Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Noyabr, 2026   |   11 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:55
Quyosh
07:13
Peshin
12:14
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:18
Bismillah
21 Noyabr, 2026, 11 Jumadul soni, 1448

Halovatli hayotning uch asosi

04.04.2024   1544   6 min.
Halovatli hayotning uch asosi

«Albatta, Alloh adolatga, ezgu ishlarga va qarindoshga yaxshilik qilishga buyuradi hamda buzuqchilik, yovuz ishlar va zulmdan qaytaradi. Eslatma olursiz, deb (U) sizlarga (doimo) nasihat qilur» (Nahl, 90).

Alloh taolo biz bandalarini o'zaro munosabatlarda adolatga rioya qilishga va zulm qilmay, har bir haq egasiga o'z haqini etkazishga va ezgu ishlarni amalga oshirishga buyuradi. Bu oyatda dunyo nizomini saqlab turadigan asosiy xususlarga e'tibor qaratilgan. Ularning uchtasini qilishga buyurilgan, buning aksi bo'lgan uch yomon ishdan qaytarilgan. Buyurilganlari: adolat, ehson va qarindosh-urug'larga yordam berish. Qaytarilgan ishlar: fahsh – buzuqlik, munkar va zulm.

Ibn Abbos (roziyallohu anhu) oyat matnidagi “adolat”dan murod Allohning yagonaligiga guvohlik berish, “ehson” – ezgu ishlar, ya'ni “farzlarni ado etish”, “fahsh-buzuqchilik”ni “zino”, “bag'y”ni esa “zulm”, deya tafsir qilganlar.

Abu Lays Samarqandiy (rahmatullohi alayh) “adl” (adolat)ni rad etmay Allohning yakkayu yagonaligi va Allohdan o'zga iloh yo'q ekaniga iqror bo'lish, “ehson”ni insonlarga yaxshilik qilish va ulardan sodir bo'lgan yomonliklarni afv qilish, deb tafsir qilgan.

Oyatdagi “ehson” so'zi lug'atda ikki xil ma'noda keladi: birinchisi, biror ishni chiroyli shaklda bajarmoq, ikkinchisi bir kishiga yaxshilik qilmoq. Tilimizda u ana shu ikkinchi ma'noda ishlatiladi. Oyatdagi “ehson” esa har ikkala ma'noda tafsir qilingan. Bu tushunchaga eng to'g'ri ta'rifni, shubhasiz, Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dan bilishimiz mumkin. Jabroil (alayhissalom)dan u zotdan “ehson” haqida so'raganida: “Ehson, Alloh taoloni ko'rib turganingdek ibodat qilishing. Agar sen uni ko'rmayotgan bo'lsang, u seni ko'rib turishini bilishing” (Imom Buxoriy rivoyati) deb javob berganlar.

Alloh taolo adolat va ezgu ishlarga (ehsonga) buyurib, qarindoshlarga ham yaxshilik qilishni amr etadi. Qarindoshlarga yaxshilik qilishdan murod, ularning holidan xabar olish, ularga yordam berishdir. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) marhamat qilganlar: “Alloh taolo go'zal axloqlarni yaxshi ko'radi va yomon past ishlarni yomon ko'radi” (Haroitiy va Abu Na'iym rivoyati).

Abu Bakr (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh oxiratga olib qo'yishi bilan birga dunyoda ham jazosini tezlatib beradigan gunoh – zo'ravonlik va qarindoshchilikni uzishdir”, deganlar» (Imom Termiziy rivoyati).

Fahshning lug'aviy ma'nosi haddan oshishlik, lekin urfda nomusga qaratilgan jinoyatlar tushuniladi.

Munkar – shariat va insonning sog'lom tabiatiga to'g'ri kelmaydigan, noxush so'z va amallar.

Zulm – adolatning ziddi bo'lib, haddan oshish, birovning haqqiga tajovuz qilish.

Nasafiy (rahmatullohu alayh) buzg'unchilik (fahsh)ni haddan tashqari jirkanchli gunoh, yomon ishlar (munkar)ni shariat va aql inkor qiladigan gunoh va zulm (bag'iy)ni haddan oshish, mutakabbirlik, deb tafsir qilgan.

Alloh taolo insonni ana shunday go'zal sifatlar bilan sifatlanishiga buyuradi va kabih sifatlardan uzoq bo'lishni buyuradi. Oyati karimalar tilovat qilinmasdan ularga amal ham qilish lozim.

Biz tafsirini o'rganayotganimiz oyati karima Usmon ibn Maz'unning musulmon bo'lishiga sabab bo'lgan. Usmon ibn Maz'un bunday deydi: “Men Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan uyalganimdan musulmon bo'lgan edim. Chunki u zot menga Islomni ko'p marotaba taklif qilgan edilar. Bu oyat nozil bo'lmagunicha qalbimda imon mustahkam o'rnashmagan edi. Men u zotning huzurida ekanimda oyat nozil bo'lib, imon qalbimga qattiq o'rnashdi. So'ng bu oyatni Valid ibn Mug'iraga o'qib berdim”. U: “Allohga qasamki, buning halovati  va go'zalligi bor. U manfaatli va barokatlidir. U insonning so'zi emas”, dedi. Abu Jahl gapga qo'shilib: “Albatta, uning ilohi go'zal axloqlarga buyurar ekan”, dedi.

Bu oyat Qur'ondagi barcha ergashiladigan yaxshiliklarni va chetlanish lozim bo'lgan yomonliklarni o'zida jamlagandir. Shu sababdan ko'plab xatiblar minbarlarda turib xutbalarining oxirida bu oyatni o'qiydilar. Bu bilan mav'izalari barcha buyurilgan va barcha qaytarilgan narsalarni jamlagan bo'lishini umid qiladilar.

Tafsir kitoblari asosida

Toshkent Islom instituti katta o'qituvchisi

Farhod JO'RAYeV tayyorladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xalqaro anjuman ishtirokchilari Hakim Termiziy maqbarasini ziyorat qildilar

20.11.2026   49703   1 min.
Xalqaro anjuman ishtirokchilari Hakim Termiziy maqbarasini ziyorat qildilar

Bugun, 20 noyabr kuni Termiz shahrida o‘tkazilgan «Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati» mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari buyuk mutafakkir majmuasida bo‘ldilar.

Xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan muftiylar, taniqli ulamo va islomshunos olimlar hamda mahalliy soha vakillari muqaddas qadamjoda Qur’oni karim tilovat qilib, ulug‘ muhaddis va mutasavvif haqlariga duoi fotiha o‘qidilar. Butun dunyoda tinchlik-osoyishtalik barqaror bo‘lishi, yurtimiz yanada obodlashib, ajdodlarga munosib avlodlar yetishib chiqishini so‘rab xayrli duolar qilindi.

Mehmonlar mahobatli maqbara, serfayz hovli hamda majmuada amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdilar.

Ular O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar va allomalar merosiga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtiromga yuqori baho berdilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari