib olishi vojib. Boisi Nabiy alayhissalomning: “Uni qaytar”, deganlari vojibga dalolat qiladi», deydi. Boshqa ulamolar Nabiy alayhissalomning buyruqlarini mustahablikka va ishning afzalini bayon qilishga yo'yishadi.

Manbalar asosida
Shofirkon tumani bosh imom-xatibi
Mirjon EGAMBYeRDIYeV
tayyorladi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyati Malayziyada keng targ‘ib qilinmoqda

27.11.2026   5216   1 min.
O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyati Malayziyada keng targ‘ib qilinmoqda

O‘zbekistonning Kuala-Lumpur shahridagi elchixonasida mamlakatimizning ziyorat turizmi salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot hamda O‘zbekiston va Malayziya turoperatorlarining B2B formatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Tadbirda Butunjahon sufiylar markazi bosh kotibi shayx Abdul Karim Hadayd, “BUMITRA” sayyohlik kompaniyalari assotsiatsiyasi rahbariyati va mahalliy turoperatorlar ishtirok etdi.

O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev ziyorat turizmi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘zlab berdi. U musulmon davlatlari, jumladan, Malayziyadan keladigan ziyoratchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy majmuasi va Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratdi.

Ishtirokchilar ikki mamlakat o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik rivojlanib borayotgani va sayyohlar oqimi oshib borayotganini ta’kidladilar. Chet ellik sayyohlarni jalb qilish uchun Malayziya fuqarolariga vizasiz rejim amal qilmoqda, “Uzbekistan Airways” va “Batik Air Malaysia” aviakompaniyalari Toshkent va Kuala-Lumpur o‘rtasida haftasiga yetti marotaba to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni amalga oshirmoqda.

Ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasida o‘tkazilgan B2B uchrashuvlar doirasida O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish maqsadida Malayziyada “ziyorat turizmi”, “madaniy turizm” va “qishki turizm” turpaketlarini keng sotish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari