Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Iyul, 2025   |   2 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:38
Quyosh
05:13
Peshin
12:35
Asr
17:35
Shom
19:49
Xufton
21:17
Bismillah
27 Iyul, 2025, 2 Safar, 1447

Bilim o'rniga taxminlar - 54 qism

02.11.2023   2164   4 min.
Bilim o'rniga taxminlar - 54 qism

Nafsning bu illatiga uchragan inson faqat o'zi to'g'ri deb hisoblagan taxmin hamda xulosalari asosida Alloh taoloning amr va taqiqlarini bajarishdan qocha boshlaydi.

Muolaja uslubi

Bu balodan qutilishning yagona yo'li – ilm egallash. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: Ey iymon keltirganlar! Allohga itoat qiling, Payg'ambarga va o'zingizdan bo'lgan ishboshilarga itoat qiling. Biror narsa haqida tortishib qolsangiz, agar Alloh va oxirat kuniga iymon keltirgan bo'lsangiz, uni Allohga va Payg'ambarga qaytaring. Ana shunday qilish xayrli va oqibati yaxshidir(Niso surasi, 59-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish har bir musulmon zimmasiga farzdir”, deganlar (Imom Ahmad, Ibn Moja rivoyati).

Boshqa hadisda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deydilar: “Kim ilm talabida yulga chiqsa, Alloh taolo unga jannat yulini oson qiladi”(Imom Muslim rivoyati).

Hazrat Ali karramallohu vajhahu aytadilar: “Insonlarning eng qadri ozi – ilmi ozidir”.

Hasan Basriy rahimahulloh: “Ilmdan bir bobni o'rganib biror musulmonga o'rgatishim men uchun butun dunyoni Allohni yo'lida sadaqa qilishimdan yaxshiroqdir”, deganlar.

Shuningdek, Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytadi: “Kechasi bir soat ilm o'qish kechasi ibodat qilib chiqishdan ko'ra Allohga suyukliroqdir”.

Allohning kalomi Qur'oni karim – ilm manbai. Uning nomlaridan biri “Ummul 'ulum”dir (ilmlar onasi). Qur'onning har bir oyatida yashiringan hikmatlar, siru asrorlar to qiyomatgacha insoniyatni hidoyatga, ilmu irfonga, ma'rifatga chorlayveradi. Uni o'rganishdan olimlar charchamaydi, takrorlashdan ma'nolari eskirmaydi, ilhom va hayratga sabab bo'laveradi.

Qur'on oyatlarini eshitish, insu jin, butun borliqning qalbini larzaga keltiradi. Jinlar ilk bor Qur'oni karimning oyatlarini tinglaganlarida bunday dedilar: «Ular (Qur'on tilovatiga) hozir bo'lishgach, (bir-birlariga): “Jim turinglar”, dedilar. (Tilovat) tugatilgach, o'z qavmlariga ogohlantiruvchi bo'lib qaytib ketdilar. Ular: “Ey qavmimiz, haqiqatan, bizlar Musodan keyin nozil qilingan, o'zidan oldingi (Ilohiy Kitob)larni tasdiqlovchi, Haq (Din)ga, to'g'ri yo'lga hidoyat qiladigan bir Kitob – Qur'onni tingladik. Ey qavmimiz, Allohga chaqiruvchi (Muhammad da'vati)ni qabul qilinglar, unga imon keltiringlar. (Shunda Alloh) gunohlaringizni mag'firat qiladi, sizlarga alamli azobdan panoh beradi. Kim Allohga da'vat etuvchini qabul qilmasa, u er yuzida (biron joyga) qochib qutiluvchi emas. Uning uchun (Allohdan) o'zga do'stlar ham yo'qdir. Ana o'shalar ochiq zalolatdadirlar»(Ahqof surasi, 29-32-oyatlar).

Qur'onga amal qilganlar ajr-mukofotlar oladilar, unga muvofiq qaror qilganlar xato qilmaydi, unga chaqiruvchilar eng to'g'ri yo'lga chorlaydilar.

Zunnun al-Misriy rahimahulloh aytadilar: “Alloh taolo Islom dinini ilm bilan ziynatladi”.

Abu Abdurahmon as-Sulamiyning
“Nafs illatlari va ularning muolajasi” kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda

21.07.2025   5485   7 min.
O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda

Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” bo‘ylab joylashtiriladigan miniatyuralarning tayyorlanish jarayoni bilan tanishish uchun olimlar, mutaxassislar ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillariga press tur tashkil etildi. 


    Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan  “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” uzunligi qariyb 52 metr, bo‘yi bir metrli ganchkor bezak bilan hisoblaganda 5 metrni tashkil etadi.


    Devor bo‘ylab jami 10 dan ortiq miniatyura o‘rin oladi. Devoriy suratning hajmini hisobga olgan holda miniatyuralarni 50 ga yaqin rassomlar ikki oydan buyon tinim bilmay mehnat qilmoqda.


    San’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, rassom Behzod Hojimetovning ma’lum qilishicha, devor uchun Hirot Buxoro, Samarqand va qisman hind miniatyura maktablari asosida ishlangan miniatyuralar saralab olingan. 

    “50 ga yaqin miniatyuralar orasida Sheroz, Isfahon, Tabriz miniatyura maktablari uslubida ishlanganlari ham bor edi, ammo o‘zimizning allomalar, tarixiy voqeliklar aks etgan rasmlar tanlab olindi. Bundan tashqari ov, jang kabi manzaralardan voz kechildi. Sababi devoriy suratlar konsepsiyasi birinchi o‘rinda sivilizatsiyalar, shaxslar hamda kashfiyotlar mavzularini o‘z ichiga oladi. Miniatyuralar ham shu mavzulardan chetlab o‘tilmagan holda saralangan. 10 dan ortiq miniatyura chizish ishlarining 80 foizini bajarib bo‘ldik. Muzey devorining balandligi 8 metrni tashkil qilib, uning 3 metrdan yuqori qismiga aynan ushbu miniatyuralar devori joylashtirishi ko‘zda tutilgan. Miniatyuralar hajmini inobatga oladigan bo‘lsak, uni Ginness rekordlar kitobiga ham kiritishimiz mumkin. Kompozitsiyalarimiz yuqori sifatli matoga, sifatli bo‘yoqlar bilan chizildi hamda Italiyadan keltirilgan tilla suvi bilan ishlov berildi. Endilikda ustaxonada ishlangan barcha ishlarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining qurilishi yakuniga yetgan binosiga olib borib, maxsus yelimlar bilan devorga joylashtirish ishlari qolgan. Miniatyuralarni tanlashda ekspozitsiyada joylashtirilgan faksimellar, eksponatlar va qo‘lyozmalarni takrorlamaslikka e’tibor qaratildi. Shuningdek, bosh g‘oya sifatida kashfiyotlar va sivilizatsiyalar mavzusiga e’tibor berildi.
 
   Miniatyuralarning ayrimlari bizgacha to‘liq yetib kelmagan, ularni devor hajmiga moslashtirib, o‘z uslubidan chiqmagan holda kompozitsiyani to‘liq tikladik. Shuningdek, har bir miniatyuralar orasiga o‘sha davrda ishlatilgan naqshlar bilan hoshiyalar chizildi. Ushbu naqshlarni ikki xil – Buxoro hamda Hirot maktabi uslubida chizdik. Naqshlardan aynan bittasi ilmiy kengash a’zolari tomonidan tanlanib, barcha miniatyuralar orasiga joylashtiriladi” – dedi rassom Behzod Hojimetov. 

    
    Qayd etilishicha, devordagi miniatyuralardan Amir Temurning Movarounnahr hukmdori deb e’lon qilinishi va uning ilm-fan, madaniyat va me’morchilik rivojiga qo‘shgan hissasiga alohida e’tibor qaratiladi. Bu tarixiy jarayonni ifodalashda Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarining Londonda, Britaniya kutubxonasida saqlanayotgan nusxasidagi miniatyuralardan foydalanilgan. Devor markazida Amir Temurning toj kiyish marosimi aks etgan “Balx qurultoyi” miniatyurasi joylashtirgan. Asosiy e’tibor Amir Temurning ma’rifatparvar hukmdor sifatidagi siymosini ko‘rsatib berishga qaratiladi. Jumladan, ushbu yirik tasviriy san’at asarida Amir Temur davrida qurilgan imoratlar tasvirlanadi. Shu bilan birga Samarqandda Behzod tomonidan aks ettirilgan Bibixonim masjidining qurilish jarayoni ham alohida ko‘rsatiladi. Mirzo Ulug‘bek va uning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Ulug‘bekning hayotligida chizilgan ikkita miniatyura – ulardan biri Nizomiy “Xamsa”sidan olingan miniatyura, ikkinchisi As-Sufiyning “Kitabi sivaril-kavakib as-sabita” kitobidagi Sefey yulduz turkumi suratidir. Mirzo Ulug‘bekning asl qiyofasini tiklashda bu suratlar katta o‘rin tutadi. Shu bois rangtasvir asarida ushbu miniatyuralarni ham aks ettirish nazarda tutiladi. 


    Xurosondagi Temuriylar davri Renessansida Husayn Boyqaro va Alisher Navoiyning hissasi alohida ko‘rsatiladi. Bunda qadimiy miniatyuralar orqali Hirot manzaralari, Navoiy, Husayn Boyqaro, ularning davrasida turgan Abdurahmon Jomiy, Kamoliddin Behzod, Xondamir singari Hirot madaniy muhiti namoyandalari ko‘rsatib beriladi. Shuningdek, Husayn Boyqaroning ilm va madaniyat homiysi sifatidagi rolini ham ko‘rsatib berish maqsad qilingan. Bunda ham turli qo‘lyozmalarda aks etgan ana shunday miniatyuralardan foydalaniladi. 


    Mazkur ekspozitsiyada Bobur va Boburiylar merosiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Boburga bag‘ishlangan qismda uning tarixiy qo‘lyozmalardagi miniatyuralaridan keng foydalaniladi. Ayniqsa, Amir Temurning Bobur va va uning avlodlari qurshovida yaratilgan miniatyurasi alohida o‘rin tutadi. 

 

    Shuningdek, Markaziy Osiyoda Temuriylardan so‘ng davlatni uzoq vaqt idora qilgan Shayboniylar va Ashtarxoniylar davridagi ilm-fan, ta’lim va madaniy hayot o‘sha davrda chizilgan tarixiy suratlarda o‘z aksini topadi.


    O‘tkazilgan taqdimotda bir qator tarixchi va san’atshunos olimlar, ishchi guruh a’zolari hamda rassomlar ishtirok etib, “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirib o‘tdi. Ayrim ko‘zga tashlangan kamchiliklarni tuzatish bo‘yicha takliflar berildi.  


   O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov ham miniatyuralar devorini shakllantirishda rassomlar bilan birgalikda fikr almashib, o‘zining tavsiyalarini bergan.

   “Markazning muzey ekspozitsiyasi ichki kontentini boyitish, markaz devorlarini o‘z davriga xos miniatyura hamda suratlar bilan bezatish yuzasidan qizg‘in jarayon davom etmoqda.  Markazning kengaytirilgan yig‘ilishlari muhokamasida olimlar va mutaxassislar tomonidan aynan “Ikkinchi Renessans davri” bo‘limini miniatyuralardan iborat kompozitsiya bilan boyitish taklifi berilgan edi. Ikkinchi Renessans davri Amir Temur taxtga o‘tirgan paytdan boshlanishini inobatga oladigan bo‘lsak, ushbu devorda aynan shu mavzuga mos miniatyura ham joylashtiriladi. 1450 yilga oid Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asaridagi miniatyura bugungi kunda Britaniya kutubxonasida saqlanadi. Endilikda biz ushbu miniatyurani O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi. 35 yoshli navqiron Amir Temur beklar, sarkardalar, saroy amaldorlari hamda ustozlari qurshovida tasvirlangan surat qo‘sh sahifada chizilgan. Uni rassomlarimiz devor hajmiga moslashtirgan holda yaxlit kompozitsiya sifatida tiklagan. Ushbu miniatyuralarning har birining asosi mavjud. O‘ylashimcha, Markazga tashrif buyuradigan tomoshabin "Ikkinchi Renessans davri" zalida aynan o‘sha paytdagi muhitni his qiladi. Sababi ayni shu davrda miniatyura san’ati taraqqiy etgan. O‘sha davrning eng buyuk rassomlaridan Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib singari musavvirlar ijod qilishgan. Devor uchun tanlangan miniatyuralar ham aynan shu musavvirlar hamda ularning shogirdlari tomonidan ishlangan. Bu miniatyuralarda o‘sha paytdagi davlatchilik, xalq hayoti, ijtimoiy himoya, ayollar, yoshlar kabi masalalar aks ettirilgan”, – deydi Rustam Jabborov.


    O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan  “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” tashrif buyuruvchilar ko‘z o‘ngida tarixni jonlantirsa, ajabmas. 


Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati

O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda
O'zbekiston yangiliklari