Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Noyabr, 2026   |   17 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
06:01
Quyosh
07:20
Peshin
12:16
Asr
15:15
Shom
16:59
Xufton
18:16
Bismillah
27 Noyabr, 2026, 17 Jumadul soni, 1448

O'zingizdan pastta qarang!

01.11.2023   1772   3 min.
O'zingizdan pastta qarang!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

Mushkulotimiz shundaki, bizning ko'zlarimiz och. Yo'qotilgan yoki o'zimizda yo'q ne'matlarni sanab yuramiz. Bor ne'matlarning shukrini qilmaymiz. Qo'limizdagi narsaga emas, birovning qo'lidagi narsaga qaraymiz. Bilmaymizki, boshqalar qo'lidagi narsalarga qarashimiz o'zimizdagi narsalardan foydalanish lazzatini yo'q qiladi.

Och ko'zlar tuzalmas kasallikdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kasallikka yo'liqmasligimiz uchun quyidagi tavsiyani berganlar:
«(Mol-dunyoda) o'zingizdan pastdagiga qarang. O'zingizdan yuqoridagiga qaramang. Shu narsa Allohning sizga bergan ne'matini mensimaslikdan qaytaradi». 

Qimmat mashinada yurgan boyga havas qilishdan oldin oyog'i kesilgan faqirga boqing!
Hashamatli villasi bor davlatmandga boqishdan oldin o'zga yurtlarda qochoq bo'lib, chodirlarda yashab, sovuq suyaklarini teshib yuborgan kishilarga boqing!

Boyning sarvatiga boqishdan oldin bo'sh qo'li ila kishilardan mehr istab tilanchilik qilib o'tirgan faqirga boqing!

Qolaversa, siz hamma narsani ko'ra olmaysiz. O'zingiz baxt deb hisoblaydigan narsaning bir qisminigina ko'rasiz. Sizga boshqalarda bor bo'lgan narsalar ko'rinadi, lekin ular mahrum qolgan narsalar ko'rinmaydi.

Qayerdan bilasiz, siz havas qilgan davlatmand kishi balki pulga sotib olib bo'lmaydigan ko'p narsalarga muhtojdir?! Ehtimol, uning onasi yo'qdir. Sizda ona bor. Ehtimol, otasi yo'qdir.

Sizning otangiz bor. Ehtimol, u muhabbatdan mosuvodir. Sizda muhabbat bor. Ehtimol, u bedavo dardga mubtalo bo'lgandir. Siz esa eson-omonlikdasiz. Bularni boylik evaziga topib bo'lmaydi.

Puldan zerikkan boylarni ko'rganman. Hayotdan ma'no topolmay zerikib qolishgan...
Zavodlarga ega boylar bor. Siz kabi turli ovqatlarni eya olmaydi. Parhez qilishga majbur. Siz kabi do'stlar davrasida o'tira olmaydi. Tashvishlari uni chirmab tashlagan. Biri qand kasalligiga yo'liqqan, boshqasida qon bosimi baland...

Siz kech soat to'qqizdan so'ng pishillab uxlaysiz. Ular soat birda ham uyg'oq, bo'lishadi...
Kardan bilasiz, xotini bilan hashamatli restoranlarda ovqatlanadigan, tarmoqlarga Dubayda tushgan suratlarini joylaydigan, siz havasda bo'lgan kishilar balki farzandsizdir.

Ular siz eshitayotgan «dada», «oyi» kabi so'zlarga butun boyligini berishga tayyordir, ehtimol...

Siz semiz deb havas qilayotganlar kasallikdan shishgan bo'lishlari ham mumkin.
Sizga ozg'in-xushbichim ko'rinayotganlarni ehtimol ichidan dard eb bitirayotgandir.
Narsalar doim ham biz ko'rganimizdek emas. Boshqalarning qo'liga qarashni to'xtataylik.
O'zimizdagi ne'matlarga boqaylik. Boshqalarga berilgan narsalarga qarash ochko'zlikka, bemor nafsga dalolatdir. Ammo hammasidan oldin bu ish Allohga nisbatan beadablikdir!


«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyati Malayziyada keng targ‘ib qilinmoqda

27.11.2026   7814   1 min.
O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyati Malayziyada keng targ‘ib qilinmoqda

O‘zbekistonning Kuala-Lumpur shahridagi elchixonasida mamlakatimizning ziyorat turizmi salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot hamda O‘zbekiston va Malayziya turoperatorlarining B2B formatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Tadbirda Butunjahon sufiylar markazi bosh kotibi shayx Abdul Karim Hadayd, “BUMITRA” sayyohlik kompaniyalari assotsiatsiyasi rahbariyati va mahalliy turoperatorlar ishtirok etdi.

O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev ziyorat turizmi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘zlab berdi. U musulmon davlatlari, jumladan, Malayziyadan keladigan ziyoratchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy majmuasi va Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratdi.

Ishtirokchilar ikki mamlakat o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik rivojlanib borayotgani va sayyohlar oqimi oshib borayotganini ta’kidladilar. Chet ellik sayyohlarni jalb qilish uchun Malayziya fuqarolariga vizasiz rejim amal qilmoqda, “Uzbekistan Airways” va “Batik Air Malaysia” aviakompaniyalari Toshkent va Kuala-Lumpur o‘rtasida haftasiga yetti marotaba to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni amalga oshirmoqda.

Ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasida o‘tkazilgan B2B uchrashuvlar doirasida O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish maqsadida Malayziyada “ziyorat turizmi”, “madaniy turizm” va “qishki turizm” turpaketlarini keng sotish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari