— “Zuho” so'zining ma'nosi nima? Eshitishimcha, Bamdod namozidan keyin Zuho namozi o'qilar ekan. Bu namoz nima uchun o'qiladi?
— “Zuho” so'zi – “choshgoh vaqti” degan ma'noni anglatadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Qasamyod eturman choshgoh vaqti bilan” (“Zuho” surasi, 1-oyat).
Quyosh chiqqandan taxminan o'n besh daqiqa o'tgach, ushbu namozni o'qish mumkin. Uning eng afzal vaqti bomdod namozini ado etgandan so'ng, o'sha joyda quyosh chiqquncha zikr bilan mashg'ul bo'lib, quyosh chiqqandan keyin o'qishdir.
Zuho namozi ikki rakatdan o'n ikki rakatgacha o'qiladi, eng afzali to'rt rakatdan o'qishdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday qilganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim to'rt rakat Zuho namozini muntazam o'qisa, gunohi dengiz ko'piklaricha bo'lsa ham, kechiriladi”, dedilar (Imom Termiziy, Imom Ibn Moja, Imom Ahmad rivoyati).
Abu Sa'id Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Zuho namozini ba'zan uzluksiz o'qir edilar. Biz endi bu namozni hargiz tark qilmaydilar, derdik. Gohida esa o'qimas edilar, endi bu namozni hargiz o'qimasalar kerak, deb o'ylardik”(Imom Termiziy, Imom Ahmad rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zuho namozida “Shams” va “Zuho” suralarini o'qir edilar.
Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har biringiz bo'g'in va suyaklar ustida tong ottirganingiz uchun bir sadaqa bor. Har bir tasbehingiz – sadaqa. Har bir tamhid (Alhamdulillah) – sadaqa, har bir tahlil (Laa ilaha illalloh) – sadaqa, har bir takbir – sadaqa, yaxshilikka buyurishingiz ham, yomonlikdan qaytarishingiz ham sadaqadir. Endi bularning hammasi uchun ikki rakat Zuho namoz o'qishingiz kifoya qiladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi: “Albatta, jannatda bir eshik bor. U “Zuho” deb nomlanadi. Qiyomat kuni bo'lganda, bir jarchi nido qilib: “Zuho namozini doim o'quvchilar qani? Bu sizlarning eshigingizdir. Unga Allohning rahmati ila kiringlar”, deydi”(Imom Tabaroniy rivoyati)
Muhammad Ayyub HOMIDOV
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Indoneziyaning yangi tayinlangan elchisi Siti Ruhaini Juhayatinni qabul qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"Indoneziyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan Elchisi Siti Ruhaini Juhayatin xonimdan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildik, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – Siyosiy muloqotdan tortib iqtisodiy diplomatiyagacha bo‘lgan barcha sohalarda ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladik. Shubhasiz, O‘zbekiston-Indoneziya o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish uchun ko‘plab sohalarda keng imkoniyatlar mavjud.
Elchi xonimning boy tajribasini qadrlaymiz va mamlakatimizdagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaymiz".
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yil 23 iyunda o‘rnatilgan. O‘zbekistonning ushbu mamlakatdagi yangi elchisi Oybek Eshonov 2024 yilning 4 noyabr kuni Indoneziya Prezidenti Subianto Prabovoga ishonch yorliqlarini topshirgan edi.
"Dunyo" AA olgan surat